O’zbekiston Xalq Harakati

Xorazm bu – Ota meros Er!

Xorazm bu – Ota meros Er!
21 Mart 2018 - 7:00 'da yuklandi va 1007 marta o'qildi.

Islom XOLBOY

O'G'UZXONNING QILIChI
(Toshturma. 498 – 496-kameralarda bitilgan doston)

(46-qism)

Yigirma ikkinchi qism

Junaidxon hodisotlarni
kaftdagiday turardi ko'rib.
To'rt ming chog'li arslonlari
asrar uni qal'aday qo'rib.

Darg'onota to'y qildi, bayram,
Uch kun uxlamadi, xursand xalq.
Turklar ko'rdi zafarni baham,
Izn berdi Yaratgan, Barhaq.

Tuya olib qaytganda tig'ni,
Turib ketdi joyidan Sardor.
Oq tuyada ko'rib galdirni,
Taqdiridan bo'ldi minnatdor.

Muhammadning tuyasini Haq
yuborgandi bir shamshir uchun.
Yaratganning oldidagi naqd,
Turklarning shon-sharafi butun.

To'lib ko'zlarining kosasi,
Qurvon Sardor bo'g'ildi birdan.
Yoshlar oqdi dur qatorasi,
Sizib uning ikki ko'zidan.

Junaidning ko'zlarida yosh
ko'rmagandi hali hech kishi.
U orqaga o'girgancha bosh,
Odamlardan kelgandi g'ashi.

Gunoh qilib qo'ygan boladay,
Yashirmoqchi bo'ldi yoshini.
Uzangiga Sardor qo'ydi poy,
Qamchi urib, chopdi otini.

Marol bo'lib elib ketdi ot,
Orqasidan tushdi lashkari.
U daryodan tiladi sabot,
Armonlari to'kildi bari.

U qirg'oqda otni etalab,
Uzoq yurdi hovuchlab yurak.
Tig'ni galdir otsa, yaraqlab,
Choh tubiday sanchildi kurak.

Lashkarlari sherdayin saf-saf,
Turar tashlab olisroqdan sin.
Junaidning zotiga, nasab,
Bo'g'ilardi daryo ham o'qtin.

Orqasiga qaytganda Tuya,
Hamma joyni bosdi oppoq qor.
Mergan zo'rg'a o'tirar qiya,
Yana bo'ldi qaytadan bemor.

Junaidning siqib nafasi,
Azoblardan erib bitdi mum.
Lek galdirga keldi havasi,
Ich-ichidan qildi takallum.

Junaid ko'z oldida shu choq
paydo bo'ldi Bo'ri galasi.
Tog'ni ursa etardi urvoq,
Tegirmonday barin kallasi.

O'rkachga to'sh tirkadi galdir,
So'ng ko'tardi zo'rg'a boshini.
Kelar edi sanoqsiz botir,
Mergan to'kdi sevinch yoshini.

Qorako'ldan alplar boshlab yo'l,
Bahs bog'lashib, chopardilar ot.
Yuraklardan o'tlar toshar mo'l,
Har bittasi – ming bitta Farhod.

Qurvon Sardor turgan nuqtani
ko'zlab olar botirlar parvoz.
O'ynatarlar ko'kda qamchini,
Qanot bog'lab ucharlar shovvoz.

Avazniyoz tuyib bir faxr,
Quvonardi ko'zlari behad.
Bugun turkka kulganda taqdir,
Ovchi ko'tarolmas edi qad.

Oppoq Tuya alplar ko'ziga
Chalinmasdi – nurlangan bois.
Otlar chetlab, ketar yo'liga,
Havolarda qorni etib to'z.

Mergan zo'rg'a bosh burib shu choq,
Boqib qolar botirlarga zor.
Uning ko'ngli millatga mushtoq,
Endi uning umidi bekor.

Ko'zlarida qator-qator yosh,
Ko'kragida bor qancha armon.
Dedi: – Alplar, ko'nglimiz yondosh,
men o'laman endi begumon!

Chidolmadi Junaid oxir,
Bo'g'zin yirtib chiqdi o'kirik.
Ot daryoga tashlandi keskir,
Suv – Sardorga kaft tutgan ko'prik.

Orqasiga qaramay Sardor,
Lashkariga siltadi qamchi;
“Kut”, degani edi, keskin, zor,
Ko'zida yosh tomchi va tomchi.

Soqolini ezib irmog'i,
Tomar edi suvning yuziga.
Daryoning ham bo'g'ib tomog'i,
Qaytar edi oqib iziga.

Junaidxon ko'z yoshlarini
ko'rsatmoqdan qilardi nomus.
Mohlar, daryo qamishlarining
taglarida yig'lar edi muz.

“Ovchi: – Millat yashaydi mangu!
Dedi: – Turklar, olamda boqiy!
Onasidir uning Ko'kbo'ri,
O'g'uz otasidir ‒ Yofasiy!

Olloh  senga yor bo'lsin, turkim!
Lafzing bo'lsin quroling, tug'ing!
Yashayver – o't ichra Samandar,
Shaksiz endi o'ladi, o'g'ling!”

Qorako'z ot to'qay oralab,
Chiqdi sakrab Taqirtepaga.
Junaidxon to'xtamay, yig'lab,
Dam urardi qalqib havoga.

Baland tepalikning ustida
tagida qurch turkmani oti.
Butun Turon edi kaftida,
O'g'uzxonning u shonli zoti.

Nari qirg'og'ida daryoning
turar edi sherlari tajang.
Eranlari edi dunyoning,
O'g'uzxonday har biri bashang.

Jilovida turkmani oti,
Qushdan uchqur  qanotlari bor.
Buroq, G'irko'k – parilar zoti,
Turklar kabi ular ham kibor.

Olislarga termuldi Sardor,
So'nmas edi yurak olovi.
Yurt ishqida edi u bemor,
Oldi hislar undan jilovni.

Otdan tushdi Junaid bir payt,
Ot kishnadi bosh siltab yovqur.
O'tganlarni eslab u bot-bot,
Kelajakni etdi tafakkur.

Junaidxon yurib tepada,
O'ylariga tamom bo'ldi g'arq.
Kelajakda o'y, mushohada,
Millatini qo'llasin Barhaq.

Xorazmning so'nggi uch yuz yil –
Tarixini eslab qatma-qat:
Turk eliga emasdi qoyil,
Bu uch yuz yil edi beshafqat.

Zavol topdi Xorazm ko'p bor,
O'prilishlar yili bu yillar.
Bo'lmadi ilmga e'tibor,
Qo'pollashdi, sustlashdi ellar.

Yaxshi podshoh chiqqanda taxtga,
Orqasida turdi yomoni.
Davr dasti tegmadi elga,
Zolimlarning bo'ldi zamoni.

Do'laytirdi o'ris mushtini,
Yurt xatardan bo'lmadi xoli.
Egovladi biri birini ‒
Mana Turkistonning ahvoli.

Ko'zlarining artib yoshini,
Feruzxonni yod etdi g'amgin.
Gunohkorday egdi boshini,
G'amga botib oldi chuqur tin.

Isfandiyor bilan kechgan dam,
Uning fojiali o'limi…
Mushtlarini qisdi u mahkam,
Ko'ksi yonib, keldi alami.

U o'ylardi: shu podshohlar ham
O'g'uzxonning zuryodlari-ku!
Xorazmning turklari – baqam,
Yuksak tug'li avlodlari-ku!

O'zi o'tirgan damlar taxtda!
Xayollarin o'rtadi yillar.
Xozirgacha turibdi ahdda,
Ruhi hurlik, ozodlik istar.

Uxlab yotsa, bir kun tushida –
O'g'uzxonni ko'rgandi – bir nur!
Umr surib shuncha yoshida,
Tushmagandi titroqqa bir qur.

Bo'lib o'tgan hodisalarni
Bir-bir so'zlab bergandi O'g'uz.
To tonggacha eslab Turonni,
Ikkalasi o'tirdi yolg'iz.

Onabo'ri kelishini ham,
Oq tuyaning qo'ng'iroqlari.
Qilich chohga sanchilib mahkam,
Taraladi qum – tuproqlari…

Ko'z oldida Junaidxonning
yana qayta aks etdi ko'zgu.
Shunday bo'ldi oxir O'g'uzning,
So'zlaridan oldilar ulgu.

Junaidning xizmati faqat –
qiz oldirdi galdirdan borib!
Qolganiga davr betoqat,
Keyin… yo'llar ketdi adashib.

Shunday bo'ldi barchasi yaqqol,
Bajarildi ishlar bexato.
Bitgan bo'lsa azaldan iqbol,
Ojiz qolar bu dunyo hatto.

O'g'uz shama qilganday yana,
Xivaning qur yiqildi taxti.
Sardor tig'ni oldi birgina,
Sodiq edi lafziga ahdi.

O'ylaridan Junaid taskin
topolmasdan boqdi cho'llarga.
Elar edi janubdan to'lqin,
Sig'may so'qmoq, katta yo'llarga.

Bo'ridayin jur'atli, azot,
Elka berib bir-biriga shod.
Osmondayin ruhlari ozod,
Kelar, qomatlari bog'-shamshod.

Ohu kabi sunib otlari –
O'ngirlardan o'tardi sakrab.
Turkmanlar bu, O'g'uz zotlari,
Zalvoridan er yig'lar titrab.

Qorako'ldan, qilich bazmidan
qaytmoqdalar, qalblarda surur.
Ular turklar, O'g'uz azmidan,
Ot ustida tog'larday mag'rur.

Junaidxon o'grilib shu choq,
Boqdi olis-olisga o'tli.
“Imo”siga termulib mushtoq,
To'rt mingta sher turardi otli.

Qanday qilib mana shuncha sher
tashlab ketar to'qayini zor.
Xorazm bu – Ota meros Er!
Boqar edi Sardor intizor.

Sog'inardi ko'rib turib u,
O'ladi-ku ko'rmasa lahza.
Amu bo'lib bir go'zal ohu,
Junaidga etardi g'amza.

Arslonlar tepani o'rab,
Er titratib tortardi na'ra.
Eru osmon qo'rqib, qaltirab:
“Sizlarniki, ‒ der, – bir kun marra!”

(Davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort