O’zbekiston Xalq Harakati

Mana odob, mana bu – chiroy…

Mana odob, mana bu – chiroy…
18 Mart 2018 - 7:00 'da yuklandi va 990 marta o'qildi.

Islom XOLBOY

O'G'UZXONNING QILIChI
(Toshturma. 498 – 496-kameralarda bitilgan doston)

(43-qism)

O'n to'qqizinchi qism

Chol so'zlardi tinmasdan hamon,
Ko'rganlarin qo'ymay barini.
Kelar edi qal'aga tomon
tulpor olib O'g'uz tig'ini.

Orqasidan Ko'ktarlon gurlab,
G'oliblarday solardi dovrug'.
Qorabayir G'irko'kday kishnab,
Ovozidan ko'tarardi tug'.

Etib kelgan botirlar saf-saf,
Ot kishnatib turardi qoplon.
Qamchisining soplari sadaf,
Otlar sapchir bamisli jayron.

Oqib kelar to'rt yondan alplar,
Ularga yo'q cheku chegara.
Olislardan tinglaydi qalblar,
Qissadonlar topdilar chora.

Qorabayir ko'rindi shu choq,
Ildamlardi jiq terga botib.
Zafardan mast edi arg'umoq,
Pishqirardi bo'g'zini yirtib.

Eldan-elga bo'lib ovoza,
Osmonlardan berardi sado.
Ruhlar edi behishtday toza,
Tog'day buyuk edi muddao.

Uzoq jangdan qaytgan jangchiday,
Gurlab hurar edi Ko'ktarlon.
Ayri-ayri sasi paydarpay,
Qaytar edi aks berib chandon.

Chol to'xtatgan edi qissasin,
O'yga cho'kib o'tirardi jim.
Bilmoq uchun qissa hissasin
el yoprilib kelar betinim.

Qorabayir tepa ostida
kelib turdi, burgutday sunib.
O'g'uz tig'i miltiq ustida –
Go'yo Avazniyoz suyunib.

Ko'ktarlon ham yonida hozir,
Six-six etib yolini, ajdar.
Ko'kbo'riday sergak va hadir,
Tig'ni qo'rib, soqchiday bedor.

Shunda tulpor jahonni buzib,
Och to'lqinday sapchidi ko'kka.
Zafaridan kishnadi cho'zib,
Qilich kabi o'ynoqlab tikka.

Butun otlar sapchidi shu on,
Tuyoq chalib turdi havoda.
Erlar dedi: – Tig'i O'g'uzxon!
Chaqmoq chaqdi ko'm-ko'k samoda.

Qissadonlar shuuri inib,
Xaloyiqqa etkazdi shu dam.
Butun turklar oyoqqa turib,
Shodlik sochib, boshladi bayram.

Biroq shunda chol ko'tarib qo'l,
Barham berdi quvonchga shu tob.
Dedi: – Hali tugagan yo'q yo'l,
botgan quyosh sochsin nur, oftob!

Shunda birdan qulaganday tog',
Erni bosib ko'tarildi sas.
Vahimadan titrardi har yoq,
Damin yutib turardi har kas.

Yuzta botir bo'lib ming qoplon,
Na'ra tortib kelardi bosib.
Burgut ko'rib osmondan hayron,
Ko'rsa fillar ketardi ozib.

Terga botgan otlar shu zahot
yorib kirdi saflarni nayza.
Yon berishib o'g'lonlar ham shod,
Uzib berdi zanjirdan halqa.

Qorabayir atrofini gir
o'radilar misli yarim oy.
Chol hukmiga bo'ldilar tayyor,
Mana odob, mana bu – chiroy.

Otning taqasiday yuzta oy –
cholga mahtal turardi bari.
Qorabayir ko'shkli bir saroy,
Bir yuz bir ot – yuzi chol sari.

Oy ko'ksida Ko'ktarlon bir xol,
Salobatin oshirdi yana.
Jannatlardan lavhadir bu hol,
Er yuzida behisht bu – mana.

Izohlarga ochilmaydi lab,
Olmaganni turtmoqdan ne naf.
Shu edi-ku azalda matlab,
Turklar – sozga terilgan sadaf.

Chol so'zining ma'nosidan xalq
muddaoni tushundi yaxshi.
Hamma edi galdirga ilhaq,
To'xtamasdi roviy chol baxshi.

Ona Bo'ri voqeasini –
boshlagandi shimoldan aynan.
Aytar edi hikoyasini
ulab to'xtab qolgan joyidan.

Qanday turgan bo'lsalar, shunday
ot ustida o'tirar, sherlar.
Eshitmoqqa quloqlari shay,
Ko'kbo'rini kutardi erlar.

To'rt tomondan yig'ilib hamon,
Kelar edi botirlar gurros.
Qaynar edi jo'sh urib turklar,
Yuraklarda o'tli ehtiros.

Qorabayir qoya kabi tik,
Ustidadir O'g'uzxoniy tig'.
Ko'ktarlon ham tiniqib, tetik,
Boqar cholga, ko'zlarida cho'g'.

Halqa solib turar yuzta sher,
Cholning buyrug'iga muntazir.
Har bittasi o'n qo'tosdan zo'r,
O'l, desalar, ajalga hozir.

(Davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort