O’zbekiston Xalq Harakati

“O'zbek xalqining kelib chiqishi”

“O'zbek xalqining kelib chiqishi”
13 Haziran 2018 - 12:22 'da yuklandi va 1029 marta o'qildi.

Abdulloh Nusrat taxallusi ostida Karimov rejimini fosh qiluvchi maqolalar yozgan Akrom Malik bugun qamoqda o'tiribdi.

U 2017 yilning 13 yanvar kuni jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent viloyat sudi tomonidan 6 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.

Hozirda Inson huquqlari himoyasi bilan shug'ullanuvchi bir necha xalqaro tashkilotlar va mahalliy aholi vakillari yosh olim va jurnalist Akrom Malikning ozodligini talab etmoqdalar.

E'tiboringizga Akrom Malikning Abdulloh Nusrat taxallusi ostida e'lon qilingan maqolalarini havola qilib boramiz.

* * *

“O'ZBEK XALQINING KELIB ChIQIShI”

O`zbek-tarixi-kitobi-ahmaqonaAkademik Ahmadali Asqarovni O'zbekistonda ilm ahli yaxshi biladi. Uning g'ayriinsoniy odatlari, nomardligi va ilmda nohalolligi o'z doirasiga besh qo'lday ma'lum.

Shu odam “O'zbek xalqining kelib chiqishi” degan kitob yozdi. Kitob safsatadan iborat. Muallif yuzlab kitoblardan foydalangan. Ammo kitobda umuman fikr yo'q, balki quruq “tsitatalar” mavjud.

“Tsitatalar”ning 80 foiz rus tarixchilari kitoblaridan ko'chirma. U shu yo'l bilan “o'zbek xalqining kelib chiqishi”ni aniqlamoqchi bo'lgan. “O'zbek millatining mentaliteti” to'g'risida to'xtalgan muallif zardushtiylining xalq xarakterida tutgan o'rnini gapiradi, ammo islom dinini unutadi. Go'yo 1300 yil davomida o'zbek millati islom dinidan bexabar bo'lgan!

Aslida, o'zbek millatining – o'zbek xalqining kelib chiqishini turkiylar tarixisiz qanday tasavvur qilish mumkin? Albatta, Karimovning g'oyasi – o'zbek xalqini turkiylardan ajratib olish g'oyasini isbotlashga umrini atagan Asqarovda bunday fikr bo'lishi mahol.

Mazkur “salmoqli” tadqiqot o'zbek tarixshunosligi ortga ketganiga bir isbotdir. Zotan, o'z tarixini o'zgalardan o'rganishga tirishganlarni qanday baholash mumkin?!

Asqarovning kitobini tahlil qilib, uning kamchiliklarini ko'rsatib berishga zarurat yo'q, chunki kitobning har satri ahmoqona jumlalardan iborat. Bir-biriga uyqashmagan, o'quvchini chalg'itadigan va ma'nosisiz gaplar kitobda to'lib-toshib yotibdi. U o'zbek xalqining asosiy tarix kitoblari – Narshaxiyning “Tarixi Narshaxiy”, Juvayniyning “Tarixi jahonkushoyi”, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” (bir nomdagi ikki asar), Ulug'bekning “To'rt ulus tarixi”, Navoiyning “Tarixi muluki ajam”, Abdurazzoq Samarqandiyning “Majma'i bahrayn” Boburning “Boburnoma”, Hofiz Tanish Buxoriyning “Abdullanoma”, Abulg'ozi Bahodirxonning “Shajarayi turk”, “Shajarai tarokima”, Munisning “Firdavsul iqbol”, Ogahiyning “Ravzatus safo” va shu kabi tarixchilarning asarlarini nima uchundir tilga ham olmagan.

Sovet mafkurasi bu kitoblarning asosiy qismini ilmiylikdan yiroq va afsona, mubolag'alardan iborat deb bilar edi. Holbuki, o'zbek tarixini, uning kelib chiqishini bu asarlar orqali o'rganmasak, yana qaysi yo'l bilan tiklash mumkin?

O'zbek mumtoz adabiyotida yaratilgan katta masnaviy – dostonlarda, axloqiy risolalarda, shuningdek, aqida, fiqh, tafsirga oid kitoblarda, turli davrlarga oid miniatura suratlarida, umuman, ma'naviy va moddiy shakldagi yodgorliklarning har birida xalqimiz tarixining biror qirrasi aks etgan. Ularning har bir sahifasida xalqimizning e'tiqodi, yashash tarzi, tafakkur darajasi haqida sahih ma'lumotlar saqlangan.

Tarix – voqealarning tizilgan zanjiri emas. Tarix – biror xalq, millatning yoki umumiy olsak, insoniyat tafakkuridagi evrilishlar, ruhiyati – ma'naviyatidagi o'zgarishlar silsilasi, jarayonidir.

Shu ma'noda, o'zbek xalqi tarixini yozishga kirishgan olim shu masalani birlamchi deb belgilab olishi shart. Ammo Asqarov va uning tipidagi odamlar (olimlar) bu tushunchadan yiroq. Ular bir millatning kelib chiqishi boshqasi bilan bog'liqligi yoki aksinchaligi haqida bema'ni va foydasiz bahslardan bo'lak ishga yaramaydilar. Ular shunchaki voqealarning bayonini, ism va atamalarning bo'tqasini tarix deb o'ylashadi. Ular xalqning tarixini shu zamindan emas, begona joylardan axtaradilar.

Bugun o'zbek xalqi o'z tarixini bilmaydi. Ota-bobolari qanday yashagan, nimalarni fikrlagan, nimalarni orzu qilgan – barchasidan bexabar. Hatto, bu xalq o'z o'tmishini yomon ko'radi, undan nafratlanadi. Bu nafrat salkam 200 yildan buyon davom etib kelayotgan mustabidlarning harakatlari mevasidir.

Umuman olganda, tarixni shu zamindagi o'tmish yodgorliklari asosida yaratish unutilgan. Xalq chinakam tarixdan uzib qo'yilgan. Bugun o'zbek xalqi Buxoriy, Termiziy, Forobiy, Ulug'bek, Navoiy kabi daholarning nomlarini to'tiqush kabi takrorlashni biladi, xolos. Ularning asarlarini o'qish, mag'zini chaqish va bobolari kabi fikrlab, ularning yuksak orzulari bilan yashash ne'matidan esa mahrumdirlar. Chunki nomlari ulug'langan bu daholarning nomlari ulug', xolos. Ularning asarlari va asarlaridagi g'oyalar esa – “zapret”da – ta'qiqda. Chunki u g'oyalarning barchasi bugungi Karimov hukumati va uning tuzumi uchun qarshidir. Kerak paytda, o'sha g'oyalardan biror qismi olinadi va siyosat yo'lida ishlatiladi. Xususan, shu kunlarda tavallud kunlari nishonlanayotgan Navoiy va Boburlar kabi.

Bu yil Navoiyning 575 yillik to'yi qilinmoqda. Sovet davridan qolgan sarqitga muvofiq, O'zbekistonda faqat ma'lum ba'zi bir yillar – chiroyli ko'rinishdagi raqamlar uchun to'y qilinadi. Masalan, 570, 575, 580 kabi. Shu kabi raqamlar arafasida Navoiyni yoki boshqa biror shaxsni eslaydilar, ko'tar-ko'tar qiladilar, TV, radio, matbuot faqat shu haqda gapirib odamlarni bezitib tashlaydi. Asl haqiqat ham shunda – O'zbekistonda deyarli hamma – rasmiy doiradagi barcha odamlar, olimlar, ziyolilar Navoiydan faqatgina maqola yozish, nom qozonish, davr siyosatini maqbullash uchun foydalanishadi.

Ular Navoiyni qalb bilan, istak bilan, ruh bilan o'qimaydilar, zavqlanmaydilar.

Butun mamlakat Navoiyning nomini xo'r bo'lib, jo'r bo'lib takrorlaydi, ammo Navoiyning “nun”i haqida ham tasavvurlari yo'q.

TVda artistlarga, kallasi bo'm-bo'sh otarchilarga Navoiyning g'azallarini o'qitadilar, ammo ular nima deyotganlarini o'zlari fahmlashmaydi.

Chinakam istak bilan xalq ma'naviyati uchun kurashayotgan umidsiz kayfiyatda, ammo qo'ldan kelgani shu deb tirishayotganlarning soni ko'p emas – borsa, besh-o'n kishi. Qolgan olimlar – butun Respublika mansab, qorin, boylik va jon saqlash qayg'usidadir.

Darvoqe, biz gapni Asqarovning bema'ni, bir necha tonnalik makulaturadan bo'lak narsaga yaramaydigan 5000 nusxada chiqqan, qalin muqovali, besh yuz betdan oshiq kitobi haqda gap boshlagan edik. Bu kabi lo'ttiboz “tarixchi”lar qo'lida qolgan millatning ertasi shu ketishda yaxshi bo'lmasligi aniq.

Ammo yorug' kunlar sabrlilar uchundir – chinakam xalq farzandlari kutgan onlar yaqin. O'zbekiston o'zining fidoyi o'g'lonlari jasorati sababli bir kuni rosmana ozodlikka, hurlikka erishgan kunidan boshlab, barcha yolg'onlarning o'rnini haqiqatlar olajak, inshaOlloh.

Abdulloh Nusrat

07.02.2016 yil

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

 Ushbu xabarga qoldirilgan izohlar

( 1 Yorum )

  • Fazliddin Yokub ;

    Hakikatdan ham halkimizga oz tarihimizni togrisini korsatib bera oladigan holis olimlar oozing .

    14/06/2018 01:58
istanbul escort