O’zbekiston Xalq Harakati

Otdan qo'rqqan Karimov

Otdan qo'rqqan Karimov
14 Haziran 2018 - 12:25 'da yuklandi va 1294 marta o'qildi.

Abdulloh Nusrat taxallusi ostida Karimov rejimini fosh qiluvchi maqolalar yozgan Akrom Malik bugun qamoqda o'tiribdi.

U 2017 yilning 13 yanvar kuni jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent viloyat sudi tomonidan 6 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.

Hozirda Inson huquqlari himoyasi bilan shug'ullanuvchi bir necha xalqaro tashkilotlar va mahalliy aholi vakillari yosh olim va jurnalist Akrom Malikning ozodligini talab etmoqdalar.

E'tiboringizga Akrom Malikning Abdulloh Nusrat taxallusi ostida e'lon qilingan maqolalarini havola qilib boramiz.

* * *

OTDAN QO'RQQAN KARIMOV

2016 yil fevralining beshida Toshkent viloyati hokimi almashdi. Karimov Zangiota tumani hokimi Abdullaev Sodiqni viloyatga hokim qildi.

Bu shunchalik zerikarliki, gapirib berayotib esnab yuborging keladi – Karimov eski hokimni najasga belab bo'shatdi, uni rosa yomonladi, bunday hokimni tayinlaganimdan juda xijolatdaman dedi, keyin yana og'ziga nima kelsa, shuni aljiradi.

Viloyat “deputat”lari Karimov yangi hokimni bo'shatamizmi deb so'raganda, uzoq o'ylab, oxiri ha deyishdi va yuz foiz qo'l ko'tarishdi.

Yangi hokimni tayinlaymizmi deb so'raganda yana uzoq tafakkur qilib, bir ovozdan “rozi bo'lishdi”.

Siyosiy qism tugab, badiiy qism boshlandi: viloyat qishloqlaridan chiqqan bir sportchi, bir do'xtir, bir fermer, bir oqsoqol va yana bir-ikki odam Karimovni maqtashdi. Ular o'zlari kecha-kunduz oynaga qarab yodlagan “monologlarini” Karimov qarshisida muvaffaqiyatli ijro etdilar.

Qaysi biri ifodani joyiga qo'ygan bo'lsa, Karimov to'lqinlab ketib, o'rnidan turib quchoqlab, o'pib ham qo'ydi.

Bitta devday barzangi fermer Karimovga siz 90-yillarda ot minib Bo'kaga kelgansiz, biz bilan uchrashgansiz deb yig'lamsiraganda Karimov zavqlanib ketdi:

“Ochig'ini aytsam, otdan qo'rqaman, ammo o'sha payt shunaqa ediki, ot u yoqda tursin, arslonni ham jilovlab minardim!” – deb maqtanib og'zi ko'pirdi.

Hamma bundan ta'sirlandi.

Ammo hech kim nega shu paytgacha yana ot minib dalaga chiqmayapsiz deb so'ramadi. Axir, ota qarib qolgan, ot minolmaydi, ustiga ustak otdan qo'rqadi, ot minishi uchun kamida Bo'kadagi kabi vaziyat bo'lishi kerak. Aslida, ot minish ham kerak emas, tank yuboradi – mingta otning ishi bitadi.

Karimov biror viloyatga biror hokimni uch-to'rt yildan ortiq qo'ymaydi. Ko'ngildagidek ishlasa, boshqa yoqqa hokim qiladi, yoqmay qolsa, bir tepadi – chiqmaydigan bo'lib er tagiga kirib ketadi. Chunki – bu ancha haqiqatdan yiroq bir taxmin, ammo Karimovning o'ylovi shu – sal ko'p muddat ishlagan hokim shu erga ildiz otib, tarafdor to'plab, obro'si oshib, Karimovga hamla qilib qolishi mumkin. Shuning uchun vazirlar ham, hokimlar ham juda tez almashtiriladi.

Darvoqe, Inoyatov… Shu odam juda ko'p o'tirib qoldi? Uning ham paymonasi yaqin. Karimov bu amaldorlarini almashtirish uchun o'ziga mos qul izlayapti. Ammo topish qiyin. U Respublikadagi hamma jinoyatni shularning elkasiga qo'yadi-da, ketidan o'xshatib tepadi.

Yana butun xalq Karimov, hatto qizini, bosh vazirni va Milliy xavfsizlik xizmati boshlig'ini ham ayamadi, u adolatli deb so'lakayini oqizib qoyil qolib yuraveradi. Karimovning 8 dekabrdagi nuqti shunga kichik ishora ham bo'lgan edi, aslida.

Karimov yig'ilishda Xudoni esladi, bizning hamma ishimiz besh, chunki Xudo bizni qo'llamoqda dedi u.

U Xudoning nomini ham o'z siyosati uchun vositaga aylantirdi. Ammo u qanchalik makkor bo'lmasin, Ollohning makri oldida hech narsadir. U qanchalik o'yin qilmasin, o'yinlarining poyoni ko'rinib qoldi. Yaqin-orada uning tanazzulini butun dunyo ko'radi, inshaOlloh.

Abdulloh Nusrat

08.02.2016 yil

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort