O’zbekiston Xalq Harakati

Amudaryo oqar to'lg'onib…

Amudaryo oqar to'lg'onib…
14 Şubat 2018 - 7:00 'da yuklandi va 264 marta o'qildi.

Islom XOLBOY

O'G'UZXONNING QILIChI
(Toshturma. 498 – 496-kameralarda bitilgan doston)

(15-qism)

Amudaryo oqar to'lg'onib,
Yaralangan ajdarhoday, mast.
Ot qornidan o'padi sunib,
Oqizmoqqa qilgandayin qasd.

Avazniyoz orqasidan tik
barcha qizlar ergashadilar.
Bir-biriga tilab omonlik,
Ko'zlari-la tergashadilar.

Ular bilmas, bu yo'ldan mergan
kechgan necha, yo'qdir sanog'i.
Uch-to'rt marta suzib ham o'tgan –
kuchga to'lgan yigitlik chog'i.

Orqasidan ergashgan har jon
borlab bossa, topmaydi zavol.
Xato qadam bossa nogahon,
Bir xas kabi bo'ladi uvol.

Qolgan otlar karvon ortidan
Hurkib-hurkib bo'ldi ravona.
Tulporlarni qistab Ko'ktarlon,
Suvdan kechib borar yon-yona.

Narigi qirg'oqdan kuzatib,
Qurvon Sardor tushunmay hayron.
Kun yotoqqa bo'lgandi yotib,
Askarlarga to'lgandi maydon.

Daryo qirg'og'ini gulxanlar
bosgan edi yulduzlarday g'uj.
Har qadamni kecha oralar,
Tushirgandi tun karvoni ko'ch.

Avazniyoz kuzatib barin,
Boshlab borar edi karvonni.
Daryodan ham asov shuurin,
Tiyolmasdan qaqshardi joni.

“Nega kelyapman, ‒ der edi u, ‒
Ajdarhoning komiga emin.
Junaidxon qish, qahraton-ku,
Muzlatmasdan kechirarmikin?

Bitta sochi tushsa turkmanning,
Osmonlarga uradi qilich.
Avazniyoz, qirqtami joning,
Qayrilib ket qirg'og'ingga tinch!

Qirqta tog'ni ag'darib, yana –
Kelmoqdasan g'oliblarday, mast.
Bu ishingdan u qilsa ta'na,
Ahmoq boshing ketadi-ku dast!

Yo'q-yo'q derdi u yana o'zi,
Tashlab qochmoq nomardning ishi.
Bitta bo'lar erlarning so'zi,
Bir keladi o'ngi va tushi!

O'ldirsa o'ldirar, boshda dor,
Tikilgan u tug'ilganimda.
Bitta boshda bitta o'lim bor,
Qochmoq yo'qdir o'g'uz elida!

Bosqinchilik – elchilik emas,
Mening zarra aybim yo'q ishon.
Agar meni o'ldirsa u, bas,
Adolatdan qolmabdi nishon!”

(Davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar