O’zbekiston Xalq Harakati

Amir Temur davrida madaniy diplomatiya va uning o'ziga xos xususiyatlari

Amir Temur davrida madaniy diplomatiya va uning o'ziga xos xususiyatlari
24 Ocak 2019 - 15:04 'da yuklandi va 296 marta o'qildi.

Amir Temur xalqaro munosabatlarni rivojlantirishda madaniy diplomatiyaning “yumshoq kuchi”dan samarali foydalanilgan.

Madaniy diplomatiya azaldan odamlar, ong va qalblarni birlashtiruvchi muhim kuch hisoblanib kelgan. Bir yurtimizda sodir bo'lgan IX-XII asrlarda sodir bo'lgan Uyg'onish davrida ham ana shu “yumshoq kuch” ushbu jarayonni kuchaytiruvchi muhim omil bo'lib xizmat qilganini ko'rishimiz mumkin. Bugungi kunda “yumshoq kuch” deb ta'riflanayotgan bu soha mamlakatlar o'rtasida muhim ko'prik vazifasini bajarib kelmoqda. Ayniqsa, bu omil urushlar rivojlangan davrda diplomatik munosabat o'rnatishning muhim instrumenti hisoblangan.

O'sha davrda Amir Temurning madaniy diplomatiyasi Sharqning turli davlatlari manfaatlarini rivojlantirish, intellektual elita va xalqlar o'rtasida o'zaro muloqotni yaxshilash uchun diplomatiyaning muhim qismi bo'lib kelgan. Amir Temur turli davlatlarga borganda o'sha erlarning nufuzli shaxslari, siyosiy elitasi va ulamolari bilan muloqotga kirishgan, ularga alohida e'tibor qaratgan. Amir Temurning ilm-fan va madaniyat vakillariga bo'lgan e'tibori albatta kishilar onggiga kuchli ta'sir ko'rsatgan va uning davlatining obro'-e'tibori oshishiga xizmat qilgan.

Shuningdek, u madaniy va intellektual elitaning eng bilimdon va tajribali vakillarinii Samarqandga taklif etgan. Samarqandda ularga maxsus uy-joylar qurilgan, yuqori maoshlar tayinlangan, ilmiy loyihalariga homiylik qilingan. Uning bu hatti-harakatlari oqibatida davlat va davlat rahbari haqida Sharq dunyosida tasavvur va iliq munosabatlar paydo bo'lgan. Shu tufayli ko'plab olimlar o'zlari istab madaniy diplomatiyaning muhim markaziga aylangan Samarqandga kelishgan. Aslida bu hatti-harakatlarda xalq diplomatiyasining katta o'rni yaqqol ko'rinib turadi. Temuriylar davrida madaniy diplomatiya kuchli rivojlangandi. Ular ham turli olimlar, san'at va madaniyat namoyandalarini Samarqand, Xirot va Sherozga taklif qilishgan va ularga etarli shart-sharoitlar yaratilgan.

Ba'zi olimlar “yumshoq kuch” nomini olgan madaniy diplomatiya “yaqin ikki yuz yildan oshiq vaqt mobaynida paydo bo'lgan” deb hisoblashadi. Aslida diplomatiyaning bu sohasi chuqur tarixiy ildizlarga ega. Amir Temur davrida qo'llanilgan “yumshoq kuch” davlat manfaatlarini rivojlantirish, ijtimoiy-madaniy hamkorlikni kengaytirish va mamlakatlar va xalqlar o'rtasida o'zaro tushunishni yaxshilash uchun muhim diplomatik amaliyotga aylandi.

Amir Temur davrida boshlangan keng masshtabli qurilish va iqtisodiy munosabatlar, barcha sohalarga bo'lgan talablarning ortishi xorijiy kadrlarni jalb qilishni talab qildi.

Ushbu davr mobaynida madaniy muloqot amaliyoti keng tarqaldi. Sharq intellektual elitasi – taniqli olimlar, me'morlar, usta-hunarmandlar, tabiblar va boshqa jamoat arboblari o'zlarining ko'zlari bilan “buyuk ijtimoiy tajriba”ni ko'rishga intilganlar. O'sha paytda G'arb va Sharqda muhim madaniy va ilmiy markaz rolini bajargan Samarqandga olimlarning o'zi ham havasmand edi. Samarqand, Xirot, Sheroz va boshqa shaharlar haqida tarqalgan ijobiy ma'lumotlar muhiti bunga sabab bo'lgandi. Amir Temur va Temuriylar bilan birga mamlakatda faoliyat yuritgan xorijlik olimlarning o'zlari ham xalq diplomatiyasi namoyondalari sifatida o'zlari ko'rgan-bilgan, eshitgan olimlar bilan muloqotga kirishib, ishonchli kishilari orqali va shaxsan o'zlari turli shahar va o'lkalarning mashhur va bilimdon olimlarini Samarqandga taklif qilishardi. Bu holat madaniyat, hunarmandchilik, me'morchilik va san'atda ham kuzatilgandi. Amir Temur davlatida xalq diplomatiyasi o'zining yuksak ravnaqiga erishgandi.

Madaniy diplomatiya doirasida mehmondo'stlikning o'ziga xos texnikasi alohida ahamiyatga ega edi. Samarqand siyosiy elitasi bilan mehmonlarning uchrashuvlari, munozaralar, ulug'vor tantanalar tashkil etildi. Shaxsan Amir Temurning o'zi madaniyat va ilm namoyondalari bilan doimiy munozaralar qilib turar va ularning hurmat-izzatini o'z joyiga qo'yar edi. Ayniqsa, mamlakat ravnaqi va erishgan ulkan yutuqlar, chiroyli inshootlar qurilgan erlarda turli mamlakatlardan kelgan elchi va diplomatik korpus oldida namoyish qilindi. Bu omillar Amir Temur davlatining ijobiy qiyofasini yaratish uchun muhim vosita bo'lib xizmat qilganini alohida ta'kidlab o'tmoqchimiz.

Amir Temur ana shu olimlar, madaniyat va fan sohalarining vakillari bilan uchrashuvlar o'tkazib, turli masalalarni muhokama qilgani haqida tarixdan ko'plab misollarni keltirish mumkin. Uning majlislari aslida madaniy diplomatiyaning muhim kuchi bo'lib xizmat qilgandi.

Amir Temur va Temuriylar davlatida madaniyat, fan va san'at orqali xalqaro maydonda davlat manfaatlarini ilgari surish va targ'ib qilish nuqtai nazaridan madaniy diplomatiya rivojlantirilgan.

Qizig'i shundaki, Amir Temurning madaniy diplomatiyasi Sharq davlatlarida istiqomat qilayotgan xalqlar tomonidan faol qo'llanila boshlandi. Jamiyat a'zolarining aynan o'xshash e'tiqod, moddiy qadriyatlar, mafkura, urf-odatlar va turmush tarzi ham ana shu sohaning gullab-yashnashida muhim omil bo'lib xizmat qilgan.

Bu jarayonlarning informatsiyalarining tarqalishida Buyuk ipak yo'lidan turli mamlakatlarga borgan va kelgan elchilar, sayyohlar, savdogarlar, harbiy qismlar va boshqa tabaqa vakillari muhim rol o'ynagan edilar. O'sha davrda global tarmoqlar va transport vositalari oddiy bo'lgan bo'lsa ham mamlakatlar va xalqlar o'rtasida boshqa davlatlardagi ahvol haqida ovozalar tez tarqalgan. Bu ham o'rta asrlarda Sharq dunyosida informatsiya almashinuvi yaxshi bo'lganini anglatadi.

Shuningdek, Amir Temur davrida kechgan migratsiya to'lqinlari ham ana shu jarayonlarning targ'ibotida muhim omil bo'lib xizmat qilgan.

Madaniy diplomatiya asosiy maqsadlarga erishish va Amir Temur tashqi siyosatining samaradorligini oshirishga katta hissa qo'shgan. Tashqi siyosat mexanizmining moslashuvchan va samarali vositalaridan biri bo'lgan madaniy aloqalar butun dunyoda Amir Temurning ijobiy va obro'-e'tiborini shakllantirgan.

Shu ma'noda, madaniyat, tashqi siyosat vositasi sifatida, shu jumladan, insonlar o'rtasidagi uzoq muddatli aloqalarni yo'lga qo'ya olgan.

Turli mamlakatlardan yig'ilgan, bir xil va o'zlariga yaqin bo'lgan soha vakillarining o'zaro tushunishi, axborot olishi, qadriyatlar, an'analar, e'tiqodlari, shaxsiy va madaniyatning boshqa jihatlarini uyg'unlashtirilishi ham madaniy diplomatiyaning muhim qismi hisoblangan.

Aslida madaniy diplomatiya davlat diplomatiyasining ajralmas qismi bo'lib, xalqlar o'rtasidagi madaniy hamkorlik sohasidagi strategik va taktik maqsadlarga ega bo'lgan amaliy harakatlar majmui hisoblanadi. Madaniy diplomatiya Amir Temur davrida elita diplomatikasi ko'rinishida ham mavjud bo'lgan. Xususan, siyosatchilar, elchilar, sayyohlar va boshqalar bilan birga milliy diplomatiya tobora muhim ahamiyatga ega bo'lgan va bu munosabatlar oddiy odamlar o'rtasida keng miqyosdagi madaniy muloqotlarga samarali ta'sir ko'rsatgan.

Amir Temur salnatatida global madaniyatning ilk kurtaklari shakllangan. Yuqorida ta'kidlaganimizdek, madaniy diplomatiya orqali Amir Temur davlati haqida ijobiy ma'lumotlar tarqalgan. Eng muhimi turli mintaqalardan kelgan olimlar o'zaro bir-birlarini tushuna olishgan va ular bir maqsad yo'lida birlashishgan.

Amir Temur davrining madaniy diplomatiyasining asosiy xususiyatlaridan xalq diplomatiyasi orqali uzoq muddatli aloqalar o'rnatish, madaniy va ilmiy almashinuvlarni ta'minlanganligidadir. Ana shu madaniy aloqalar xalq diplomatiyasini ham o'zida ifoda etar edi. Amir Temur davridagi madaniy faoliyat madaniy siyosatni o'zida ifodalar edi.

Aslini olganda, “madaniy diplomatiya” “ta'sir diplomatiyasi”ga aylangandi. Amir Temur madaniy diplomatiya orqali davlatning muvofiqlashtiruvchi rolini bajardi. Amir Temur madaniy diplomatiyasining ustuvor yo'nalishlaridan biri madaniy, ilmiy aloqalarning doimiy ravishda kengayib borishiga erishish hisoblanar ekan, biz bu jarayonlarni Samarqand, Hirot, Sheroz, Qobul va Hindiston misolida kuzatishimiz mumkin.

O'ljaeva Shohistaxon Mamajonovna
Tarix fanlari doktori, professor
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Gumanitar” fanlar kafedrasi

facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort