O’zbekiston Xalq Harakati

Bolani besh yoshgacha va undan ham ko'proq emizsa nima bo'ladi?

Bolani besh yoshgacha va undan ham ko'proq emizsa nima bo'ladi?
03 Haziran 2018 - 12:37 'da yuklandi va 651 marta o'qildi.

Bolalarni besh yoshga to'lguncha, hattoki, undan ham ko'proq vaqt emizsa bo'ladimi?

29 yashar ingliz ayoli Emma Shardlou Hadson o'zining besh yoshli qizchasi va ikkiga chiqqan o'g'lini ko'krak suti bilan boqadi. Ba'zida bolalarning ikkalovi bir vaqtning o'zida onasi ko'kragini emadilar. Ayolning aytishicha, ko'krak suti farzandlari sog'lig'i uchun juda foydali bo'lib, unda “antijismlar mavjudligi” sharofati bilan bolalar kasalga juda kam chalinadi.

Britaniya Sog'liqni saqlash milliy tizimi onalarga bolalarni o'z ixtiyori bilan sutdan qaytguncha emizishni maslahat beradi.

Odatda, ayollarga tug'ruqning ilk olti oyi davomida emizishni to'xtovsiz davom ettirish, undan so'ng esa asta-sekin bolani ovqatga o'rgatib borish tavsiya etiladi.

Bola emizmay qo'ygan ingliz ayollari

Britaniyada 80 foiz atrofidagi onalar, tavsiyalarga amal qilgan holda, tug'ruqdan so'ng bolalarini emizadilar, lekin aksariyat ingliz ayollari bir necha haftadan so'ng bu amalni to'xtatib qo'yadilar.

Hozirda Britaniyadagi olti oylik chaqaloqlarning atigi uchdan bir qismi ona suti bilan oziqlanadi. Bu boradagi hisob go'daklar bir yoshga to'lganda 0,5 foizga qadar tushib ketadi.

2016 yilda o'tkazilgan xalqaro tadqiqot xulosalariga ko'ra, Britaniya farzandini ko'krak suti bilan boqadigan ayollar soni bo'yicha dunyoda eng quyi o'rinlarda turadi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, ko'pchilik ayollar tug'ruqdan so'ng emizishni boshlash borasida turli qiyinchiliklar bilan to'qnash keladi: ularga tug'ruqning ilk kunlarida zarur bo'lgan yordam umuman ko'rsatilmaydi va, shuningdek, ilk farzandini dunyoga keltirgan yosh ona ko'krak suti bilan oziqlantirish borasida tajriba to'plash uchun hech qanday ko'mak ololmaydi.

Shu bilan birga jamoat joylarida go'dagini emizishiga to'g'ri kelib qolgan ko'pchilik ayollar bu ish davomida o'zini noqulay his qiladi va, oqibatda, bolani sun'iy oziqlantira boshlaydi.

Ko'krak sutidan afzali yo'qmi?

Ko'krak suti bilan oziqlantirish ham bola, ham onaning sog'lig'i uchun foydali, degan fikrni mutaxassislar tasdiqlaydi.

Ko'krak suti go'dakni infektsiyalar, diareya va qayt qilishdan saqlaydi, shuningdek, ulg'ayganda undagi semizlik xavfini kamaytiradi.

Onalarni esa emizish kelajakda ko'krak va tuxumdon saratoni rivojlanishi xavfidan asraydi.

Qisqacha aytganda, emizishning foydasi bisyor, lekin bolani necha yoshga qadar emizmoq darkor?

Ayni vaqtda mazkur savolga aniq javob berish uchun ilmiy ma'lumotlar etarli emas. Shu sababdan ham ayollarga faqat umumiy tavsiyalar taklif qilinadi.

«Bolani, boshqa ovqatlar bilan birga, kamida ikki yoshga to'lgunga qadar ko'krak suti bilan oziqlantirish maqsadga muvofiqdir,» deyiladi Britaniya Sog'liqni saqlash milliy tizimi vebsaytida.

Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining hisoblashicha, ko'krak suti bilan oziqlantirishni kamida bola ikki yoshga to'lmagunga qadar davom ettirish mumkin.

Biroq Qirollik pediatriya institutidan doktor Maks Deyvi hamma narsaning o'z chegarasi bo'lishi lozim, shu jumladan, emizishni hech qanday nafi qolmaguncha davom ettirish yaramaydi, deydi.

“Ikki yoshga chiqquncha go'dak o'zi uchun zarur bo'lgan barcha ozuqaviy moddalarni olishi kerak, bu yoshdan so'ng ona suti uning sog'lig'i uchun hech qanday foyda keltirmaydi,” hisoblaydi u.

‘Emizishning hech qanday zarari yo'q’

Ayollarning emizishni davom ettirish yoki to'xtatish borasida qaror olishiga ko'pgina omillar ta'sir o'tkazadi. Ko'p narsa yosh ona ishiga qayta oladimi, do'stlar-yaqinlar uni qo'llab-quvvatlaydimi va u emizish davomida o'zini naqadar erkin his qila oladi kabi savollarning javobiga bog'liq.

Shuningdek, unutmaslik lozimki, emizish davomida ona va bola o'rtasida ruhiy yaqinlik yuzaga keladi.

«Emizish – o'ta shaxsiy masala,» deydi doktor Deyvi.

«U bola va ona munosabatlarini mustahkamlashi mumkin va istalgan holatda ham u hech qanday zarar keltirmaydi. Shu sababdan odamlar o'zlari zarur, deb hisoblagan ishni qilishlari lozim.»

Ba'zi ayollar jismoniy cheklovlar tufayli farzandini ko'krak suti bilan boqishda qiynalishi, hattoki, umuman emiza olmasligi mumkin. Boshqa ayollar esa qator sabablarga ko'ra emizishdan voz kechib qo'ya oladi. Biroq mutaxassislar aytganidek, bu ularning tanlovi va unga hurmat bilan qarash zarur.

Manba: Bi-Bi-Si O'zbek

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort