O’zbekiston Xalq Harakati

Zamondoshlarimga maddohlikdan voz kechganim haqida – 7

Zamondoshlarimga maddohlikdan voz kechganim haqida – 7
05 Haziran 2018 - 10:00 'da yuklandi va 804 marta o'qildi.

7. Zamondoshlarimga maddohlikdan voz kechganim haqida

Allohning juda katta, bizga yaqin mo''jizalaridan biri odamning tush ko'rishi. Ba'zilar kamdan-kam tush ko'rishlarini ham aytishadi. Tuppa-tuzuk ikki sog'lom odamning biri nega tush ko'radi-yu, biri tush ko'rmasligi jumboq. Xuddi odamning nutqi qanday paydo bo'lishi kabi sir.

Bolaligimda taxminan o'n-o'n ikki yoshimda tushimda qo'shnimiz usta buva vafot etganligini ko'rganman va bu voqea yaqin o'rtada sodir bo'lishidan qo'rqib, xavotirlanib yurganman. Buni qarangki, tush ta'biriga ko'ra kimki tushda o'lsa, hayotda uzoq yasharkan. Usta buva to'qsondan oshib yaqinda vafot etdilar (Ilohim joylari jannatda bo'lsin! Omin!). Demak, ba'zi tushlar qirq, ellik yillardan keyin ham sodir bo'laverar ekan-da.

Maktabni bitirayotgan yilim machit yonida bo'ladigan muazzin azon aytadigan minoraga o'xshash bino tepasiga ko'tarilganman. Bu tushni otamga aytib beruvdim, rahmatli «demak o'qishga kirarkansan»-degandilar. Talabalik davrimda yotoloq tarzida paxtaga borgan Sirdaryo viloyati Oq Oltin tumanidagi baraklarda yotganimizda bir ajoyib tush ko'rganman. Emishki, butun potok talabalari kechasi tashqariga chiqib gulxan atrofida o'tirganmishmiz. Shunda osmonda rangli, yonib turuvchi to'rtburchak chiroqlar la'l-la'l yonarmish. Osmon shunaqa go'zal ediki!!! Lekin, kursdoshlarim buni ko'rmayotganmishlar, ular pastda olov atrofida o'tirib o'zaro gurungga mashg'ul emishlar. Men ularga «osmonga qaranglar, qanday chiroyli» dermishman, ular esa mening gaplarimga loqayd o'tirganmishlar.

Xo'jalik sudiga sud'ya bo'lgan 1995 yilda, uch oy ishlar-ishlamasimdan so'ng otam qazo qildilar. Bu qayg'uni aritish uchun besh vaqt namoz o'qiy boshladim. Otamning hali qirq kunlik ma'rakasi o'tmasidan Rasuli Akram tushimga kirdilar. U kishi menga qarab jilmayib turardilar.

Oradan biron yil o'tib namozni besh vaqt emas, bir-ikki mahal o'qiydigan bo'lib, din masalasida johiliyatga ketib qolganimni o'zim bilmay qoldim. Asosan ishga berilib ketdim. Xo'jalik sudida esa turli-tuman, yangi-yangi, murakkab nizolar ko'paygandan ko'payib borardi. Iqtisodiyotning biron-bir sohasi Xo'jalik sudini tan olgisi kelmasdi. Ayniqsa, moliya-bank-soliq tizimi. Boshqa vazirliklar ham qonunning ustidan yurishni istardilar. Qonundan tashqarida bo'lishni istayotgan bu tarmoqlar erta bir kuni iqtisodiyotni izdan chiqarishni xayollariga ham keltirmasdilar. Aslida ular o'zlari o'tirgan daraxt shoxni qirqayotgan edilar.

Sud mana shu mashaqqatli ichki kurashlarda o'z so'zini aytib, iqtisodiyotda Qonun ustuvorligini ta'minlash uchun jang olib borardi. O'sha 1995-2004 yillar (sud Raisi M.E.Abdusalomov bo'lgan payt)gacha muvaffaqiyatli kurashardi.

Huquqshunoslikda Rim huquqidan kirib kelgan «De-yure», «De-fakto» degan terminlar bor. Oddiygina qilib o'zbekchasiga aytsam «Huquqiy» va «Haqiqiy». O'zbekistonda o'zbek tili davlat tili, qonunlarning o'zbek tilidaga matni ustuvor hisoblanadi bu huquqiy jihatdan to'g'ri. Ammo, qonunlar rus tilida avval yoziladi, keyin o'zbek tiliga tarjima qilinadi. Bu esa Haqiqiy holatda o'zbek tilining ustuvorligi yo'qligini anglatadi.

Bu unsur tilshunoslarning jig'iga tegishi mumkin. Ammo, sudda, ba'zi hollarda yuridik terminlarning rus tilidagisi aniqroq yozilgan va amaliyotda qo'llash ustuvor. Buning sababi qonunshunoslarimizning ko'pchiligi haliyam SSSR paytida, rus tili ustuvor bo'lgan paytda o'qiganlar, ko'nikma hosil qilganlar, milliy tilni o'sha paytlarda mensimaganlar. Vaholanki, o'zbek tili juda qadimgi va boy til. Menimcha, bu holat yaqin orada o'z joyiga tushadi.

Sudda nizo bor. Taraflar o'z manfaatlari uchun kurashadilar. Sud esa adolatli echim topishi kerak. Mana shu «huquqiy» va «haqiqiy» holatlarning qay birini yuzaga chiqarish kerak degan savol ko'ndalang bo'lganda, men iloji boricha «haqiqiy»sini ro'yobga chiqarishga uringanman.

Bir hayotiy misol.

Chiroqchi tumanilik bir tadbirkor shartnomaviy sherigi uning pulini bermay ketganligi yuzasidan da'vo arizasi va shikoyat bilan Oliy Xo'jalik sudiga ariza yozgan. Aslida buning uchun o'zimizning hududiy qiloyat sudiga murojaat qilishi lozim edi. Ammo, keyinchalik bilishimcha, ushbu arizani yoqlab o'rtaga qashqadaryolik mashhur bir kishi aralashgan. Ish alohida nazoratda bo'lganligi uchun menga berildi.

Ishni ko'rish bo'yicha Ajrim chiqardim va taraflarga jo'natdim. Ish ko'rilayotgan kuni da'vogar vakili sud protsessiga keldi, javobgar esa kelmadi. Da'vogar vakili his-hayajonga berilib, nohaqlikka uchraganligini bayon etar (hujjatlar «de-yure» – uning tarafida edi), uyida egani noni yo'qligini, hatto sudga kelishidan oldin birovdan qarzga pul olib kelganligini aytib yuragimni ezib yubordi. Da'voni to'liq, jarimasi bilan birga qanoatlantirib, uyiga etib olishiga yo'l haqi ham berib jo'natib yubordim.

Besh kun ichida Hal qiluv qarorini yozib jo'natib yubordim. Oradan bir necha kun o'tib, ikkinchi taraf kelib da'vo umuman asossiz ekanligini, olingan pulni u da'vogarga bug'doy sifatida qaytarib berganligini, ammo, da'vogar hujjatlarni rasmiylashtirmasdan yurganligini aytib berdi. Gapirayotgan odamning so'zlarini tinglab, ichki bir tuyg'u bu odam yolg'on gapirmayotganligini bildirib turardi.

Menda haqiqatni tagiga etish hissi ustuvorlik qildi va o'zim qabul qilgan Hal qiluv qarorini yangi ochilgan holatlar bo'yicha bekor qilib, ishni yangitdan qayta ko'rishga Ajrim qilib taraflarga jo'natdim. Ha, aytmoqchi ishni ko'rishni Chiroqchi tuman Hokimligi binosiga, tuman ahli, rahbariyati ko'z o'ngida ko'rishga tayinladim.

O'shanda ham Ramazon oyi edi. Ish ko'riladigan kuni ertalab «jabrdiyda»-da'vogar vakili kelib «Chiroqchi tuman Hokimligiga bormasligini, ishni mavjud hujjatlarga asosan ko'raverish kerakligini aytdi». Uning bunday deyayotganligi mening uning foydasiga undirgan qarorim bekor qilinganligi uni tang qoldirganidan, u esa biron-bir huquqshunos yoki buxgalterga maslahatga borganligidan dalolat berardi. Maslahatchi esa «hujjatlar bo'yicha sen haqsan, ishing bo'lmasin, sen g'alaba qilasan»-deganini anglatib turardi.

Mavjud hujjatlar nima? Bu kishi javobgarga pul ko'chirib bergan. Misol uchun shartnomaga ko'ra javobgar da'vogarga g'isht berish kerak edi. Biroq, u olingan pul evaziga bug'doy berganligi, ammo, da'vogar bu holatni rasmiylashtirmasdan kelayotganligini aytganligi to'g'riga o'xshab qoldi.

Ishdagi mavjud hujjatlar bo'yicha ishni ko'raman desangiz da'vogar haq. Ammo, qaror adolatsiz bo'ladi. Sud noinsof, qasamxo'r, ikkiyuzlamachi, bir so'z bilan aytganga muttahamning tarafini olgan bo'lib chiqadi. Bu sudning ham, mening ham obro'yimga to'g'ri kelmaydi. Shu sababdan menda da'vogar va javobgarni yuzlashtirish ularning ko'zlariga qarab Qaror qilishni niyat qildim.

Shuning uchun «jabrdiyda» da'vogarga ketib qolmaslikni, o'zim uni uyiga tashlab qo'yishga va'da berib, tezda barcha hujjatlarni tayyorlab, Xo'jalik sudining Tiko mashinasida yo'lga tushdik.

Ramazon oyi bo'lganligi munosabati bilan mashinaga mingach da'vogarga «ramazon oyida yolg'on gapirish mumkin emasligini, Ibrohim payg'ambar uzoq umrlari davomida uch martagina yolg'on gapirganliklarini so'zlab» uni insofga chaqirib bordim. Shundan so'ng javobgar unga bug'doy berganligi sirini ochdim. U noiloj bu faktni tan oldi, lekin qitmirlik qilib «uyim yo'l ustida, xohlasangiz boirb ko'ramiz, bug'doy deb bergan narsasi shamak (g'allaning ichida o'sadigan yovvoyi urug' qiladigan o'simlik) doni»-dedi.

Uyim «yo'l ustida» degani uchun qishloqqa kirdik. Uyning tomi tunuka bilan qoplangan ekan. Bu mezbonning avval topish-tutishi yaxshi bo'lganligidan darak berardi.

Lekin bugungi moliyaviy ahvoli uning tanazzulda ekanligini ko'rsatib turardi. Uyda bitta xonada gilam, ko'rpa to'shak bor edi. Biz uyga kirgach, o'sha jihozlangan xonada kasal yotgan xotini biz kelgach ko'rpa-to'shakdan turib tashqari (agar adashmasam bu noyabr', sovuq tushgan, ammo quyosh charaqlab turgan kun) hovliga chiqib ketib oyoq yalang yurganligini ko'rib yuragim ezilib ketdi. Ayolning shamollaganligi uning ranglari sarg'ayib ketganligidan ham ko'rinib turardi. Tushunarli, uy egasi muhtojlik tufayli bug'doy olgan bo'lsa-da yana javobgardan pul undirmoqchi bo'lib sudga da'vo qilgan.

Mening ayolga achinib qarab turishimni mezbon sezdi shekilli, «bu ikkinchi xotinim, hovli-joyimni birinchi xotinimga tashlab bu yoqqa ko'chib kelgan yangi ro'zg'ormiz»-dedi.

Qo'shni, uy eihozlaridan hech narsasi yo'q xonaga kirdik. Qo'ldan tikilgan katta qopga solingan donni ko'zdan kechirdik. Donning og'irliga 80-90 kilo. Aytganidek, qopning ichidagi don g'alla emas, boshqa o'simliklar doni. Bu bilan parranda –kurka, tovuq boqsa bo'ladi. Men dastlabki qarorimga ko'ra da'vogar foydasiga, taxminan 350.000 so'm asosiy qarz va 175.000 so'm penya jami 525.000 so'm undirgandim. Bu summa hozirgi kunda 15-20 million so'mlarga borsa kerak. Dalada ekilgan g'allaning chiqiti kattaligidan ham javobgar bug'doy berganligi ko'rinib turardi. Ammo, javobgar bug'doyni kechiktirib bergan. Bu faktdan ko'z yumib bo'lmaydi. «Yigirma martalar orqasidan bordim, shundan keyin bug'doy berdi»-deydi da'vogar.

–Mayli, yuring, mashinaga mining hokimiyatda yuzma-yuz gaplashamiz,-deyman da'vogarga, u esa siniqqan holda «qozi aka, siz o'zingiz boravering, men javobgarni ko'rgim ham kelmaydi»-deydi.

–Javobgarning aybi, bug'doyni kechiktirib berganligida, qancha penya undirib bersam sizga ma'qul?

–Yuz ellik ming.

–Yo'q, ellik ming so'm.

–O'zingiz bilasiz.

O'zinin juda katta jabrdiyda qilib ko'rsatgan da'vogarni o'z qishlog'ida qoldiraman va Chiroqchi tuman Hokimligiga yo'l olaman. U erda javobgarni topib, «bug'doyni da'vogarga berganingizni kim ko'rgan?»-degan savolni ko'ndalang qo'yaman.

–Eshon buvam ustida bo'lganlar,-deydi javobgar vakili.

Eshon buvani manziliga umuman teskari tomonga yo'l olamiz. Yoshi etmishlardan o'tgan Eshonbuvani, uning o'g'linikidan topamiz. Bugun shu erda iftor dasturxoni yozilayotgan ekan.

–Hey, boy bo'lmay o'l,-deydi Eshon buva salom alikdan so'ng, tashrif mohiyatini obdon tushuntirganimdan so'ng, javobgar vakiliga yuzlanib, – bir tonna bug'doyni deb, sen meni boshimga qozini boshlab keldingmi? O'tgan yili otimni birov o'g'irlab ketdi, men hech joyga xabar bermadim-ku.

«Boshimga qozini boshlab keldingmi?»-so'zi mengayam og'ir botdi.

–Eshon buva, siz ro'za tutgan bo'lsangiz biz ham ro'zadormiz, bir kunlik adolat oltmish yillik ibodatdan ustun degan gap bor. Biz sizning yoningizga Adolatli qaror qabul qilish uchun keldik,-dedim men.

Eshon buva ro'za tutadigan sud'yani ko'rib hayron qoldi va biroz yumshadi.

–Eshon buva, shu kishi (javobgar) da'vogarga bug'doy beruvdimi?

–Ha, beruvdi.

–Siz ko'ruvdingizmi?

–Ikkoviyam muridim bo'ladi. Men aytgandan keyin beruvdi. Lekin, hozir yana bersin.

–Nega?

–Uning ahvoli og'irroq.

–Qancha bersin?

–Bilmasam? O'zing ayt?-yuzlanadi Eshon buva javobgarga

–Mayli Eshon buva sizning hurmatingiz uchun ellki ming beraman.

–Bo'ladimi? –eshon buva so'rayman men.

–Yo'q, yana qo'shsin.

–Sakson ming bersa bo'ladimi? – so'rayman men.

–Bo'ladi.

–Mayli,-deydi javobgar vakili.

Shu bilan elkamdagi tog' ag'darilganday bo'ladi. Ko'ngil xotirjamligida uyga qaytamiz. Men qaytadan Hal qiluv qarori qabul qilib, javobgardan da'vogar foydasiga 80.000 so'm penya undiraman. Oradan olti oylar o'tgach, javobgarni to'satdan ko'rib qoldim. –Ha, pulni to'ladingizmi? –deb so'radim. –Uyam so'ramadi, men ham to'lamadim,-deydi javobgar.

Qur'on oyatlari bilan mamlakat qonunlarini solishtira borib, Allohning ba'zi oyatlari Qonun ekanligini angladim. Biron-bir yomonning tarafini olsangiz, o'zingizga ham bir ulush olishingiz bildirilgan.

Sud'yalik degani mamlakat yoki chet ellik fuqarolarning talab-istagi, nafsini baholab sotadigan do'kondorlik degani emas. Sud'ya mamlakat vijdonini asrab-avaylovchi, uni barchaga yoqimli, jozibali bo'lib turushini ta'minlovchi qo'riqchilik, himoyachisi deganidir.

Men Qur'on oyatlari Qonunlar ekanligini asta-sekinlik bilan kashf qila boshladim. Rayko'mpartiyada, «Sho'rtangaz»da ishlagan davrlarimda ham Qur'onning matni oddiy matn emas, balki Qonunlar ekanligiga ishonchim orta boshladi.

Esimda 1995 yilda bir janjalli nizo yuzasidan bir to'da qishloq qariyalari xonamga kelib, meni ta'magirlikda ayblamoqchi bo'lishdi. Shunda, men xonamda turgan Qur'on kitobini o'rtaga qo'ydim-da, «kelinglar ushbu Qur'on haqqi qo'llaringni unga qo'yib menga nisbatan qo'yayotgan gaplaringni aytinglar, men ham aytaman. Kim aybdor bo'lsa, Alloh unga ko'rsatadi»-dedim. Shunda boboylarning haddi sig'madi. Keyinchalik eshitdim. Ular meni Eshonlardan ekan deb o'ylashgan ekan.

Alixonto'ra Sog'uniyning «Tarixi Muhammadiya» asarini o'qigach u kishining qabrlarini ziyorat qilish ishtiyoqi paydo bo'ldi. Toshkentga safar qilib u kishining yashagan uylarini topdim. Shom ibodatini qilib, ruhlariga tilovat qilgach, uy egalaridan ularning qabrlari qaerdaligini surishtirdim. Ertasi kuni Ko'kcha qabristoniga borib qabrlarini ziyorat qildim. Alixonto'ra Sog'uniyning «Turkiston qayg'usi» asarlarini o'qigach, temir panjaralar ichidagi mamlakatda qanday qilib bunday asar yozilishi mumkinligini o'ylab unga javob topdim bu ishni faqatgina Yolg'iz Alloh yordamida amalga oshirish mumkin!!!

Sud'ya bo'lib yurgan paytlarimda bir kuni Sulaymon payg'ambar, bir kuni Muso payg'ambarni tushimda ko'rdim. 2004 yil avgust oyida esa Rasuli Akramni ikkinchi marta tushimda ko'rdim. Bu tush hech qachon yodimdan chiqmaydi. Rasuli Akram bilan Germaniyada yurganmishmiz. U kishi meni qo'limdan etaklab bir machitga o'xshash naqshinkor yog'och eshiklari bor xonaga olib kirdilar. U kishining yonlarida bo'lgan paytdagi shavqni men umrim bino bo'lib bir marta ham uchratmagandim.

Rasuli Akramdan keltirilgan hadisga ko'ra «kimki meni tushida ko'rsa, meni ko'ribdi» degan hadisga tayanilsa, garchi tushimda bo'lsa-da Rasuli Akramning yonlarida bo'ldim va qiyoslab bo'lmas darajada quvonchga to'ldim. O'sha paytda mening yoshim o'ttiz to'qqizda bo'lib uch farzandning otasi edim. Rasuli Akramning yonida turganimdagi shavqni tushuntirishga urinsam o'ttiz to'qqiz yoshgacha bo'lgan barcha quvonchim – bolaligimdagi chiroyli o'yinchoq, birinchi sinf, birinchi besh baho, birinchi velosiped, maktabni bitirganlikda oltin medal', oliygohga bitta imtihon bilan o'qishga kirish, oliygohni bitirish, visol, farzandlar tug'ilishi va boshqa quvonchlarimni jamlaganimda Rasuli Akramning oldida tuygan shavqimning 0,1 foizini tashkil qiladi, balkim undan-da kamdir.

Oradan o'n besh yilcha vaqt o'tib shuni angladim-ki Alloh dunyoni ishq, muhabbat bilan yaratgandi. Uning barcha elchilarida mana shu mehr nuri bor edi. Biz ham har bir ishimizda mehr ko'rsatishimiz, bayrog'imiz mehr, tadbirlarimiz mehr ulashish niyatida bo'lsagina muvaffaqiyatga erishamiz. Bu mehrni topish yo'lini ko'rsatuvchi Qonun – Qur'onni qattiq ushlasak, mustahkam xalqani ushlagan bo'lamiz va in sha Alloh ikki dunyo saodatiga erishamiz.

Davomi bor

Anvar Shukurov

facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort