O’zbekiston Xalq Harakati

Muhammad Solih: Tozalangan maydonda yangi diktator taxt qurmasin!

Muhammad Solih: Tozalangan maydonda yangi diktator taxt qurmasin!
02 Mart 2018 - 7:50 'da yuklandi va 2428 marta o'qildi.

Taniqli o'zbek shoiri, siyosiy dissident, «Erk» Demokratik partiyasi lideri 69 yoshli Muhammad Solih 1 mart kuni O'zbekiston hokimiyat tizimlaridagi keyingi o'zgarishlar yuzasidan «Eltuz» nashri muxbiriga eksklyuziv interv'yu berdi.

Muhammad Solih jumladan hukumatdagi bir qancha yirik amaldorlarning ishdan olinishi va qamoqlarga tashlanayotganiga munosabat bildirdi.

«Bugungi tozalanayotgan maydonni yangi avtoritar rejim uchun ham qo'llash mumkin, xalqning ozodligi, hurriyati va demokratiya uchun ham qo'llanishi mumkin», dedi jumladan o'z interv'yusida Muhammad Solih.

U shuningdek «Eltuz» muxbirining mamlakat tashqi va ichki siyosati, undagi muxolifatning o'rni haqidagi ko'plab savollariga javob berdi.

So'nggi shoir va birinchi siyosatchi…

O'z ijodini 70 yillarda boshlagan Muhammad Solih she'rlari g'arb avangardizmi, syurrealizmi va sharq falsafasini uyg'unlashtirgan, o'z davrida bu hususiyat sovet tanqidchilari o'qiga nishon bo'lgan.

Shunga qaramay u 20 dan ziyod to'plamlar chiqargan, Frants Kafka prozasi va XX asr frantsuz shoirlari asarlarini o'zbekchaga o'girgan ulug' o'zbek adibidir. O'z navbatida uning asarlari nemis, ingliz, rus, turk, ozarbayjon tillariga tarjima qilingan.

Ëzuvchi Hamid Ismoyil ta'biriga ko'ra, u Sovet O'zbekistonining so'nggi shoiri va mustaqil O'zbekistonning birinchi siësatchisidir.

Olg'a siljish va chekinishlar…

1988 yili Muhammad Solih O'zbekistonda ta'sis etilgan ilk norasmiy «Birlik» Xalq harakati asoschilaridan biri bo'ldi, keyinchalik esa o'z tarafdorlari bilan «Erk» demokratik partiyasini tuzdi.

Muhammad Solih 1991 yili O'zbekistondagi prezidentlik saylovida Islom Karimovga raqib sifatida qatnashdi va rasman 12 foizdan ziyod ovoz qozondi.

1993 yili Muhammad Solih hukumat bosimlari ortidan vatanni tark etishga majbur bo'ldi.

O'zbekiston hukumati Solihni 1999 yilgi 16 fevral portlashlari tashkilotchilaridan biri deb ayblab keladi.

Biroq, bu ayblovlar bo'yicha sudda ko'rsatma bergan asosiy guvoh Zayniddin Asqarov ularning qiynoqlar natijasida olinganini aytib, Muhammad Solihning portlashlarga mutlaqo aloqasi yo'qligini bildirgan edi.

Manba: Eltuz.com

* * * Video matni * * *

Qudrat Bobojon: Mana Solih aka keyingi paytda kuzatayotganimiz hukumatdagi bir qancha yirik amaldorlar ishdan olindi va qamoqlarga tashlanayapti. Masalan, O'zbekistonning sobiq Bosh prokurori Rashid Qodirov yaqinda qo'lga olindi. Shunga munosabatingiz qanday?

Muhammad Solih: Har holda bu qo'lga olinishlar, mana yarim yildan beri aktiv davom etayotgan “avvalgi Karimov kadrlaridan tozalash” jarayonining bir tadrijiy davomi. Va bu bizni adolatni tantana qilishi nuqtai nazaridan sevintiradigan xabarlar. Birovning qamalishidan sevinish albatta yaxshi narsa emas, ammo adolatning tantanasidan insonlarda qandaydir bu hozirgi siyosiy rejimdan bir rozilik kayfiyati tug'dirayapti. Shu ma'noda men ham bu “tozalash” jarayonidan xursandman shaxsan.

Qudrat Bobojon: Sizning nazaringizda bu ammallarni Mirziyoev nima uchun qilayapti deb o'ylaysiz?

Muhammad Solih: Har holda Shavkat Mirziyoeving o'sha reforma, isloh qilish niyati samimiy va bu islohotni qilish uchun albatta uning oldida turgan to'siqlardan xalos bo'lishi kerak. Faqat Shavkat Mirziyoev bir rahbar sifatida emas, balki o'zbek xalqi ham, O'zbekiston iqtisodi ham, O'zbekiston siyosati ham bu to'siqlar bilan isloh qilinmaydi, ya'ni butun bu jabhalar bu to'siqlardan xalos bo'lishi kerak. Shuning uchun qilinayotgan ishlar, yana takrorlayman, to'g'ri yo'nalishda ketayapti.

Qudrat Bobojon: Rashid Qodirov 15 yil davomida O'zbekistonning Bosh prokurori bo'lgan. O'tgan oyda Inoyatov ishdan olindi, undan oldin boshqa yuqori martabali zobitlar ishdan ketdi, ko'plari qamaldi, ko'plari olgan unvonlaridan, amallaridan ayirildi. Bu yangi bir avtoritar tuzumni yaratish uchun qo'yilayotgan qadamlar bo'lishi mumkinmi?

Muhammad Solih: Ya'ni ishning tabiatidan kelib chiqadigan bo'lsak, albatta bu ayni zamonda avtoritar tuzum uchun tamal bo'lishi ham mumkin. Bu endi bugungi rahbarning niyatiga bog'liq. Ya'ni bu tozalangan maydonni yangi bir avtoritar rejim uchun ham qo'llanishi mumkin yoki xalqning ozodligi, hurriyati va demokratiya uchun ham qo'llanishi mumkin. Maydon ikki narsa uchun ham tozalanishi kerak, avtoritar tuzum uchun ham tozalanishi kerak va yangi erkin bir davlat qurish uchun ham maydon tozalanishi kerak edi. Biz istagan tom lyustratsiya yuz bermagan bo'lsa ham shunga yaqin bir narsa, unga ishorat shaklida bir tozalanish boshlandi deb umid qilayapmiz.

Qudrat Bobojon: Bugungi Mirziyoev sizga Karimovni eslatmayaptimi? Bugun avtoritar, ertaga mutloq diktatorga aylanishi mumkin emasmi sizning nazaringizda?

Muhammad Solih: Bu tahlika doim bor. Men yana takror aytaman, bu liderning niyatiga bog'liq. Agar lider haqiqatdan xalqiga “xizmat qilish uchun keldim bu erga, bu xizmat, bu lavozim men uchun bir omonat Alloh tarafidan, xalq tarafidan topshirilgan. Shuning uchun bu omonatni men xalqimning ozodligi uchun, hurriyati uchun, davlatimizning ravnaqi uchun qo'llanaman”, deb niyat qilgan bo'lsa albatta Karimov qilgan ishlarni qilmaydi Mirziyoev. Yo'q, agar uning niyati ham Karimovniki kabi buzuq bo'lsa, bundan Alloh saqlasin, albatta biz unda hech narsa qilaolmaymiz. Yana ikkinchi bir davr boshlanadi, Karimov davri, bundan Alloh qo'risin, deb duo qilamiz tabiiy.

Qudrat Bobojon: Mirziyoev barcha qudratli strukturalarning boshqaruvini almashtirdi. Avval Moliyadan boshladi, Tibbiyot sohasiga o'tdi, keyin Ichki ishlar, nihoyat prokuraturaga va Milliy Xavfsizlik Xizmatiga navbat keldi. U ayrim nutqlarida hatto o'tgan davrda 37-yillardagidek siyosat olib borilganini aytayapti, samimiy deb o'ylaysizmi uning bu fikrlarini?

Muhammad Solih: Samimiy deb o'ylamayman, samimiy deb umid qilaman. Chunki, hozirgacha mana shu mansabdan olinayotgan insonlar haqiqatdan xalqimizga uzun yillar davomida aziyat bergan nsonlar, zulm qilgan insonlar, shu ma'noda Mirziyoevning qilayotgan ishini o'zining yakkahokim rejimi uchun tayyorlayotgan er, tamal deb emas, balki haqiqatdan xalqimiz uchun bu narsalarni qilayapti deb umid qilaman. Ammo men bundan, tabiiy, amin emasman. Buni vaqt ko'rsatadi.

Qudrat Bobojon: Haqiqiy ma'nodagi muxolifatga Mirziyoev yo'l beradi deb o'ylaysizmi?

Muhammad Solih: Agar yo'l bermasa, demak Karimovdan juda katta farqi bo'lmaydi. Karimovdan juda katta farq qilish uchun mutlaqo siyosiy muxolifatga yo'l berishi kerak. Hozir birinchi bosqichda albatta biz o'zini yaxshi his qilishi uchun, o'sha o'zining butun kuchlarini bir joyga to'plab, kontsentratsiya qilib bu tozalashni boshlash uchun birinchi bosqichda balki siyosiy muxolifat yoki umuman siyosiy erkinliklarni ikkinchi bosqichga ko'yib turgan bo'lishi mumkin, lekin ikkinchi bosqichda ham, zotan bu bosqich mana keldi, agar bu yana davom etadigan bo'lsa, faqat iqtisodiy erkinliklar bilan chegaralanib qolmoqchi bo'lsa, albatta Karimovdan ko'p farq qilmaydi. Men o'ylaymanki o'tgan 27 yillik diktatura rejimi juda ko'p odamlarga bo'lgani kabi, u erda ishlaydigan odamlarga ham, shu jumladan Mirziyoevga ham katta saboq bo'ldi, dars bo'ldi. Va Mirziyoev Karimovning bu fojeali xatosini, xato emas fojeali xatosini, xalqimizni yarim asr orqaga tashlab yuborgan bir xatoni Mirziyoev takrorlamaydi deb umid qilaman.

Qudrat Bobojon: Sizga shunday taklif bo'lsa: “Vatanga qaytishingiz mumkin, reabilitatsiya qilinasiz, lekin siyosiy faoliyat bilan shug'ullanmaysiz” deyishsa, qaytib borasizmi? Ya'ni siyosat bilan shug'ullanmaslik evaziga vatanga qaytish taklif qilinsa?

Muhammad Solih: Men O'zbekistonga, avval ham aytdim, 100 foiz ozod inson, erkin inson bo'lib qaytishni istayman. Hech qanday shart, kim tarafidan qo'yilsa qo'yilsin, men bu shartni qabul qilib va bo'yin egib va “yo'q, men siz aytgan faoliyat bilan shug'ullanmayma” deb turib men bormayman. Men istagan faoliyatim bilan shug'ullanadigan, ozod inson bo'lib qaytishni istayman O'zbekistonga. O'zbekistonga qul bo'lib hech qachon qaytmayman, ammo ozod inson bo'lib qaytaman albatta.

Qudrat Bobojon: Sizning barcha oila a'zolaringiz, misol uchun mana Mirziyoev kelganidan keyin Muhammad Bekjon ozod etildi, hammamiz bilamiz u dunyoda eng uzoq vaqt qamoqda o'tirgan jurnalist hisoblanadi. Bosimlar ozaydimi, yaqinlaringizga O'zbekistonda bosim yo'q deb aytaolasizmi bugun?

Muhammad Solih: Bosimlar ozaydi va juda hozir bizning u erdagi qarindoshlar juda mamnun, ya'ni avvalgi g'ilay qarashlar bizning oilaga, bizning qarindoshlarga yo'q hozir. Umuman o'sha mahalliy hokimiyatdagi, u erdagi insonlar bizning oilaga juda yaxshi munosabatda bo'layapti, ya'ni bir aniq qilgan ishi bo'lmasa ham, har holda avvalgi munosabat yo'q. Ola qarash yo'q hozir.

Qudrat Bobojon: Siz buni pozitiv bir ishorat deb o'ylaysizmi?

Muhammad Solih: Pozitiv ishorat deb o'ylayman. Va o'ylaymanki bu mutlaqo markazdan topshirilgan bir narsa, chunki markazdan agar topshirilmagan bo'lganda edi ular bu narsani qilishga, bu munosabatni o'zgartirishga jur'at qilolmasdi, deb o'ylayman.

Qudrat Bobojon: Shavkat Mirziyoev 2018 yil og'ir yil bo'lishini aytgan. Hozirgacha aytadigan bo'lsak Karimov tuzgan o'sha tuzum go'yoki yo'qolgandek, lekin xalqning kundalik hayotida katta o'zgarish bo'layotgani yo'q. Nima qilish kerak deb o'ylaysiz? Echim yo'li qanday sizning nazaringizda?

Muhammad Solih: Echim yo'li, hozir gaplashganimizdek, jabhalarning faqat bittasida emas, tanlangan jabhalarda islohot qilish emas, hamma jabhalarda boshlash kerak, noldan boshlash kerak islohotni. Shuning uchun ham bir jabhani erkin tashlab qo'yib, bir jabhani avvalgi Karimov zanjirlarida tutib tursangiz, hech qachon muvaffaqiyat bo'lmaydi. Bu narsaga o'sha siyosiy jabha ham dohil. Ya'ni ular xalqqa erkinlikni butun jabhalarda berishi kerak. Parcha-parcha, portsiya-portsiya erkinlik bo'lmasligi kerak. Menimcha buni kun o'tgan sayin Shavkat Mirziyoev tushuna boshlaydi, tushunishga mahkum va buni hayotning o'zi talab qiladi va huddi qayta qurilish paytidagiday. Va bu tajribalardan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, Mirziyoev yaqin zamon ichida total, butun hamma jabhalarda bu erkinlikni berishga majbur bo'ladi. Yoki orqaga, avvalgi Karimov diktaturasiga qaytishga majbur bo'ladi. Ikkita yo'l bor. Shuning eng yaxshisini, eng xayrlisini tanlaydi deb umid qilamiz.

Qudrat Bobojon: O'zbekistonga geopolitika jihatidan, mana Rossiya rasmiylari aytayapti, terror hujumlarining kuchayishi, ekstremistik kuchlarning tahdid solishi xavfi haqida aytilayapti. Nima deb o'ylaysiz, Markaziy Osiyoda mana hozir Yaqin Sharqda, Suriyada, Iroqda bo'layotgan singari vaziyatning izdan chiqib ketishi ehtimoli bormi?

Muhammad Solih: Bizga ham shunday istihborotlar kelayapti. Masalan, ayni Suriyadagi va O'rta Sharqdagi bo'lgan voqealarning aynisini O'rta Osiyoga tashish uchun strategiya ishlab chiqqan davlatlar bor, degan istihborotni biz ham olayapmiz. Bu davlatlar asosan buyuk davlatlardan bir-ikkitasi sanalayapdi, ularning manfaati u erni ham qorishtirib, bir g'ovg'a chiqarib, o'zining kontroli ostiga olish uchun, geopolitik manfaatlari uchun, bu bo'lgani ham qurbon qilmoqchi degan ba'zi tahminlar, ehtimollar haqida biz ham axborot olayapmiz. Buni albatta o'sha davlatning strateglari, analitiklari buni tushunib, bilib bunga qarshi chora ko'rishlari, bir-ikki tadbir olishlari kerak deb o'ylayman.

Qudrat Bobojon: Bu holatda Shavkat Mirziyoev qaysi yo'lni tanlashi kerak, tashqi siyosatda?

Muhammad Solih: Tashqi siyosatda sinalgan bir yo'l bor, shaffoflik bor. Tashqi siyosatda, albatta birinchi navbatta biz o'zimizning milliy manfaatlarimizni ko'zlashimiz kerak. Mirziyoev bir aqilli siyosatchi sifatida birinchi o'ringa milliy manfaatlarni qo'yish kerak. Biz na Rossiyaga, na Xitoyga va na Amerikaga dushman bo'lishimiz shart emas. Ayni paytda bu uchalasiga do'st bo'lishimiz ham shart emas. Bular bilan munosabatlar hammasi milliy manfaatlar zamiriga qo'yilishi kerak. Ya'ni, hech kim bilan biz urushishimiz kerak emas, ammo hech kimdan qo'rqishimiz ham keragi yo'q. Siyosiy laganbardorlikka ham o'rin yo'q. Bizning 32-33 million nufuzlik bir davlatimiz bor va o'ziga yarasha boyliklari bor, o'ziga yarasha resurslari bor va mustaqil bo'lish uchun butun komponentlar bor. Bundan maksimum foydalanish kerak, jiddiy bir tashqi siyosat kerak bugun. Qo'shnilar bilan butun darvozalarni ochish kerak, biz buni yillarcha Karimovga aytdik, Karimov teskarisini qildi. Hatto, menga qolsa masalan butun gumruklarni ham bekor qilgan bo'lardim. Bugungi etapda bu gumrukni bekor qilish bo'lmasa ham, hech bo'lmasa chegaralarni ochib qo'yish kerak. Haligacha ochilgani yo'q. Mirziyoev o'zining yaxshi niyatlarini aytayapti, qo'shni davlatlarning Karimovga bo'lgan ishonchsizligi bir navi Mirziyoevga qarshi ham davom etayapti masalan atrofdagi o'zimizni qo'shni, qardosh o'lkalar tarafidan. Mana shu narsalarning hammasini bartaraf qilish kerak va mintaqani erkinlashtirish kerak, mintaqani ozod bir mintaqa holiga keltirish kerak. Buning uchun O'zbekiston buyuk bir davlat. O'zbekiston besh jumhuriyatning ichida balki, aytishim mumkin, men o'zbek bo'lganim uchun emas, geostrategik hamma tarafdan, ham iqtisodiy, ham demografik jihatdan buyuk bir davlat. Ya'ni, O'zbekiston hal qiluvchi bir davlat. Kalit, anahtar bir davlat. Ya'ni, O'zbekiston shu tarafga qadam tashlasa boshqalari ham unga oyoqlarini, yurishini to'g'irlashga majubr bo'ladi. Shuning uchun mintaqaning taqdiri O'zbekistonga bog'liq desa ham mubolag'a bo'lmaydi. Va o'lkaning bu ahamiyatini tushunsa agar, inshaAlloh tushunadi Shavkat Mirziyoev, shunga qarab juda vazmin, oqil bir siyosatni olib boradi, tashqi siyosatni aytayapman. Hamma bilan iloji boricha do'st bo'lishimiz kerak. Boshqa bizning yo'limiz yo'q. Ayniqsa qo'shnilarimiz bilan, chunki hammasi bizing qardosh xalqlar. Tojik ham, Qirg'iz ham, O'zbek ham, hammasi bitta millat deyish mumkin hatto.

Qudrat Bobojon: Shavkat Mirziyoevning mana shu olib borayotgan o'zgarishlar, islohotlariga qarshi chiquvchi kuch bugungi O'zbekistonning ichkarisida bor deb o'ylaysizmi?

Muhammad Solih: Bor. Ba'zi buyuk davlatlarning uzantilari bor O'zbekiston ichida. Va O'zbekistonning Turk dunyoiga integratsiya bo'lishiga, Turk dunyosi bilan birlashib, ya'ni Turk dunyosi derkan avval o'sha besh jumhuriyat, bu erdagi yashayotgan O'rta Osiyodagi va Ozarbayjon, mana biz Turk dunyosi deymiz ya'ni, shu intilishlariga to'siq bo'lish uchun harakat qilayotgan buyuk davlatlarning uzantilari, sputniklari bor. Bular albatta bu integratsiyaga azaldan qarshi bo'lgan, bugun ham qarshi. Shu ma'noda aqli salim bir ichki va tashqi siyosat, mana shu komponentlarni ham hisobga olgan holda, tabiiy u davlatlar bilan urishishning keragi yo'q, ammo ichkaridan bir, faqat mana bu hozirgi korruptsion komandalarga qarshi lyustratsiya emas, tashqi uzantilarga ham qarshi bir lyustratsiya kerak, tozalanish kerak. Ya'ni, tashqi davlatlarning agentlarini tasbit qilib chiqarish kerak. Bular uchun juda katta zarar berayapti. Mana bu propaganda, tashviqot, media ichida ham juda katta mana shunaqa josusvoriy uzantilar juda katta va xalqning kayfiyatini tushirib, sotsio-psixologik jihatdan xalqimizga qattiq ta'sir qilib, go'yo biz falon davlat bo'lmasa och qolamiz degan tuyg'uni bizga erlashtirish uchun qilinayotgan kontr-propaganda ishlari juda kuchli aslida. Mana shu narsalardan ham biz tozalanishimiz kerak deb o'ylayman.

Qudrat Bobojon: Shu masalada Karimov ancha muvaffaqiyat qozongan edi deb aytaolasizmi? Shunday tasavvur, fikr ham bor, ya'ni u tashqi siyosatda hukumat manfaatlarini himoya qilaolgan degan.

Muhammad Solih: O'zbekistonni tashqi dunyodan izolyatsiya qilish asnosida bu ham o'zidan beihtiyor o'zi ham bu yon bo'lgan. Ya'ni buni maxsus bir siyosat o'laroq qilgani yo'q. Tashqi dunyodan tamomila izolyatsiya qildi. Shu ma'noda tashqi davlatlarning bizga qarshi manfiy ta'sirlarini ham albatta minimumga indirgan bo'lishi mumkin. Lekin bu uning shuurli bir siyosati deb bilmayman. Umum izolyatsiyadan kelib chiqqan bu natija menimcha.

Qudrat Bobojon: Suhbatingiz uchun rahmat Solih aka.

Muhammad Solih: Rahmat.

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort