O’zbekiston Xalq Harakati

Tuyaqush uslubi

Tuyaqush uslubi
09 Haziran 2018 - 8:00 'da yuklandi va 696 marta o'qildi.

Abdulloh Nusrat taxallusi ostida Karimov rejimini fosh qiluvchi maqolalar yozgan Akrom Malik bugun qamoqda o'tiribdi.

U 2017 yilning 13 yanvar kuni jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent viloyat sudi tomonidan 6 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.

Hozirda Inson huquqlari himoyasi bilan shug'ullanuvchi bir necha xalqaro tashkilotlar va mahalliy aholi vakillari yosh olim va jurnalist Akrom Malikning ozodligini talab etmoqdalar.

E'tiboringizga Akrom Malikning Abdulloh Nusrat taxallusi ostida e'lon qilingan maqolalarini havola qilib boramiz.

* * *

TUYaQUSh USLUBI

2016 yilning 21 yanvar' kuni ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqaldi: O'zbekistonda Feysbuk, telegramm va odnoklassniki saytlari yopilar emish!

Sobiq sho'ro zamonida komsomol degan tashkilot bor edi. Pionerlikdan so'ng unga qabul qilinardi, keyin “kommunist” degan “sharaf”ga noil bo'linardi. Bu tashkilot mohiyatan kommunistik partiya uchun manqurtlar armiyasini hozirlashga ixtisoslashtirilgan edi.

Karimov 1996 yil “Kamolot” degan bir tashkilot tuzdirdi. Bu tashkilot komsomol tashkilotiga ikki tomchi suvdek o'xshash. Tizimi, o'tkazayotgan tadbirlari xuddi komsomolniki kabi. Bu tashkilotning qiladigan ishida tayin yo'q.

O'zini mustaqil, nodavlat, notijorat deb e'lon qilgan bu tashkilot Karimov va uning tuzumi g'oyalarini targ'ib qiladi, xolos. Ammo uning tarkibi, ishlash “printsiplari” oldida sobiq komsomol tashkiloti avliyo. Chunki “Kamolot” tarkibida o'lik ruh, tashabbussiz yoshlar yig'indisi loyqalanib turadi. Ular o'rgatilgan qo'shiqlarni jo'r bo'lib, xo'r bo'lib takrorlashadi, tamom. Zotan, ularning missiyasi shu. Ularda na ilm, na mahorat bor. Shuning uchun tashkilot Respublika hayotida umuman o'z o'rniga ega emas, aksincha, xalqning mazax va kulgisiga sazovor bo'lib yurgan tashkilot u.

Shu tashkilot vakili “vatanparvarlik” ruhi jo'sh urib, mavjud vaziyatni “chuqur” tushunib, Feysbuk, telegramm va odnoklassniki messenjerlarini yopaylik, keyin “uz” domeni saytlarimiz rivojlanib ketadi deb “tashabbus” ko'rsatibdi.

Chunki nomlari qayd etilgan saytlar yoshlarning ongini zaharlayotgan ekan! Yoshlar bu saytlar orqali “buzg'unchi” g'oyalarga, ayniqsa, IShID g'oyalariga aldanib qolishayotgan ekan!

Aslida, esa gap unda emas. Buni ko'pchilik tezda angladi. Gap shundaki, O'zbekiston hukumati muxoliflarining maqolalari bu saytlar orqali keng tarqalib ketyapti. Shaxsiy yozishmalar orqali ham sayt maqolalari o'z o'quvchilariga etib bormoqda. Qolaversa, Feysbukdan foydalanayotgan o'zbek yoshlari, hatto, yoshi ulug'lar ham hadlaridan oshib ketishdi. Ular ommaviy ravishda Karimov hukumatini oshkora tanqid qilishga o'tmoqdalar. Joylashtirilayotgan postlarning katta qismida Karimov hukumatini tanqid qilish ruhi yaqqol sezilmoqda. Masalan, faol foydalanuvchilar turli ironiya va istehzolar bilan Karimovning qarib qolgani, hukumatning chirigani haqida yozishmoqda.

Dinni taqiqlash yaxshi emasligi haqida esa yoshlar dadillashib fikr bildirmoqdalar. Bu foydalanuvchilarni yo'q qilish juda qiyin. Chunki ularning soni ko'payib, safi kengayib ketyapti. Ayniqsa, ular o'zaro guruhlar yaratib olishyapti. Biz chetdagilarni emas, O'zbekiston ichkarisida bo'lib, hukumatni tanqid qilayotgan foydalanuvchilarni nazarda tutyapmiz.

Ular kundan kun ehtiyotkorlikni yig'ishtirib qo'yishyapti. Yoshlarning kayfiyati, emotsiyasi kuchayib boryapti. O'lik muhitga jon kiryapti. Bu hozir birinchi bosqichda turibdi. Ammo keyinchalik uning oqibati Karimov va uning rejimi uchun xatarli bo'lishi mumkin. Buni ko'ra bilgan MXX esa uzoq o'yladi. Oqibatda, “Kamolot” orqali – go'yo yoshlar orqali feysbuk va boshqa messenjerlarni yopib qo'yishni amalga oshirmoqchi. Bu ishini esa “uz” domenlarini rivojlantirish hamda IShIDga aldanib qolish xatari bilan niqoblamoqda.

Yaqin 25 yilda Karimov to'dasi amalga oshirgan jirkanchliklarni ko'rib, bilib ayta olamizki, bu ishni uning hukumati bemalol uddalashi mumkin. Shu orqali yoshlarni jahon ijtimoiy tarmoqlaridan uzib, ularni yakkalantirib, so'ng birma-bir hibsga olib yo'q qilib yubormoqchi.

Mazkur sharoitda O'zbekiston yoshlari hamda xalqaro ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o'z huquqlarini teranroq anglashlari uchun zarurat paydo bo'lmoqda: ular messenjerlarning taqiqlanishiga nisbatan o'zlarining keskin noroziliklarini bildirishlari lozim.

Internet tezligini pasaytirish, xalqaro tarmoq ishini sifatsizlashtirish borasida hamma ishni qilayotgan Karimov rejimiga bo'ysunmaslik mumkinligini ko'rsatish vaqti kelyapti.

Zotan, messenjerlarning O'zbekistonda o'z faoliyatini to'xtatilishi oddiy hodisa bo'lmaydi. Bu inson huquqlarini, xususan, butun dunyo foydalanayotgan qulaylikdan xalqni to'sish, uni axborot manbaidan, birdan bir mustaqil fikr minbaridan mahrum qilishdir.

Albatta, bu borada nimaiki imkonda bor – amalga oshiriladi: TV, radioda maxsus dasturlar uyushtiriladi, “Munosabat+”, “So'z yoshlarga” kabi bir-biriga o'xshab tug'ilgan shoularda bir to'da “aqlli” shaxslar yig'ilib olib bu messenjerlarni qoralashadi, gazetalar maqolalar chop qiladi, so'ng “ilojsiz” qolgan hukumat xalqning istagini qarshisida “taslim” bo'lib messenjerlarni o'chiradi va murodiga erishadi.

Mana shu – Karimov rejimi, MXXning rejasidir.

Bu ahmoqona va zolimona, ayni paytda ojizona rejadir. Bu bizga tuyaqushni eslatadi. Chunki, Karimov rejimi tuyaqushga o'xshaydi.

Tuyaqushga uch desalar, tuyaman der ekan.

Shunda yuk ko'tar deyishsa, qushman der ekan.

Keyin biror ofat yuz bersa, boshini tuproqqa tiqib, men xavfsizman, hech narsani ko'rmayapman der ekan o'ziga o'zi.

Karimov rejimi ham tuyaqush kabi boshini tuproqqa tiqyapti, o'zini qushman, tuyaman deb atamoqda hamda muxoliflariga, o'z xalqiga kulgi bo'lyapti, masxaralanmoqda. Zotan, u shunga mahkum.

Abdulloh Nusrat

22.01.2016 yil

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort