O’zbekiston Xalq Harakati

Tug'ulgusi bir kun ul O'g'lon…

Tug'ulgusi bir kun ul O'g'lon…
20 Mart 2018 - 7:00 'da yuklandi va 559 marta o'qildi.

Islom XOLBOY

O'G'UZXONNING QILIChI
(Toshturma. 498 – 496-kameralarda bitilgan doston)

(45-qism)

Yigirma birinchi qism

Tongda tarqamoqni kelishib,
Hamma qo'ydi yostiqqa boshni.
Ko'plar uxlamadi gaplashib,
Yo'qladilar oshna – yo'ldoshni.

Uxlar edi mergan qotib dong,
Tushlariga kirdi O'g'uzxon.
Kelajakdan urib nurli bong,
Vasiyatin qildi ul mardon:

“Tur-da, qal'a tepasiga chiq! –
Dedi Avazniyozga O'g'uz! ‒
Bir Oq Tuya kelar. Deysan: cho'k!
U tashlaydi darrov bukib tiz!

Olib tig'ni, Tuyaga o'ltir,
Tuya seni olib ketar choq –
hech narsadan olmay xavotir,
sarlochinday olislarga boq!

Sen ko'rasan, Onabo'ri bot
kovlayotgan bo'ladi chuqur.
Ikkilanmay shart qilichni ot,
Bo'ri o'zi hukmni o'qir.

Qolganlari o'zin yo'lida –
turaverar Jayhunday sobit.
Qilich egasining qo'lida,
ishlar qilar bo'lmaydi nobud!

Tug'ulgusi bir kun ul O'g'lon,
Go'ro'g'lidan, O'g'uzdan Buyuk!
Ziyosidan olam charog'on –
Turklar o'g'li bashariy, Suyuk!

Chingizdan u bo'ladi ayyor,
Temurbekdan orifroq, oqil.
Usmonliday kezar shahriyor,
Unga bashar bo'ysunar butkul!

Bashariyatning ravnaqi uchun
olib borar samoviy janglar.
Yulduzlarni kezadi butun,
Chizmoqlikka ojizdir ranglar!”…

O'g'uzxonning gaplari shunda
chala qoldi, uyg'ondi galdir.
Uydan chiqdi qop-qora tunda,
Tepalikda o'tirdi sobir.

Yalab Mirzoqal'ani yillar,
Yodgor qolgan undan – bir hovuch.
Bu tepadan kesishib yo'llar,
Qancha qalblar topganlar ovunch.

Tepalikka suqilgan qilich
O'g'uzxonday turibdi durkun.
Atrofda tun, suv quyganday tinch,
Jimirlaydi yulduzlar tamkin.

Chol o'tirgan joyda qo'ypo'stak
turar edi o'shanday hali.
Avazniyoz o'ylamay bo'lak,
Unga borib cho'kdi zaholi.

Xotiralab ko'rgan tushini,
Kelajakka yo'naldi fikri.
“Kim u o'g'lon? Oldi hushini,
Kim haqida O'g'uzning zikri!”

O'ylay-o'ylay yulduzlar sari
ko'z yugurtib tashladi nazar.
U o'ylardi: “Kimga Ko'k mehri,
Kim ekan u, quchguvchi zafar?!”

Qibla tomon burib shunda yuz,
Mergan ko'rib qoldi – bir shu'la.
Nur taratar ko'kdan oppoq to'z,
Atrofni yoritib bir yo'la.

Ovoz keldi dilga yoqimli,
Uni bosdi totli bir titroq.
Havo bahordayin yutumli,
Chalinardi bot-bot qo'ng'iroq.

To'shagidan yotgan odamlar
turib kelaverdi xushchaqchaq.
Yosh boladay shodmon botirlar
nurga talpinishardi ilhaq.

Qo'ng'iroqning mayin jarangi
Ko'ngillarga botadi ipak.
Oqarardi jannatning tongi,
Nurli tonlar shukuhga ilhak.

Yarim tunda qop-qora kecha
oppoq bo'lib yorishdi, Jannat!
Gulzorga aylanib har ko'cha,
Odamlarning ko'zida hayrat.

Termulardi beg'ubor barcha,
Shodliklardan chehralar nurlik.
Hammayoqni yoritdi parcha,
Qanot bog'lab uchganda hurlik.

Ovoz yaqinlashar har lahza,
Shuurlarni allalaydi zang.
Kuz oqshomi bahorday toza,
Ruh rishtasi torlari tarang.

Kela-kela ohang oxiri
Oq Tuyaga aylandi, ajab.
Oq Tuyaning o'rkachi ayri,
Nurdan yaralganday edi zab.

Bo'ynidagi etti qo'ng'iroq,
Har birida etti ohang bor.
G'aflat nima – bilmaydi, uyg'oq,
Qirq to'qqiz rang – yo'q zarra g'ubor.

Tuya kelib tepa pastida
tizza tashlab cho'kkan mahali –
ko'rgan yondi Tuya ishqida.
Barmoq tishlab qotdi aholi.

Avazniyoz tushundi, aynan
unga edi mazkur ishora.
Darrov irg'ib turib o'rnidan,
Tig'ga ko'zin tikdi sharora.

U sug'urdi tig'ni tepadan,
Keyin mindi borib Tuyani.
Tuya turib shunda o'rnidan,
Ergashtirib ketdi ziyoni.

Tuya bilan yuridi yorug',
Sado berib sirli ohang ham.
Osmonlarda hilpirab bir tug',
Tuya bilan ketardi hamdam.

Avazniyoz Tuya ustida
o'tirardi Xizirday orif.
O'g'uzxoniy qilich dastida,
Buxoroday nuroniy, sharif.

Ko'zin tikib ortidan barcha,
Shamday qotib qoldi hayratdan.
Ta'qib qilib borar nur, parcha,
Galdir masrur edi bu baxtdan.

Intihoni o'ylardi shu dam,
Yuragida cheksiz hayajon.
U tashlagan edi bir qadam –
Kelajakka, zafarga tomon.

Tuya qisqa muddat ichinda
yo'l yuridi juda ham uzoq.
Zamon mubham qoldi makonda,
Qo'ygan edi nur vaqtga tuzoq.

Tong ko'z yora boshlagan chog'i,
Cho'l kindigin bosgandi Tuya,
Tongning kumush rangli siyog'i
Qizilqumga solgandi soya,

Olislardan, erdan tepaga
sochilardi har zamon tuproq.
Mergan ko'zi tushib qoraga,
Kiprik qoqmay termuldi uzoq.

Tuya o'sha nuqtani ko'zlab,
Boraverdi yo'lida sobit.
Galdirning tund yuragi bo'zlab,
Tig'ga shu, deb o'ylardi, tobut!

Yaqin qolganida angladi,
Onabo'ri kovlardi quduq.
Ikki qo'llab tig' changalladi,
Hayajondan tillari duduq.

Tuya choh og'ziga borganda,
Onabo'ri chiqdi-ku chaqqon.
Merganning tig' turar dastida,
O't sochildi u chekkan ohdan.

Uzoq taraddudlanmadi galdir,
U sustlarni yomon ko'rardi.
– Qilichga shu ekan-da, taqdir, –
Deya uni quduqqa urdi!

Tuya yurdi kutmay bir zamon,
Yana qaytib iziga qarab.
Chohda qoldi tig'i O'g'uzxon,
Onabo'ri tuproqni tarab.

Kutgandayin shuni, bo'ralab
ko'z ochirmay yog'di oppoq qor.
Oppoq ko'rpa cho'llarni qoplab,
dog' qolmadi. Olam beg'ubor!

Galdir turolmasdan yana tik,
O'rkachiga yotdi Tuyaning.
Singan yog'ochdayin u bukik –
o'rtasida ikki qoyaning.

O'ranganday saksovul qorga,
U tuyaga yopishdi takror.
Ko'zi boqar edi qal'aga,
Tirik etish umidida zor.

Uzoqlardan ko'rindi to'da,
Bo'rilar, deb o'yladi galdir!
Bosib-yanchib o'zin yo'lida,
Dovruq solar minglab bahodir.

Cho'lni qoplab olgandi qora,
Ko'rinmasdi uchi, qirog'i.
Selday bosib kelar tobora,
Tog'ni bossa, qolmas urvog'i.

Galdir bildi: yo'lbarsday tajang,
Turklarning qurt o'g'lonlari bu.
Junaidga bo'lgandilar o'ng,
Bari botir ot solib, yohu!

Bormi turk eliga qarshi kuch,
Tog'larni qul etadi o'rlab.
Dengizlarni etar bir hovuch,
Qasd etsalar botirlar gurlab.

Avazniyoz ko'zlarida yosh –
Shuurida cheksiz his, sevinch.
Og'riqlarga u berib bardosh,
Termulardi ko'zga yig'ib kuch.

Quvonmagan edi bu qadar,
Umr surib, shu yoshga kirib.
Yuragi naq bolg'aday tepar,
Kelgandayin O'g'uz tirilib.

Alplar ko'rmas edi merganni,
U nurlanib bo'lgandi Oppoq.
Olgandilar ustidan yo'lni,
Eru ko'kka solgancha titroq.

Biroq otlar sezib tuyani,
O'tardilar aylanib undan.
Galdir tutib ikki qoyani,
Ko'zlarini uzmas turklardan.

Sherlardayin bosib cho'lni mast,
O'tib ketdi o'g'lonlar quvnoq.
Barxanlarning o'rkachlari past,
Avazniyoz bo'zlab qoldi toq.

Zo'rg'a burib boshini mergan,
Boqar alar ortlaridan zor.
Ramaqijon bo'lgan edi tan,
Qishi etdi, bitdi yoz, bahor.

Ko'zlarida qator-qator yosh,
Ko'kragida bor qancha armon.
Dedi: – Alplar, ko'nglimiz yondosh,
Men o'laman endi begumon!

Dedi: – Millat yashaydi mangu!
Dedi: – Turklar olamda boqiy!
Onasidir uning Ko'kbo'ri,
O'g'uz otasidir ‒ Yofasiy!

Olloh senga yor bo'lsin, turkim!
Adolatdan yuksalsin, tug'ing!
Yashayver – o't ichra Samandar,
Shaksiz, endi o'ladi o'g'ling!

(Davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort