O’zbekiston Xalq Harakati

Tashkent City – “Sirli” investorlar kimlar?

Tashkent City – “Sirli” investorlar kimlar?
19 Eylül 2018 - 15:49 'da yuklandi va 623 marta o'qildi.

Bi-Bi-Si radiosining xabar berishicha, Londonda e'lon qilingan tadqiqot Tashkent City qurilishi bilan bog'liq qator savollarni o'rtaga chiqargan.

Tadqiqot muallifi, Londondagi Sharq va Afrika tadqiqotlari Universitetidan Alisher Ilhomovning yozishicha, 1.3 milliard dollarlik loyihaga jalb etilgan xorijlik investorlar va tenderlar borasida etarli ma'lumotning yo'qligi loyiha qanchalik shaffof, degan savolni paydo qilgan.

Muallif mytashkent.uz saytidagi ma'lumotga tayanib, Tashkent City qurilishi borasidagi printsipial qaror hali 2015 yildayoq qabul qilingani haqida yozadi.

Saytdagi ma'lumotga ko'ra, Toshkent markazidagi 80 gektarga yaqin maydonda qurilishi rejalangan majmua doirasida poytaxtning “Olmazor” va “O'qchi” mahallalaridagi hovli-joy va noturar joy inshootlarini buzish ishlari Toshkent shahar hokimining 07.01.2015 yilda qabul qilingan 5-sonli qarorida belgilangan.

O'sha yilning bahorida ushbu hududdagi aholini ko'chirish ishlari boshlab yuborilgan va 12 ta hovli to'la, yana 88 ta hovli qisman buzilgan.

Tadqiqotdan ma'lum bo'lishicha, Tashkent Cityni qurish bo'yicha hukumat qarori buzish ishlaridan bir yil o'tib, 2016 yilda qabul qilingan.

Biroq qaror loyihasi internetda mavjud emas.

Alisher Ilhomov poytaxt hokimining 07.01.2015 yilda imzolangan 5-sonli qarori ham bironta ham huquqiy ma'lumotlar bazasida mavjud emasligiga e'tibor qaratadi va ” bu ma'lumot qasddan olib qo'yilmaganmikan?” degan savolni qo'yadi.

Ammo bu Tashkent City loyihasini tadqiq qilish jarayonida paydo bo'lgan yagona savol emas.

“Sirli” investorlar

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 28 iyulida qabul qilingan 559-sonli qarorida “Tashkent city” qurilishini xayriya jamg'armalari, investorlarning mablag'lari, kredit va qonunda taqiqlanmagan boshqa manba'lar hisobidan moliyalash ko'zda tutilgan.

Bularning ichiga hovlilarni buzish va aholini yangi uylarga ko'chirish xarajatlari ham kiradi.

Hukumat qarori bilan bu xarajatlarni qoplaydigan investorlar va boshqa manba'larni topish “Tashkent city” davlat unitar korxonasi zimmasiga yuklangan.

Korxona “Tashkent city” hududidagi turli kattalikda bo'lgan 8 ta maydonchani investorlar o'rtasida taqsimlashdan avval loyiha bosh rejasini tasdiqlagan.

Tadqiqotda loyihaning ushbu bosqichi tanlov asosida amalga oshirilgani va 8 ta rejadan Turkiyaning Tabanlıoğlu Architects shirkati taqdim etgan bosh reja tanlab olinganiga e'tibor qaratiladi.

Bu Turkiyaning yirik inshoot shirkati, ammo Ilhomovning aytishicha, Tabanlıoğlu “Tashkent city”da investormi yoki pudratchi sifatida qatnashishi ma'lum emas.

“Biz ochiq manba'larda bu shirkat bilan shartnoma qanday shartlarda tuzilgani, u investormi yoki pudratchimi, shuningdek, uning ishtiroki bosh rejani ishlab chiqish bilan cheklanganmi yo-da qurilish ishlarida ham qatnashadimi, degan savollarga javob topolmadik. Hech qanday tafsilot yo'q”, – deb yozadi muallif.

Loyihaning boshqa ishtirokchilari ham londonlik tadqiqotchida savollarni uyg'otgan.

Jumladan, 3- maydoncha (lot) bo'yicha investor sifatida qayd etilgan Germaniyaning Hyper Partners GmbH shirkati atigi bundan ikki yil avval ro'yxatdan o'tgan va bor-yo'g'i uch xodimi bor va o'zining veb-saytiga ham ega emas.

Shirkatning Nizom Jamg'armasida atigi 25 ming evro mablag' bor.

“Bu shirkat investitsiyani qaerdan oladi? Agar bankdan kredit oladigan bo'lsa, bu nizom jamg'armasi bilan jiddiy mablag' olinishiga shubhamiz bor”, – deydi Alisher Ilhomov.

U loyihaga jalb etilgan yana bir investor-Britaniyaning Corso Solutions LP shirkati borasida ham xuddi shunday savollarga duch kelgan.

2017 yilda ro'yxatdan o'tgan bu shirkat ham o'zining veb-saytiga ega emas va uning ta'sischilaridan biri nizom jamg'armasiga bor-yo'g'i 99 funt sterling yoki 130 AQSh dollari miqdorida vznos kiritgan.

Ilhomovning aytishicha, Britaniya reestrida Corso Solutions LP shirkatiga oid bironta ham moliyaviy hisobot yoki xodimlar soni borasida ma'lumot topilmagan.

Boshqa investorlarning ham qancha va qanday shartlarda investitsiya kiritayotganlari ham noma'lum.

“Loyiha mo'ljallangan 2021 yilda qurib bitkazilgani taqdirda ham, uni amalga oshirish yo'sini, shaffolik andozalarining ta'minlanishi, tenderlar, raqobatbardoshlik va ochiqlik borasida ko'plab savollar javobsiz qolmoqda. Bu kabi savollar xoynahoy, xalqaro kuzatuvachilar, jiddiy sarmoyadorlar va ularga maslahat beradigan siyosiy risklarni baholovchi konsalting shirkatlarida ham paydo bo'ladi”, – deya xulosa qilgan Alisher Ilhomov.

Uning Bi-bi-si bilan suhbatda aytishicha, yuqoridagi holatlar ushbu xorijiy shirkatlar ortida butunlay boshqa shaxslar turmayaptimikan, degan savolni paydo qilgan.

“Agar shunday bo'lsa, nega ular o'zini ochiqlamayapti?”, – deya savol qo'yadi Alisher Ilhomov.

Bi-bi-si tadqiqotda ko'tarilgan savollar yuzasidan “Tashkent city”ma'muriyatiga murojaat qildi.

Ma'muriyat vakili investorlar bo'yicha ma'lumotlar etarli ekanini aytib, savollarga eng qisqa muddatda javob berishni va'da qildi, ammo Bi-bi-si hozirga qadar javob olgani yo'q.

O'XH axborot bo'limi

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

 Ushbu xabarga qoldirilgan izohlar

( 1 Yorum )

  • MUSO ;

    Buning ortida islom dini va musulmonlarga karshi turadigan izrail, Aksh, rf aligarxlari turibdi!!!

    20/09/2018 18:16
istanbul escort