O’zbekiston Xalq Harakati

Qur'oni karim haqiqati va uning qismati

Qur'oni karim haqiqati va uning qismati
05 Haziran 2018 - 9:34 'da yuklandi va 823 marta o'qildi.

Jamol KAMOL,
O'zbekiston xalq shoiri

QUR'ONI KARIM HAQIQATI VA UNING QISMATI

Men madrasa ko'rgan mullo yoki ulamo emasman. Shoirman, tarixchiman, adabiyotchiman. Sharq adabiyotining Qur'on ruhi bilan yo'g'rilgan Hazrati Ali ibni Abu Tolib, Shayx Fariduddin Attor, Mavlono Jaloliddin Rumiy, Shayx Nizomiy Ganjaviy, Yunus Emro, Mavlono Abdurahmon Jomiy, Mir Alisher Navoiy (Foniy), Shayx Mahmud Shabustariy, Shayx Abulxasan Nadaviy, Shayx Muzaffar O'zak Xilvatiy asarlari, Ovrupo adabiyotidan Shekspir, Bualo, Pushkin, Raynis, Brext, Radiy Fish asarlari tarjimoniman. Oliygoh talabalariga chet ellar adabiyotidan dars berganman. Rasmiy mullalar bilgan ayrim narsalarni men bilmasligim mumkin. Ammo men bilgan ayrim narsalarni ular ham bilishmaydi, desam, yanglishmasam kerak. Aytmoqchimanki, biz – bamisoli bir tarozining ikki pallasi. Bir pallasini din peshvolari, ikkinchi pallasini biz, adiblar egallab turibmiz. Muqaddas kitobimiz Qur'oni karim ularga qanchalar tegish bo'lsa, bizga ham shuncha tegish. Alloh so'zini monopoliya qilishga hech kimning haqqi yo'q. Tangri taolo o'zining Kalomi sharifini faqat mullalarga deb tushirmagan. Jamiki insonlarga, butun bashariyatga hayot darsligi, saodat dasturi, adabnoma qilib tushirgan.

Adab – bag'oyat keng tushuncha. Aql va adab insonning insonligi demak. Al-aql al-avval, al-adab al-qadim deb bekorga aytilmagan. Alloh avval aql va adabni yaratib qo'yib, keyin insonni bunyod etgan. Haqiqiy adabiyot insonda uning insonligini, aqlu adabini tarbiyalab, ularni himoya qiladi. Shu sifati bilan Qur'oni karimning jarchisi va jangchisidir. Qur'oni karim ham o'z navbatida adabnoma sifati bilan ilohiy adabiyotdir. Shu ma'noda hazrati Mavlono aytmoqchi ummul kitob – kitoblar onasi ahli din uchun nechog'lik aziz bo'lsa, biz, ahli qalam uchun ham shu qadar aziz va mo''tabardir. Uni o'qish, o'rganish va xalqqa talqin etish bizning ham hayotiy burchimiz, muqaddas vazifamizdir.

Gap eng og'riqli masala – Qur'oni karim ma'nolarining talqini masalasiga kelib taqaldi. Bu narsa oz emas, ko'p emas, xalqimiz taqdiriga daxldor. Bu gal ana shu masalaga jamoatchilik, ayniqsa, ziyolilarimiz diqqatini tortish uchun qo'limga qalam oldim.

Ma'lumki, Qur'oni karim mintaqamiz, Turon tuprog'iga sakkizinchi asrda kirib kelgan. Oradan o'n uch asr kechdi. Ana shu davr mobaynida Allohning Kitobi bizga taqdim va talqin etildi. Keling, g'alvirni suvdan ko'taraylik. Qur'oni karim insonlar har kuni qo'lga olib, zavqu shavq bilan o'qiydigan xalq kitobiga aylandimi? Yo'q, albatta. Nega, nima uchun? Sababki, mutaassib mullalar bunga yo'l berishmadi. Ular Qur'onni asrab avaylash bahonasida xalq bilan Qur'on o'rtasida bamisoli devor bo'lib turib olishdi. Fikrimni aniqroq qilib tushuntirishga harakat qilaman.

Ma'lumki, boshqa bir tilda yaratilgan har qanday asarni tushunish, talqin etish uni tarjima qilishdan boshlanadi. Kitobxon kitobni mazza qilib o'z tilida o'qimas ekan, uning asl mohiyatini teran anglab etishi qiyin kechadi. O'ninchi asrning boshlarida Buxoroda Qur'oni karimni ham turkiy, ham forsiyga o'girish borasida ilk qadamlar qo'yilgan. Ammo yuqorida aytganim mutaassiblar bosimi tufayli ish nihoyasiga etmagan. Mutaassiblar Qur'on – ilohiy so'z, uni tarjima qilish mumkin emas, faqat tafsir etish, tushuntirish mumkin, degan aqidaga yopishib olishgan. Qur'on ma'nolari tarjima etiladigan har qanday til ham ilohiy hodisa ekanligi ularning xayoliga ham kelmagan. Hattoki Qur'oni karimni tarjima etish mumkinligi to'g'risida hadis borligi ham ularni qiziqtirmagan.

Bir gal Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vassallamga murojaat qilishadi:

“Yo Rasulilloh! Eroniylar arabcha kalimalarni aytishga qiynalib, namoz o'qishga rag'bat qilishmayapti…”

Shunda Payg'ambarimiz (sav) sahobayi kiromlari Salmoni Forsiyga yuzlanib: “Yo Salmon! Sen “Fotiha” surasini o'z tilingga o'gir, qavming uni forsiyda o'qib, namozini ado etaversin”, – deydilar…

Men bu bilan namozni o'zbek tilida o'qiylik, demoqchimasman. Aslo! Qur'oni karimni boshqa tillarga tarjima etishga Payg'ambarimiz (sav)dan ruxsat borligini aytmoqchiman, xolos.

Ota-bobolarimiz ana shu ijozatga tayanib, Qur'oni karimni ona tilimizga tarjimalab, asrdan asrga sayqallab kelishganda edi, bugun biz o'z tilimizda yuksak saviyada jaranglagan Qur'onga ega bo'lur edik. Afsuski, bundoq bo'lmadi. Mutaassiblar yo'l berishmadi. Qur'oni karimni xalqqa biz tushuntiramiz, shuning o'zi kifoya, deyishdi. O'n uch asr davomida tushuntirishdi. Natija nima bo'ldi? Xalq Qur'oni karim haqiqatu hikmatlaridan chala-yarim bahramand bo'lib qolaverdi. Bu ahvol hamon davom etmoqda. Hamon to'yu ma'rakalarda Qur'on o'qiladi. Hozir bo'lgan bir necha yuz kishidan uch yoki to'rt kishi tushunadi, xolos. Qolganlar ko'r-ko'rona “omin!” deb yuziga fotiha tortadi. O'qilgan suraning ma'nosini birov so'ramaydi. So'rash odobsizlik sanaladi. Mullalar xalqni shunday tarbiya qilishgan. “Qo'yavering, tushunmasa ham savobi tegadi” deyishadi ular uyalmay-netmay. Holbuki, Qur'oni karimning Furqon surasi, etmish uchinchi oyatida haqiqiy musulmonlar haqida shunday deyiladi:

Gar ularga Rabbingiz oyatlari
Eslatilsa, ehtirom aylab magar,
Ko'ru kar yanglig' yiqilmaslar ular,
Avval anglab, so'ngra etgaylar amal…

                                                                       (Tarjima bizniki)

Ha, Yaratganning hukmi shunday. Alloh so'zini avval anglab, keyin sajdaga bosh qo'yish kerak. Tushunmasa ham savobi tegadi, degan gaplar behuda.

Uzoqqa bormay, yaqinda bo'lgan voqeani eslatay. Respublika miqyosida qorilar musobaqasi o'tkazildi. G'oliblarni aniqlashda asosiy mezon qiroat ohangi bo'ldi. O'sha ohang ostidagi mazmun, mohiyat ustida fikr yuritildimi? Eshitmadik. Odamlar Qur'oni karim ma'nosiga etib emas, ohang, muzika tinglab, bosh chayqashdi… Shubhasiz, Qur'onni go'zal ohanglarga solib, qiroat etish xayrli ish, ammo Qur'oniy hikmatlar xalqqa etib bormas ekan, o'sha chiroyli qiroatdan ne foyda? Mana, sizga asrlar bo'yi davom etib kelayotgan ayanchli ahvol. Yana o'n uch asr o'tsa hamki, Qur'oni karim ma'nolari to qiyomiga etkazib adabiy tarjima qilinmas ekan, shunday davom etaveradi.

Savol tug'iladi: yigirmanchi asrga kelib, mutaassiblar e'tiroz etishsa-da, Kalomulloh har qalay tilimizga bir necha bor o'girildi. Bugun qo'limizda Oltinxon to'ra, Shayx Alouddin Mansur, Shayx Abdulaziz Mansur, Shayx Muhammad Sodik Muhammad Yusuf amalga oshirgan tarjimalar mavjud. Xo'sh, yana nima istaysiz?

Shu o'rinda tarjima san'ati haqida izoh berishga to'g'ri keladi. Madrasalarda tarjima nazariyasi o'qitilmaydi.

Tarjima ikki turli bo'ladi: harfiy tarjima va adabiy tarjima. Harfiy tarjima bu so'zma-so'z tarjima demak. Yuqorida aytilgan tarjimalar harfiy tarjima sirasiga kiradi.

Bu – birinchi bosqich. Boshqacha aytganda, oshning xomi. Mazmun bilan tanishuv, bunda zarur ta'sirchanlikka erishib bo'lmaydi. Asliyatda yuksak va ulug'vor jaranglagan satrlar quruq, tarovatsiz jumlalarga aylanib qoladi. Shu sababli ham kitobxon qalbini jazb etolmaydi. Arab tilini egallagan, o'zbek tilida savodi chiqqan har qanday kishi bu ishni eplay oladi.

Adabiy tarjima – ikkinchi bosqich. Boshqacha aytganda, yaxshi pishirilgan, mazza qilib eyiladigan osh. Bu yurak qo'rini to'kib, ta'sirchan qilib, jaranglatib tarjima etish demak. Bunda tilning butun jozibasi, nafosati, qudrati ishga solinadi. Natijada Qur'oni karim zavqu shavq ila o'qiladigan xalq kitobiga aylanadi. Buni yolg'iz tajribali shoir, etuk tarjimon bajarishi mumkin. Boshqalar eplay olmaydi. Chumchuq so'ysa ham qassob so'ysin, deyishgan axir! Ana shu haqiqatni o'zimizning jaydari ulamolar tan olishmayapti. Qur'oni karim she'r emas, deb konkret bir holatda aytilgan gapni umumlashtirib, Kalomullohning ilohiy nazm ekanligidan ko'z yumib, uni nazmiy tarjima etishni inkor etishayapti. Holbuki, Qur'oni karim vazn va qofiyaga suyangan, shu tufayli ohangdorlik kasb etgan yuksak, ilohiy manzuma. Shundoq ekan, uni nazmiy tarjima etish yagona to'g'ri yo'l ekanligi, faqat shu yo'l bilan badiiy ta'sirchanlikka erishish mumkinligi o'z-o'zidan ayon haqiqatdir. Zotan Navoiy hazratlari ham “Hayratul abror”da Qur'oni karimning nazm ekanligini tasdiqlab turibtilar:

Bo'lmasa e'joz maqomida nazm,
Bo'lmas edi Tangri kalomida nazm…

Men yuqorida ulamolar va adiblar bir tarozining ikki pallasini egallashgan deb bekorga aytmadim. Ular bir-birini to'ldiradi. Biz ana shu yo'lni tanladik. Men shoir – tarjimonga tadbirkor Anvarmirzo Xusainov tuzib bergan arabshunos, qur'onshunoslardan iborat ilmiy-ijodiy guruh ko'maklashdi. Biz avvalo asliyatga suyanib, keyin mavjud tarjima va tafsirlarga ham tayanib, Qur'oni karim ma'nolarining adabiy-nazmiy tarjimasini amalga oshirdik. Respublika musulmonlar idorasi ulamolar kengashida muhokama etishdi. Tarjima bir chetda qolib, madrasa ilmidan so'rab, bizni mulzam qilmoqchi bo'lishdi. Biz ham ayni ishga aloqador tarjima san'atidan so'rashimiz mumkin edi, so'ramadik. Ular qilgan ishni qilmadik. Na majlis odobi, na muhokama madiniyatiga rioya etildi. Muhokama emas, maynavozchilik bo'ldi. Tarjima etilan 114 sura, 6666 oyatning birortasida mazmun buzilgani yoki ma'no chiqmagani holatini aytib berisholmadi. Shunga qaramay bir mas'ul ulamo qo'lyozmani yoqib yuborishni taklif etdi. Astag'furilloh, deb yoqamni ushladim. Tarjima nazmiy amalga oshirilgani bilan bari bir ma'no e'tibori ila o'sha-o'sha, Allohning so'zi, Qur'oni karim ekanligini andisha qilmadi bu imom xatib. Ulamolar kengashini kuzatib shu xulosaga keldimki, bu erda ham ahvol xarob, vaziyatni tubdan yaxshilash kerak.

Islomning surati boru siyrati bor. Surati – namoz, ro'za, zakot, haj. Siyrati, mohiyati – kashfi olam, kashfi odam, kashfi Xudo. Olamni bilish, odamni bilish, Xudoni bilish. Ya'ni, bilish, bilish va yana bilish! Bu – cheksiz ilm, cheksiz jarayon demak. Inson ana shu jarayonda kamolga etadi.

Qur'oni karimda mazkur surat va siyrat hamisha yonma-yon keladi. Ammo, ming afsuslar bo'lsinkim, so'nggi bir necha asr davomida biz suratga yopishib, siyratga etarlicha e'tibor bermadik. Natijada ilmda, taraqqiyotda orqada qolib, balo-ofatlarni boshimizga chaqirib oldik.

Mavlono Muhammad Ali tomonidan amalga oshirilgan Qur'oni karimning inglizcha nazmiy tarjimasi, mana, bir necha o'n yildirki, Amerikada har yili ikki yuz ellik ming nusxada chop etilib, dunyoga tarqaydi. Valeriya-Imon Poroxova tomonidan amalga oshirilgan Qur'oni karimning ruscha nazmiy tarjimasi Rossiyada yigirma etti marta nashr etilib, million-million xonadonlarga kirib bordi. Anvarmirzo Xusainov homiyligida rus tilida bajarilgan bu xayrli ishni, Xudoga shukurki, biz ham o'zbek tilida hamkorlikda amalga oshirdik.

Mazkur “muhokama”dan beri ikki yildan ko'prok vaqt o'tdi. Jamiyatimiz siyosiy, ijtimoiy, ma'naviy hayotida jiddiy o'zgarishlar yuz berdi. Shu orada tarjimani o'qib, uni astoiydil qo'llab-quvvatlagan O'zbekiston Fanlar Akademiyasining a'zolari Akmal Saidov va To'ra Mirzaev, falsafa fanlari doktori, imom xatib Mahmudxo'ja Nuritdinov, filologiya fanlari nomzodi, noshir va adib Asror Samad, filologiya fanlari nomzodi O'zbekiston yozuvchilar uyushmasi a'zosi Suvonqul Melievlarning ijobiy taqrizlari bizni quvontirdi. Ayniqsa, Shayx Abdulaziz Mansur xazratlaraning tarjimani yoqlab aytgan samimiy, haqqoniy so'zlari ruhimizni ko'tardi.

Shu munosabat bilan men, Qur'oni karim ma'nolarining adabiy-nazmiy tarjimoni, O'zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol avvalo muhtaram Prezidentimizga, keyin mas'ul idoralarga, butun mamlakatimiz jamoatchiligiga murojaat qilishga qaror qildim. Oshing halol bo'lsa, ko'chaning boshida ich, deganlar. Adabiy-nazmiy tarjimani nashr etishga ruxsat berilishini so'rayman. Toki islomshunos olimu ulamolar, tilchilar, adabiyotchilar, tarixchilar, sharqshunoslar, faylasuflar, bir so'z bilan aytganda ilmiy jamoatchilik o'qib, xolisanlilloh, baho bersin. Xalq hukmi – Xudo hukmi! Takliflarni eshitishga, xatolar ko'rsatilsa, tuzatishga, tarjimaga yana-da sayqal berishga biz hamisha tayyormiz.

Qars ikki qo'ldan chiqadi. Vatanimizda yangi davr shamollari esib, davlat va fuqarolar hamkorligi, bag'rikenglik shukuhi hukm surmoqda. Ana shu shukuhdan bahramand bo'lib, qo'lni-qo'lga berib, Qur'oni karim ma'nolarining o'zbek tilida ham go'zal jaranglagan tarjimasini xalqimizga taqdim etaylik. Bu yo'lda Yaratganning o'zi bizga madadkor bo'lsin.

Omin, yo Rabbul olamiyn, Allohu akbar!

So'zimning oxirida tarjimadan na'muna sifatida “Fotiha” surasi va “Baqara” surasining dastlabki besh oyatini e'tiboringizga havola qilaman. Marhamat, asliyat bilan qiyoslang.

Fotiha surasi

Madinada nozil etilgan. 7 oyat.

1.Ismi Rahmonu Rahim-la ibtido,
2.Jumla olam Rabbiga hamdu sano.

3.Ulki Rahmonu Rahimdir nuru nur,
4.Ro'zi Mahshar podshosi Ul erur.

5.Bosh egib Senga sig'ingaymiz faqat,
Yolvorib Sendan so'raydirmiz madad.

6.Bizni andoq bir yo'lingga boshlakim,
To'g'ri yo'ldir ul, sirotal mustaqim.

7.Sen O'zing in'om etib fayzu shukuh,
Ahli iymoningga bo'ldi xos u yo'l,
Ya'ni, qahringga duchor bo'lganlaru
Yo adashganlar yo'li ermas u yo'l…

Baqara surasi

Madinada nozil etilgan. (Dastlabki 5 oyat.)

Ismi Rahmonu Rahim-la ibtido,

1.Alif. Lom. Mim

2.Bu Kitob beshak haqiqatdur base,
Ahli taqvoni hidoyat etgusi.

3.Ulki g'aybga bovar etgay begumon,
Ulki doim barkamol aylar namoz,
Ulki Biz bergan nasibu rizqidin
Xayru ehson aylagaydur beg'araz,

4.Ki ishongay Sizga kelgan so'zga ul,
Sizgacha kelgan kitoblarga yana
Va Qiyomat kunga iymon keltirur,

5.Haq ularni yo'llamish, bermish sabot,
Oxirat ayyomda topgaylar najot…

Tarjima ana shu yo'sinda davom etadi.

25.05.2018

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

 Ushbu xabarga qoldirilgan izohlar

( 1 Yorum )

  • Axmad hoji Xorazmiy ;

    Fikringizga to'liq qo'shilaman va qo'llayman bu taklifingizni Shoir aka!
    Esingizda bo'lsa er dumaloq degan olimlarni, “Anal haq”ning ma'nosiga tushunmay Allohga etishgan shayx Hallojday valiylarning boshiga etmadi bu chalamullolar. Shukur qiling, qo'lyozmangizni yoqishni taklif qilibdi ular. J.Brunoga o'xshatib o'zingizni yoqishga fatvo berganlarida nima qilardingiz.
    Har ibodatda duoda bo'lamiz Qur'oni karimning adabiy-nazmiy tarjimasining tezroq dunyo yuzini ko'rishini.
    Professor Axmad hoji Xorazmiy, Buyuk Britaniya.

    07/06/2018 02:17
istanbul escort