O’zbekiston Xalq Harakati

Ko'kni tutdi turklarning dodi

Ko'kni tutdi turklarning dodi
19 Mart 2018 - 7:00 'da yuklandi va 913 marta o'qildi.

Islom XOLBOY

O'G'UZXONNING QILIChI
(Toshturma. 498 – 496-kameralarda bitilgan doston)

(44-qism)

Yigirmanchi qism

Junaidxon fahmlab ishni,
Yakuniga tikkan ko'zlarin.
O'ylab o'ngdan kelgan tushini,
Tinglar edi cholning so'zlarin.

Quyilgandi qaynab yuragi,
Qolmagandi zarracha gumon.
O'g'uzxonning sirli shamshiri
egasini topar begumon.

Qilich sanchilmadi tepaga,
Biroq to'g'ri tushundi sherlar.
Hovur kirib Sardor diliga:
– Olloh! Olloh! – deya pichirlar.

Junaidxon ko'zini yumib,
Ko'rib turar edi barini.
Oriflarday fikrga cho'mib,
Yaqin etib uzoq orani.

To'g'ri edi mantiqan bari,
Xolis edi chol tutgan yo'l ham.
Bu millatning umum zafari,
Buni butun el qilsin bayram.

Avazniyoz kelsin, avvali,
Ishning so'nggi bo'ladi tiniq.
Yig'iladi hali aholi,
Cholning fikri aytilar aniq.

Quyosh porlab chiqqanda sharqdan,
Oltin kabi tovlandi o'lka.
Soya, salqin chekindi birdan,
Sichqon bo'lib qochib ko'lanka.

Ko'karganday qurigan bog'i,
Chol indamay zavqlanar zamon.
Otlar birdan kishnagan chog'i,
Yuraklarni bosdi hayajon.

Qushlar uchib ketdilar gurros,
Jonivorlar qochdi ip uzib.
Qolgan barglar to'kildi sharros,
Itlar hurar jahonni buzib.

Qorabayir ikki oyoqlab
havolarga uradi tuyoq.
Ko'ktarlon ham is olib, vovlab,
Chopardi goh u yoq, goh bu yoq.

Turklarning bor botirlari tinch
o'tirardi, qoqilgan qoziq.
Egarga ham yopishgandi zinch,
Otlar kishnab, chaynardi suvliq.

Shamol turdi kutmaganda zo'r,
Daraxtlarning ezildi beli.
Yuraklarga solib otash qo'r,
Esar Onabo'rining eli.

Bosib ketdi o'tmishning hidi,
Almashganday zamonlar joyin.
Chol nafasin yutib, jim edi,
Onabo'ri yaqindir sayin.

Bir payt yiroqlardan qorayib,
Ulgu berdi bir nuqta – qora.
Chang, to'zonlar barho kuchayib,
Kattalashar edi tobora.

Oxir kirib keldi Ko'kbo'ri,
Salkam otday kelardi qaddi.
Yaqin bormoq uchun ul sari
sig'mas edi hech kimning haddi.

Qorabayir yoniga borib,
Mukka tushib, bukladi tuyoq.
Tarlon sapchib bo'riga hurib,
Ochdi undan orani uzoq.

O'z haddida turdi yuz botir,
Hech narsaga qilmasdan parvo.
Otlari tek, bamaylixotir,
Qimirlashni ko'rmayin ravo.

Qorabayir esa boyagi,
Shodligidan kishnadi tortib.
Ko'kda o'ynar yana tayog'i,
Siynasida g'ayrati ortib.

Onabo'ri ustida mergan
tuta olmas edi qaddini.
Bo'ri bo'ynin quchib yuz tuban,
Olgan edi endi haddini.

Chol o'rnidan qo'zg'oldi-da dast,
Har urug'dan chaqirdi birni.
Turklarning har tiyrasidan mos
vakil chiqdi tiklab qaddini.

Chol merganga ayladi hukm:
– Qilichni ol, – dedi, – egardan!
Galdir taraddudlandi bir zum,
Ko'tarolmay ko'ksini birdan.

Qolmagandi butun suyagi,
Rost bo'lmadi qaddi haddiga.
O'nglanmasdan shunda iyagi,
Nochor boqdi zo'rg'a oldiga.

Farishtalar qoqishib bilak,
Kutmaganda bo'ldilar paydo.
Qo'ltig'idan berdilar ko'mak,
Ko'zlar boqar qilichga shaydo.

Farishtalar havoda uni
dast ko'tarib turdilar – burgut.
Mergan sekin kiydi to'nini,
Telpagini qo'ndirdi sobit.

Miltig'ini qoldirib so'ngra,
Oldi tig'ni. Kaftida sopi.
Botirlar sher – tortdilar na'ra,
Ko'kni tutdi turklarning dodi.

Er yuzida odamlar hayron,
Uch-to'rt kunki, ayricha holat.
Ko'hna dunyo yashardi obdan,
Zor qalblarga inib muhabbat.

Har bitta turk pilla qurtiday,
Voqeadan o'rardi ipak.
Osmonida balqib to'lin oy,
Kunlarining mezoni – yuksak.

Avazniyoz tepani chog'lab –
urmoq bo'lganida qilichni,
chol to'xtatdi uni quchoqlab,
so'ng chaqirdi vakil, erlarni.

Chol fikrini uqqanday mergan
berdi urug'larning dastiga.
Jami urug' bo'lib bitta turk,
Tig'ni sanchdi tepa ko'ksiga.

Nur sochildi sanchilgan joydan,
Osmonlarda o'ynar kamalak –
kumush ranglar yog'ib osmondan,
chehralarga qo'ndi kapalak.

Turib orqa oyoqlarida,
Bari otlar kishnadi uzib.
Qorako'l er jannatlarida
qalqir edi kemaday suzib.

Eng oxirgi turkman alplari
olgan edi manzil dovini.
Jayxundayin toshdi qalblari,
Bari ko'rib qilich ovini.

O'g'uzxondan meros, iftixor
dillarini aylab tog' qadar.
Ichlaridan tuydilar zafar,
Turkmanlarda qolmadi kadar.

Qilich sopin tutganday bir musht,
Bir bilakka aylandilar soz.
Ruhlariga qo'shildi cho'g', shasht,
Bahorlandi qaytib sarfaroz.

Onabo'ri yo'qoldi ko'zdan,
Sehrgarday bitta hamlada.
Qorabayir yo'rg'alab birdan,
Elday uchdi Xizir cho'llarda.

Ko'ktarlon ham otga juda mos,
Undan ayri tushmaydi bir dam.
Merganning ham qaddi bo'lmay rost,
Yotqizdilar to'shakka ildam.

Cholning azmi, buyrug'i ila,
Qurbon bo'ldi yuz qirqta jonliq.
Turkning o'g'lonlari bir tiyra –
O'g'uzxonday bo'ldi bir otliq.

To'y berildi uch kunga qadar,
Qorako'lga sig'madi odam.
Mirzoqal'a o'rtada mahshar,
Marosimlar boshlab dam-badam.

Kurash bo'ldi oxirda katta,
Sherlar kabi olishdi alplar.
Chollar chiqdi kurashga hatto,
Shodlik bilan limmo-lim qalblar.

Bir-birini ezib beayov,
Polvonlarning qolmadi kiri.
Turklar uch kun bermasidan dov,
Bor yurtlarda qildi tadbirni.

Muruvvati bois Rabbining
Dunyo uch kun cho'mildi Nurga.
Hech bir joyda er nuqtasining
o'lim, urush bo'lmadi har na.

Er yuziga Azroil uch kun
qadamini bosmadi hargiz.
Qoraymadi shu uch kunda tun,
Oy, quyoshsiz qolmadi yolg'iz.

Bemorlar ham uch kun bo'ldi sog',
O'zlari ham ahvoldan hayron.
Changalzorlar uch kun bo'ldi bog',
Bulbullarning tillari biyron.

Avazniyoz tiklanib birdan,
Kurashlarda olishdi – qoplon.
Qiyqiriqlar yog'di har erdan,
Alplar surishganda beomon.

Cholning ko'r ko'zlari ochilib,
Yosh boladay shodlandi mamnun.
Chamanzorday gul-gul ochilib,
Hotamtoylik ko'rgizdi butun.

Uch kun o'tib tindi tomosha,
Zamin tushdi o'qiga yana.
Davr qaytdi zamonlar osha,
Qalqib tindi daryolar, mana!

(Davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort