O’zbekiston Xalq Harakati

Insonning aqli bovar qilmas hodisalar ro'y berayotgan edi

Insonning aqli bovar qilmas hodisalar ro'y berayotgan edi
08 Şubat 2019 - 8:00 'da yuklandi va 606 marta o'qildi.

Islom XOLBOY

Fe'lim mening, a'molim mening… 

Subhanolloh, bu ne nafsi laim,
Nafsni qo'ygil, ne azobi alim.
Ro'zi uchun muncha fusunsozliq,
Mansab uchun muncha dag'obozliq.

Alisher Navoiy

To'qqizinchi bob

Etti uxlab tushiga kirmagan voqealar Targ'ilning boshini gangitdi. Bir ag'anab odamga aylansa, barchasini unutadi. U itlik dunyosida ko'rganlarini xotirasida saqlashga bekorga urinyapti. Quryozagul shamollash uchun chiqmaganda, u yana nima xayollar bilan andarmon bo'lardi, Tangriga ayon. Uni ko'rib o'ylari uvadasi chiqqan chovutdek to'zg'idi. Quryozagul ham turgan joyida qotib qoldi. U kelin bo'lib tushganidan buyon hovliga begona it yoki mushuk yo'laganini ko'rmagandi. Qushlarning bezbeti zag'izg'on bilan mayna Qoratumshuqning ovozini eshitsa, potillagancha uchib qochardi.

Targ'il ayolning ko'zlariga odamniki singari o'rtanib boqdi.

– Tur, yo'qol, ko'zlari teshilgurning nigohi odamni ko'ksini teshadi-ya! – deya u ko'ppakka do'q urdi.

Targ'il do'q-po'pisani pisand etmadi. Erga ko'ksini bosib, dumini likillata boshladi. Beva qaytib xonaga kirib, ochiq derazadan boshini chiqardi-da:

– Qoratumshuq, Qoratumshuq! – deya itini chaqirdi. Javob bo'lmagach, uni vahima bosib, deraza tokachasiga ketini qo'ydi.

 Ruhiyatini allaqanday hislar qamradi. Hukki tirikligida o'nlab xizmatkorlar elib-yuguradigan hovlida endilikda Asadbekdan boshqa hech kim qolmagan, u ham hozir qaygadir g'oyib bo'lgandi. Chaqirsa, halloslab hurib zanjiriga chiranadigan Qoratumshuqning miq etmasligi hammasidan ajablanarli edi. Hech nimani tushunmagan Quryozagulning ko'zlarida keng hovli torayib ketdi. Supadan bir quloch pastdagi otiz murdani yutishga chog'langan go'rga o'xshardi. O'rtasidagi loyxandaq lahatning o'zi edi. U shunda zanjirini uzgan Qoratumshuqni ko'rdi. It devor panasidan uni kuzatardi. Nimadandir hayiqayotgani miltirayotgan ko'zlaridan bilinib turardi.

– Qoratumshuq, Qoratumshuq… Bos-bos! – deya u itni Targ'ilga tezladi.

Ayol o'z itini ko'rib suyunib ketgandi. Qortumshuq dumini ketiga siqqach, shodligi ichiga cho'kdi. U Targ'ilga sovuq boqib, “Qoratumshuq mana shu mushtumdek ko'ppakning nimasidan qo'rqadi”, deb o'yladi. Javob topolmagach, tokchadan irg'ib tushib, qo'liga supurgi oldi. Eshikdan chiqib, vajohat bilan unga tashlangandi, bir depsinib, o'zi sariq qanjiqqa aylandi. Targ'il quloqlari va dumini ding qilib, o'rnidan irg'ib turdi. Uning atrofini aylanib, dumini tagiga tumshug'ini tiqdi. Dimog'i yayrab, supada o'ynoqlagancha yugura boshladi. Qanjiq irg'ishlab, uni quchoqlab oldi, tantiqlanib, erga ag'anadi. Targ'il uning ko'ksiga ko'ksini bosib, quloqlari va tumshug'idan engil tishladi. Iyigan qanjiq boshini tiklab, uning yuz-ko'zlarini yaladi. Shu payt qaydandir begona itlar galasi hovliga bostirib kirdi. Insonning aqli bovar qilmas hodisalar ro'y berayotgan edi. Ular Targ'il bilan qanjiqni o'rab oldilar. Yirik va badjahil Arlon[1] o'rtaga ajralib chiqdi. Targ'ilni ko'kragi bilan urib, qanjiqning ustidan uchirib yubordi. Oyoqlarini ko'tarib, yotib olgan qanjiqni hidlab, yalab-yulqadi. Buning nimaligini yaxshi biladigan Quryozagulning itlik olami yorishdi. Hukki tirilib, Shoxdor Takaev timsolida qabridan chiqqanday tuyuldi. Arlon haqiqatan itligi yuzaga qalqqan Shoxdor Takaev edi, qobon – Arlonga do'ngandi. Qanjiq adashmagandi. U dongdor raisni itlar galasiga aylangan brigadirlar va hisobchilar oldida beburd qildi. Jon-poni chiqqan Targ'ilning g'azabi qo'zidi. Irillagancha o'rnidan turib, uning ustiga bostirib bordi. Uni nazar-pisand qilmagan Arlon o'zini qanjiqqa ko'z-ko'z etadigan payt kelganini angladi. U Targ'ilni ko'kragi bilan chunonam urdiki, baxtiqora it hovli o'rtasidagi loyxandaqqa borib uchib tushib, hushidan ketdi…

U o'ziga kelganda borliqda yurakni siqadigan sokinlik hukm surardi. Ko'kni son-sanoqsiz yulduzlar qoplab, oy fonusga aylangan kemadek osmonda  suzib yurar, tun shahvoniy jomni otashi bilan to'ldirgan sharobdek masrur edi. U tarmashib zo'rg'a supaga chiqdi. Itlar halqa qurgan edilar. O'rtada yotgan sariq qanjiq bilan Arlon bir-birlari bilan chatishgandilar. Buni ko'rib Targ'ilning ichidan bir nima uzilgandek bo'ldi. Ko'zlaridan oqqan yoshlari yonoqlarini kuydirdi. Sariq qanjiqqa aylangan Quryozagulning sassiq qobon bilan qovushgani unga alam etdi. U Arlon bilan qanjiqni ihotalagan itlar orasidan yonalab o'tdi. So'yloq tishlarini ko'rsatgancha chiranib irilladi. Arlonning xayolni o'g'irlovchi shahvoniy hididan mast qanjiq unga olmos singari keskir tishlarini ko'rsatdi. “Puf, sassiq”, degandek burnini jiyirib, o'qrayib qo'ydi. O'zini kamsitilgan his etgan Targ'il o'ylamay-netmay Arlonga tashlandi. Bunday harakat itlik qonun-qoidalarlarga zid, ilashganlarga ozor bermaslik itlik olamining olijanobliklaridan eng yuksagi hisoblanardi. Er yuzida qonunlarni toptash va oyoqosti qilish bo'yicha insonga teng keladigan jonzod yo'q edi. O'zlari o'rnatgan qonunlar tugul, ular Alloh tomonidan azalda tadbiq etilgan qonunlarga ham surunkali tajouz etardilar. Sig'inadigan cho'qqilari toptalgan itlarning or-nomuslari qo'zg'aldi. Ular Targ'ilga balo-qazodek yoprildilar. Uning vujudi gashirdek[2] to'g'ralib, butun terisi qoniga bo'yaldi. U jonining boricha akillab, g'inshiy boshladi. Shunda ustidagi itlarning poytesha damiga yo'liqqan tarashadek har tomonga uchayotganini ilg'adi. Qoplondek tashlanib, ularni sochib tashlagan it  Qo'zi Shishakdan bir umr jabr tortgan Qoratumshuq edi. Hamlaga dosh berolmagan itlar jon saqlash ilinjida duch kelgan yoqqa qochardilar. Navbat Targ'il etganda, u so'yloq tishlarini irjaytirib orqaga chekindi. Ostonaga chiqib, Hukkining kavushiga tumshuq bosib  yotib oldi. Shunda Targ'il, Hukki tufayli omon qoldim, deb o'yladi. Qoratumshuqning eb qo'ygudek irillab, ko'zlarini ko'zlariga qadaganini xayolidan haydashga urinarkan, uch soniyaning yillarga teng bo'lganini o'ylab, dumini chotiga siqdi. Barchasi Quryozagulning xiyonati orqasidan qo'zg'algan or-nomus tufayli ekanligi xayoliga kelmadi. U itlik sadoqatini unuta boshlagan, o'zini Hukkining ruh-arvohi qo'llaganiga ishonardi. Odamiylik hislari baland kelib, ichiga shayton kirgandi… Itlik shuuridan ayrilmaganda, u sariq qanjiqning hali qabri sovumagan Hukkiga qilgan xiyonatini anglardi. Itlik rasmini qoyillata olmagan Qo'zi Shishakning depsinishi odamiylik qusurlariga borib taqalardi. Odamiylikni o'rinlata olmagan kimsaning qo'lidan haqiqiy itlik ham kelmasdi.

Bekasining engiltakligi Qoratumshuqning ko'zini qonga to'ldirdi. Shu sabab, u Hukkining sha'nini himoyaga etishga chog'landi. Bunday paytda Qo'zi Shishak tugul, ko'zlariga Azroil ko'ringanda ham u itlik burchini ado etishdan toymasdi. Biroq itlik qonunlarini toptab Arlonga tashlanishga yuragi betlamadi. Alamini boshqalardan oldi. Tilka-pora bo'lishiga bir bahya qolgan Targ'ilning hezalakligi uning hafsalasini pir qilgani ham rost edi. Qo'rqib yurigan kimsasining pastkash va yuraksizligi hayotga qarashlarini bir lahza ichida o'zgartirib yubordi. Tukiga arzimagan odamdan bir umr hayiqib yashaganini bilgach, qalbida isyon turdi. Nafsoniyat nafratga aylanib, u o'zining oldida masxara bo'ldi. Bundan dahshatlisi yo'q edi.

 Targ'il Qoratumshuqqa ko'z qirini tashladi. Uning ko'z yoshlari yuzlarini yuvib, kavushga oqib tushardi. Bu payt tongdan darak beruvchi qushlar chug'uri sukunatga hujum boshlagan, ko'kda yulduzlar o'chgandi. Tan-badani sovuq eldan junjikkan qanjiq, ilashgani etmagandek, Arlonning pinjiga tiqilardi. Qoratumshuqning indamaganidan Arlonning dimog'i osmonda edi. U haliyam qo'rqib-qaqshayotgan Targ'ilga mensimaslik nazari bilan razm solardi. Hukkining bevasiga ilashishi uning nazarida Ikkinchi jahon urushidagi Qizil imperiyaning g'alabasi bilan teng edi. Cho'ticha, bu muvafaqiyat bundan keyingi hayot yo'llarida mansab pillapoyalarini ishg'ol etishida asosiy omil bo'lardi.

Ko'p fursat o'tmadi. Uzoq-uzoqlardan juftidan adashgan sassiqpo'pishakdek yakkash turnaning “qur-r-ey, qur-r-ey”lab kelayotgan tovushi quloqqa chalindi. Bu turnaning O'g'iloy Cho'vish ekanligini Targ'ildan oldin Arlon angladi. U sapchib turganda, qanjiqning orqa oyoqlari erdan uzilib, tumshug'i erga tirkaldi. O'zini o'nglay olmagach, qanjiq jon achchig'ida g'inshib yubordi. Jahli chiqqan Arlon uni tishlab, tuproqqa bulg'adi. Shu payt yashilbosh turna Hukkining hududlaridan uchib o'tdi. Vasvasaga tushgan Arlon qanjiqni sudrab, chel-chaman, past-tepa demasdan ortidan chopdi. U Nusxagulning oldiga Qo'zi Shishakdan oldin etib borib, O'g'iloy Cho'vishni qarshilamoqchi edi. Ular shunga kelishgan, bu “g'oya” Nusxaguldan chiqqandi. Bu kalxo'z raisligiga da'vogarlik degani edi. U shu yo'l bilan O'g'iloy Cho'vishga o'zidagi boshqarish layoqati amaldagi rahbarnikidan yuqoriligini ko'rsatmoqchi edi. Mansab pillapoyalari oldida sariq qanjiq ko'ziga chivincha ham ko'rinmas, oyoqlari ostida qolib o'lib ketishi uni zarracha qiziqtirmasdi. Targ'ilning, “Uyimga oyoq bossam, Targ'il otimni Qo'zi Shishak qo'yaman”, deya ichgan qasamidan u bexabar edi. U qanjiqni sudraklarkan, orqasidan otning dupuri eshitildi. Xo'jayini derazadan uchib kirgach, otga aylangan xizmat mashinasi yon-atrofda birovni ko'rsa, tishlab-tepardi. Maymunga aylangan haydovchi esa osmondan qush uchsa, urib tushirardi. Kechiksa ichkariga kira olmasligini bilgan Arlon qanjiqning o'lgan-yitganiga qaramasdi. Etib borguncha qanjiq kindigidan uzilmasa, u shu holda ichkariga kirishni mo'ljallardi. Yashilbosh turna bu gal Qo'zi Shishakka qo'shib Nusxagul, Shoxdor Takaevni muhorabaga tayyorlab turipti, deb o'ylardi. U “Ruxsatimsiz ish qilganlarni kechirmayman, avoboshlarni qamoqda chiritaman”, deya qattiq tanbeh bergandi. Qo'zi Shishakning ko'ppakka aylanib qanjiqning dumining tagini iskab yurgani Shoxdor Takaev uchun ayni muddao edi. U ustamonlik etsa, O'g'iloy Cho'vishning ishonchini qozonardi. Qanjiq uzilib qolmasa, rejaning chipakka chiqish ehtimol ham yo'q emasdi. Shunaqa bo'lsa, boshqa bahona topishiga to'g'ri kelardi. U o'zini zaxkashga otganda, baxti chopib, mo''jiza ro'y berdi. Qanjiq yulg'unning shoxiga ilinib, uzilib qoldi. Qobonga aylangan Arlon paxtazorga urib ketdi. Hushidan ketgan qanjiqning yarmi suvda, yarimi qirg'oqda edi. Halloslagancha izma-iz kelgan Targ'il bir ag'anab Qo'zi Shishak suratiga kirib, Quryozagulga aylangan qanjiqni ko'tarib oldi. Uning tilinmagan, shilinmagan joyi qolmagandi. Bu ahvolda uning tirik qolishi dargumon edi.

…Qoratumshuq ostonasida tumshug'ini kavushga bosib yotgan xonada Hukki bolaligidan yotib turardi. Uylangach, u yon tomondan Quryozagulga zamonaviy uslubda yangi yotoqxona qurdirdi. Quryozagul “Jalabxona” deb ataydigan, ko'pgina voqea-hodisalarning tilsiz guvohi bo'lmish ushbu xonani jinsiy buzuqliklar solnomasi bitilgan tarix kitobi desa bo'lardi. Jarayon Hukkining oxirgi marta safarga chiqib kelgan kunlarigacha davom etdi. Qo'zi Shishak qizil qoniga bo'yalgan bevani yotoqxonasiga ko'tarib kirdi. Kovushga tumshuq bosib yotgan Qoratumshuq, ularga qayrilib ham qaramadi. U ko'zlarini chirt yumgancha qilt etmasdan yotar, hissiz haykaldan avlo joyi qolmagandi. Quryozagul hech zamonda to'shagini yig'ishtirmasdi. Uni baxtsiz oshiq avaylab joyiga cho'ziltirarkan, bu yog'iga nima qilishga aqli etmadi. Brigadirlikni xotinining yo'l-yo'rig'i bilan eplagan xumkalla raislikni O'g'iloy Cho'vishning ko'rsatmasi bilan amal-taqal etardi. U Quryozagulni Faridunning “Bahoriy” chodiridek keladigan katta ko'rpa bilan bostirgach, qo'l qovushtirgancha qaqqayib turaverdi.

Oradan yarim soatlar o'tib, yashilbosh turnaning “qur-r-ey, qur-r-ey”lagan ovozi taraldi. Turna ochiq turgan eshikdan ichkariga uchib kirdi. U qanotlarini yig'ib ulgurmagandi, patlari to'zg'igan kurk tovuq chaqoqlab, quloqlarni qomatga keltirdi. Uning ortidan xonani to'ldirgan, hali o'zining qorasi ko'rinmagan yovvoyi qobonning sassig'i dimoqlarni yorib yuborgandi. Miyasi achishgan Quryozagul chuchkira boshladi. Yashilbosh turna O'g'iloy Cho'vish bo'lib, tuslanmasdan oldin bitta patini yulib, uni elpishga tushdi. Har yomonning bir yaxshisi bo'ladi, deganlaridek, qobonning sharofatidan oyilgan kurk tovuq Nusxagulga aylandi. Zum o'tmasdan u bir kosa suv ko'tarib kirdi. Qobonlik libosini echgan Shoxdor Takaevning ham neklik qilgisi keldi, shekilli, bevaning suv sachragan yuz-ko'zlari va ko'kraklarini qasnog'i chiqqan ola do'ppisi bilan artib, burniga pufladi. Ko'zlari ochilib ketgan Quryozagul panjasi bilan yuzini elpidi.

– Nafshatir deganlari shumi? Qurib ketgur, na buncha sassiq bo'lmasa, hozir ko'zlarim bilan miyam oqib tushadi! – dedi u burnini jiyirib.

Uni o'ladi deya yuragi taka-puka bo'lib turgan Qo'zi Shishakka til bitdi va:

– Hukki buvajonimning ruh-arvohginalari qo'lladi, mullo buvajonimning ruh-arvohginalari qo'lladi. Tili tikonginalarimiz tegmasin-hey! – deya irg'ishlaganini o'zi ham bilmasdan qoldi. – Yalinib-yolvorib madad so'raganlarim bekorga ketmadi. Qiyo jinnining, Hukki odam emas, xudo deganlari haqqirost chiqdi, rost chiqdi!

U ehtiroslarining zo'ridan minnatdorligini bildirish uchun Shoxdor Takaevni quchoqlab o'pdi. Xotiniga qayrilib:

– Xotinjon, suyunchi ber, suyunchi! – dedi. – Abuturentlik davri o'tdi deb hisoblayver. Sen “Raischilik” institutining birinchi bosqich talabasi bo'lding. Buni men aytyapman, Qo'zi Shishak aytgan so'ziga “atvichat” qiladi…

– Qulog'im kar emas, eshityapman! – dedi Nusxagul erini jerkib. – Bizlar uchovlashib bitira olmagan ishni bitta o'zlari epladilarmi? Ko'pakka aylanib, ko'zingizning ochilgani muborak bo'lsin. Shog'olning it bo'lolmasligini, shog'olligicha qolishini unutmang, rais buva. Yovvoyi qobon suzmaganda, ko'ppaklikni eplay olmasdingiz. U barisini meni rashk qilgani uchun amalga oshirdi.

– Qulluq, qulluq, qadamlariga hasanot! – dedi xotiniga nima deb javob qaytarishni bilmagan Qo'zi Shishak. – Barisini kelishib olgan edik-ku. Ammo tezlashtirgan men emas, Shoxdor Takaev.

O'g'iloy Cho'vish Shoxdor Takaevga eb qo'ygudek bo'lib tikildi.

– Itlikda har xil ishlar bo'lar ekan! – dedi brigadir so'loqmonday keladigan qaddi-qomatiga yarashmaydigan chiyildoq ovozda. – Quryozagul qanjiqqa aylanib, kuyikkach, ilashmasdan ilojim yo'q edi. Men qobonbasharani kechiring, tuman ijroiya qo'mitasi raisasi, hurmatli o'rtoq, jon opajonim. Onamizdek bo'lib qolgansiz, axir. Bunday qaraganingizdan ko'ra, odobsiz bolaginangizning rapidadek qalin yuziga tarsaki tortganingiz yaxshiroq…

O'zidan bir quloch baland bir kimsaning qo'liga do'ppisini olib, yosh boladek boshini xam qilib turishi O'g'iloy Cho'vishning ko'nglini yumshatti.

– Bundan keyin bunaqangi nomaqulchiliklar qaytarilmasin! – dedi u qovog'ini uyib. – Yulg'ichliklar davom qilaveradigan bo'lsa, hech kimni ayab o'tirmayman! So'ngra u nigohini Nusxagulga qadadi. – Bo'ladigan ishning bo'lgani yaxshi. Ko'pam diqqat bo'laverma, oynonib ketay, girgitton. U “Partshkola”ga o'qigani borganda “oynonib ketay, girgitton” degan ikki og'iz toshkentcha lahjani o'zlashtirgandi. – Sa'y-harakatlar oxiri baribir shunday yakun topardi. Yoshlarning o'zlari kelishgan ekanlar, baxtli-taxtli bo'lsinlar. Sen bilan mening chizig'imdan chiqmasalar, ularning ko'ngilxushliklariga moneligimiz yo'q. Shoxdor Takaevga kelsak, u “Uchlik ittifoqi”ga haqiqiy a'zo bo'lish uchun munosib nomzod ekanligini bir necha bora isbotladi. U bo'lmasa, bugun barchasidan bexabar qolardik. Pismiq ering eng ichida ish bitirardi. Sasimay o'lgur Shoxtorvoyning kuch-g'ayrati ichiga sig'magach, quvvatini joyini topib sarflaydida. “Uchlik ittifoqi”ga toza havo, tashabbuslar va ko'z ko'rib, quloq eshitmagan huzur-halovatlar baxsh etishga eringning qurbi etmay qolyapti. Hali Quryozagulning xizmatiga yaramay qoladi. O'shanda kim yordamga keladi? Albatta, Shoxdor Takaev…

[1] Arlon – erkak it.
[2] Gashir – sabzi.

(Davomi bor)

islomxolboy.blogspot.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort