O’zbekiston Xalq Harakati

Soqol va ro'molga yopishgan qo'llar

Soqol va ro'molga yopishgan qo'llar
11 Haziran 2018 - 8:00 'da yuklandi va 1127 marta o'qildi.

Abdulloh Nusrat taxallusi ostida Karimov rejimini fosh qiluvchi maqolalar yozgan Akrom Malik bugun qamoqda o'tiribdi.

U 2017 yilning 13 yanvar kuni jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent viloyat sudi tomonidan 6 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.

Hozirda Inson huquqlari himoyasi bilan shug'ullanuvchi bir necha xalqaro tashkilotlar va mahalliy aholi vakillari yosh olim va jurnalist Akrom Malikning ozodligini talab etmoqdalar.

E'tiboringizga Akrom Malikning Abdulloh Nusrat taxallusi ostida e'lon qilingan maqolalarini havola qilib boramiz.

* * *

SOQOL VA RO'MOLGA YoPIShGAN QO'LLAR

Tojikiston prezidenti, o'zini “Peshvoi millat” deya e'lon qilgan Imomali Rahmonning  shaxsiy buyrug'i bilan mamlakat fuqarolarining soqollari majburan qirdirilmoqda, ayollarning ro'mollari echib olinmoqda. Bu – shu kecha kunduzning eng bahsli masalasiga aylandi.

O'zbekistonda esa bu ish avvalroq boshlangan edi. Zotan, Karimov uzoqni ko'ra bilgan “siyosatchi” o'laroq yaqin 20 yilki, odamlarni soqol va ro'mol mahrum qilib keladi. Mana, Tojikiston endigina bu “islohot”ni amalga oshirdi. Karimovning pragmatikasiga qoyil qolish kerak.

BBS xizmati soqol o'stirish va ro'mol – hijob o'rashni alohida muammo sifatida kun tartibiga qo'ydi. Mushtariylarni shu masala atrofida bahsga chorladi.

Bu o'rinda holatning bir qancha jihatlariga diqqat qaratish zarurati majud:

Avvalo, soqol va ro'mol masalasi siyosat darajasiga ko'tarilgani, uni muhokama qilinayotgani o'ta mantiqsiz hodisadir. Chunki kiyinish, tashqi ko'rinishning shakli inson dunyoqarashidan kelib chiqib namoyon bo'ladi. Istagan erkak soqol o'stiradi, istagan ayol ro'mol o'raydi, hijob kiyadi. Bu narsani muammo deb o'rtaga qo'ygan, uni taqiqlagan hukumatlar bevosita insonlarning huquqini sindirdi, xorladi. Bu xuddi er-xotin o'rtasidagi intim munosabatlarga aralashgandek ishdir.

Ikkinchidan, aslida erlardan soqol olishni va ayollardan ro'mol echishni talab qilish o'ta chuqur o'ylangan, o'ta qabih maqsad uchun amalga oshirilayotgan yovuzlikdir. Biz aynan buni YoVUZLIK deb atadik. Bu so'zni qo'llashda emotsiyaga berilayotganimiz yo'q. Gap shundaki, soqol er kishi uchun jiddiyat, shiddat beradi, soqol – erkakning, yigitning ruhiyatiga ta'sir qiladigan omildir. Soqoli o'sgan erning harakatlari vazminlashadi, unda bosiqlik, salobat hosil bo'ladi. Chunki tashqi ko'rinishda aks etgan soqol unga ERKAK ekanligini anglatib, eslatib turadi.

Yoshlik – yaxshi. Ammo yoshlikka intilish yaxshi emas. Soqolning qirib tashlanishi kishini yosh ko'rsatadi. Uni yoshlikka tomon sudraydi. Jiddiylashib, ulkan ishlarni amalga oshirish pallasi etib kelganda o'zini engiltak holda tutib, soqolini qirib yurish esa yarashmagan bir ishdir.

Soqolning erkak ruhiyatidagi bir qancha ahamiyati bor. Buni G'arb olimlari isbotlab berishgan. Shuning natijasi o'laroq AQSh armiyasi harbiylariga soqol qo'yish buyrug'i berilganini ko'pchilik biladi.

Islom dinida er kishi uchun soqol qo'yish vojib qilingan. Marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf soqolini olib yurgan imomlar shariatga xilof ish qilayotganlarini aniq bayon qilgan edi. Ollohning komil dinidagi hech bir amr behuda emas. Demak, soqol qo'yishning yana boshqa bir qancha fazilatlari mavjud. Buni ilm-fan aniqlamagani, odamlar esa anglamagani tabiiy.

Ayol kishi tabiatan nozik qilib yaratilgan. Uning nafosati, go'zalligi gulga o'xshaydi. Gul ochiqda qolsa, unga g'ubor qo'nadi, uni yulib oladilar, oqibatda esa xazonga aylanadi. Ro'mol yoki hijob ayolning iffatini saqlaydigan, uning go'zalligini himoya qiladigan vositadir. Ro'mol va hijobda bo'lgan, buni o'z vijdoni amri ila ado qilayotgan ayolning hayosi sochlarini ochib yurganlardan kuchliroq bo'ladi. Chunki ro'mol ayolni ko'p narsadan to'sib turadi.

Ro'mol o'ragan ayol o'z yoshiga nisbatan ulug' ko'rinadi, bu esa begona erkaklarning shahvatidan, ung nisbatan yomon xayolda bo'lishlaridan saqlaydi. Faqat o'z jufti haloli qoshida ro'molini echgan ayol esa umr yo'ldoshi uchun eng go'zal xilqatga aylanadi. Bu imkon unda qoladi.

Demak, ro'mol shakl bo'lsa-da, ayolning ruhiyatini himoya qiladigan, uning ayolligiga muhim tashqi belgidir.

Erlardan soqol olishni, uni qirib tashlashni va xotinlardan ro'mol echishni talab qilayotgan hukumatlar esa bu narsalarni boshqalardan ko'ra chuqur biladilar. Shuning uchun ham ular erlarning soqoliga va ayollarning ro'moliga yopishmoqdalar.

Markaziy Osiyoda qadimdan erlarning soqoli va ayollarning ro'moli yuksak qadriyat bo'lib keldi. Natijada, bu ikki narsa xalqlarning, millatning aslini saqlaydigan vosita bo'lib qoldi. Agar bu qadriyat va himoya olib tashlansa, demak, odamlar ruhiy jihatdan asoratga tushadilar. O'z asliyatidan uzilgan xalq esa yangisiga ko'nikadi. Bu yangi an'anaga kimga tegishli bo'lsa, o'shanga qul bo'ladi.

Bugun O'zbekiston va Tojikistonda hukumatga rahbarlik qilayotganlarning xayolida birm muammo bor – o'zlarining va oilalarining hukmronligini abadul abad ta'minlash. Bu yo'lda, avval, xalqning ruhiyatini sindirish kerak, odamlar o'rtasiga tafriq solish kerak. Buning uchun esa uning qadriyatlariga hujum uyushtirish lozim. Va hujum uyushtirildi: soqollar qirildi, erlar ko'sa bo'ldi; ro'mollar echib olindi va ayollar ko'z-ko'z qilindi, bozorga qo'yildi. Endi odamlar bu ishni taqiqlagan hukumatg qarshi chiqish o'rniga soqol olish to'g'ri, ro'mol echish noto'g'ri deya qirpichoq bo'lib yotishadi. Hukumat esa ularni asta-sekinlik bilan bo'ysundiradi, raqiblarni birma-bir yo'q qiladi.

Karimov bu jarayonni o'ta sekin, o'z uslubiga sodiq ravishda “evolyutsion” yo'l bilan amalga oshirdi. Bugun O'zbekistonda deyarli hech bir imomda soqol yo'q. Faqatgina muftiy va yana uch-to'rt din olimida kalta-kulta soqol saqlanib qolgan. Zotan, Karimov yovuz ishlarni bosqichma-bosqich bajarishga usta.

Imomali Rahmon esa hajga borib, o'zining musulmon ekanligini rasman mustahkamlab olib, keyin bu ishni qildi. Go'yoki e'tirozga o'rin qoldirmadi.

Bu ikki hukumatning o'z ishini oqlash uchun ko'rsatayotgan hamma vaj va bahonalari safsatadan bo'lak narsa emas. Soqol va ro'molning terorizmga aloqasi yo'qligini savodsiz odam ham anglaydi.

Feysbukni kuzatganimizda BBSning so'roviga berilgan javoblar ichida shunday mazmun aks etgan jumlaga ko'zimiz tushdi:

“Agar xalqimizga din borasida maksimal erk bersak, haddidan oshadi. Chuqur ketadi, yoshlar turli oqimlarga qo'shilib ketadi…”

Odob doirasida bildirilgan fikrlarga jiddiy qaraymiz. Asoslangan qarashlarni esa rad etmaymiz. Ammo yuqoridagi tushuncha to'g'ri emas. Aslida, holat aksinchadir.

Agar din borasida xalqqa maksimal imkoniyatlar yaratilsa, firqalanish, bo'linishlar barham topadi. Nega? Chunki dinga yo'l ochish orqali uning ta'limiga yo'l ochiladi. Din ilmidan teran xabardor bo'lgan insonlar esa hech qachon firqalarga bo'linmaydi.

O'zbekiston din ulamolariga boy yurt. Yurtimizdan bobolar ilmini olgan olimlarimizning hech birlari adashaganlari yo'q. Olim deb tan olingan chuqur ilm egalari hech qachon ixtilofga bormadilar, ixtiloflarini oshkor qilmadilar. Bu olimlarning ko'pligi hamisha xalqni birlikda ushlab turgan. Ammo ilmdan bebahra, chala tahsil bilan qolganlar fitna uyg'otdilar. Odamlarning ilmdan bebahra qolishi, tahsilning chala bo'lishi esa hukumatning taqiqlovi bilan ro'y berdi.

Xalqda din ilmiga tashnalik bor. Bu tashnalik qondirilishi zarur. Aks holda, suvsagan odam qaerdan bo'lsa ham, suv topishga intiladi va topganini ichadi.

Karimov hukumati islom dinining toza buloqlarini yopdi, natijada, tashna yoshlar turli ko'lmaklarning suvlarini ichdilar. Keyin esa Karimov tili bilan aytsak, “ekstremist” bo'lishdi. Keyin esa ular o'ldirildi, qamaldi…

Ko'pchilikda “islomiy davlat” degan xato tushuncha bor va bu ommalashib ketgan. Muhammad Solih bu xato ekanligini o'zining “Yo'lnoma” kitobida aytib o'tgan. Solihning fikricha, davlat – imoratdir. Bu imoratda xalq yashaydi. Oddiy imorat qanday qilib islomiy bo'lishi mumkin?

Balki shu imoratning me'morlari iymon va ilm sohiblari bo'lishlari yoki boshqacha bo'lishi mumkin. Bu imorat me'morlari, quruvchilari kallakesar va qaroqchi bo'lgach, uni xarob qiladilar, xolos.

Anglab olish lozimki, islomiy davlat tushunchasi to'qib chiqarilgan atamadir. Aslida davlat boshqaruvchilari sof musulmon bo'lishi kerak. Sof musulmon esa insoniyatga berilgan go'zal fazilatlar – sabr, hilm, insof, diyonat, halollik va boshqalarning egasidir.

Bundan tashqari, soqol o'stirish va ro'mol o'rash kishini tom ma'noda musulmon qilib qo'ymaydi. Balki bu ikki hol musulmonning tashqi ko'rinishidagi bir zohiriy alomat, xolos.

Xulosa qilib aytganda, “soqol va ro'mol” masalasi o'ta arzimas masala. Uni muammoga aylantirishdan hukumatlar uch maqsadni ko'zlashgan:

-xalqni qadriyatlardan judo qilish va shu orqali uni uzoq vaqt boshqarish;

-odamlar o'rtasiga bo'linish – fitna solish, ularni guruhlarga ajratish va shu orqali cheksiz hukmronlikka erishish;

-jiddiy masalalardan xalqni chalg'itish va odamlarning fikrlash darajasini o'tmaslashtirish, kishilarni maydakashlikka o'rgatish.

Bu holatda xalqda birgina yo'l qoladi: o'z haqini talab qilish. Bu turli shaklda amalga oshadi: namoyishlar orqali, hukumatga bosim o'tkazish, unga oshkora qarshilik qilish kerak.

Agar bu masalada ham xalq ikkilansa va aytilganlarga rozi bo'lishda davom etsa, mamlakat ustiga chiqib olgan bir guruh jinoyatchilarning zolimona hukmronligi yana uzoq davom etadi.

Abdulloh Nusrat

25.01.2016 yil

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort