O’zbekiston Xalq Harakati

Xonliklar davridan qolgan sarqitlardan voz kechish davri keldi…

Xonliklar davridan qolgan sarqitlardan voz kechish davri keldi…
03 Haziran 2018 - 11:00 'da yuklandi va 911 marta o'qildi.

Xonliklar davridan qolgan sarqitlardan voz kechish davri keldi…

Kecha talabalarga “O'zbek xonliklarining podshoh Rossiyasi tomonidan bosib olinishi” mavzuida ma'ruza o'tdim. Ma'ruzadan oldin ularga “aqliy hujum” qildim. Tarixni shunchaki o'tib ketish ilmni suvga oqizish bilan barobar. Har bir davrning yaxshi-yomon tomonini yoshlar chuqur anglab etishi lozim.

Ular menga xonliklar davrining kamchiliklarini topib berishga harakat qilishdi.

Bu davrda ilm-ma'rifat, birlik, insonga mehr-muhabbat ko'rsatish, inson qadri kabi oliy tushunchalar unutilib ketayozgandi. Oddiy xalq-ku yashashda davom etgan. Ochko'z va xoin xon, amirlar tufayli ularning hayoti kundan-kunga qiyinlashib boravergan.

Men ularni gapga solib Muhammad Xorazmshohni misol keltirdim, uning dabdabasi, “Allohning erdagi soyasi”, “Iskandari soniy” va boshqa laqablar bilan kibrga to'lgani, adolatning anqoning urug'idek topilmagani, qazo qilganda hatto bitta kafan topilmagani, uning ayanchli intihosi, xonliklar davrida ham er talashgan xon, amirlarning shu kabi umrini boy berganini qayta-qayta talabalarga ta'kidladim. Birovning birovdan ustun turmasligi, mahalliychilik ham aslida ilmsizlik va jaholat belgisi ekanligini yana bir bora eslatib o'tdim.

Ulug' olim Abu Nars Forobiy “Har bir ish natijaga qarab baholanadi” deganini, aslida hamma bu dunyoga bir xil kelib, bir xil kelib-ketishi, faqat foydali kitobu xalq uchun qurilgan imoratlar, savobli ishlar qolishini muhokama qildik.

Men ularga ushbu davrni muhokamaga tashlar ekanman, “Sizlar xonlar davridan qolgan dabdaba, ilmsizlik, mana shu jamiyatga chirmashib uni chirmovuqdek quritayotgan ba'zi salbiy an'analarni yo'q qilish, jamiyatda fan-texnika, taraqqiyotga yo'l ochishingiz kerak. Mutaxassis tayyorlaydigan oliy ta'lim muassasasi mana shu er” deya ularning gardanida davlat va xalqning haqqi borligini yana bir bora anglatdim.

Bugun butun dunyoda ilm-fan taraqqiyot deb hamma zir yugurgan davrda bizning dabdabalarimiz ularga qo'l kelishi va ular tomonidan chiqarilgan narsalarni u yoqdan bu yoqqa tashish bilan umrimiz o'tishi, birovlarni boyitishimiz mumkinligini o'ylasak dahshatli sahna namoyon bo'ladi. Mantiqan o'ylasak umrini joy va boylik talashib o'tkazgan xonlarning biror avlodi bugun biror viloyatga egalik qilmoqdami? Yo'q!!! Ularning hammasi Alloh bergan umrni behudaga sovurgan! Ulardan faqat faqirlik, vayronalik, birovlarga mute bo'lish tarixi qolgan. “Xudo ham Xorazmshohlarga Chingizni, xonliklarga chor ma'murlarini bejizga ro'para qilmagan bo'lsa kerak” deb ham o'ylab qolasan kishi.

O'sha davrda Evropada ilm-fan, texnika inqiloblari bo'layotgan, bug'li mashinalar, ishlab chiqarish, kapital jamg'arishga zo'r berib, harbiy qurollar ishlab chiqarayotgan, mustamlaka tizimi keng quloch otayotganini va yuz yil oldinoq ularning xavfi paydo bo'lganini nima uchun xonlar, amirlar, yurt ustidagilar o'ylamagan ekan?! Nima uchun xavfsizlik choralarini ko'rmagan, bir-biri bilan birlashgan holda ajnabiylarga qarshi kurashmagan. Ularning “milliy-hududiy chegara” o'yinlari tufayli xalqimiz bo'linib ketgani-chi?! Bu ko'rguliklarda ularning aybi yo'qmidi?! Tilimiz, dinimiz, ma'naviyatimiz, millatimizga qilingan xunrezliklar, ne-ne asl o'g'lonlarning otilib-qirilib ketishida xonlarning aybi bormi yo'qmi?! Ularni deb paxtazorlarda umrimiz o'tmadimi?! Eng dahshatlisi ma'naviyatimiz, eski bilimlarimizga chang solinmadimi? Minglab kitoblar yondirilmadimi? Demak keyingi yuz yillikdagi ko'rguliklarda yana xonlar, amirlar bosh sabab bo'lib qolmoqdalar. Bugun johillar tomonidan ularning dabdabalari, kim o'zar o'yinlari davom etmoqda. Jadid bobolarimiz ham xalqimizni rivojlangan jamiyatda ko'rishni, uni birgalashib qurishni istagandilar. Shu yo'lda o'zlari va homiylar hisobidan maktablar ochib xalqni savodxon qilish, diniy va zamonaviy bilimlarni berish yo'lidan borgandilar. Afsuski, ularning ovozi barvaqt umuman chiqmaydigan qilib o'chirilgan, jisman yo'q qilingan.

Darsda bugungi taraqqiyotdan O'zbekiston uzilib qolmasligi, davlatimiz tomonidan bu borada katta ishlar qilinayotgani haqida ham to'xtalib o'tdik. Jadidlarni na xonlik, na chor hukumati qo'llamagan. Bugungi yoshlarni qo'llaydigan, ma'naviyat va bilim bayrog'i ostida faoliyat yuritayotgan mustaqil O'zbekistondek ulug'vor davlat va jamiyatimiz bor! Ana shu imkonlardan maksimal foydalanib bugun yosh avlod yoppasiga bilimga berilib ketishi kerak, bu ular va murabbiy-ustozlarning oldiga juda katta burch va vazifalarni qo'yadi. Endi mustaqil O'zbekistonni fan va texnologiyalarda ham mustaqil qilib beradigan o'qituvchilar armiyasi ishlashi kerak!

Ta'limda yapon, koreys, Evropa modellari yaxshi o'rganilishi lozim.

Misol uchun: Yoshlarga yaponlarning ishdan keyin hatto o'z uyiga borishga vaqti yo'q. Uxlab dam olishlari uchun maxsus kabinalar qurilgan, bizning ana shu jarayonlardan uzoq bo'lishimiz birovlardan qolib ketishimizga sabab bo'lishi mumkin.
Hozirgi yoshlar o'z mutaxassisliklarini bilishlari bilan birga 3-4 ta tilni bilishi, butun dunyo sahnida raqobatbardosh kadrlar bo'lib etishishi kerak. Maxsus maktablarda yotoqxonalari bilan tayyorlash ishlari yo'lga qo'yilsa ham natijasi yaxshi bo'lishi mumkin.

Biz farzandlarimizga go'dakligidan boshlab tarbiya berib borish, ularda turli layoqatlarni shakllantirish, yo'naltirish, ularning aqliy rivojlanishiga investitsiya kiritishimiz, pul tikishimiz juda ham dolzarb masalalardandir. Bolalarimiz bir daqiqa bo'sh qolmasin, ularni qiziqtiradigan, aqlini charxlaydigan, mantiqan o'ylatadigan va ahloqini mustahkamlaydigan ma'lumotlarni tinimsiz berib borishimiz kerak. Til o'rgatish, konstruktorlik o'yinlarini o'ynatish, she'r va Qur'on suralaridan ham yod oldirish, hadislarning mazmunini singdirish, tarixiy qahramonlarning ibratli ishlarini ko'rsatib berish ularning ma'naviyatli bo'lishiga katta imkon yaratadi. Biz qurayotgan maxsus maktablar qoshida ham maktab bog'chalar qurilsa va u erlarga eng iqtidorli bolalar saralab olinsa o'ylaymizki, 9-12 asrlardagi kabi olimlar avlodi bizdan ham etishib chiqadi va yana ilm-fan, texnologiya taraqqiyotida yuqori o'rinlarni egallab boramiz.

Bir narsani ta'kidlaymizki, bu borada tanish-bilishchilikka umuman yo'l qo'yib bo'lmaydi. Bu ishni katta Hay'at ota-onalarning kuzatuvi bilan amalga oshirishi kerak.

Xonliklar davri sarqitlaridan voz kechish davri keldi…

Shohista O'ljaeva
24.10.2017.

facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

 Ushbu xabarga qoldirilgan izohlar

( 1 Yorum )

  • Muso ;

    Tugrilaydi suzlar.

    03/06/2018 18:39
istanbul escort