O’zbekiston Xalq Harakati

She'riyat vijdoni

She'riyat vijdoni
19 Eylül 2018 - 11:03 'da yuklandi va 386 marta o'qildi.

ShE'RIYaT VIJDONI

Rauf Parfi – 75 yoshda! Shoir hayoti va ijodi haqida ayrim qaydlar

«Dunyomizdan juda barvaqt jirkangan u ruh,
U qo'rqmas ruh parvoz etdi bulutlar sari».

Shekspir, «Romeo va Juletta». 695-bet.

«Imon – faqat muayyan diniy ta'limotlarning mahriga tushgan favqulodda boylik emas. Eng yaxshi imon – bo'lib o'tgan, hozir mavjud va endi bo'ladigan narsalarning hammasida Kamolotga intiluvchi bir iroda mujassam ekaniga qat'iy ishonch. Kimda-kim shu e'tiqodga ega bo'lsa, u mukammallashish jarayonida ishtirok etadi».

Jon Golsuorsi

Rauf Parfi ijodida Bodler she'riyati bilan hamohanglik mavjud: Bodler: “Iztirob – mangu shuhrat qasriga eltar yolg'iz yo'l” deb ta'kidlasa, Rauf Parfi: “Shoirning onasi iztirob axir” (“So'nggi vido”, Navoiy nomidagi milliy kutubxona nashriyoti, T. 2006 yil., 128-bet.) deya yozg'iradi. Ikki xil ifoda qilingan yagona shoirona fikr. Bodler shoirona ilhom jazavasi, iztirobni yo'lga qiyoslaydi. Rauf Parfi esa bu fikrni rivojlantiradi, kuchaytiradi, iztirobni shoirning onasi deb ta'kidlash asnosida, uni shoirlik isde'dodining tamal toshi sifatida talqin etadi. …

Rauf Parfi bugungi kunda holda ruhan-ma'nan mangulikka qadam qo'yib, boshimiz uzra muqaddas kalomi sharif, otashnafas she'riyat, iymon-e'tiqod yaloviga aylandi.

Tabiatan ijodkorni boshqa hunar bilan shug'ullanishga majburlab bo'lmaydi. Shukur aka Xolmirzaev ham, Rauf aka ham tabiatan ijodkor. Shu bois ular umrini ijodga baxshida etdi. Yozuvchilik ham kasb-hunar ekanini bizlarga eslatib turish uchun zoriqib yashadilar, tishini tishiga qo'yib yo'qchilikka, haqoratga, tana-malomatga chidadilar. Ularga oson bo'lgan emas. Hatto men ham Rauf akaga «gadochilik qilib kun ko'rasiz» deya tana qilganman. «Amalparastlar etagidan tutib qaergacha bormoqchisan», deya juda qattiq tanbeh berganda, chiday olmay shunday deganman. Shukur aka ham Do'rmondagi kulbasida umrguzaronlik qildi. Rauf aka, millat baxt-saodati, muqaddas kalom uchun tolmas kurashchi Toshkentday shahri azimda uysiz, duch kelgan kulbai vayronada yashab o'tdi. Sizni qaerdan topamiz, degan savolga aksariyat odam ishxonadan yoxud uyimdan deya javob beradi. Rauf akaning tayinli ishxonasi ham yo'q edi. Duch kelgan mahkamada ishlar, biroq qaysarligi, erksevarligi, haqgo'yligi tufayli uzoq ishlay olmas; qolaversa Mashrabday devonasifat, jahongashta, sarguzashttalab bo'lgani bois bir joyda muqim yashay olmasdi. Ikki-uch yil osh-qatiq, hamsuhbat, shishadosh bo'lganimdan qat'iy nazar «Uyim» degan so'zni Rauf aka biron marta tilga olganini xotirlay olmayman. «Qo'ngan joyimda» deb qo'yardi miyig'ida kulib. Umrining so'nggi yillarini Sulhida bilan birga o'tkazgani ajablanarli. Rauf aka Sulhidaga bog'lanib qoldi. Sulhida ham uni qo'yib yubormas, chippa yopishib olgandi. Sulhida qat'iyatli bo'lmaganda Rauf aka u bilan ham uzoq yashamagan bo'lardi.

Kant «talant stixiyasini ham idrok ila boshqara bilish lozimligini» uqtiradi. Rauf aka ustozi Blok singari «talant stixiyasini boshqara oladigan» shoirlar sirasidan.

Rauf aka 2005 yil 27 martda vafot etganda, «O'z.A.S.» gazetasi kichikroq rasmi bilan rasmiy ta'ziya e'lon qilish bilan kifoyalandi. Biroq qator gazetalar – «Oila va jamiyat», «Mohiyat», «Mulkdor», «Darakchi»da samimiy dil izhorlari chop etildi. «Mohiyat»da mening maqolam bosildi. «Oila va Jamiyat»da Miraziz (A'zam) akaning maqolasi chop etilganini eshitgandim.

Akamning janozasini o'qishdan oldin «Minor» qabristonining qorovulxonasida Miraziz aka bilan elkama-elka peshin o'qib, chin uyiga shaylanib turgan shoirimizning ruhi pokiga ibodat qildik. Qiblaga yuzlanib, sajdaga bosh qo'yganlar orasida Yo'ldosh Eshbek, Aziz Said, rahmatli Asqar Mahkam ham bo'ldi.

«Oila va Jamiyat»ning 2005 yil 31 mart sonida Miraziz akaning maqolasiga Rauf akaning rangpar suvrati ilova qilingan, Xayr endi, she'riyatga ko'milgan hayot»… satri epigraf qilib keltirilgan, yirik qora harflar bilan «JUDOLIK» deya sarlavha qo'yilgandi. Miraziz aka o'zidan yoshi biroz kichik salafdoshi, safdoshi haqida yozadi:

«Rauf Parfi satrlari zargarona va tabiiy, har bir jumlasi qalbga ta'sirchan musiqa parchalariday urilar, mazmunan teran bo'lar, realistik suvratlari qalbga qanot baxsh etardi.

Rauf Parfining ijodkor sifatidagi eng go'zal tomonlaridan biri uning chinakam komil shaxs ekanligidadir. Uning so'zi bilan ishi hech qachon ikki tomonga qaragan emas. U maddohlik va yaltoqlik nima ekanini bilmas edi.

Shaxsan men uni o'zbek she'riyatining or-nomusi deb bilaman. Va u jahonning istagan burchagida jahonshumul shoirlar davrasida tippa-tik tura oladigan shoirimiz edi.

Olloh oxiratingizni obod qilsin, Raufbek!»

Toshkent. G'arib mayxonalarda,
Kezib yurar devona shoir.
Har a'moli, ey Hamid Parda,
E'tiqodu imonga doir.

Ergashaman chopib ortidan,
Gar talpinib eta olmayman;
Vale ezgu orzu yurtidan,
Kechib, olis keta olmayman…

Toshkent. G'arib mayxonalarda,
Rauf Parfi sargardon kezib…
«Sipqor! – deya, – ey Hamid Parda!» –
Tutar qaynoq bag'rini ezib!

Rauf aka haqida turli odamlardan turli qarama-qarshi fikr-mulohazalarni eshitganman. Biroq shaxsan men Rauf akadan yomonlik ko'rmadim, sha'niga dog' tushiradigan biron a'molini ham eslay olmayman. Baxtim shundaki, bir yarim-ikki yilga yaqin birga ishladik. Ulfatchilik qildik, zamona zo'rlaridan shikoyat qildik, ularga ta'na toshlarini otdik. «Ta'ma adabiyoti» vakillarini – yaltoqxo'r maddohlarni masxaraladik. Ijod; etuk ijodkorlar haqida bahslashdik. Buyuk ijodkorlar ruhidan madad so'radik, asriy da'vatlarini tinglashga, ezgu tilaklariga amal qilishga urindik. Imonsizlarga imon, qashshoqlarga molu dunyo, yalang'ochlarga kiyim-kechak, ochlarga non, zolimlarga insofu diyonat, mazlumlarga ro'shnolik, vatanimiz O'zbekistonga chinakam hurriyat tiladik. Qaysi kasb egasi bo'lishidan qat'iy nazar inson qanday yashamog'i kerak degan savolga Rauf aka bilan birgalikda, Rauf Parfining mardona hayoti va ijodidan ibrat olgan holda javob topishga urindik.

Rauf Parfi vafotidan keyin ko'p o'tmay «Mulkdor» gazetasida Mahmud Sattorovning «Yomg'ir yog'di yuzlarni yuvib» sarlavhali maqolasi chop etildi. Yanglishmasam, sarlavha akamning she'riy satrlaridan biri.

Mahmud aka ustozning kursdoshi. U akamni «ulkan shoir» deya ulug'laydi:

«Rauf Parfida Mashrabning sarkashligi, G'afur G'ulomning shogirdparvarligi, Xemengueyning irodasi, Nozim Hikmatning hur fikri, Maqsud Shayxzodaning bag'rikengligi mujassam. Ulfatlari, shogirdlari, ijodiy mehnatidan ortib, qachon kitob o'qirdi, buni hech kim bilmasdi. Biroq uning atrofidagilar o'zbek va jahon she'riyatidagi barcha yangiliklarni, adabiy jarayonu mumtoz adabiyot namunalarini Rauf Parfi orqali bilib, eshitib, o'qishardi…

Rauf Parfi o'zbek adabiyotini jahon modern she'riyatiga bog'lash bilan o'ziga, o'zbek adabiyotiga yangi yo'l ochib, uning asoschisi bo'la oldi. Asqad Muxtor boshlagan «eksperiment»larni chinakam san'at, butun, yaxlit adabiyot darajasiga ko'tara bildi.

Ma'rakadan parishon tarqagan barcha ijodkorlar chuqur o'ylarga toldilar. Hammaning yuz-ko'zida ayriliq, hijron dardi, sodiq do'stdan ajralish hasrati sezilib turardi» («Mulkdor», 15-son, 2005 yil 8 aprel').

Gazetada Mahmud akaning judolik qayg'usi ila yo'g'rilgan alamangiz maqolasi yonida Rauf akaning «Xayrlashdik», «Yoshlik zangor fasl. Kechdi. Sarg'ardi…» she'rlarini ham bosishgandi.

Rauf aka xotirasiga bag'ishlangan Ibrohim Haqqulning dastlabki alamli satrlarini Ozod akaning vafoti munosabati bilan «Hayot» haftaligida bosilgan «Xotiraga ko'chgan umr» maqolasida o'qidim:

«Adabiyot va ilm ahli uchun og'ir judoliklar yili bo'ldi. Ulkan shoirimiz Rauf Parfi erta bahorda vafot etdi. Rauf aka bizni bunchalik erta tashlab ketishi hech kimning xayoliga kelmagandi».

Evoh! Bu alamli-armonli satrlar akamning kutilmaganda vafot etishidan Ibrohim Haqqul ham dovdirab, akam bilan vidolasha olmay g'aflatda qolganidan azbaroyi pushaymon ekanidan dalolat. Holbuki, ular bir paytlar devor-darmiyon qo'shni yashab,tug'ishgandan ham yaqin bo'lgan.

Rauf aka 1998 yilning yangi yili arafasidami, Do'rmonda, Yozuvchilar bog'idan boshpana topdi. Qaysidir gazetadanmi, radiodanmi uning qalam haqini olib, Amir Fayzulla bilan ko'rgani bordik. Kol'basa, bir shisha aroq oldik. Hammasi Rauf akaning qalam haqi hisobiga – o'zi menga shunday deya buyurgandi. Akam ikkinchimi-uchinchi qavatda yashayotgan ekan. «Tagorning she'riga, u Txakur derdi, nazira yozdim» deya yangi she'r o'qib berdi. Bu she'rni keyinchalik o'z ovozida «Bi-Bi-Si» o'zbek xizmatidan eshitdim. Vido she'ri bo'lgan ekan, afsus… ikki-uch soat gaplashib o'tirdik. Nimalar haqida gaplashganimiz esimda yo'q. Xayrlashib qaytayotganimizda Rauf aka bizni darvozagacha kuzatib chiqdi. Men «Yoshlik zangor fasl. Kechdi. Sarg'ardi» deya she'r o'qiy boshladim. Qish emas, kech kuz ekan. Chunki bog'ning hovlisidagi xazonrezgi manzara shunday kayfiyatni yuzaga keltirgandi. Rauf aka kuldi:

– Rauf Parfini o'qiyapsizmi, ahmoq bo'lib-a?!

Hayotimning eng baxtli lahzalari!

Rauf akaning «Og'riq» she'ri qaysidir gazetada bosilgach, u paytda talaba edik, shov-shuv bo'lgandi. Men ham o'qiganmanu afsuski, uqmaganman. Universitetda ham domlalar Rauf Parfi she'riyatining asil mohiyatini ochib bermagan, aksincha o'shandayoq Rauf akaning etagidan mahkam tutgan bo'lardim. Men G'afur G'ulom, Abdulla Oripov, Erkin Vohidovning publitsistik-romantik she'riyati ruhida tarbiya topganman. Bunga, albatta, afsuslanmayman. Biroq toki tirik ekanmiz, mukammallikka intilamiz va mana shu intilishimizda vosita-zina bo'luvchi omillardan g'oyat samarali foydalanishning ahamiyati beqiyos. Bu borada Rauf akaning she'riyati, uning she'riyati orqali esa jahon she'riyati, loaqal Blok, Tagor she'riyati bilan nisbatan avvalroq yaqindan tanishgan bo'lardim.

Yura-yura «Jahon adabiyoti» jurnalida eng sara asarlarni o'qib, qisman tarjima qilib, Rauf aka singari chinakam adib-shoirlarning rindona suhbatlaridan bahramand bo'ldimu ko'zim sal ochilganday bo'ldi.

Umarali Normatov Rauf Parfining she'riyatiga hamisha katta xayrixohlik bilan hayratlanib qaragan. «O'z. A.S.» gazetasining 2005 yil 22-aprel 17-sonidagi davra suhbatida Rauf Parfining quyidagi sonetini sharhlaydi:

Mehribonim, izingizdan boramen,
Shivirlaydir ruhim. Bu qaysi oyat?
Bu dunyoda qirq Majnunning biri men,
O'limga chap berib keldim nihoyat.

Yuragim zindoni. Bir yalang'och dor,
Sollanib turadir faqat men uchun.
Bunda bir muhabbat zahri qotil bor.
Bu zindonda bir Laylo bor, bir Majnun.

Mehribonim, xunim, men sizni topdim,
Qonim berdim bu sirli xayollarga.
So'ydim yuragimni, ko'ksimni chopdim,

Ay, sovurdim men sovuq shamollarga,
Hukm qildim o'zimni. Tong chog'i otdim.
Nuqta qo'ydim javobsiz savollarga.

«Bu satrlarni bizda urf tusini olgan ilmiy mezonlar orqali tahlil etish, ma'nosini ochish aslo mumkin emas! Unda biz o'rgangan, har bir ata-kichik asardan talab etiladigan izchil mantiq yo'q (biroq bu gapi taajjublanarli!). u dialektik tafakkur qolipiga sig'maydi; hozir fanda keng rasm bo'lib borayotgan yagona chiziqsiz, bir qarashda bir-biriga qovushmaydigan tasodifiy holatu o'y-kechinmalar – ong oqimi silsilasidan iborat. Qarshingizda chin ma'nodagi polifoniya – fikrlar, tuyg'ular, o'y-mushohadalar kamalagi paydo bo'ladi. Nihoyatda serjilo, murakkab, ziddiyatli ruhiy holat; aql-idrokka tutqich bermaydigan asov mushohadalar ummoni: ham ojiz, mungli, ham mardona, nurli, ham isyonkorona, ham itoatkorona tuyg'u-kayfiyatlarning g'aroyib uyg'unligi. An'naviy va yangicha – modern poetik usullarning sintezi…» («Mustaqillik davri she'riyati: tahlil va talqinlar». Davra suhbati. «O'zb. Adabiyoti va san'.» gazetasi, 2005 yil, 22-aprel, 17-son).

Rauf Parfi ichkilikboz bo'lmagan. Aksincha!

Lirik chekinish

Sigareta chekmayman. Lekin bir paytlar tuzukkina ichkilikbozlik qilganman. Talabalik paytimizda Nabijon Boqiy qishlog'iga, sinfdosh do'stinikiga to'yga olib borgan. Yoz. To'kinchilik zamonlari. Ziyorat zo'r bo'lgan. Ko'nglim bo'shlik qilib, mezbonlar qo'lini qaytarmay olaveribman. To'ydan keyin tunda, Serova temir yo'l bekatiga kelganimiz yodimda. Vokzalda sal engil tortay deb krandan oqayotgan muzday suvga boshimni tutganimni ham eslayman. Bir payt ko'zimni ochsam kupeda uchinchi polkada yotibman. Yonimda Ro'zimboy Hasan “unday qilma, bunday qilma” deb u yoq-bu yog'imni epaqaga keltirayotir… Bu ilk qattiq mast bo'lganim. Asosan ichkilikdan, bema'ni ishlardan yiroq do'stlar davrasida bo'lganim foyda bergan – bunday ishlardan hamisha yiroq bo'lganman.

Ikkinchimi-uchinchi kursda o'qiyotganimda Chuqursoydagi ruhiy kasallar shifoxonasiga –tushib qoldim. Endi o'ylasam, ziqna bo'lganim bois hatto eb-ichishdan ham pulni qizg'anganim salomatligimga jiddiy putur etkazgan ekan. Balki boshqa sabab bo'lgandir – aynigan egulikdan zaharlangan bo'lishim ham mumkin. Uch oydan ortiq davolanib zo'rg'a o'zimga keldim. Shundan keyin mutlaqo ichmaydigan bo'lib qoldim – jon shirin. Biroq 1997 yilda “Jahon adabiyoti”ga ishga kirgach, yana zo'r berib ichishni boshlab yubordim. Mo'minxonada yarim kechagacha qolib, ta'bir joiz bo'lsa, maishat qilardik. Qish kunlaridan birida me'yorni unutib yana qattiq mast bo'lib qoldim. Kim taksiga o'tqazib yuborganini bilmayman. Taksida rulda bir yigit, yonida ham kimdir bor edi. Ularga “uyimga olib borib qo'yinglar, yo'lkira haqini to'layman”, deb yalindim. Bilmadim, taksida qayt qilib yubordimmi, xullas, Chilonzorda men bilmaydigan joyga tashlab ketishdi. Biroz o'zimni qo'lga olib atrofga alangladim. Militsiya o'n besh sutkaga olib ketib qolmasin, deya yo'l bo'yidagi butalar ortiga o'tib o'tirdim. Shu o'tirganimcha ikki soatdan ko'proq mizg'ib qolibman. Boshimda talpagim ham yo'q. Ko'cha chiqqan edim, bir tez yordam mashinasi kelib qoldi. To'xtatdim. Uyimga olib borib qo'ying, deb iltimos qildim. “Uying uzoqda, Sergelida ekan. Sergelining yo'liga olib chiqib qo'yaman. Birorta mashinaga o'tirib etib olasan”, dedi haydovchi…

Shu-shu Rauf akaning davrasida ehtiyot bo'lib, kam-kamdan ichadigan bo'ldim. Keyin bilsam “mo'minxona”da ilgari bo'ladigan ashaddiy ulfatchilik ayrim iste'dodli odamlarning boshiga ham etgan ekan.

Rauf aka ulfatchilik qilishda ko'p ovqat emasdi. Aroqni, mug'ombirlik qilganday, asosan juda mayda xo'plab ichardi. Rauf aka bilan 1997 yildan juda yaqin bo'lganman va uning kayfi oshib qolib, yiqilib qolgani yoki kim bilandir janjallashgani kabi salbiy holatlarni eslay olmayman. Rauf aka hech qachon es-hushini yo'qotmasdi. Engil-boshiga gard ham yuqtirmasdi – hamisha pokiza yurardi. Keyin ulfatlarini ichgin deb majburlamasdi. Rauf aka ulfatchilikni dardlashish, fikrlashish, imkoni bo'lsa haqiqatni topish vositasi bilardi. Kayfi oshib, mastu alast bo'lib ayniy boshlagan davrani “valdirizm boshlandi!” deb darhol tark etardi. Endi o'ylasam, biz kabi g'ofillar esa ulfatchilik – ichkilikbozlik, degan shiorga amal qilib, molday ichishga, mast-alast to'ng'izga aylanishga zo'r bergan ekanmiz.

Rauf Parfi she'riyatida ko'plab tesha tegmagan tashbehlarga duch kelamiz. Shoir she'riyatining xususiyati haqida turlicha talqinlar mavjud. Bu she'riyatga xos jihatlardan biri – lirik qahramon yuksak axloqiy mezonlar bilan fikr yuritadi, shunday mezonlar bilan davrga, yon-atrofidagi zamondoshlariga, she'riyatning mangu mavzulariga yondoshadi.

Rauf aka: «Inson o'zligiga, e'tiqodiga xiyonat qilmasligi kerak» deya ta'kidlagandi. Bu – shoir iymon-e'tiqodining tamal toshi.

Or-nomus, imon-e'tiqod, vijdon singari oliy qadriyatlar shoir she'rlarida qayta-qayta tilga olinadi.

“Vijdon shevasi” iborasiga shoir ijodining ilk davriga mansub she'r-sonetlarda ham, keyinchalik yaratgan asarlarida ham duch kelamiz.

Bu dunyo barchadin qolur begumon,
Armon sahrosi bu, alam cho'li bu.
Ruhingni so'ndirma, Allohga inon,
Madad ber o'zingga, iymon yo'li bu.
(“Munajjim” 1994 y.)

Dastlabki she'rlarida ham Rauf aka tabiat manzaralari orqali ruhiy holatlarni tasvirlashga urinadi. Va bunga imkon darajasida erishadi:

Talpinadi, shunday kuladi
Ko'm-ko'k o'rmon va tiniq daryo.
Daryo uzra oy ham quladi,
Er husniga bo'lib mahliyo.

Talpinadi yashil dalalar –
Sovutadi asov otini.
Quyosh shirin o'ylarga tolar,
Bugun yozar gul ijodini.

Sovuq yuraklarga o't qalab
O'zi berib o'ziga baho,
Mangulikning nag'masi ila
Talpinadi o'lkada bahor.

Shoir ijodining ilk kezlarida, 1962 yilda yozgan bu she'rida “ko'm-ko'k o'rmon va tiniq daryoni” shunchaki she'rga solmaydi. Boshlovchi havaskor tabiatdan no'noqlarcha nusxa ko'chirish bilan kifoyalanadi. Holbuki, inson tabiatga nazar tashlash asnosida muayyan xayollar og'ushida, muayyan kayfiyat ta'sirida bo'ladi. Shoir tabiatdan, hayotdan nusxa ko'chiruvchi emas, balki hayotga qaytadan hayot bag'ishlovchi so'z sehrgari.

Rauf aka ijodining dastlabki kezlarida yaratgan she'rlarida ham nusxa ko'chiruvchi havaskor shoir sifatida emas, balki tabiatni jonlantiruvchi, unga ruh, qanot baxsh etuvchi so'z afsungari sifatida qalam tebratadi. Parvardigori olam birgina “Bo'l!” degan kalomi sharif ila butun olamni yaratgani kabi shoir ham sehrli-afsungar kalomi shariflar vositasida tabiat ichra, sizu bizning hayotimiz ichra yangi hayot kashf etadi, yaratadi. Rauf akaning iste'dodi lirik shoir iste'dodidan ham, romantik-publitsist shoir ijodidan ham murakkab va shu murakkabligi bilan yuksak.

Yuqorida keltirilgan she'rida “yashil dalalar ham talpinib, asov otini sovutadi”; «Er husniga mahliyo Oy daryoga qulaydi»; “Quyosh shirin o'ylarga tolar, Bugun yozar gul ijodini”. She'rda shoir “sovuq yuraklar”ni tilga oladi. Nima uchun “sovuq yuraklar”?

Bu she'r yaratilgan 60-yillarning boshlarida she'riyatimizda, umuman hayotda ham kommunistik balandparvozlik hukmron edi. Hatto “sovuq yuraklar” iborasini qo'llashdan shoirlar cho'chigan. Chunki sho'ro kishisining, ya'ni lirik qahramonning “yuragi sovuq”, binobarin kayfiyati tushkun bo'lishi mumkin emas, degan aqida yozilmagan qonun-qoida tusini olgan bir paytda bunday tushkunlikka berilish ayovsiz qoralangan, jazolangan bo'lardi. Biroq “mafkuraviy jabhada” ham iliqlik shabadalari esa boshlagan, 53-yilda “xalqlar otasi” vafot etgandan keyin butun saltanat engil tin ola boshlagan, mashhur XX s'ezddan keyin, nihoyat, el-yurt kayfiyatidagi, ruhiyatidagi hurriyat she'riyatda ham aks eta boshlagandi. Qarang, Stalin vafotidan keyin salkam o'n yil o'tgach, hatto mashhur XX s'ezddan keyin ham besh-olti yil o'tgandan keyingina adabiyotda kishanlardan ozod bo'la boshlagan hur ruhning tovlanishlariga ko'zimiz tushib, iliq toza nafasini his qilamiz. Bu shuni bildiradiki, inson ozodlikka chiqqan lahzadayoq ruhan ozod bo'la olmaydi. Sirtdan ozod bo'lgani holda dastlabki kezlarda ruhiyati hamon tutqunlikda qolaveradi. Insonning kayfiyati, ruhiyati o'zgarishi uchun muayyan muddat – yillar talab qilinadi. Shu bois Stalin vafot etgan zahoti emas, yohud dabdurustdan XX s'ezddan keyinoq Rauf Parfi kabi so'z afsungarlari maydonga kelmagan.

Rauf aka yuqorida keltirilgan she'rida bahor “mangulik nag'masini” chalayotir deydi. Bu she'rni 1962 yilda, o'n to'qqiz yoshida yozgan. Uning yigirma bir yoshida yozgan navbatdagi she'rida navqiron, oshufta yurakning yor vaslini qumsab orziqishi muhrlangan:

Mudrar yarim kecha uyquda,
Bulut suzar va oyni yopar.
Oyni yopar, lekin behuda,
Yana bir on o'tmasdan yonar.

Kecha olar uyqusida dam.
Kecha uzra posbon – Chiroy…
Seni ko'rgim keldi juda ham,
Ajib qo'shiq aytgan chog'i oy.
1964

Shoirning mahoratiga tan berish kerak. Shu ma'nodaki, u oyni shunchaki kuzatayotgani yo'q, aksincha oyning “ajib qo'shig'i”ni tinglayotir. Oy kecha uzra posbon chiroyga, binobarin navqiron qalb sohibining nazdida yorga aylanayapti.

Rauf aka Blok she'riyatini sevar, naq yostiqday she'riy to'plamini hamisha olib yurardi. Blokning dastlabki she'rlarida ham mana shunday ruhiy holat tasvirlariga duch kelamiz. Rauf Parfi, haqiqatdan ham, hissiy tafakkur shoiri. Hayotiy beqarorlikni tafakkur tarozosiga solib qayta-qayta o'lchashdan charchamaydigan, zerikmaydigan, qo'rqmaydigan, hayiqmaydigan, cho'chimaydigan Iymon, E'tiqod, Vijdon, Haqiqat shoiri, jarchisi, da'vatchisi!

Professor Botirxon Akram Rauf Parfining ijodini «She'riyatning hurriyat burji» deya ta'riflab, uning:

Nechuk qismat erur shoir qismati?
Tushlarimni buzar hazrat Alisher!..
satrlari haqida shunday yozadi:

«Men hayratimni yashirolmayman: «Hazrat Alisher»ga mehr-ixlosim juda baland bo'lganidanmi, keltirilgan baytdan anglashilgan ma'no miqyosini shunchaki sharhlab yo kengroq tahlil qilib, boringki, tahqiq etib, intihosiga etolmasam kerak…»

Ulug'bek Hamdam Rauf parfi ijodini «zabt etilmagan cho'qqi» deya ta'riflasa, adabiyot, she'riyat bilimdonlari sifatida tanilgan Umarali Normatov, Botirxon Akram singari olimlarimiz Rauf Parfi she'rlari «ma'no miqyosining intihosiga etish» mushkulligini oshkora aytadilar.

Rauf akaning “Suv ostida yaltiraydi tosh” misrasi bilan boshlanadigan go'zal she'ridagi ruhiy holat ezguligi bilan diqqatiga sazavor.

To'lqinlar ustida parishon,
Sevinchlarim, chekilgan ohim.

Borini chekaman asabiy,
Imonimda allaqanday kuch.
Allaqanday qudrat besabr,
Allaqanday shaklsiz sevinch.

Shoir “imon shevasi”ni o'sha ko'kragiga endigina iliqlik shabadalari ufurgan, ozod ruh endigina tetapoya bo'layotgan oltmishinchi yillarning o'rtalarida tilga olishida ham katta hikmat bor. To'g'ri, Abdulla aka “Birinchi muhabbatim”da muhabbatni “yolg'iz Ollohim” deya alqagan, sevgiga sig'ingan. Biroq shoir yolg'iz sevgisiga sig'inish bilan kifoyalanib qolganini ham unutmaslik kerak. Rauf aka esa “imonimda allaqanday kuch” der ekan, sho'roviy mafkurabozlarni, «erkin so'z, ilhom, daholarning qotil-jallodlarini» (M. Lermontov) seskantiradigan sobit iymon-e'tiqodi haqida hayqiryapti. “Allaqanday qudrat besabr” satri ham saltanat, toju taxt soqchi-qo'riqchi-shotirlarini xushyorlikka chaqiradigan qaysar g'ayrat-shijoatga, jo'mardlikka, bahodirlikka ishora-sha'magina emas, ayni shu xislatlar shoirning qalbida etilib kelayotgani, jo'sh urayotgani; she'rlarida, a'molida shiddatli chaqmoq-chaqinday ro'y-rost oshkora aks etish uchun yo'l axtarib, talpinayotganidan dalolat.

Iymon, E'tiqod, Vijdon erkinligi singari kalomi shariflarni bugun emin-zrkin tilga olyapmiz, bugun deyarli har bir mahallaning masjidi bor, bugun juma nomozlari, hayit nomozlariga o'smir bolalarni ham etaklab, etti yoshdan etmish yoshgacha barcha hech bir xadik-xavotirsiz qatnashyapmiz. Biz o'smirlik, yigitlik, talabalik yillarimizda masjidga borishni xayolimizga ham keltira olmasdik. Bugun jome masjidlarida juma nomozlarida keksalar qatori navqiron yigit-o'smirlar ham sajdaga bosh qo'yganini ko'rib quvonaman. Illo, Parvardigorni tanimagan banda o'zligini taniy olmaydi.

Sho'rolar davrida nainki masjidga borish, hatto tom ma'nodagi imon-e'tiqod xususida og'iz ochib bo'lmasdi. Faqat “kommunistik e'tiqod”, “kommunistik ideallarga sadoqat” haqida gapiriladigan, she'r aytiladigan sharoitda Rauf aka iymon-e'tiqod haqida jar sola bilgan:

Mayliga, hayqiray imonim haqqi,
Ko'klarga termilib solayin uvvos.
“Yurak” she'ridan, 1967 yil.

Rauf Parfining shoirona nigohi o'tkir, shoirona idroki teran. Shoirona mulohaza-mushohadasi, tahlili teran. Shoirona amr-farmoni qaqshatqich beayov!

Osmon yuzi shundayin sariq,
Sovuqlikni qaylardan olgan?

Kular-da va qalqib borar oy,
Ul hayosiz shundoq yalang'och.
Kimni aldab balqib borar oy –
Tevarakda kecha qorasoch.

“Hayosiz yalang'och oy”, “qorasoch kecha” tashbehlari go'zalligi bilan maftun etadi. Haqiqiy she'r hamisha shunday sirli, ayni paytda juda sodda, hayotiy.

Rauf aka ijodining ilk davridan Cho'lponga ergashdi. Uning qo'lma-qo'l o'qiladigan she'rlarini yod olish bilan kifoyalanmasdan qalb sardaftariga toabad muhrladi. Rauf Parfi Cho'lponni ustoz bilgani, uning shonli yo'lini davom ettirish niyatida ekanini yigirma besh yoshida 1968 yili chop etilgan “Karvon yo'li” ilk she'riy majmuasining dastlabki she'ri – sonetdayoq baralla ovoza qilgan. Unda Cho'lponning “Kishan kiyma, bo'yin egma, ki sen ham hur tug'ilg'onsan” da'vatiga hamohang, cho'lponona, biroq Rauf Parfi qalbi qozonida qaynagan da'vatkor hayqiriq yangraydi:

Ey samo, ey zamin, ey inson – qodir,
Gullar, chechaklarga to'lsin oydin yo'l,
Nafosatga axir chidamli odam.

Bu kun Sen boshqasan, dunyo boshqadir…
Sen-da hur tug'ilding, bir kuyla, bir o'l,
Va bilgil qaylarda sarsondir alam…
Shoir 1980 yilda yozilgan mashhur «Og'riq» sonetlar turkumida:
Ruhga imon bergil, ey qodir hayot.

deya hayqiradi.

«Ijodkor e'tiqodiga xiyonat qilmasligi kerak» degan qoidani umrbod shior qilgan Rauf Parfining bunday imon-e'tiqodtalabligi ajablantirmaydi. Biroq «qizil mafkura» hukmronligi sharoitida mana shunday mardona iymontalablik hayratga soladi.

Rauf aka ustozi Abdurahmon Vodiliydan tahsil olgani haqida ko'p gapirgan. Ustozi boshlagan ozarboyjon shoiri Muhammad Xodiyning yirik she'rining tarjimasini nihoyasiga etkazgan. Hodiyning bu she'ri «Jahon adabiyoti»da chop etilgan. «Yozuvchi» nashriyotida chop qilingan she'riy to'plamga Vodiliyning boshqa asarlari bilan birga kiritilgan.

Rauf aka “Tavba” to'plamiga (“Yozuvchi” nashriyoti, 2000 yil) Bahouddin Naqshbandning “Ishqda aqlu tanu dilu jon bo'lmas” hikmatini epigraf qilib keltirgan. “Aqlu tanu dilu jon”dan holi ishq – Allohning dargohiga boshlaydigan “Ruhning abadiy hurriyatga qaytishi”ga tayyorgarlik ekanini o'shanda shaxsan men bandai g'ofil, ming afsus, fahmlamabman. Aksincha, akamga boshqacharoq munosabatda bo'lardim.

Basharti fahmlaganimda, Rauf akadan: bizni tashlab qayoqqa ketmoqchisiz, deya gina qilgan bo'lardim. Ehtimol, kimlardir buni payqagandir. Biroq ular akamning ko'ngliga qarab, ochiq aytmagan bo'lishlari turgan gap.

Hatto ashaddiy g'animlari ham Rauf akaning buyukligi qarshisida ta'zim qilishiga shubham yo'q. Chunki uning g'animlari ham o'zi singari buyuk shaxslar bo'lib, aslida qanday jasoratli qalb sohibi ila qasdlashganlarini juda yaxshi bilishardi.

To'plam “Tavba” sonetlar turkumi bilan ochiladi. Aksariyat sonetlardan iborat bu to'plamda shoir asosan tavba-tazarru qiladi.

Imon ber ruhimga, jismimga jon ber,
Loyimni qorishtir, poklab ber menga.
Ojiz tomirimga pokiza qon ber,
Ravshan qil, qoramni oqlab ber menga.
Oxirat ilmidan qil meni ogoh,
Murodim sha'mini so'ndirma, Alloh.

Hammasi ravshan. Rauf akaga “Siz haqingizda maqola yozmoqchiman” desam, “She'rimni sharhlab maqola yozganingiz ma'qul” deya maslahat berardi. “Munojot” (to'plamga bu sonetlar turkumi “Tavba” sarlavhasi bilan kiritilgan) sonetlar turkumini sharhlab yozgan maqolam “Mohiyat” gazetasida bosildi, Rauf aka o'qib xursand bo'ldi: “She'rlarim haqida loaqal o'nta shunday maqola yozsangiz edi”, degandi mayin jilmayib.

She'riyati to'g'risidagi maqolalarga Rauf aka befarq emasdi. Botirxon Akramovning “Mohiyat”da bosilgan “She'riyatning hurriyat burji” maqolasini ham, Ulug'bek Hamdamning “Yozuvchi” gazetasida chop etilgan “Tadrij” essesini ham katta qiziqish bilan o'qigan. Botirxon aka Rauf akaning she'riyatiga munosabatini bilar, she'riyatiga bag'ishlangan salmoqli ilmiy asar yozganidan ham xabardor edi. Ulug'bek Hamdamning essesi bilan tanishgach, “she'rlarimga bag'ishlangan katta ilmiy ishning bir qismi bo'lsa keragov” degandi umidvorlik bilan.

Rauf aka ashaddiy kitobsevarlar sirasidan bo'lib, tanlab, saralab o'qirdi. Shekspirning asarlaridagi monologlarni yodlashni ham maslahat berardi.

“Tavba” sonetlar turkumi to'g'risidagi maqolam Rauf akaga manzur bo'lganidan qat'iy nazar asil-tub mohiyatini ochib berolmaganimni meni ayabmi, boshqa biron mulohaza-andishaga boribmi, aytmagan. Holbuki, aytsa, yaxshi bo'lardi. Rauf aka deyarli qattiq gapirmasdi. Juda go'zal she'rlar yozgani holda duch kelgan shoirga kuchlimi-o'rtamiyonami, tanilganmi-tanilmaganmi, bundan qat'iy nazar “sening yozganlaring she'r emas”, degan gapni aytmagan.

Darvoqe, “Tahammul” to'plamim bilan ilk bora tanishgach, “Bunday to'plamlarning kerak bo'lsa yigirmatasini bir o'tirishda yozib tashlayman” degan bo'lsa ham “Munojot” qo'lbola to'plamim bilan tanishgach, “Tahammul”ni boshqatdan o'qishim kerak. Mana shunday oliy poklikni mo'ljallagan holda she'rlar yozavering”, – deya ko'nglimni ko'targan. Shuning uchun ham uni shohu gado baravar e'zozlar, hatto oyog'iga bosh urishga tayyor turardik.

Rauf aka noshirlardan biri bilan suhbatda she'riy san'at haqida risola yozmoqchi ekanini aytgan. “She'riy san'at” deganda nimani nazarda tutgan? Uning she'rlaridan shu savolga javob qidiraman. Rauf akaning she'rlarida his-tuyg'u, iztirob-alam, isyon-g'alayon, hukmfarmolik – zamona ustidan, zamona illatlari ustidan ayovsiz xukm chiqarishni ko'raman. Rauf aka shunchaki she'r yozmaydi, aksincha har bir satrida o'rtanadi, qiynaladi, iztiroblarini she'riy misralarga singdiradi. Kimlardir biron-bir chiroyli gap aytish uchun, biron-bir hikmatni, topilmani barchaga havola qilish uchun she'r aytsa, Rauf aka faqat dardini she'rga soladi. Rauf akaning she'rlari ijtimoiy lirikaning go'zal namunalari. Tug'ma iste'dod sohibi ermak uchun emas, balki bulbulday yonib kuylamasa, yuragi yorilib o'lishi muqarrar ekani uchungina qo'liga qalam oladi.

Rauf aka “Barno Bonu” she'rida yozadi:

Sen qo'rqmading haqiqatdan, bu yovdan,
Xiyonatning botqog'iga sanchilding.

Haqiqatdan qo'rqish kerakmi? Barchamiz haqiqat tarafdorimiz. Biroq haqiqatning ko'ziga tik qarash kerak bo'lganida imkon boricha chap berishga, bo'yin tovlashga urinamiz. Chunki haqiqat o'z oti o'zi bilan haqiqat, ro'y-rostlik, uning ziyosi, tafti bamisoli quyosh otashidan ko'r qilishi hech gap emas. Shu bois, to'g'ri so'zning to'qmog'i bor, degan naql yuradi.

Inson haqiqatning ko'ziga tik qarashga ko'nikmaguncha, illatlardan, binobarin kulfatlardan, balo-qazodan holi yashay olmaydi.

Rauf aka ijodining so'nggi o'n yilligiga xos xususiyatlardan biri – umrining so'nggi o'n yilligida rosmana munojot qilishga, tavba-tazarruga berilgani. Sirtdan mayparastday ko'ringani bilan aslida rosmana taqvodorga aylanganini qator she'rlari isbotlaydi. To'g'ri, Rauf aka masjidlarga borib, el qatori tavba-tazarru qilib, sajdaga bosh qo'ygan mo'min emas. Umuman, “mo'min” sifatlovchisi Rauf aka bilan mutlaqo qovushmaydi. Biroq Rauf aka botinan, siyratan shu darajada “mo'min” ediki, bunday pokiza mo'minlik, bunday pokiza taqvodorlik, bunday pokiza tarkidunyochilik, pokiza darveshlik musulmonlik da'vo qiluvchi aksariyat “mo'minlar”ning hatto etti uxlab tushiga ham kirmasligi shubhasiz. Shu bois shoir yolg'iz Allohga qayta-qayta munojot qilganiga shubha yo'q. Rauf aka yolg'iz kezlarda ham, gavjum davralarda ham qalban hamisha Alloh bilan bo'lgan.

Shoir 90-yillarda qator she'rlarida o'ziga payg'ambarona vahiy ingani haqida yozadi:
Tangritog'dan vahiy keldi, qayrildim…

(“Barno Bonu”.)

Vahiy keldi menga, chirpandi yurak

(“Sensiz”.)

Rauf aka sho'ro mafkurasi kuchaygan 80-yillardayoq iymon yalovini ko'targandi. Mashhur (akamning mashhur bo'lmagan she'rlari sanoqli!) «Og'riq» she'rida yozadi.

Rauf PARFI:

So'z mening ko'ksimga sanchilar, hayhot,
Shovulla, gurkira, hayot nafasi.
Ruhga iymon bergil, ey qodir hayot,
Qizg'onma sehrning samoviy sasin…

Rauf aka nainki haqtalab, haqiqattalab, balki iymon-e'tiqod talab shoir bo'lgani shu misraning o'zidayoq yaqqol ko'zga tashlanadi. Kommunistik e'tiqod, sovet vatanparvarligi, partiyaviylik, kollektivizm zo'r berib targ'ib qilinayotgan, kommunistik e'tiqod hatto ilohiylashtirilgan «qizillar» zamonasida, din-diyonat siquvga olingan, odamlar masjidlarga qo'rqa pisa boradigan qaltis davrda iymon-e'tiqodni she'rga solish uchun shoirdan juda katta jasorat talab qilinardi. Shukrlar bo'lsinki, Rauf aka shoirlikni qismat deb bilar, boshiga qilich kelsa ham haqiqatni aytishdan qaytmaydigan sobit e'tiqodli shaxs edi.

“Rauf Parfi metaforalarining o'ziga xosligi ularning qamrovida va mavzuga mayin, tabiiy romantik ohangdoshligida. Shoirning ilk she'rlaridan biri chiroq haqida edi. U chiroqni metaforaga asos qilib olib, uning hamma sifatlaridan keng qamrovli foydalanadi.chindan ham tungi chiroq ko'p xilma-xil hislarning ramzidir: unda hasrat ham bor, o'ychan jimlik ham bor, yonish ham bor, yorug'lik ham, dard, umid, yolg'izlik ham bor, bardosh ham… u quyosh navbatni olguncha yonadi”.

Rauf akaning bu metafora – o'xshatishi, mubolag'asi Asqad Muxtorning ham ijodiy tafakkuriga turtki bergani yuqoridagi misoldan ko'rinib turibdi.

Bu shoir ijodiy tafakkur sohibi bo'lishi zarurligini ko'rsatadi. Aksariyat omma uchun shunchaki nur manbai bo'lgan chiroqda “dard, umid, yolg'izlik, yorug'lik, bardosh ham bor” deydi Asqad Muxtor Rauf Parfining “Chiroq” she'rini tavsiflash asnosida.

Asqad Muxtor Rauf Parfi she'riti haqida:

“Rauf Parfi poeziyada murakkab va dinamik metaforalar usulini tanladi”.

“Metaforalar shoirni murakkab assotsiativ tafakkurga olib keladi. Shuning uchun ba'zilar Rauf Parfini o'ta murakkablikda ayblaydilar. Meningcha, muvaffaqiyatli she'rlarda murakkablik yomon emas. Kitobxonni o'ylatmaydigan, hayajonga solmaydigan, osongina o'qiladigan jo'n she'riyatga o'rgatish ham yaramaydi”

“Fikri his bilan yo'g'irib, satrda unga she'riy hayot bag'ishlashga intiladi. O'zi aytganiday, “o'ylarini qiynab o'ylaydi”.

“Rauf Parfining ko'p she'rlari o'ziga va boshqalarga murosasiz ma'naviy aybnomalardir. “Soya” she'rida vijdonga xilof qilingan har qanday ishning bir umr odamning izidan soyadek ergashib yurishi fojiiy qismat darajasiga ko'tariladi”.

“…eng emotsional poeziya ham vazifa va mohiyat e'tibori bilan siyosiy masaladir, she'r – shoirning ijtimoiy vijdoni”.

“Talant stixiyasini ham idrok ila boshqara bilish lozim” (I.Kant).

“Traditsiya poeziyaga chetdan kelib qo'shiladigan element emas, u har bir yangi she'riyatning ich-ichiga singishgan, uning eng yaxshi xususiyatlarini belgilovchi ruhiyatdir. Shuning uchun shoirlarni “Traditsion shoir” va “Novator shoir” deb ikkiga ajratish uncha to'g'ri bo'lmasa kerak. Traditsiyasiz hech qanaqa shoir, qech qanaqa izlanish, hech qanaqa novatorlik yo'q”.

“Rauf Parfi hissiyot vositasida tafakkur qiluvchi, kuchli, behalovat shoir”.

“Poeziyada yangilik traditsiyalarning taraqqiyotdagi ko'rinishidir yoki aniqrog'i – traditsiyalarni chuqur bilish mevasidir”.

«Muktibodh» manzumasi Rauf akaning eng muvaffaqiyatli chiqqan manzumalaridan. Abdulla Oripovning «Armaniston»i bilan bellasha oladigan sonetlar turkumi. Rauf akaning, umuman, yirik shoirlarning shoh asarlari davrning ayovsiz solnomasi. «Muktibodh»da:

Tili kesilgandek chuldirar birov,
Suvab, chalpib borar bosgan izini.
Unga odam zoti kela bilmas dov,
G'ayri tilda aytar Vatan so'zini.

Sho'rolar davrida respublikamizning nainki yuksak minbarlaridan, hatto kichik-kichik korxona, jamoalarida ham majlislar rus tilida olib borilar, ma'ruzalar, munozaralar rus tilida qilinardi. Rauf aka «Vatan so'zining g'ayri tilda aytilishiga» qarshi isyon ko'taradi.

-Nahotki shu malomatingizni o'tkazib yuborishgan,- deb so'raganimda,

-Avvaliga nimaga shama qilganimni payqashmagan, biroq keyinchalik bilib qolishgan, – degandi mamnun jilmayib.

Bu «bilib qolish» tagida nima yotganini, shoir sho'rolarning, bfori mansabdorlarning shotirlari tomonidan qanchalar siquvga olinganini tasavvur qilaverasiz…

Biroq raufona she'riy tafakkurning teranligi shundaki, «Vatan so'zini g'ayri tilda aytish» yolg'iz begona millat tilida ma'ruza qilish bilan cheklanmaydi. «Vatan so'zi» iborasining mazmuni teran va keng qamrovli. Bu ibora tilga olinganda, «iymon, e'tiqod so'zini» g'ayricha talqin qiluvchilar ham beixtiyor ko'z o'ngimizda gavdalanadi.

Umuman, yirik ijodkorlar hamisha hukmron doiralar bilan kelisha olmagan, murosasiz ziddiyatda bo'lgan. Chunki zamon hamisha hukmron doiralarning dastida, hukmifarmonida.

Bayronning:

Tojdor mahluqlarga emning o'zi kam,
Tishlamoq va qopmoq istaydi ular,

aybnomasini Rauf aka «Bayronning so'nggi safari» sonetlar turkumiga singdirib yuborgan. Bu mustabidlik, yakka hokimlik zo'ravonligi, jabr-zulmiga qarshi isyon-g'alayon.

Rauf aka «Bayronning so'nggi safari» manzumasini yozgani bejiz emas. Olimjon Bo'riev suhbatlardan birida Rauf akaga murojaat qilib, yanglishmasam «Don Juan»ni faqat siz tarjima qila olasiz», degandi. «Manfred» tarjimasi ham chakki emas. Biroq bu tarjimadan Rauf akaning ko'ngli to'lmasdi.

-Imkon topib, qaytadan ko'rib chiqishim kerak, -degandi shu xususdagi suhbatlarimizdan birida.

Rauf aka Abdurahmon Vodiliyning «Yozuvchi» nashriyotida chiqqan kitobiga dastxat yozib bergani yodimdan chiqibdi. Shu kitobchani varaqlayotib, akamning dastxatiga ko'zim tushdiyu ko'nglim buzildi. «Do'stim, shoir Abdul Hamidga tuzuvchidan. Rauf Parfi» deya lotin alifbosida yozilgan dastxatiga ko'zim tushib, o'zini ko'rganday bo'ldim. Yozilgan sanasi ko'rsatilmabdi. Yanglishmasam, Do'rmonda yozib bergandi. Yanayam, Vallohi a'lam – Xudo biladi.

Hozir Rauf aka yonimda bo'lganida juda ko'p savolar bergan bo'lardim. Jumladan, she'riy san'at masalasidagi fikrlarini bilishga intilardim. Hayotiy mavqeidan boxabarman: akam hech kimga ixtiyorini topshirmasdi.

Juda erkin fikrlaydigan, erkinlikni xush ko'radigan shoir – Rauf Parfi. Akam tinchgina qabrida yotibdi deganlar yanglishadi. Uning ruhi ham beorom. Shoir nainki hayotligida, hatto vafotidan keyin ham halovat topa olmaydi. Uning baxti fojiasida. Shunday qismatning nima keragi bor deya savol berish bamisoli shirk keltirish bilan barobar. Halovatsiz, huzursiz, biron bir imtiyozsiz, na tayinli boshpana, na tayinli maosh, na biron bir mansab. Yanglishmasam, Shayxzoda singari Rauf aka ham hukumat medal'-ordenini olmagan. Garchi turli mukofotlar laureati bo'lsa ham. Biroq na sho'rolar davri, na mustaqil O'zbekistonning medal'-ordeni bilan taqdirlanmagan. O'zbekiston xalq shoiri unvoni istisno, albatta. Biroq bu unvonni ham g'ayriixtiyoriy tarzda olgan. Unvon ulashish bilan shug'ullanuvchi mutasaddi rasmiy tashkilotlarning karchalon-qarchig'ay peshvolari g'aflatda qolgani uchun ham akam shu unvonni olishga sazovor bo'lgan. Aksincha duch kelgan qofiyaboz peshonasiga yopishtirib olgan shu unvonni ham ololmay o'tib ketardi.

Akam unvonlardan, medalu ordenlardan juda baland Shaxs. Ustozlardan biri katta mukofot olganda hovliqib, Rauf akaning guvohligida:

-Tez tabriklagani boraylik, – deb hovliqqanim uchun o'zimni kechira olmayman. Rauf aka o'shanda «Namuncha hovliqmasang! Ba'zan qanday “xizmatlar” evaziga bunday mukofotlar berilishini bilasanmi, galvars», deyishi mumkin edi. Hovliqishimni ko'rib, shu ma'noda ijirg'angan. O'shanda Rauf akaning o'rinli ensasi qotganini ko'r-ko'rona «ko'rolmaslikka, hasadga» ham yo'ygandim men nodon. Holbuki, ayrim kimsalar e'tiqodini, iymonini, iste'dodini, binobarin xalqini, oxir-oqibat Xudoni sotish hisobiga allaqanday mansablarga, mukofotlarga savzovor bo'lishlarini keyinchalik angladim.

Yashash juda og'ir. E'tiqodingga, imonga dog' tushirmasdan yashash oson emas. Buning uchun kimningdir qo'liga muhtoj bo'lmaslik chorasini ko'rish, Xudoni unutmaslik kerak, mansabga, shon-shuhratga mutlaqo uchmaslik kerak. Yaltoqilikdan ham saqlanish zarur. Toki beixtiyor sha'nimizga tavqi la'nat tamg'asi bosilmasligi uchun. Juda ko'p mayda-chuydalardan voz kechish, butun diqqat-e'tiborni asosiy faoliyatga baxshida etish kerak. Aksincha, juda katta boy berish bo'ladi. Sportchilar kuniga sakkiz-to'qqiz soatlab mashq qiladilar. Men ham kuniga kamida besh-olti soat faqat badiiy ijod bilan, badiiy ijodga ko'maklashadigan mashhulotlar bilan shug'ullanishim shart.

Rauf akaning «Bayronning so'nggi safari» turkum sonetlarini qayta-qayta o'qib, uqishga urinyapman va ilgari men payqamagan fazilatlarini kashf etyapman.

Ayni shu she'rda Rauf akaning shoirona jur'at-jarosati yaqqol ko'zga tashlanadi. So'nggi sonet garchi shoirning o'z kuchiga ishonchsizlik bilan boshlanganday tuyulsa ham aslida keyingi mardona ie'tiroflar buning aksini isbotlaydi:

Nahot, yovuz bo'ron xasdek uchirgay?
Qaynar tomirida otashin qonlar.
Qahrim quyunlarning izin o'chirgay,
Poyimda yoturlar qora bo'ronlar.

Bu qahrli jasorat ila yo'g'rilgan satrlar garchi Bayron tilida aytilgan bo'lsa-da, Rauf Parfining qalami ila bitilgan, uning ma'naviy-ruhiy olami, ilhomining mevasi, binobarin, ijtimoiy illatlarga murosasiz, adolatning g'alaba-tantanasi uchun kerak bo'lsa hatto boshini ham tikishga qodir, Yovuzlik ila basma-bas bellasha oladigan va hatto uni adolatli ravishgda toptay oladigan kuch-qudrat sohibi – Poyimda yoturlar qora bo'ronlar – bo'lgan shoir ekanini e'tirof etadi.

Ayni shu turkumning dastlabki sonetda shoir o'zini qiyin-qistovga olib, keskin savo l qo'yadi:

Qayda jasoratim, qayda jur'atim,
Qayda u cheksizlik, samoviy hislar?!

Rauf aka mirbar shoir emasligidan qat'iy nazar da'vatkor shoir:

Qani, ey, dolg'alar, qani, to'fonlar,
U kabi g'azabga to'lingiz, hayhot!

«Shoir – erk o'g'loni, nomus sarvari» deya hayqiradi Rauf Parfi. Rauf akaning she'rlarida «intiqom», «qasos» singari, g'ayrat-shijoat, jangovarlik, kurashlarga tashnalik ufuradigan kalomi shariflar tez-tez uchrashi bejiz emas. Binobarin, shoir «xo'rlangan hamshirasi» – mustamlaka Vatani, ikki tomonlama ezilgan-haqoratlangan ona xalqining qadr-qimmati uchun, adolat tantanasi uchun, Vijdon, Imon, E'tiqod tushunchalari qaror topishi uchun intiqom-qasosga shaylangan. «Erk o'g'loni, nomus sarvari»ning boshqacha yo'l tutishi mumkin emas.

Bu sonetlar turkumiga Bayronning:
Cho'kib bormoqdasan ko'zim o'ngida,
Alvido, alvido, ey, ona diyor,
satrlari epigraf qilib olingan.

Yunon sari yuzlangan Bayron bu vido satrlarini kemada yozganidan qat'iy nazar sinchiklab nazar tashlasak, yangidan-yangi tagma'nolarni kashf qilamiz. Yohud Rauf aka Bayronning bu satrlarini serma'no qilib o'zbekchalashtirgan. Safarga otlangan kishining ko'z o'ngidan vatani g'oyib bo'lishi ma'nosidagi bu satrlarda ona Vatanning ijtimoiy adolatsizliklar chohi-o'pqoniga, tubanliklariga cho'kib, g'arq bo'la borishi ma'nosi ham mavjud.

Abduhamid PARDAEV

facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort