O’zbekiston Xalq Harakati

Prezident ruscha gapirsa…

Prezident ruscha gapirsa…
14 Şubat 2018 - 22:54 'da yuklandi va 1373 marta o'qildi.

Kecha Surxondaryo viloyat televideniesida Yaponiya elchisi va bir qancha yaponiyaliklar haqida reportaj berildi. Unda bir yapon o'zbek tilida suhbat berdi. Buning aksi o'laroq, kunchiqar davlat elchisi rus tilida gapirgan bo'lsa-da, uning gaplari vatanimizda davlat tili maqomiga ega bo'lgan o'zbek tiliga na og'zaki, va na subtitr bilan o'girib berildi.

Agar ko'rsatuv rus tilida bo'lganida edi, o'zbek tilida berilgan suhbatlar albatta rus tiliga o'girilgan va baland ovoz bilan o'qib eshittirilgan bo'lur edi. Ayniqsa, O'zbekiston prezidentining mamlakat ichi va chet ellardagi ko'plab xalqaro safarlari paytida boshqa davlatlar rahbarlari va nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari bilan rus tilida olib borgan suhbatlari umuman o'zbek tiliga o'girilmasdan, o'zbek xalqining tili va mavqe'i kamsitilmoqda.

Afsuski, yuqorida keltirilgan xabarchilik va jurnalistika uslubi mustaqillik yillarida umuman o'zgarmadi. O'zbekiston Konstitutsiyasining davlat tili o'zbek tili ekanligi haqidagi modda bu borada cho'pchakka aylanib qolgani g'oyat achinarli holatdir. Ammo, nima uchundir na Konstitutsiyaviy sud, na qonunlar ijrosini nazorat qilish vakolati berilgan Bosh prokuratura bu masalaga e'tibor qaratgani yo'q!

Xo'sh, televizor ko'radigan O'zbekiston aholisining necha foizi rus tilini tushunadi? 32 million kishining hammasi ham televizorda siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy mavzulardagi ko'rsatuvlarni tomosha qilmaydi, albatta. Lekin, bu raqamni 24 million kishi deb oladigan bo'lsak, shundan taxminan 30 foiz kishi ruschani yaxshi biladi va keltirilgan mavzudagi ancha-muncha gaplarni anglaydi, desak bo'ladi.

Aholining yana 20 foizi ruschani o'rtacha darajadan past saviyada tushunadi, deb taxmin qilamiz. Teletomoshabinlarning 25 foizi ruschani chala-chulpa anglasa, qolgan 25 foizi esa umuman bilmaydi. Shunday ekan, nima uchun o'zbekcha ko'rsatuvlarda rus tilida berilgan suhbatlar o'zbekchaga o'girilmaydi? Xalqning yarmi axborot etkazilayotgan tilni tushunmasa bu qanaqa matbuot bo'ladi?!

Men o'zim televidenieda ancha yillar davomida “Huquq va burch” ko'rsatuviga muallif va boshlovchilik qilganman. Rus tili doxil, boshqa tillarda berilgan suhbatlarni o'zim doim o'zbek tiliga o'girib, efirga uzatganman.

Televidenie xodimlari mamlakat prezidentining nutq va chiqishlarini o'zbek tiliga o'girib, efirga uzatishga qo'rqishadi. Bunga boshqa davlatlar prezidentlarining rus tilidagi chiqishlari ham kiradi. Lekin, hadiksirashga hech qanday qonuniy asos yo'q. Qolaversa, o'zbek tilidagi ko'rsatuvda boshqa tillarda berilgan suhbatlarni tarjima qilib berish zarurligini mamlakat Konstitutsiyasi va “Davlat tili to'g'risida”gi Qonun moddalaridan ham anglab olsa bo'ladi.

Televidenie jurnalistlari o'zlariga “nima uchun mamlakat prezidentining rus tilidagi chiqishlari o'zbek tilidagi yozma nashrlarda rus tilida berilmaydi?” degan savolni berib ko'rishsin. Masalan, “Xalq so'zi” gazetasida prezidentning ruscha nutqi o'zbek tiliga o'girilmay ruscha berilsa bo'ladimi? Aholi buni qanday qabul qilgan bo'lur edi?

Prezidentning chet tilda aytgan asl gaplarini pasaytirib, ustidan o'zbek tilida tarjimasini berish odobsizlikka ham kirmaydi. Oldingi davlat rahbari davrida u nima desa hech qaerini “kesmasdan”, shundayligicha efirga uzatishgan. O'zbek tilida gapirganida esa so'zlarini “tekislash” uchun montajchilar bor mahoratini ishga solishgan. O'tgan yurtboshi o'zining fikrlari shundoqligicha berilishini talab qilgan, desam mubolag'a bo'lmaydi.

Endi zamon o'zgarayapti. Shuning uchun, mamlakatdagi telekanallar bu boradagi ish uslubini o'zgartirish payti keldi.

Aslida, O'zbekiston prezidentining o'zi Konstitutsiya va qonunlarga amal qilgan holda hamma erda faqat davlat tilida gapirganida edi hech qanday muammo kelib chiqmagan va davlat tili obro'si sekin-asta yuksalish tomon qadam qo'ygan bo'lur edi.

Omon bo'lsak o'sha kunlarni ham ko'rarmiz.

Baxtiyor Shohnazar

facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

 Ushbu xabarga qoldirilgan izohlar

( 1 Yorum )

  • Muso ;

    Tugri suz! Prizedent ruscha gapirishi kupol kilib aytganda demak prizident rusparast ruslarga yaltokilik kilish, uz tiliga va xalkiga xurmati yuk! bulib kurinadi xoxolasak , xoxlamasakda! IAK va uning oilasi uzbek xalkini xich xurmat kilmadi. Lekini molini talon-taroj kilib uzbek xalkidan kul kilib foydalandi!!! Xotini tat'yana umuman uzbekchani bilmas ekan!!!

    15/02/2018 10:59
istanbul escort