O’zbekiston Xalq Harakati

Munosabat bildiring!

Munosabat bildiring!
10 Haziran 2018 - 16:15 'da yuklandi va 859 marta o'qildi.

MUNOSABAT BILDIRING!

Munosabat bildiring, toki adolat qaror topsin! Sizu bizning munosabatimiz nafaqat dunyoviy, ayni damda ilohiy adolatning qaror topishiga ham xizmat qiladi. Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar faoliyati ancha jonlandi. Xalqning haqiqiy kayfiyati ko'proq ijtimoiy tarmoqlarda o'z aksini topmoqda. O'ylaymanki, mutasaddi tashkilotlar mana shu manbani ham ziyraklik bilan kuzatib boryapti va ayrim hollarda tegishli xulosalarni chiqaryapti. Bunday deyishimga sabab, hukumat darajasida qabul qilinayotgan qarorlarning bir qismi aynan ijtimoiy tarqmoqlarda keng va chuqur tahlil qilinganlariga taaluqli bo'lib chiqmoqda. (Chunonchi, ta'lim haqida necha zamondir bong urilayotgan edi, qarang, kuni kecha bu haqda xayrli qarorlar qabul qilina boshladi. Xususan, o'qituvchini ta'limdan o'zga ishlarga jalb qilmaslik kerak, jalb qilganlar jazolanadi, deyildi va h.k…) Bu yaxshi. Demak, sizu bizning munosabatimiz u yoki bu qarorning mazmuniga ta'sir qilyapti, deganidir bu. Yana shuki, hukumat o'z xalqi fikrini hisobga olyapti ekan. Bu yana yaxshi bir hol. Shuning uchun munosabat bildiraylik! Qarab turmaylik. Lekin munosabatda ham munosabat bor. Yaxshi bilgan sohamiz bo'yicha malakali munosabat bildirishni o'rganaylik. Munosabat bildirarkan, antipatiya va simpatiyadan emas, balki masala mohiyatidan kelib chiqqan holda maksimal darajada betarafu beg'araz bo'laylik! Yaxshi bilmagan mavzuimiz haqida bo'lar bo'lmas gap yozishdan balandda turaylik. Shaxsiyatga tegmaylik. Haqorat qilmaylik. Bizning nechog'li xalq bo'lib shakllanganimiz shu bilan, ya'ni munosabat bildirish madaniyatimiz bilan belgilanadi, aslida.

Munosabat bildiring! Toki, bu munosabat mamlakat va xalq qismatiga taalluqli farmonu qarorlar mazmuniga ta'sir qilsin! Bu qismatga aloqador har qanday shaxs, uning faoliyati (shaxsiy hayotiga doirlari emas, albatta!!!) ga ham to'g'ri munosabatni shakllantiraylik. Toki, amaldorlar zo'r va zarning ( artistu sportchilar esa zar va shuhratning) imkonlaridan havolanib ketmasin. Maboda, havolanib ketsa, sizu biz bildirgan munosabat uni o'ylatib qo'ysin: faqat o'z nafsimni o'ylab mana bunday ish tutsam, erta amaldan ketganimdan keyin (yoki ketmasimdan burun) xalqim meni ana bunday “sud qiladi”, deb bilsin!

Munosabat bildiring! Insoniyat 3000 yillikka qadam qo'ydi. Mutaxassislarning fikricha, bu oddiy raqamlar emas, uning zamirida bashar ahlining yangi eraga qadam bosayotgani yotar ekan. Dunyo ana shunday katta evrilishlar bo'sag'asiga kelib qoldi, yurtdoshim. Bu dunyoqarash o'zgaradi, deganidir. Dunyoqarashning qaysi tomonga o'zgarishini esa konkret vaziyatdagi konkret masalaga bo'lgan sizu bizning munosabatimiz belgilaydi. Faqat adolatli va malakali munosabatni madaniyat bilan bildiraylik! Haqorat, mensimaslik, johillik yo'lidan bormaylik. Zero, munosabatimiz taqdirimizga ta'sir qiladi!

Munosabat bildiring! Xalqning adolatli munosabati bor ekan, uning har qanday vakili, xohi gado, xohi shoh bo'lsin, o'ylab ish tutadi.

Munosabat bildiring! Nafaqat tiriklar, balki o'tganlar faoliyati haqida ham munosabat bildiring. Ayniqsa, o'tganlarning taqdiri xalq taqdiri bilan kesishgan bo'lsa! Ayniqsa, ular amalga oshirgan go'zal ishlar bugun ham hayotimizni bezab turgan yoki aksincha, ular yo'l qo'ygan son-sanoqsiz xatolar botqog'idan bugun ham chiqib ketolmayotgan bo'lsak, munosabat bildiring! “O'tganlarni tinch qo'yish kerak!” deydi ko'pchilik. To'g'ri, qo'shilaman. Lekin ularning faoliyatiga munosib bahoni berib bo'lgach bu ishni qilsak, ertaga yana bitta shunday xato qilguvchining paydo bo'lishiga zamin yaratmagan bo'lamiz. Takror aytaman: munosabatimiz taqdirimizni belgilaydi.

Munosabat bildiring va o'z taqdiringizning qanday bo'lishida ishtirok eting, yurtdoshim!

Ulug'bek Hamdam

facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort