O’zbekiston Xalq Harakati

“O'zbekiston Karimovdan so'ng ochilmoqda”

“O'zbekiston Karimovdan so'ng ochilmoqda”
14 Şubat 2018 - 13:19 'da yuklandi va 761 marta o'qildi.

«Karimov vafotidan 17 oy o'tib, Freedom House uzoq yillar davomida siyosiy huquqlar va fuqaroviy erkinliklar darajasi bo'yicha Shimoliy Koreya bilan bir qatorda baholab kelgan O'zbekistonda demokratiya uchqunlari ko'rina boshladi,» deb yozadi Neil Bukli o'zining Financial Times’da e'lon qilingan maqolasida, deb xabar beradi Bi-Bi-Si radiosi. 

Unga ko'ra, bir kun oldin 80 yillik yubileyi sharofati bilan Karimov haykali poyiga guldastalar qo'ygan Mirziyoev ertasi kuni Karimov rejimining asosiy ustunlaridan biri bo'lgan Rustam Inoyatovni o'z yo'lidan olib tashladi. Janob Bukli Inoyatovning ishdan olinishi mamlakatni ochish yo'lida Mirziyoev qo'l urgan amallarning eng dadili, degan fikrda.

Shuningdek, Mirziyoev hokimiyatga kelgandan so'ng 18 ta siyosiy mahbusning ozod qilinishi va ehtimoliy ekstremist sifatida qora ro'yxatga tushirilgan 17,500 shaxsdan 16,000 tasi ushbu ro'yxatdan chiqarilishi maqolada alohida ta'kidlanadi.

«Agar Mirziyoev islohotlari chuqurlasha borsa, bu keksa rahbarlar egallab olgan mazkur mintaqada ular vafotidan so'ng siyosiy o'zgarish bo'lishi mumkinligini ko'rsatadi,» deb yozadi muallif.

Muallifning fikricha, Mirziyoev qo'l urayotgan o'zgarishlar siyosiydan ko'ra ko'proq iqtisodiy xususiyatga ega. Mirziyoev hokimiyatga kelgandan buyon siyosiy muxolifatga yo'l ochilmadi, saylovlar hanuz erkin va shaffof emas. Inoyatov ketgan bo'lsada, repressiv davlat apparatiga mansub amaldorlarning aksariyati hanuz hukumatda o'tiribdi. Ular istalgan paytda Mirziyoev amalga oshirayotgan islohotlarga to'sqinlik qilishi mumkin.

Mirziyoev dafn marosimida
Mirziyoev dafn marosimida

Bukli Sovet Ittifoqi qulashidan so'ng mamlakatni siyosiy beqarorliklar domiga tushishidan saqlab qolgani da'vo qilinadigan Karimov rejimi Andijon qatliomidan so'ng zolimlasha borgani haqida yozadi.

Maqolada o'zbekistonlik mustaqil iqtisodiy tahlilchi Yuliy Yusupovdan iqtibos keltirilishicha, «sobiq prezident yillik iqtisodiy o'sish 8 foizdan kam bo'lmasligi kerak deb buyruq bergani» sababli 2004-2016-yillar davomida mazkur ko'rsatkich rasmiy qog'ozlarda 7-8 foizdan kam ko'rsatilmagan. Qadri sun'iy ravishda oshirib ko'rsatilgan eski rasmiy valyuta ayirboshlash kursida hisoblangan bu foizlarning esa haqiqiy hayotga hech qanday aloqasi bo'lmagan.

Muallif Karimov davridagi iqtisodiy islohotlarning muvaffaqiyatsizlikka uchrashi, repressiv siyosat, turmush sharoitining keskin pasayishi ko'plab o'zbekistonliklarni mehnat muhojirlariga aylantirdi, degan fikrni ilgari suradi. Unga ko'ra, Karimov bilan deyarli bir vaqtda hokimiyat tepasiga kelgan Nursulton Nazarboev cheklangan qattiqqo'l siyosat va erkinroq bozor iqtisodiyotini yuritish orqali 25 yil ichida 152 milliard dollarga teng to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiya jalb qilgan paytda, O'zbekistonga atigi 9,6 milliard dollarlik investitsiya kiritildi. Karimov vafotiga kelib O'zbekistondagi yalpi ichki mahsulotning xarid qobiliyati nuqtayi-nazaridan aholi jon boshiga to'g'ri kelgan miqdori 6,000 dollarga teng bo'lgan bo'lsa, bu raqam Qozog'istonda deyarli 25,000 dollarni tashkil qilar edi.

Muallif xorijiy investorlar yillar davomida o'zbek so'mida yig'ilib qolgan mablag'larini xorijiy valyutaga konvertatsiya qila olmaslik holatiga barham berilganini olqishlaydi. Janob Bukli import shartlari yumshatilgani, xorijiy investorlar uchun soliq imtiyozlari berilgan erkin iqtisodiy zonalar yaratilgani, O'zbekistonning Jahon Savdo Tashkilotiga qo'shilishi yo'lida muzokaralar qayta boshlangani, prezident tomonidan mahalliy bizneslarni rejasiz tekshirishga ikki yillik moratoriy qo'yilgani kabi holatlarni «muhim qadamlar» deb ataydi.

Biroq muallif O'zbekiston o'zini arzon energetika xomashyosi bilan ta'minlash o'rniga neft' va gaz kabi tabiiy zahiralarni hanuz chetga sotishda davom etmoqda, degan fikrda.

Janob Buklining yozishicha, biznes muhiti gullab-yashnashi uchun faqat iqtisodiy islohotlarning o'zi etarli emas. Bu uchun butun siyosiy va ma'muriy tizimni radikal tarzda qayta tashkillash talab qilinadi. Shuningdek, fuqarolar va kompaniyalarni himoya qilish yo'lida qonunlarni takomillashtirish, sud tizmini erkinlashtirish va keng ildiz otgan korrupsiyaga barham berish zarur.

Maqolada amaldorlarni xalq bilan yaqinlashtirish, hukumatning fuqarolar uchun xizmat qilishini alohida e'tirof etish Mirziyoevning muhim yutuqlaridan biri sifatida qayd etiladi.

Mahalliy matboutda nisbatan erkinlik paydo bo'lgani, qo'rquv darajasi sezilarli pasaygani ham tilga olinadi.

Biroq Human Rights Watch tashkilotining Markaziy Osiyo bo'yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov so'zlaridan olingan iqtibosga ko'ra, hukumat «so'z erkinligi va fuqarolik jamiyatini ta'minlash uchun» aniq qadamlar tashlamog'i zarur. MXXning barcha sohalar uzra keng quloch yozgan ta'siri, bizneslarga aralashuvini cheklash lozim.

«Xorijiy diplomatlar Mirziyoevning O'zbekistonda g'arbona shakldagi demokratiyani yaratishi ehtimoli kam bo'lsada, u ko'proq liberal iqtisodiyot ustidan qat'iy siyosiy nazorat o'rnatishga asoslangan Qozoq modeliga taqlid qilmoqda degan fikrda,» deydi muallif.

Ko'p yillar davomida demokratik erkinliklardan uzoq rejimda yashab kelgan o'zbeklar uchun Mirziyoev amalga oshirayotgan har qanday kichik o'zgarish xush qarshi olinishi tabiiy holat, degan fikrlar bilan maqola yakunlanadi.

O'XH xabarlar bo'limi

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar