O’zbekiston Xalq Harakati

Qolganini mahsharga qoldir…

Qolganini mahsharga qoldir…
22 Mart 2018 - 7:00 'da yuklandi va 963 marta o'qildi.

Islom XOLBOY

O'G'UZXONNING QILIChI
(Toshturma. 498 – 496-kameralarda bitilgan doston)

(47-qism)

    Yigirma uchinchi qism

Qorako'l ham bir qaynab tingan
daryolarga o'xshardi bu dam.
Tadbirlardan charchab horigan,
Tin olmoqni istar har odam.

Qishloqlarda ko'rinmasdi kas,
Tuz-dalada na hayvon, jonliq.
Qor yog'ardi chapa-rosta tez,
Oq chayshabga o'ralgan borliq.

Chol o'tirar tepada yolg'iz,
Tagda o'sha qo'yning po'stagi.
Yana ko'rmay qolgan edi ko'z,
Tortilgan so'ng bayram etagi.

Yog'averib tepasidan qor,
Oqargandi un qopday usti.
Avazniyoz ko'zlarida zor,
Kuydirardi “oh” desa o'ti.

Hammasidan edi xabardor,
Ezilgandi jigari, bag'ri.
Uni olib kelmoqda bedor,
Oppoq Tuya – o'rkachi ayri.

Kunning yarmi bo'lganda o'tib,
Tuya keldi, ichi to'la dard.
U bo'zladi boshini urib,
O'rkachida uxlar edi – Mard!

Arqon uzib yugurdi har yoq,
Qorabayir berolmadi tob.
Kishnab urar havoga tuyoq,
Qayg'u, g'amdan jigari kabob.

Ko'ktarlon ham qolmay ortidan,
To'rt tomonga urdi o'zini.
Go'yo etim o'g'il otadan,
Qishdan so'rar edi yozini.

To'polonni eshtib odamlar
kelaverdi uyidan chiqib.
Tepalikda yig'ildi ular,
Voy-voylashib, dunyoni yiqib.

Turk ellarga Mirzoqal'a boz
yana to'ldi xurmachaday liq.
Bir-biriga berib sas, ovoz,
Keldi sig'may bosib xaloyiq.

Tuya kelib cho'kdi tepada,
Chiqqan edi merganning joni.
Ikki qo'li – ikki o'rkachda,
Kafan edi oppoq chakmoni.

– Oling uni suyab, – dedi chol, ‒
Shu holicha to'niga o'rab!
Yoprildilar jasadga shu hol,
Ayirdilar Tuyadan ayab.

Tuya turdi bo'zlab shu zamon,
Kun botarga bo'ldi ravona.
Qorabayir kishnardi yomon,
Tarlon halloslardi devona.

Avazniyoz merganni mardum
qaytib erga qo'ymadi-da hech,
ko'tarishib odimba-odim –
yorug' kunni kech qildilar, kech.

Polvon Ota qabristonida
kavladilar qorong'u bir uy.
Tobut turdi elning qo'lida,
Galdir yotar surgan kabi o'y.

Mashhargacha endi manzili –
Shu qabrga yozildi oshkor.
Qibla tomon tutib yuzini,
Qiyomatni kutadi bedor.

***

Yigirma to'rtinchi qism

Shunday qilib Qorako'l ahli
dafn etdi Avazniyozni.
Faxrlansa arziydi haqli,
Ellar oldi yana bir yozni.

Qaytib kelganida xaloyiq,
O'lganini ko'rdi otning ham.
Qorabayir ichi kuyib, diq,
So'ngan edi boshlanmay motam.

Ko'ktarlon ham mergan qabriga
borib yotdi. Qaytib kelmadi.
Egasining xok-tuprog'ida
qo'nim topdi. Undan jilmadi.

To'qqiz kunda Ko'ktarlonning ham
ayri tushdi, uzildi joni.
Lek bo'lmadi dunyo boshi xam,
Ko'ksi edi g'amning makoni!

Hamon tinmay charx urar dunyo,
Ko'rib yotar barchasin galdir.
Qissani bas qil, roviy, ayo,
Qolganini mahsharga qoldir…

***

Toshturma.
2007 yil sentabiri.

(Tugadi)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort