O’zbekiston Xalq Harakati

Inson huquqlari guruhlari: O'zbekiston hukumati zudlik bilan Bobomurod Abdullaevning qiynoqqa solinishini o'rganishi lozim

Inson huquqlari guruhlari: O'zbekiston hukumati zudlik bilan Bobomurod Abdullaevning qiynoqqa solinishini o'rganishi lozim
14 Şubat 2018 - 21:20 'da yuklandi va 777 marta o'qildi.

Bi-Bi-Si radiosining xabar berishicha, Human Rights Watch tashkilotining rasmiy vebsaytida e'lon qilingan «O'zbekiston: Jurnalistning qiynoqqa solinishi o'rganilishi lozim» nomli maqolada 12 ta inson huquqlari guruhlari O'zbek hukumatini hibsda saqlab turilgan jurnalist Bobomurod Abdullaevga nisbatan qo'llanilgan qiynoqlar va noinsoniy hatti-harakatlar yuzasidan «batafsil, xolisona va mustaqil tekshiruv o'tkazish»ga chaqirgani haqida yoziladi.

Mustaqil jurnalist Bobomurod Abdullaev 2017-yilning sentyabr oyida «konstitutsion tuzumni ag'darishga urinish» da'vosi bilan MXX xodimlari tomonidan hibsga olingan edi. Jurnalistning yaqinlari joriy yilning 3-fevralida inson huquqlari guruhlari bilan bo'lgan suhbatda Abdullaev hibsda saqlanib kelinayotgan vaqt davomida kuchishlatar tizimlar xodimlari tomonidan bir necha bor qiynoqqa tutilganini ma'lum qilgan. Inson huquqlari guruhlari Bobomurod Abdullaev va o'xshash iddaolar bilan hibsga olingan boshqa shaxslarni zudlik bilan ozod qilishga chaqirmoqda.

Maqolada Human Rights Watch tashkilotining Markaziy Osiyo bo'yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlovning «O'zbek hukumati xavfsizlik xizmatlarini isloh qilayotgan paytda bir jurnalistning qiynoqqa tutilayotgani haqida xabarlarning yuzaga chiqishi zudlik bilan mazkur masala bo'yicha tekshiruv boshlashga sabab bo'lishi va omma tomonidan qoralanishi lozim,» degan so'zlari keltiriladi.

Murojaatnomaga imzo chekkan 12 guruh Amnesty International, Markaziy Osiyo Inson Huquqlari Assosiatsiyasi (the Association for Human Rights in Central Asia), Fuqaroviy Huquqlar Himoyachilari (Civil Rights Defenders), Jurnalistlarni Himoya qilish Qo'mitasi (the Committee to Protect Journalists), Freedom House, Human Rights Watch, Inson Huquqlari Bo'yicha Xalqaro Hamkorlik tashkiloti (Internation Partnership for Human Rights), Norveg Xelsinki Qo'mitasi (the Norwegian Helsinki Committe), Chegarasiz Jurnalistlar (Reporters Without Borders), Freedom Now, Article 19 va Inson Huquqlari Bo'yicha O'zbek-Nemis Forumi (the Uzbek-German Forum for Human Rights)dan iborat.

Maqolada 8-fevral' kuni inson huquqlari faoli Sur'at Ikromovning Bobomurod Abdullaevga nisbatan qiynoqlarni amalga oshirishda gumonlanayotgan ikki nafar MXX mulozimi tergov jarayonidan chetlatilgani va tekshiruv amaliyoti boshlanmaguncha shaharni tark etmaslik borasida ogohlantirilgani haqida xabar bergani ma'lum qilinadi.

Huquq faollari, shuningdek, «ekstremistik ruhdagi maqolalar yozish» va «davlat tuzumini ag'darishga da'vat qilish» aybi bilan hibsda saqlanib kelinayotgan taniqli iqtisodchi va blogger Hayot Nasriddinov hamda yosh olim Akrom Malikni ham zudlik bilan ozod etilishini talab qilmoqda.

Hibsga olingandan buyon Bobomurod Abdullaevning mustaqil advokat tanlashiga imkon berilmayotgani va yaqinlari uning yoniga qo'yilmayotgani haqida xabarlar bot-bot tarqalib kelmoqda.

Jurnalistning rafiqasi Kattaqiz Balxiboeva mazkur ish yuzasidan na matbuot vakillari na inson huquqlari faollari bilan so'zlashmasligi lozimligi haqida ogohlantirilganini aytadi.

Maqolada ma'lum qilinishicha, joriy yilning yanvar' oyida yaqinlari bilan uchrashgan Abdullaev sovuq kamerada kiyimsiz o'tirishga majburlangani, bir necha kun davomida hech qanday ovqatsiz va soatlar davomida yotog'iga bog'langan holda saqlangani, MXX xodimlari uning oilasi hamda yaqinlarini yo'q qilish bilan tahdid qilgani haqida aytgan.

Jurnalistning onasi Gavharjon Madaminova o'g'lining ishi yuzasidan turli davlat tashkilotlariga ko'p bora murojaat qilgan, ijtimoiy tarmoqlar orqali prezidentdan yordam so'ragan, lekin hukumat bu so'rovlarga hech qanday munosabat bildirmay kelmoqda.

Shuningdek, Abdullaev o'tgan yilning dekabr' oyida kuchishlatar tizimlar bosimi ostida advokati Sergey Mayorov xizmatidan voz kechishga majbur bo'lgani ham ma'lum.

«Abdullaevga nisbatan qo'llangan qiynoqlar yuzasidan xolisona va mustaqil tekshiruv o'tkazilishi hamda mazkur qiynoqlarga ma'sul bo'lgan har qanday shaxs tergovga tortilishi lozim,» deydi Inson Huquqlari bo'yicha O'zbek-Nemis Forumidan Umida Niyozova.

Inson huquqlari faollari Abdullaev ishi bo'yicha gumonlanib, o'tgan yilning 20-oktyabrida qo'lga olingan Hayot Nasriddinovning qiynoqlarga yuz tutishi ehtimoli yuzasidan ham o'z xavotirlarini bildirmoqdalar.

Mazkur ish bo'yicha Abdulloh Nusrat taxallusi ostida yozgan maqolalari ortidan 2016-yil iyul'ida hibsga olinib, hozirda olti yillik qamoq jazosini o'tayotgan Akrom Malikov ham so'roqqa tutilmoqda.

«O'zbekistonda vaziyatni ijobiy tomonga o'zgartirish uchun yaxshi imkoniyat mavjud, lekin biz jurnalistlar va bloggerlarning hibsga olinib, qiynoqlarga yuzlanayotgani haqida hanuz eshitmoqdamiz. Abdullaev ishining qanday yakun topishi O'zbekistondagi inson huquqlari holati yaxshilanadimi yoki yo'qmi, degan savolga javob topishimiz uchun sinovdir,» deydi Inson Huquqlari Bo'yicha Xalqaro Hamkorlik tashkiloti direktori Brijit Dufou.

O'tgan 15 yil davomida BMTning inson huquqlari bo'yicha qator bo'limlari, AQSh Davlat Departamenti va Inson Huquqlari bo'yicha Evropa Sudi O'zbekiston qamoqxona va vaqtinchalik hibsxonalarida keng avj olgan qiynoqlar yuzasidan muntazam bong urib kelmoqda.

O'XH xabarlar bo'limi

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort