O’zbekiston Xalq Harakati

Abdulla Qodiriyni kim tergov qilgan?

Abdulla Qodiriyni kim tergov qilgan?
12 Nisan 2018 - 8:00 'da yuklandi va 1521 marta o'qildi.
Yoxud tergovchilar savoliga Qodiriy javoblari 
 
Milliy qahramonlarimiz 

…Qodiriyning tergovchilarga bergan mazkur ko'rsatmasini o'qigan o'quvchilarda o'zgacha fikr ham paydo bo'lishi mumkin. Ma'lumki, tergov chog'idagi qiynoqlar sababli ayrim mahbuslar aqldan ozishgan, ayrimlari boshlarini metin devorlarga urib, qattiq jarohat olishgan, keksa yoshdagilar esa qiynoqlardan vafot etishgan. Ba'zilar esa qiynoqlarga dosh berolmay, o'zlariga ham, o'zgalarga ham tuhmat qilishga majbur bo'lgan. Shunday dahshatli holatga tushgan Qodiriy o'ziga o'zi tuhmat qilishga majbur bo'lmaganmikan?..

Men bunday fikrda emasman. Bunday deyishimga sabab tergov davomidagi mana bu savol-javoblardir:

«Savol: Siz millatchi sifatida qaysi sovetlarga qarshi tashkilot foydasiga ishlagansiz?

Javob: Men burjua millatchisi sifatida o'z oldiga Sovet hokimiyatini ag'darish maqsadini qo'ygan sovetlarga qarshi o'zbek burjua millatchilik tashkiloti foydasiga ishlaganman. Mening matbuot va adabiyot sohasidagi amaliy ishim sovet hokimiyatiga qarshi qaratilgan, shuning uchun shu tashkilot rahbarlari Akmal Ikromov va Fayzulla Xo'jaev tomonidan faol qo'llab-quvvatlanganman, mening sovetlarga qarshi asarlarim shaxsan ularning topshirig'iga binoan ommaviy adadda nashr etilgan va keng tarqatilgan.

Savol: Ayting-chi, siz qachon, kim tomonidan va qanday sharoitda O'zbekistonda mavjud bo'lgan sovetlarga qarshi millatchilik tashkilotiga yollangansiz?

JavobO'zbekistonda sovet hokimiyati o'rnatilgan dastlabki kunlarda millatchilik kurashi yo'liga o'tganim uchun men amalda sovetlarga qarshi o'zbek millatchilik tashkilotining keksa va faol qatnashchilaridan biriman, ammo rasman bu tashkilotga a'zo bo'lmaganman…

Mustabid sovet davlati hududida yashagan barcha xalqlar tarixining musibatli va eng fojiali davri — 1937 yil o'zbek xalqi xotirasida ham mudhish sana sifatida muhrlangan. Chunki shu yili Abdulla Qodiriy, Fitrat, Cho'lpon singari adiblar, Fayzulla Xo'jaev kabi davlat arboblari, Abduvahob Murodiy, Sattor Jab¬bor, G'ozi Olim Yunusovdek olimlar qatag'on etildi. Ular o'zbek xalqining bir necha asrlik turg'unlik davridan keyin etishib chiqqan buyuk farzandlari edi. Shu tariqa endigina shakllanib, kamol topib borayotgan yangi o'zbek fani, texnikasi, maorifi, adabiyoti va san'ati qo'porib tashlandi. 

1937 yil 24 aprelda Fitrat o'zbek ziyolilari orasidan birinchi bo'lib qamoqqa olindi. 31 dekabrda Abdulla Qodiriy «Ollohga ming qatla shukrlar bo'lsinki, yangi yilni bola-chaqalarim bilan ko'radigan bo'ldim», deb Samarqand darvozadagi xonadonida norin to'g'rab o'tirganida kutilmaganda NKVD (Ichki ishlar xalq komissariyati) izquvarlari kelib, uni olib ketishdi. Abdulla Qodiriy 1938 yilni NKVD zindonida mahbuslik libosida kutib oldi.

Shu o'rinda ta'kidlab o'tish joizki, Cho'lpon va Fitrat singari jo'shib-qaynab yashagan ziyolilar ortidan do'st, yashirin milliy tashkilotning a'zosi, NKVDning maxfiy xodimi sifatida ergashib, ularning har bir qadami, har bir aytgan so'zini tegishli joyga etkazib turgan «soyalar» adibni badnom etuvchi ma'lumotlarni qo'lga kirita olmagan. Shu sababli adib hatto qatag'on to'lqini quturgan paytlarda ham NKVD nazariga tushmagan. Shunday bo'lsa-da, 1937 yil 31 dekabrda O'zbekiston NKVD Davlat Xavfsizligi ¬Boshqarmasi xodimlari «jinoyatning oldini olish» maqsadida maxsus qaror tayyorlaydi. O'zSSR Ichki ishlar xalq komissari, Davlat xavfsizligi mayori Apresyan tasdiqlagan bu qarorda Abdulla Qodiriyga quyidagicha ayblovlar e'lon qilingan:

1. «Milliy ittihod» aksilinqilobiy millatchilik tashkiloti a'zosi bo'lib, qator yillar mobaynida Sovet hokimiyati va partiyaga qarshi faol aksilinqilobiy-millatchilik kurashini olib borgan.

2. Matbuotda partiya va hukumat rahbarlari siyosatiga nisbatan keskin aksilinqilobiy-millatchilik va tuhmatdan iborat maqolalar bilan chiqqan.

3. Shu kunlarda tugatilgan o'zbek aksilinqilobiy-panturkistik tashkilotining a'zosi bo'lib, uning aksilinqilobiy ishida faol qatnashgan.

4. Yig'ilishlarda muntazam ravishda aksilinqilobiy-millatchilik, aksilsho'roviy-millatchilik ruhidagi fikrlarni bayon qilgan.
Qodiriy mazkur qaror bilan tanishib, uning tagiga «Ushbu qaror menga e'lon etilgan (o'qudim), bunda ko'rsatilgan ayblarga rozi emasman va bo'ynimga olmayman», deya imzo chekkan.

NKVD jallodlari 1937 yilda turli-tuman qiynoq usullarini qo'llash natijasida o'zbek xalqining qanchadan-qancha ziyolilari irodasini sindira olgan. Inson zoti ko'rmagan qiynoqlardan zada bo'lgan ziyolilar qora tuhmatdan iborat so'roq bayonnomalarini o'z imzolari bilan tasdiqlashga majbur bo'lishgan. Biroq Apresyan boshliq NKVD xodimlari Qodiriyni «jilovlash»ning uddasidan chiqisholmadi. Qodiriyning biror aksilinqilobiy tashkilotga daxldor bo'lganini isbotlovchi isbot topa olmagan tergovchilar yoz oylarida qamalgan yozuvchilarning tergov bayonnomalarini titkilay bosh¬laydi. Buni qarangki, G'ozi Olim Yunusov bilan Qayum Ramazon O'zbekistondagi panturkistlarni sanaganlarida Qodiriy nomini ham tilga olgan, Abdulhamid Sulaymonov (Cho'lpon) Qodiriy bilan Shohid Esonni millatchi-aksilinqilobchilar qatoriga qo'shgan, Mo'min Usmonov Fayzulla Xo'jaevning Qodiriy, Elbek, Cho'lpon va Fitratga yaxshi sharoit yaratib berganini eslagan, A'zam Ayub esa Akmal Ikromov «Turkiston» gazetasiga muharrirlik qilgan vaqtda Qodiriyning ham shu gazetada xizmat qilganini aytib o'tgan ekan. Bu ma'lumotlar, avvalo, bechora -mahbuslardan qiynoq ostida olingan, qolaversa, ular dalil va ashyosiz, puch gaplar edi.

O'ziga qo'yilgan barcha siyosiy ayblarning puchligini ko'rgan Qodiriy tergov jarayonida o'z haqiqatini mardona himoya qildi. Tergovchilar uch oy mobaynida Qodiriyga nisbatan eng dahshatli qiynoq usullarini qo'llasa-da, uning irodasini sindira olmadi. Qodiriy bilan bir kamerada yotib, bol'sheviklar do'zaxidan omon chiqqan sobiq mahbuslarning aytishlariga qaraganda, ular adibni kaltaklab, yarim kechada kameraga chalajon holda tashlab ketishar, tibbiyotdan oz-moz xabardor mahbuslar bir hafta-yarim hafta davomida uni davolab, eski holiga keltirishar, bir-ikki haftadan keyin esa yana o'sha qiynash va davolash «seans»lari davom etar ekan. U baribir tergovchilar talqinida yozilgan tergov bayonnomalariga imzo chekmadi. Shuning uchun ham u imzo chekkan yagona tergov bayonnomasiga «1937 yil, mart» deb yozilgan bo'lsa-da, sana o'rniga uch nuqta qo'yilgan. Bu tergovning nechanchi tergov ekanini ham, 1938 yil martining qaysi kuni bo'lib o'tganini ham hech kim bilmaydi.

Ma'lumki, Qodiriy 1926 yilda «Yig'indi gaplar» hajviyasi uchun respublika rahbarlari obro'sini to'kishda ayblanib, bir necha oy qamoqda yotib chiqqan. Shu jarayon bilan bog'liq materiallar NKVD tergovchilari ixtiyorida bo'lgani uchun ular tergovni shu masalaga «oydinlik kiritish»dan boshlamoqchi bo'ladi. Lekin mahbusning o'z «xato»larini «Mushtum» jurnali faoliyati bilangina bog'lamoqchi bo'lganini sezib, asl maqsadga o'tishni lozim topishadi.

«Savol: Siz sovetlarga qarshi millatchilik ishingizni «Mushtum» jurnali doirasi bilan cheklamoqchisiz. Ogohlantiramiz: bu — befoyda urinish. Ma'lumki, siz burjua millatchisi sifatida adabiyot sohasida faollik ko'rsatgansiz. Shu to'g'rida mukammal ko'rsatma bering.

Javob: Men tergovdan o'zimning burjua millatchilik e'tiqodimni yashirmoqchi emasman. Zero, mening bir necha yil davomida olib borganim sovetlarga qarshi millatchilik ishi shu qadar ma'lumki, uni qanchalik istasam ham yashira olmayman. Shuning uchun ham men adabiyot olamida sovetlarga qarshi olib borganim amaliy millatchilik ishi haqida vijdonan, haqqoniy so'zlab berishga harakat qilaman.

Men jadidizm burjua-millatchilik partiyasi mafkurasi ruhida tarbiyalanganman, shuning uchun Oktyabr' inqilobining dastlabki kunlaridanoq Sovet hokimiyatiga qarshi burjua-millatchilik kurashi yo'liga o'tganman. Sovet hokimiyati burjua millatchiligi bilan chiqishmagani, aksincha, uning manfaatlariga qarshi bo'lgani uchun Sovet hokimiyati g'oyalarini qabul qilmaganman. Shunga asoslangan holda burjua yozuvchisi sifatida butun kuchim va imkoniyatim bilan sovetlarga qarshi faol millatchilik ishini olib borganman.

Men 1919 yili «O'tgan kunlar» tarixiy romanini yozishga kirishib, uni uzil-kesil tugatib, 1925 yili nashrdan chiqardim. Sovet hokimiyatining Turkistondagi besh yillik hayoti mening siyosiy e'tiqodimda hech bir o'zgarishni yuzaga keltirmadi, shuning uchun «O'tgan kunlar» romani chop etilgan vaqtda men imoni komil burjua millatchisi edim.

«O'tgan kunlar» romani sovet voqeligini ochiqdan-ochiq inkor etuvchi, oshkora sovetlarga qarshi, millatchilik ruhidagi asar edi. Men shu asarda inqilobga qadar bo'lgan ijtimoiy davlat tuzumini va o'zbek millatchiligini butun kuchim bilan ideallashtirdim. Agar romanda to'g'ridan-to'g'ri «Yo'qolsin sovet hukumati!» deyilgan bo'lmasa-da, kamida ichki mazmuni shunga chaqirgan…»

Qodiriyning tergov paytida aytgan bu so'zlari shu vaqtgacha biror kitob yoki maqoladan o'rin olmagan. Bugun oddiy kitobxonlar ham, adabiyotshunoslar ham ulug' adibning bu so'zlarini o'qib hayratlanishlari tabiiy. Nega mahbuslik kursisida, jallodlari ro'parasida o'tirgan adib ular qo'yayotgan tuzoqqa chap berish o'rniga, ular aytayotgan tuhmatni rad etish o'rniga, aksincha, o'zini o'zi dor sari elt¬moqda?! Mahbus adibdagi bu o'zgarishning sabablari nimada? U tergovchilar bilan kurashda charchaganidanmi yoki o'zining bol'sheviklar zindonidan omon chiqishiga ishonmay qo'yganidanmi?! Yoki NKVD jallodlari bilan olishishdan ko'ra, ulardan otilib qutilishni afzal ko'rganidanmi?!

Mahbus adibning tergovchilar savoliga javoban aytgan shu so'zlarini yana bir bor o'qib ko'rsangiz, undan boshqacha bir ma'no ham chiqadi. «O'tgan kunlar» romani chop etilgan vaqtda men imoni komil burjua millatchisi edim», — demoqda adib. Bu nima degani?.. «Sovet hokimiyatining Turkis¬tondagi besh yillik hayoti mening siyosiy e'tiqodimda hech bir o'zgarishni yuzaga keltirmadi», — demoqda u yana.

U aytmoqchiki, Sovet hokimiyati barpo etilganidan keyin chor mustamlakasi bo'lgan Turkistonda hech qanday o'zgarish ro'y bermadi. Chor hokimiyati ham, Sovet hokimiyati ham Turkistonni talash, Turkiston aholisini ezishdan boshqa biror karomat ko'rsatmadi!.. Uning «siyosiy e'tiqodi» zaminida shu masala mujassam. Shuning uchun ham adib «O'tgan kunlar» romanida inqilobga qadar Turkistonda hukm surgan ijtimoiy davlat tuzumini va «o'zbek millatchiligi»ni ideallashtirdim, deb o'ylaydi. U «o'zbek millatchiligi» deganda o'zbeklarning o'z tarixi, yurti, tili, urf-odatlarini qadrlashini nazarda tutadi. Jadid yozuvchilari asarlaridagi «millatchilik» — milliy g'oya, milliy dunyoqarash, milliy mentalitetning mustamlakachilik sharoitida xira tortishiga qarshi kurash qurolidir. Bol'sheviklar ana shu quroldan qo'rqishgan. Millatchilik, aslida, millatparvarlik deganidir.

Qodiriyning tergovchilarga bergan mazkur ko'rsatmasini o'qigan o'quvchilarda o'zgacha fikr ham paydo bo'lishi mumkin. Ma'lumki, tergov chog'idagi qiynoqlar sababli ayrim mahbuslar aqldan ozishgan, ayrimlari boshlarini metin devorlarga urib, qattiq jarohat olishgan, keksa yoshdagilar esa qiynoqlardan vafot etishgan. Ba'zilar esa qiynoqlarga dosh berolmay, o'zlariga ham, o'zgalarga ham tuhmat qilishga majbur bo'lgan. Shunday dahshatli holatga tushgan Qodiriy o'ziga o'zi tuhmat qilishga majbur bo'lmaganmikan?..

Men bunday fikrda emasman. Bunday deyishimga sabab tergov davomidagi mana bu savol-javoblardir:

«Savol: Siz millatchi sifatida qaysi sovetlarga qarshi tashkilot foydasiga ishlagansiz?

Javob: Men burjua millatchisi sifatida o'z oldiga Sovet hokimiyatini ag'darish maqsadini qo'ygan sovetlarga qarshi o'zbek burjua millatchilik tashkiloti foydasiga ishlaganman. Mening matbuot va adabiyot sohasidagi amaliy ishim sovet hokimiyatiga qarshi qaratilgan, shuning uchun shu tashkilot rahbarlari Akmal Ikromov va Fayzulla Xo'jaev tomonidan faol qo'llab-quvvatlanganman, mening sovetlarga qarshi asarlarim shaxsan ularning topshirig'iga binoan ommaviy adadda nashr etilgan va keng tarqatilgan.

Savol: Ayting-chi, siz qachon, kim tomonidan va qanday sharoitda O'zbekistonda mavjud bo'lgan sovetlarga qarshi millatchilik tashkilotiga yollangansiz?

Javob: O'zbekistonda sovet hokimiyati o'rnatilgan dastlabki kunlarda millatchilik kurashi yo'liga o'tganim uchun men amalda sovetlarga qarshi o'zbek millatchilik tashkilotining keksa va faol qatnashchilaridan biriman, ammo rasman bu tashkilotga a'zo bo'lmaganman.

Savol: Siz yolg'on gapiryapsiz. Tergov sizning «Milliy ittihod», keyinchalik «Milliy istiqlol» sovetlarga qarshi millatchilik tashkilotlarida qatnashganingiz haqida ishonchli ma'lumotlarga ega. Bularni qanday qilib inkor etasiz?

Javob: Men «Milliy ittihod», shuningdek, «Milliy istiqlol» tashkilotlariga hech kim tomonidan yollanmaganim uchun bu tashkilotlarga tashkiliy-rasmiy jihatdan mansub bo'lganimni inkor etaman…»

Ko'ramizki, Qodiriy tergovchilarning savollariga o'ylab javob bermoqda. U sovet hokimiyatining mustamlakachilik siyosatidan norozi bo'lgani uchun o'zini shu hokimiyatga qarshi kurashayotgan sovetlarga qarshi tashkilot a'zolari safida ko'radi, shu tashkilotning norasmiy a'zosi sifatida faoliyat olib borganini aytadi. Ammo shu tashkilotga kim tomonidan yollanganini keskin rad etadi. O'zgacha aytganda, Qodiriy o'zga bir kishining istagi va da'vati bilan emas, balki o'z qalbining da'vati bilan sovet hokimiyatiga qarshi kurashganini e'tirof etgan.

Kapitalistik davlatlar qurshovida qolgan sovet davlati 1936 yilda og'ir sanoatni rivoj¬lantirish, yaqinlashib kelayotgan urushga hozirlanish maqsadida xalqqa yangi soliqlar solgan, zayom chiqarib, uni majburiy ravishda tarqatgan. Sovet davlatining shu siyosati xalqning aksar qismida norozilik uyg'otgan. Tergovchilar shu voqea munosabati bilan mahbusga bunday savol berishgan:

«Savol: Siz 1936 yilda ruhoniylarning sovetlarga qarshi yig'inida qatnashgansiz, shu yig'inda sovet hokimiyati siyosati aksilinqilobiy ruhda muhokama qilingan. Shuni tasdiqlaysizmi?

Javob: Ha, tasdiqlayman. 1936 yilning yozida bir ruhoniy — yaqin kishim Zahiriddin A'lamning uyida sovetlarga qarshi yig'in bo'lib o'tgan, unda Sovet hokimiyatining soliq va zayom siyosati sovetlarga qarshi ruhda muhokama qilingan. Men shaxsan o'z fikrimni bayon qilmagan bo'lsam ham, Zahiriddin A'lamning sovetlarga qarshi tuhmatdan iborat fikriga to'la qo'shilganman. Shu jihatdan o'zimni aybdor hisob¬layman».

Bizgacha etib kelgan yagona so'roq bayonnomasi Qodiriyning shunday iqror so'zlari bilan tugaydi. Qodiriy shu so'nggi javobi bilan ham sovet davlatining xalq iqtisodiy ahvoliga salbiy ta'sir ko'rsatajak siyosatidan norozi bo'lganini yashirmaydi, aksincha, Zahiriddin A'lamning «sovetlarga qarshi fikri»ga to'liq qo'shilganini aytadi.

Ma'lum bo'lishicha, shu o'tirishda G'afur G'ulom ham hozir bo'lgan ekan. U 1938 yil 21 mart kuni bo'lib o'tgan so'roqda bunday degan: «1936 yili men Qodiriy bilan birgalikda Nabi Sharipovning uyiga taklif etildim (…); o'sha xonadonga Zahiriddan A'lam, Shohidov, Cho'lpon (…) va menga notanish kimsalar taklif etilgan ekan. O'tirish davomida faqat siyosiy mavzuda suhbatlashdilar, hamma Sovet hokimiyatini qoraladi, sovetlarga qarshi gapirdi. Qodiriy «Sovet hukumati zayom chiqardi, endi uni majburiy tartibda odamlarga tarqatmoqda», — dedi. O'tirish qatnashchilarining bari Qodiriyning ¬fikr-mulohazasini qo'llab-quvvatladi va shu erdayoq zayomga obuna bo'lmaslik haqida targ'ibot yuritishga kelishib qo'ydilar».

G'afur G'ulomning bu so'zlari bilan Qodiriyning javobi o'rtasida bir oz farq bo'lishiga qaramay, mohiyati bitta: Qodiriy sovet hukumatining shu siyosati xalqning moddiy turmushiga salbiy ta'sir ko'rsatishi ravshan bo'lgani uchun undan norozi bo'lgan. U shu noroziligini ochiq-oydin aytgan va shu masalada ayrim zamondoshlari kabi munofiqlik qilmagan.

Ammo Qodiriy Fitrat va Cho'lpondek sovet davlati mustamlakachilik siyosatining mohiyatini keskin fosh etuvchi va xalqni bol'sheviklar davlatiga qarshi kurashga da'vat etuvchi birorta asar yozgan emas. Uni o'z asarlari bilan sovet hokimiyatiga qarshi kurashgan, deyish ham noto'g'ri. U o'z ijodi bilan o'zbek adabiyotini yuksak bosqichga ko'targan, o'zbek xalqini jahonga tanitgan, «Obid ketmon» qissasi, «Shubha», «Quyoshga qarshi kurashaman» singari hikoyalari bilan esa sovet davlatining jamoalashtirish kampaniyasini qo'llab-quvvatlagan adibdir. U tergov jarayonida ana shu adibning manglayiga «xalq dushmani» degan mudhish tamg'ani qo'yayotgan sovet davlatiga qarshi sokin isyon ko'taradi va shu isyon uchqunlarining paydo bo'lish tarixini sovet davlatiga qarshi kurash tarixi sifatida talqin etmoqchi bo'ladi.

Qodiriy 1937 yil 10–20 mart kunlarida Mo'min Usmonov, Qurbon Beregin, Nazrulla Inoyatov, G'ozi Olim Yunusov va Sa'dulla Tursunxo'jaev bilan yuzlashtiriladi. Yuzlashtirishdan maqsad Qodiriyni shu mahbuslarning ko'rsatmalari asosida go'yo A.Ikromov va F.Xo'jaev rahbarlik qilgan sovetlarga qarshi aksilinqilobiy tashkilotning a'zosi sifatida qoralash edi. Qodiriy yuzlashtirish vaqtida 1932 yilga qadar millatchi yozuvchi bo'lganini e'tirof etgan bo'lsa-da, aksilinqilobiy tashkilotga a'zo bo'lganligi haqidagi aybni mutlaqo tan olmagan. Shunga qaramay, 1938 yil aprel' oyida (kuni ko'rsatilmagan) O'zNKVD DXB 4-bo'limi 3-bo'linmasi boshlig'i yordamchisi, DX leytenanti N.Trigulov va shu bo'linma boshlig'i, DX leytenanti Bogomolov «Ayblov xulosasi»ni tuzadi. 4-bo'lim boshlig'i yordamchisi, DX leytenanti Matveevning roziligi olingan «Ayblov xulosa»si mahbusga o'qib eshittiriladi. «Ayblov xulosasi»da qayd qilinishicha, Qodiriy O'zSSR Jinoyat kodeksining 58-, 64- va 57-moddalari bo'yicha, ya'ni O'zbekistonni Sovet Ittifoqidan ajratib olish maqsadida tuzilgan aksilinqilobiy millatchilik tashkilotining a'zosi bo'lganlik va shu maqomda sovetlarga qarshi aksilinqilobiy faoliyatni olib borganlikda ayblangan edi.

Tergov paytida ham, yuzlashtirishlar jarayonida ham Abdulla Qodiriyning aksilinqilobiy tashkilot a'zosi bo'lgani fakti mutlaqo tasdiqlanmagan.

1956 yilda shaxsga sig'inish fojialarini qoralash ishlari boshlanganda shu jinoyat bilan shug'ullangan O'zNKVD xodimlarining tiriklari tergovga tortilib, ommaviy qirg'inda ishtirok etgani uchun NKVD organlaridan haydashdek «favqulodda og'ir jazo»ga hukm qilindi. Shu jarayonda tergovchilarning o'z lavozimlarini suiiste'mol qilgani, ya'ni istalgan kishini qamoqqa olib, istagancha azoblagani va ularga istagancha jazo berganlari kundek ravshan bo'ldi.
«Yozuvchi Abdulla Qodiriyning ishi yuzasidan shuni aytishim lozimki, — degan Nurmi Trigulov 1956 yil 9 iyunda bo'lib o'tgan tergovda, — u Agabekovning tashabbusi bilan qamoqqa olingan… O'sha paytdagi barcha tergov ishlaridek, Abdulla Qodiriy ustidan qo'zg'atilgan ish ham ibtidoiy usulda, inqilobiy qonunchilikka xilof ravishda olib borilgan… Masalan, Abdulla Qodiriy o'ziga qo'yilayotgan ayb¬larni sira tan olmagan; tintuv paytida jinoyat belgilarini ko'rsatadigan birorta ham ashyo-dalil topilmagan; shuning uchun qamoqdagi boshqa mahbuslarning ko'rgazmalaridan olingan nusxalar unga qarshi ishlatilgan—buni men tasdiqlayman. O'sha paytdagi tartibga ko'ra, har qanday odamning biror millatchilik tashkilotiga aloqadorligini isbotlash uchun mahbuslarning ko'rsatmalaridan olingan nusxalar etarli bo'lar, shu asosiy ashyo hisoblanar edi. Shunday ashyoga asos¬lanib prokuror qamoqqa olish haqida farmon berar, shu ashyo asosida mahbusga ayb qo'yilar va aybnoma tuzilar edi. Shunday masxarabozlik bilan Abdulla Qodiriy ishi ham oxiriga etkazilgan; jinoiy ish yuzasidan qonuniy tergov olib borilmagan, u xo'jako'rsinga so'roq qilingan…»

Trigulov o'z ko'rsatmasida «inqilobiy qonunchilikka xilof ravishda olib borilgan» iborasini qo'llagan. Holbuki, o'tgan asrning 20-30 yillarida harakatda bo'lgan «inqilobiy qonunchilik» yuz minglab begunoh kishilarning bekordan-bekorga otilib ketilishi, yuz minglab kishilarning boshqa o'lkalarga surgun qilinishi, ota-onasi qatag'on qilingan minglab bolalarning qarindosh-urug'lari bag'ridan yulib olinib, boshqa shahar va respublikalardagi «Bolalar¬uyi»ga yuborilishiga to'liq imkon bergan.

1938 yil 4 oktyabrda Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan NKVD maxsus poligonida otib tashlangan va shu erdagi xandaqlardan birida maxfiy ravishda dafn etilgan Abdulla Qodiriy taqdiri ham shundan dalolat beradi.

Naim KARIMOV, akademik
“Ishonch” gazetasi

Manba: uza.uz

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort