O’zbekiston Xalq Harakati

Bu ne millat bo'ldi

Bu ne millat bo'ldi
12 Haziran 2018 - 10:27 'da yuklandi va 898 marta o'qildi.

Abdulloh Nusrat taxallusi ostida Karimov rejimini fosh qiluvchi maqolalar yozgan Akrom Malik bugun qamoqda o'tiribdi.

U 2017 yilning 13 yanvar kuni jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent viloyat sudi tomonidan 6 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.

Hozirda Inson huquqlari himoyasi bilan shug'ullanuvchi bir necha xalqaro tashkilotlar va mahalliy aholi vakillari yosh olim va jurnalist Akrom Malikning ozodligini talab etmoqdalar.

E'tiboringizga Akrom Malikning Abdulloh Nusrat taxallusi ostida e'lon qilingan maqolalarini havola qilib boramiz.

* * *

BU NE MILLAT BO'LDI

Gohida yozar ekansan, o'zingni kuchli ekaningni unutasan. Zulm, zolim va jabru nohaqlik qarshisida matonat bilan kurashga shaylanganing xuddi yodingdan chiqadi.

Odamlarning dilini og'ritmayman degan qasding tumanday xayoling vodiysida tarqab ketadi.

Sizga ochig'ini aytaman – men bu maqolani umuman yozishni istamas edim. Bu maqolani yozish men uchun oson kechgani yo'q. Bu maqolani yozishda avvalgilariga qaraganda ming karra og'irroq ruhiy bosim ostida bo'ldim.

Sizga yana ochig'ini aytayin – har safar ona yurtim, jonajon millatim haqida qayg'urib yozar ekanman, sira ham huzur qilmayman. Vatanimning bugun iztirob ichra qolgani, xalqimning bir ahvolda ekani meni ezib tashlaydi. Shuning uchun tanqid tikanlari qayralib turgan maqolalarim aslida qalbimdagi azob ko'zyoshlaridan suv ichgan. Siz mening maqolalarimni o'qir ekansiz, shuni unutmang. Zotan, azob ko'zyoshlaridan suv ichgan niholda hech qachon gul ochilmaydi, unda tikan nish uradi.

Isroil Subhon degan buxorolik shoir Muhammad Solihni o'zi uchun ideal deb bilardi. Solihni u “Bo'ri” der edi: “Solih tikka hujum qiladi. Orqadanmas. U shuning uchun Bo'ri!”

Keyin 1991 yil prezidentlik saylovida Isroil Subhon odamlarga qarata “Karimovga ovoz beringlar!” deb targ'ib qildi. Bu meni lol qildi: odam shunchalikka boradimi?..

Saylov o'tdi. Karimovning ko'chasida bayram bo'ldi. Bir necha yil oralatib shoir bilan uchrashdim. Uning munofiqligi sababini so'radim. U javob berdi:

“Muhammad Solih… – dedi biroz taraddud bilan. – Boltiqbo'yi davlatlaridan istaganiga prezidentlik qila oladi. U Germaniya, Turkiya, Frantsiya, kerak bo'lsa, Rossiyani ham boshqarish qobiliyatiga ega. Men uni bilaman. Lekin O'zbekiston xalqiga u uvol. Xalq uning g'oyalarini tushunmaydi. O'zbek xalqi uning bag'rikengligi, adolati va muruvvatini tushunmaydi… Bizning xalqqa bir jallod kerak edi. Eshakka yarasha tushovi deb Karimovni targ'ib qildim. O'zimcha bu bilan Solihni bir balodan asrab qolmoqchi bo'ldim…”

Hayron bo'ldim. Yosh edim. Tushungandek ham edim, tushunmagandek ham edim.

Bugun esa Isroil Subhonni yaxshi tushunib turibman. Tushunganim uchun, uning haqligiga iymon keltirganim uchun iztiroblarimni berkitish uchun kuchim etmayapti. Gap Muhammad Solihda emas. Gap o'z tarixida minglab solihlarni ulg'aytirgan xalqning ahvolida.

Keling, hammasini sal batafsil aytib beray.

30 yanvar' – Karimovning tug'ilgan bo'ldi. Prezident 78 yoshga to'ldi. Uning 27 yillik boshqaruvi ostida millat xarobadagi millatga aylandi. Sovetning 70 yillik zulmi bitta – Karimovning 27 yillik zulmi bitta bo'ldi.

U shaxsiy ochko'zligi, manfaatparastligi yo'lida butun mamlakatni molxonaga aylantirdi. Butun mamlakat uning uchun xizmat qiladigan qullar baragiga aylantirildi.

O'zbekiston tarixida hali biror marta qorin to'ydirish uchun xalq o'zga yurtga qaram bo'lmagan edi. Ammo bu davrda shunday bo'ldi.

Sovet davrida quvilganlar uchun yurt eshiklari qulflandi. Din, adabiyot, san'at, iqtisod Karimovning istak va xohishlarini bajaradigan uskuna sifatida ishlay boshladi. Butun boshli avlod manqurtlik ichida ulg'aytirildi.

Shu zolim 78 yoshga kirganda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yuz minglab tabriklardan lol qoldim! Uni sharaflab, otam deya tabrik aytishda poygalashgan olomondan boshim aylandi.

Bu ne millat bo'ldiki – boshidagi zolimni bu qadar e'zoz etadi!

Oltmishni qoralab qolgan yoshi ulug'lardan tortib yaqinda tuxumdan chiqqan go'daklar ham uni tabrik etdi.

Aslo biz baxillik qilmayapmiz, aytmoqchimanki – ularni nima majbur qildi bu tabriklar uchun? Bu qadar maqtovlar uchun odamlarni nima rag'batlantirdi? Xorijda itday qul bo'lib ishlayotgan akalarimi? Ukalarimi? Farzandlarimi? Butun mamlakatni egallab olgan korruptsiyami? Butun mamlakatni qonli panjasida tutib turgan milliy xavfsizlik xizmatimi?

“Ozodlik” sayti namoyish qilgan videoda Rossiyada quldek ishlayotgan o'zbek yigitlari Karimovga madh aytishdi. Ular chin dildan gapirishdimi? Yo'q! Ular qo'rqib gapirishdi. Agar tanqidiy gap aytsam, O'zbekistonda oilamni bu tuzum qon qaqshatadi deb Karimovni maqtadi. Qo'rquv ularni manqurtga, orsiz va nomussiz mavjudotga aylantirgan.

Bilsak, butun mamlakat xalqining katta qismi qo'rquvdan talvasaga tushib qolibdi: ijtimoiy tarmoqlardagi tabriklar shunga dalolat qilmoqda.

Odamlar ko'r-ko'rona bir-biriga ergashib Karimovga hamdu sano o'qidilar. 30 yanvar kuni oqshomda “Madaniyat va ma'rifat” telekanali esa Karimov shaxsini ulug'lashga bag'ishlangan “Kuch – adolatda” degan “hujjatli fil'm” namoyish qilindi.

Unda ilgari surilgan har bir fakt uydirma edi. So'zga chiqqanlarning har biri – Safar Ostonov, Roy Mededovmi, cholmi, kampirmi – hammasi yollangan edilar. Karimovning “dono” nutqlari esa juda ham hashaki va ma'nosizligi bilan yodda qolar edi. Bularning barchasini ko'rib turgan odamlar esa uni maqtash borasida bellashdilar.

Biz o'tgan maqolalarimizda sport sharhlovchisi Diyor Imomxo'jaev haqida iliq gaplar aytgan edik. Uning jasorati, yozish uslubi va mahoratini e'tirof qilgandik. Qarangki, “qahramonimiz” bizning bu ta'riflar xato ekanligini isbotladi: u Karimov sha'niga bag'ishlab katta maqola yozdi, u bilan faxrlanishini iddao qildi. Uning uchun tost aytdi.

Demak, bu “jurnalist” ham qo'rqoqligi, jon shirinligi vajidan shu ishga qo'l urdi. Chunki u Karimov 75, 76, 77 yoshga to'lganida tost aytmagan edi. U aynan bu yil tost aytdi. Demak, uning bu maqtovnomasi zamirida qo'rquv yotibdi. Uning nomi Xalq harakati saytida ijobiy baholandi. U cho'chib ketdi va zudlik bilan pozitsiyasini o'zgartirdi – hamma qatori hurkaklar safidan joy oldi.

Zotan, jasorat sohibining kim ekanligi ana shu paytlarda namoyon bo'ladi.

Karimberdi To'ramurod ismli xoin esa, soch-soqoliga oq oralaganiga qaramasdan Karimovga paxta yopishtirib, uning tavallud kunini Milliy bayram qilaylik deb ko'pchilikning boshini qotirdi.

Shu paytgacha Karimovning tug'ilgan kuni bu qadar ommalashmagan edi.

Bu holning sabablari quyidagicha:

-Oxirgi yillarda ijtimoiy tarmoqlar O'zbekistonda keng ommalashdi. Bu esa axborot almashinuvi, fikr bayon qilish imkonini berdi;

-Odamlar ongi shu qadar past va qoloq shaklda qolganki, Karimovning asl basharasini ko'rmaydilar. Ko'rsalar ham ko'z yumadilar va uni maqtaydilar.

Albatta, bu holdan ensasi qotganlar ham bor edi.

Prezident matbuoti Karimov shaxsini ulug'lamaslik haqida bayonot qabul qilishga ham to'g'ri keldi.

Buning bir qancha sabablari bo'lishi mumkin:

-Bu bilan Karimovning qanchalik “kamtar”ligini ko'rsatish;

-Karimovning kuni bitgani uchun uning nomini ko'tar-ko'tar qilishni pasaytirish;

-Karimovning o'ziga bu maqtovlar masxarabozlik yoki mazax bo'lib tuyulgandir. Harqalay, jinoyat uchun bu qadar madh o'qisalar, jinoyatchi ham uyalsa kerak-da!

Shu uch sabab tufayli ushbu bayonot e'lon qilingan bo'lishi mumkin. Shuningdek, Farg'ona viloyati hokimiyatida Karimovning byusti o'rnatilgani ham ushbu bayonotda aytilgan. Ehtimol, Karimov o'zi boshqarayotgan xalqning bu qadar qo'yligidan ensasi qotgandir, shuning uchun o'zining sha'niga qilinayotgan maqtovlarni qabul qilgisi kelmagandir.

Meni azoblagan narsa – bugun o'zbek millati o'zini shu qadar erga urgani bo'ldi. Demak, millatimiz fikrlamas ekan-da! Zolimni farqlay olmas ekan-da! O'zini so'yayotgan jallodga shu qadar paytava bo'lar ekan-da!

Emotsiyalarimni bazo'r jilovlayman. Yo'q deyman o'zimga o'zim, umid bor… Bu millat chinakam millatga aylanishi uchun umid bor. Zotan, uning iymonli farzandlari hali ko'p, alhamdulillah.

Abdulloh Nusrat

01.02.2016 yil

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort