O’zbekiston Xalq Harakati

Quyoshdek ravshan haqiqat

Quyoshdek ravshan haqiqat
02 Haziran 2018 - 12:13 'da yuklandi va 866 marta o'qildi.

Jamol Kamol
O'zbekiston xalq shori

QUYoShDEK RAVShAN HAQIQAT

Chor Rossiyasi Turkistonni istilo etgach, sharqshunos olim, akademik Vasiliy Bartol'd bu o'lkaga bir necha bor ilmiy ekspeditsiya uyushtirib, so'ng Sankt-Peterburg Fanlar akademiyasi ilmiy kengashida hisob beradi. Hisob berib deydiki, biz shu paytgacha madaniy  saviyasi o'zimizdan ancha past bo'lgan xalqlarning erlarini bosib olgandik. Endi bo'lsa, Turkiston  misolida tamomila  o'zgacha ahvolga duch kelib turibmiz… Turkistonliklar bizning harbiy ustunligimizga tan berishdi, ammo ma'naviy ustunligimizni tan olishgani yuq. Vazifa ana shuni tan oldirishdan iboratdir… Toki shuni tan olishmas ekan, biz uzil – kesil g'alaba qozondik, deb ayta olmaymiz…

Xullas, Bartol'd o'shanda bosh  harakat  yo'lini chizib berdi: qanday bo'lmasin, ma'naviy ustunlikni tan oldirish…  Keyin oradan kechgan yuz yil ana shu  shior  ostida o'tdi… Bu yo'lda nimalar qilishmadi… Nimalar deyishmadi…  Lekin bari besamar bo'ldi… Bari zoe ketdi. Xalqimiz boshqalarning ma'naviy ustunligini tan olmadi. Tan olmaydi ham… Negakim, buning jiddiy sabablari, teran asoslari bor… Bitta asos -piri  komil, nodiri davron , ustozi mumtoz Mir Alisher Navoiy… Dunyoga Mir Alisher Navoiydek siymoni bergan xalq o'zini o'zgalardan kam tutarmidi? O'zini o'zgalardan ostin qo'yarmidi?…  Yuq, qo'yolmasdi…  Bu – quyoshdek ravshan haqiqat…  Bartol'd va uning vorislari ana shu haqiqatni inobatga olishmadi. Natijada ovora bo'lishdi… Sababki, ular ko'rmoqchi bo'lgan tushlarni biz allaqachon ko'rib bo'lgan,  ular etmoqchi bo'lgan yuksakliklarni buyuk bobolarimiz timsolida biz allaqachon kezib chiqqan edik… Shu bois ulardan ma'naviyatimizga bir zarra o'tmadi,  hech narsa yuqmadi. Shuncha yillar behudadan- behudaga urinib-chiranishlari qoldi, xolos…

Bundan bir necha yil oldin Amerika Qo'shma Shtatlari Prezidenti Ronal'd Reygan Moskva dorilfununi ustozlari va talabalari huzurida nutq so'zlab, Navoiyni  esladi. “O'zbek shoiri Alisher Navoiyning boy va oliyjanob ma'naviyati makon tutgan  tuproqda go'zallik va samimiyat haqida so'z yuritishga hojat bormikin”…  dedi u. Ya'ni ,  Navoiydan oshirib, men bu haqda nima ham deya olardim, deb ta'kidladi…  Bu – dunyoning iqrori edi. Eshitganlar hayron qolishdi…  Keyin  yugur-yugurga tushishdi. Navoiyning kitoblari qo'lma-qo'l bo'lib ketdi… Shunda men boya aytganim – quyoshdek ravshan haqiqat bulut ortidan yana bir bor “yarq” etib ko'rindiyu, dunyoni nurga to'ldirib yubordi…Xo'sh, dunyoni nurga chulg'agan o'sha haqiqat nima o'zi? Uni izohlab, tushuntirib bo'ladimi? Chamasi,  yuz o'ttiz yil davomida istilochilarga bo'yin egmagan o'sha ma'naviy qudratning tamal toshi nima?

Bu savollarga hazrat Navoiyning o'zi, ul zoti sharifning so'zi javob beradi…

Mir Alisher Navoiy Haqqa etishgan shoir edi. Haqqa etishmak – avaalo o'zga etishmoq, o'zga etishmoq esa – o'zgalarga – etishmoq, odamni tanimoq, olamni tanimoq degan so'zdir… Ana shu nuqtalar Navoiy vositasida xalqimiz ma'naviyatini yoritib turardi. Yana shu haqiqat yarqirab turardiki, xalqni yaratgan – Xoliqdir. Xoliq har bitta xalqni yaratarkan, uning peshonasidan o'pib, boshqalarga teng qilib yaratgan. Ostin ham, ustun ham qilib yaratmagan… Bas, Parvardigorki shundoq yaratgan ekan, bandasi nechuk uni ostin yoki ustun qilur…

Bundan kelib chiqadigan ma'no shuki, har bir xalq o'z erida o'zi sulton bo'lsin. Ammo insofli, adolatli, marhamatli, muruvvatli sulton. Toki boshqalar ham uning panohida emin-erkin yashasin, unga hurmat-ehtirom ko'rsatib, tinch-totuv umrguzaronlik qilishsin. Allohning azmi, azalning farmoyishi shundoq…

Navoiy kuylagan, umr buyi tarannum etgan, xalqimizning qoni, joniga singib ketgan va uning ma'naviy suyanchig'iga aylangan ana shu haqiqat ila kurashib, g'animlar bas kelisha olmadi. Lekin ular boshqa narsaga erishishdi – davlatimiz qo'rg'onini buzib tashlashdi. Uning o'rniga qaram, omonat mahkama qurib berishdi. Davlatdan ayrilgan el shavkatdan ayrildi. Shavkatdan ayrilgan el faqat o'z  ma'naviyatiga suyanib qoldi. Faqat o'shandan  madad oldi…

Bugun milliy mustaqil davlatimizni tiklayapmiz. Shu sababli “Navoiy va davlat” degan mavzu alohida ahamiyat kasb etishi tabiiy. Bu masala shoir ijodiga nurdek taralgan insoni komil falsafasining tarkibiy  qismini tashkil qiladi… Olamdan maqsad – odam, odamdan – maqsad – Xudo, Xudodan maqsad – kamolat, kamolatning esa cheki-chegarasi yo'q, u so'ngsiz, sarhadsiz… Ana shu silsilada milliy mustaqil davlat ayricha o'rin tutadi. U inson kamolati, xalq rivojining uzluksiz harakatida  tayanch maydon, mustahkam  poydevor bo'lib xizmat qilmog'i darkor.

Davlatli xalq – shavkatli xalq.

Davlati gullagan elning ruhiyati, ma'naviyati ham gullagay.Temuriylar davrida yurtimizda ilmu fan, san'at va adabiyotning gurkirab rivojlangani bunga misol. Kunduzlari devonda  amirlik vazifasini ado etib, kechalari “Hamsa” sahifalari ustida qalam tebratgan bir yo'la ham davlatga, ham ma'naviyatga xizmat qilgan Navoiyning hayot yo'li bunga dalil… Xalqimizga buyuk Temurdan buyuk davlat meros  qoldi. Navoiy umr buyi ana shu davlatni mustahkamlash dardi bilai yashadi. Isyonlarni tinchitdi, nizolarni  bartaraf etdi. Janjal – munoqashani bas qilaylik, qo'lni qo'lga beraylik, ahil-hamjihat bo'laylik, deb bong urdi. Davlatimiz, saltanatimizni saqlab qolaylik, deb faryod chekdi… Xusayn Mirzodan – Badiuzzamon Mirzoga, Badiuzzamon Mirzodan – Muzaffar Mirzoga elchi bo'lib ot surdi… O'z  nabirasini o'limga buyurgan podshoga ta'na-dashnomlar yog'dirsa-da, u egallab turgan davlat, saltanat qayg'usini chekishdan charchamadi…

Lekin zamon zayli, taqdir hukmi omonsiz…

Ular hech kimsani va hech narsani ayashmaydi. Ana shu zayl va  ana shu hukm tufayli temuriylar saltanati emirildi. Ammo uning poydevori ustida qurilgan ma'naviyat mulki “Bog'i jahon oro” bo'lib abadiy yashnab qolaverdi. Bu avvalo, o'sha davrda bitilgan Mir Alisher Navoiy va ustod Abdurahmon Jomiyning durdona asarlaridir…

Bir paytlar:

Il'ichning million vat chirog'i yonib
Boyqaro saroyin shamlari o'chdi…

deb bir oz yaltoqlik, balki, zamonasozlik qilib yozishgani ma'lum… Ammo men o'sha shamlarni o'chdi deyishga tilim bormaydi. Ma'naviyatni davlatdan, Navoiyni Husayn Boyqarodan ajratgim kelmaydi. Boyqaro saroyining shamlari – buyuk bobolarimiz yoqib ketgan ma'naviyat chiroqlaridir…

Biz har gal o'sha chiroqlarga termulib, ularning shu'lasida hazrat Navoiyni ko'ramiz…  O'z saflarimizga boqib, yana o'sha munavvar siymoni uchratamiz… Kelajakka ko'z solib, tag'in o'sha aziz timsolga duch kelamiz…  Ana  u, ipak salla o'rab, zarbof  to'ni etaklarini shamolda  hilpiratib, bizni yuksaklarga undab, dunyodan hamisha ogoh bo'lishga  chorlab, oldinda turibdi…

Xulosa shuki,  Navoiydek shoiri bo'lgan xalq egilmaydi, egilsa ham engilmaydi.  Fursat keldi deguncha,  hozir ko'rib turganimizdek, yana qaddini  rostlaydi. Qaddini rostlab, yana istiqbolga intiladi… Istiqbolda esa – milliy mustaqil davlat va shu  davlatga suyangan yuksalish,  ma'naviyat…  Umid  ulkim, O'rta Osiyo, Qozog'iston mintaqasidagi davlatlar, xalqlar qo'lni qo'lga berib, ahil bir davraga uyushib, butun dunyo bilan tutashib, qovushib ketgaylar…  O'shanda shoirlar Navoiy ohanglariga solib, faxriyalar, qasidalar yozishadi. Halitdanoq o'shalardan bir nishona o'laroq, huv, olisdan, ufq ortidan navqiron bir ovoz taralib, mening qulog'imga  kelib urilyapti:

Boqingiz, bir taraf Rus, bir taraf Chin,
Demasmen: Hind yo Erondin ortiq,
Vatan bo'lmas, yoronlar, bizga lekin
Qadim tug' osti shu Turondin ortiq…

O'sha kunlarni ko'rish nasib etsin…

1991 yil, avgust.

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort