O’zbekiston Xalq Harakati

Kalamushlar galasi orasida

Kalamushlar galasi orasida
10 Şubat 2019 - 8:00 'da yuklandi va 818 marta o'qildi.

Islom XOLBOY

Fe'lim mening, a'molim mening… 

Subhanolloh, bu ne nafsi laim,
Nafsni qo'ygil, ne azobi alim.
Ro'zi uchun muncha fusunsozliq,
Mansab uchun muncha dag'obozliq.

Alisher Navoiy

O'ninchi bob

…Yashilbosh turna Oqpartovga qo'nganda kurk tovuq bilan semiz g'oz qobonning terisidagi zararkunandalarni terib eyayotgan edi. Sipsagul semiz g'ozlikni tanlagandi. Qo'zi Shishakning murdasi asl qiyofasida edi. U tirik kabi yotar, ko'rki “Uchlik ittifoqi” vakillarining ko'zlarini yashnatardi. Yashilbosh turna xumordan chiqmaguncha hech kim unga yaqinlasha olmasdi.

Yashilbosh turna har doimgidek raykomning bog'idan kestirib kelgan qirmizi atirgulni g'o'za shoxiga ildi. Qo'zi Shishak po'stdumba qilingan qo'chqordek bo'lib, ko'zlarini baqraytirgancha ko'kka tikilib yotardi. Yarim soatdan buyon tomosha qilayotgan qobon ham taajjubda – barchaning bu o'zgarishlarda Hukkining qo'li borligiga gumoni yo'q edi. Kurk tovuq bilan semiz g'ozning uning tanasidagi zararkunandalarga xuruji vaqt o'tkazishning xos usuli edi. Hech nimadan xabari yo'q ittifoqdoshlar, Quryozagul “ulkanlashtirish”ning yo'lini topipti, deb o'ylardilar. O'g'iloy Cho'vish esa ro'y berayotgan voqe'alarga hayron, risoladagi odamning aqli hazm qilishi mumkin bo'lmagan hodisotlar uni qaraxt qilgandi. “Irib-chirib, qurt-qumursqalarga em bo'ldi”, deya malomat qilgan Hukkining tirikligiga ishona boshlagandi.

– Hoy, qabrida tik o'tirgan Hukki, meni kechir! – dedi u. – Bizlarni ko'rib turganingni yaxshi bilaman. Shu paytgacha seni kamunistlardan qo'rqasan, deb o'ylardim. Seni jonini asrab yurgan bir nochor, boylik orttirishning hadisini olgan firibgar sanardim. Adashib, ko'zlarim ko'r, quloqlarim kar yuravergan ekanman. Haqiqatda xudo ekansan. Xaloskor bevang Quryozagulning qo'llari bilan Qo'zi Shishakni boshqa odamga aylantirib, uni yangidan bunyod etipsan! U shunday deb unga peshonasini bosti. – Bundan keyin senga sig'inaman, mullo buvajon. Meni yoningga tort. Amallab o'sha yoqda ham qo'mitaga raisa bo'lsam, seni qo'llab-quvvatlashga so'z beraman. Kamunistlarni it kabi ishlatib, “xudo yo'q”, “narigi dunyo ro'yo”, degan tillarini kesaman. Xotinlari va o'g'il-qizlarini Quryozagulning cho'rilari, qullariga aylantiraman. Seni kech angladim. Vaslingga etishishdek buyuk orzuyim bor. Seni ko'r ham, kar ham, cho'loq bilan moxov ham tanigan ekan. Men tanimapman. Ovsargina men manglayi oqning uyginalarim kuymagur. Uyginalarim bug'doyginalarga to'lib, kimga non bersam ekan, deb yuray. Qo'llarimga nolakasholliklar bilan boqqanlar tupikkinalarini yutib, sillalari qurisin. Seningdek olampanohni ko'rmagan ko'zginalarim ravshan tortib, quloqqinalarimga tom bitsin…

U eri o'lgan xotindek aytib-aytib yig'ladi. Ta'sirlangan “Uchlik ittifoqi” asliga qaytdi. Ikki ayol O'g'iloy Cho'vishning bilaklaridan ushlagancha, “opajon”lab, yuz-ko'zlarini timdalagan ko'yi, “mullo buvam”lab ayuhannos soldi. Ular Shoxdor Takaevning o'lganidan hali ham bexabar, suyunganlaridan jazavaga tushgandilar.

 Kalamushlarga aylangan  kalxo'zchilar haqiqatdan voqif edilar. G'o'zalarning taglaridan poylab, Parimomoning rejasi ish berayotganidan mamnun edilar. Parimomo sariq qanjiqqa aylanib yon-atrofda tentirardi. O'g'iloy Cho'vishning qo'ziqoringa o'tirishini kutib, ko'z ko'rib, quloq eshitmagan tomoshalar yodi bilan yonardi.

Hukkidan kechirim so'rab yig'layverganidan ko'zlariga qon quyilib, yuzlari rapidadek shishgan O'g'iloy Cho'vishni oxir-oqibat ikki xotin ikki qo'ltig'idan ko'tarib, …ga o'tqazdi. Boyaqish ayol olma tishlagan haykalga o'xshab qoldi. Ko'zyoshlari oqimini o'zgartirib, burnining ikki chekkasidan sizdi. Nimalar ro'y berayotganiga aqli etmagan Shoxdor Takaev barmog'ining uchi bilan ilib, ularni yalab ko'rdi. Ikki ayol unga taqlid etdi. O'g'iloy Cho'vishning soqqasida o'ynayotgan ko'zlariga bu qiziq tuyuldi, shekilli, u ham ilib ikki ko'ziga surdi.

Murda buzila boshlagan, sassiq hid dimoqlarni yorardi. “Uchlik ittifoqi” shahvat o'tida yonib, hidning qaerdan chiqayotganini sezmasdi. Ular, “Sassiq qobon” deb Shoxdor Takaevdan jirkanib burun jiyirardilar. Parimomoning tuzog'iga ilinganlaridan xabarsiz edilar. Nusxagul bilan Sipsagulning bor joyi qichishib, eshkanlashni boshlagandilar. O'g'iloy Cho'vish mustaqil harakatlanishdan mosuvo edi. Shunda ikkalasi ikki bilagidan ushlab, uni o'tirg'azib-turg'azishga kirishdi. Uning uchun har soniya azobga do'ndi. Ko'ngli ozib, narsalar ko'zlariga g'ira-shira ko'rindi. Nusxagul bilan Quryozagul kuyikib, borho jazavaga mindi… Uning holati suvga pishgan kimsanikidan besh battar edi. Ichida turgan kuchli og'riqdan nafas ololmay qoldi. U o'lar holatga etib, ta'riflab bo'lmas azoblar ichra qolgandi. Umr bo'yi erishgan ro'shnoliklari tushga mengzadi. O'zini qorong'i zindon tubiga tushgan mahbusdek his etdi. Harchand, ikki ayolning qo'lidan chiqishga urinmasin, u eplay olmasdi… Ko'zlariga Muchchigarga mingan Hukki ko'rindi. Tirik qolish umidi chipakka chiqqach, u ikki qo'llab o'zining bo'g'ziga o'zi chang soldi…

– Seni xudo deganlarning padarlariga yuz ming marta la'natlar bo'lsin, Hukki! – dedi ijroqo'm raisasi oxiri og'riqlarga chidolmasdan. – Sassiq qobon, qo'lingni tort! U yana fikrini o'zgartirgandi. Yana kamunistga aylanib qolgandi. – Nima bo'lyapti o'zi? – Ilonlarga em bo'lgur Hukki ustimizdan kulyaptimi? Shohning o'g'li Shomurod ketib boradi bemurod, Qo'lida “Layli” kitob, o'qib boradi bemurod, deganlaridek, yorilib, bemurod ketmasam go'rga edi. Sasimay o'lgur! Endi sen ham, men ham o'lamiz, dunyo pokiza bo'ladi…

– Rais buva, desangiz, o'rningizdan turing! – dedi oyilayotgan Nusxagul eriga. – Otilgan to'ng'izday yotavermasdan, o'zingizni yig'ishtiring. O'g'iloy opamlarni haz ettiraman, deya ezib yubordingiz. Insofingiz bormi o'zi? Hoy erkak, o'zingizni o'likka solmang, O'g'iloy opamlarning yuraklari bezovta bo'lyapti, axir. O'lib qolsalar, qamoqda chiriysiz-a. Aytib qo'yay, nohaq bo'lganingizdan keyin, uzatgan oyog'imni yig'mayman. Mendan himo istab yurmang… Puf-f, Shoxdor Takaev bugun o'zgacha sasiyapti…

– Men har doimgidek, sasiyapman! – dedi joni chiqqan Shoxdor Takaev. – Menga burningni jiyirgancha, eringga aql ber. Yig'ishtirsin, O'g'iloy opamlar o'lib qolib, boshimizga balolar yog'ilmasin.

Qo'zi Shishakning baqrayib qotib qolgan ko'zlari tirik odamniki kabi mug'ambir temulardi. Ammo jag'i tushgandi. Og'ziga kirib-chiqayotgan chivin-chirkiylarni ko'rgan har qanday anqov ham uning o'lganini sezardi. “Uchlik ittifoqi” vakillari hech nimani payqamayotgandilar. Ular baqir-chaqir qildilar, shapatilab urib, uni chaqirdilar, biroq undan sado chiqmadi.

Shoxdor Takaev, qo'rqib qaltiray boshladi. Hech kim e'tibor bermagach, boshini xotinining sonlari orasiga tiqdi.

– O'n besh bolamiz haqqi, xotinjon, meni bu qopqondan qutqar! – deya bo'kirib yig'ladi u. – Ko'nglim sezib turipti, bu ishlarning oxiri yaxshilik bilan tugamaydi. Xudo ko'rsatmasin, menga bir nima bo'lsa, seni “Raischilik” institutiga kim o'qishga kiritadi? Qo'lingdan brigadirlikni tortib olib, ketingga tepadilar. Men etar-etmaslikdan o'qiy olmadim, sen o'qishing kerak, xotinjon. Bolalar voyaga etyapti. Ularni kim uylab, kim turmushga chiqaradi. Meni o'ylamasang, bolalarni o'yla, sadag'aginang ketay…

– Hammamizni Hukki xudo buvam o'ylayaptilar! – dedi masalaning ne qadar jiddiyligini idrok etmagan Sipsagul. – Ming mullodan bir xudo afzal, deganlar. Menga yalinganingizdan ko'ra, Hukki buvamdan so'rang, murodingizni bersin. Menga xalaqit bermang, iltimos. Rais buvam ko'zlarini baqadek baqraytirib uxlab qoliptilar. Uyg'otmasak, O'g'iloy opamlar qalpoq bo'laverib qiynalib ketdilar. Hali Nusxagul opam bilan men navbatda turipman, siz shoshmasangiz ham bo'laveradi, dadajonisi.

– Hukki demanglar, iltimos, ittifoqdoshlar! – dedi O'g'iloy Cho'vish chiranib. – Quryoza kotaning yonini olib, nima qilsa, qildi. Shishib ketyapman, yorilib o'laman. Meni tezroq egardan tushiringlar, chirib ketgur, bamaylixotir uxlayapti. Odam ham ko'zlarini baqanikidek baqraytirib uxlaydimi? Nafas chiqarmasdan uxlaydigan odamni birinchi marta ko'ryapman. Vo-oy jonim, vo-oy jonim, o'zimdan o'tganini o'zim bilaman, jonim biladi…

Shoxdor Takaev yosh boladek peshonasini tirishtirib, lablarini cho'chchaytirdi.

– Voy-dod! – dedi u. – Yovog'ingni[1] ol, ketmoningni ol, bo'lmasa o'rog'ingni, belingni ol, boltangni ol, teshangni ol, ijroqo'm raisasi bilan kalxo'z raisi meni Oqpartovga avrab olib keldi. Xotinimni tortib olib, chuv tushirdi. Endi o'lama-an, o'la-aman…

Kalamushlar galasi orasida uning to'rt-besh avbosh jiyani bo'lib, telba-teskari ishlari bilan elda dongdor edilar. Parimomoga sadoqat bildirib qasamyod etgan esalar-da, tog'alarining ho'kizdek boshini solib dod-voy ko'tarishi ularning hamiyatlarini qo'zitdi. Ular bir ag'anab, asl hollariga qaytdilar. Yopirilib, “Uchlik ittifoqi”ni g'orat etdilar. Qo'zi Shishakning ikki qo'ltig'i ostidan biri bir tomonga, ikkinchisi ikkinchi tomonga tortdi. O'g'iloy Cho'vishni yana biri tortdi. Uchtasi bir bo'lib, tog'alari bo'lmish Shoxdor Takaevni sudrakladi. Biri kela-sola tog'asining xotini Sipsagulga tashlandi. Novchadan kelgani maymundek irg'ishlab, Nusxagulga do'q urdi. Nusxagul novchaning dastmoyasiga chang solib, uni ho'kizdek bo'kirtirdi. Yuragi ko'tarmagan O'g'iloy Cho'vish quloqlariga barmoqlarini tiqib, ko'zlarini chirt yumdi. Bo'ldi bir qiyomat, bo'ldi bir qiyomat, qo'yaverasiz… Gidlyan Dashnoqiy O'zbekistonda och bo'riday kezib, o'z millatini qullarcha qora mehnatga mahkum etgan qo'shib yozuvchilarning og'zidan ko'tanro'dalarini[2] sug'irganda ham, xayoliga kelgan birinchi fikrni to'g'ri deb o'ylaydigan yurtboshi mustaqillik yillarida fuqarolarni qir-pichoqdan o'tkazganda ham hech kim bundaqangi to's-to'polonni ko'rmagandi…

“Tortma-a, tortma-a”. “Ichak-chavog'im o-oqib ketadi”. “Meni edi-i-i…”. “Shoxdor Takaning jiyani, begona emassan, haydovchimning pattasini berib, seni haydovchi qilib olaman…” “Jiyan, ehtiyot bo'l. …qo'shib, to'rt barmog'imni siqib qoldi. Uziladi. Opam tuqqanda seni erdan o'zim ko'targanman. Kakalatib ka-kat-katta-a qil-qilganman, jiyan… O'ldim, o'laman, tortma…” “Tog'aning xotiniga jiyan degan befarosat, shunaqa tashlanadimi? He, ko'zing o'yilib, yuzingga o't bosilsin. Oxirzamon keldi. Qayni degani hirs bilan boQo'ndoqi?…” “Naynov, tur! Kuyikkan g'unajinga o'xshama. Oyoq ko'tarishga uyalmaysanmi? Tovonim bilan ezaman. Keyin tuzukroq voy-dodlaysan. Basharang qursin, tipratikanga o'xshab yoyilib-yig'rilmasdan o'l!…”

“Uchlik ittifoqi” bilan jiyanlar bir-birlariga tashlanib, ayqash-uyqash bo'lib ketdilar. Qo'shtirnoq ichidagilar ularning gap-so'zlaridan iqtiboslardir. O'quvchi o'zi o'qiganlaridan ma'no ayiraveradi…

Bir kechada Quryozagulning nafaqat ismi, o'zi ham o'zgardi. U Parimomoga aylandi. Fe'lida har qanday odamni esankiratadigan quvlik paydo bo'ldi. Voqea-hodisalar endi uning xohish-istagiga monand evriladi. Qiyofasi Quryozagulga tegishli esa-da, makkoraligi, nafratli ko'z qarashlari, beshafqatligi va diydasi qattiqligi shaytonniki kabi edi. Shahvoniy hirs bilan zaharlangan ilgarigi fe'l-atvori hozirgisidan ming chandon avlo edi. U oldin o'zidan o'zgaga ziyon etkaza olmasdi. Endi u qotillikdan sharaf va iftixor tuyishga ishtiyomand – yalmog'izga aylandi.

“Qani, bo'talarim!” deya u aytmoqchi so'zlarini xayolidan o'tkazganda, chaqirig'ini kalamushlar tovushsiz angladilar. Tomoqlari yirtilgudek bo'lib, “Labbay, Parimomo, amringizga muntazirmiz!” deganlarini o'zlari sezmay qoldilar.

Shunda Oqpartovni qora bulutlar qopladi. Chaqmoq chaqib, Zo'mlar kalxo'zi ustiga tog'lar yopirilgandek tuyuldi. Kulli jahon momoqaldiroqqa tutinib, yulduzsimon uchqunlar osmonni ranglarga bo'yadi. O'takasi yorilgan kalamushlar sariq qanjiq xaylidagi Parimomodan najot istab, unga yopishdilar. Ulardan do'nglik paydo bo'lib, Parimomo taglarida ko'rinmay qoldi. U karomat ko'rsatadigan payt etganini angladi…

– Quralayma, buralayma, so'ralayma! – dedi u do'nglik ostidan bosh chiqazib. – Hukki mullo, sen o'lding, endi men ham o'layma. O'lgan bilan o'lib bo'lmas, kulgan bilan kulib bo'lmas… Buvam o'ldi, momom o'ldi, sening shoxing bormadi? Buvam meni cholga berdi, qisiq joyi bormadi?!

Kalxo'z ahliga aylangan kalamushlar qo'llarida ketmon-bel, o'roq va bolta, tesha va belkurak, kapgir va o'qlov ko'rib, cho'chib tushdilar. Asl qiyofasiga do'ngan Parimomo qo'lidagi oq qiyiq bilan ko'zyoshlarini sidirdi. Dod solib Qo'zi Shishakning ustiga keldi. Uning ustida O'g'iloy Cho'vish va qo'lini tishlatgan Shoxdor Takaev qolgandi. Qolganlar qaergadir g'oyib bo'lgandilar.

– Quryozagul, sizni etkazgan Hukki xudo buvamlarning ruh-arvohlaridan o'rgilay. Qiyomat qoyim bo'ldi, desangiz! – dedi rangi o'chib ketgan Shoxdor Takaev. – Siz paydo bo'lib, ur-to'polon tindi-qoldi.

– Men Quryozagul emasman! – dedi u ko'zlaridan g'azab chaqnab. – Yana Quryozagul deb chaqirsang, tilingni sug'uraman, sassiq qobon. O'z otim bilan meni Parimomo degin, bo'tam!

– Tushundim, Parimomojon! – dedi bo'sh qo'lini ko'kragiga qo'ygan Shoxdor Takaev uzala tushib yotgan joyida ko'zlarini jovdiratib.

– Qo'l tiqishga boshqa joy yo'qmidi?

– Ixtiyorim bilan tiqmadim, Parimomojon. O'zi tishlab qoldi. Menga yomon qaramang, iltimos. Bir umr Hukki mullo xudo buvamlarga ixlos qo'yib, etaklaridan tutganimizning hurmati yo'qmi? Yoki mendan alam olmoqchimisiz, Parimomojon?

– Sen meni bilmaydi deysanmi? – dedi Parimomo maqsadga ko'chib. – Xotining bilan Nusxagul bu qo'lingni tishlatgan moda eshak bilan til biriktirib, rais buvamning nomusiga tajovuz etdi. Kalxo'z a'zolari barchasidan xabardor. Meni o'z-o'zidan shunchaki yig'layapti, “Uchlik ittifoqi”ning og'ir vaziyatga tushganiga qayg'uryapti, deb o'ylama. Emlab boqqan arzandam Qo'zi Shishakning jabr-zulmlarga dosh berolmasdan, jon taslim etganiga kuyayapman. Qasd olish masalasiga kelsak, avvalgi ishlarni unutganman. Parimomo bo'lgach, mayda-chuydalar bilan o'ralashish menga yarashmaydi.

– Qo'zi Shishakni o'ldi deb senga kim aytdi, mochaxar? – dedi lol-hayron bo'lib, egardan tusha olmay o'tirgan ijroqo'm raisasi. – Parimomo ekanman deb og'zingga kelganini vaysayverma. Mirshablarni chaqirtirib, qo'llariga bersam, tug'ilgan kuningga pushaymonlar eysan…

– Og'zingni yum, teshik tog'ora! – deya Parimomo uning quloqchakkasiga tarsaki tortdi. – Davri-davroning o'tdi. Bundan keyin men nima desam, shu bo'ladi?

Ijroqo'm raisasi egardan irg'imoqchi bo'ldi, bo'lmadi. U Parimomoni tilka-pora etmoqchi edi. Qari qo'tos singari botqoqqa botganidan bexabar edi.

Unga tarsaki tortgan Parimomoning obro'-e'tibori yanada oshdi. Kalxo'zchilar gurros-gurros bo'lib unga sadoqat bildira boshladilar. Ular uning qo'lidan o'pib, ikki safga tizilardilar. Tong oqarganda boshlangan marosim quyosh tikkadan og'ganda nihoyasiga etdi. So'laklar buloq bo'lib oqib, qirq gektarlik Oqpartovdagi g'o'zalar suvga qondi. Ularning “Rahmat, Parimomojon chanqog'imizni qondirdingiz”, deya shivirlashlari kalxo'z shuarolarini to'lqinlantirgan bo'lsa, ijroqo'm raisasining o'takasini yordi. U kalxo'zning do'ngpeshona raisini o'ldirganiga iqror bo'lgandi. Sharmisor bo'lgandan ko'ra Hukkining huzuriga borgan avlo, deb o'ylardi. U oson qutulmoqchi edi. Chorasiz qolganda ham aqlga tayanish zarurligini xayoliga keltirmasdi. G'alabadan ruhlangan Parimomoning esa, umrida birinchi marta aqli ishlab ketgandi. Yurtboshining bir kecha-kunduzda aniq vaqtni ikki marta ko'rsatadigan soatidek ishlaydigan aqli unikining yonida hech nima bo'lib qolgandi.

– Sen sodir etgan mudhish jinoyatingga iqrormisan, ijroqo'm raisasi? – dedi u.

– O'lgani rostga o'xshaydi, Parimomo! – dedi O'g'iloy Cho'vish. – Biroq qanday o'lganini bilmayman, chin so'zim.

– Sen bilmasang, kim biladur? – deya darg'azab Parimomoning qoshi qalamlari chimirildi. U O'g'iloy Cho'vishni egib olganidan mag'rur edi. – “Uchlik ittifoqi” kartasining ko'ziri ham, tuzi ham sen bo'la turib, sen bilmayin, men biladurmenmi?

– Parimomojon, adolat eting!

– Senga adolat qiladurmen deb, beajal o'lgan murdaga adolatsizlik qiladurmenmu? Adolat qilmoq degani asl haqiqatning ostiga etmoq, oqni-oqqa, qorani-qoraga ajratmoq degani emasmu, bo'tam? Gunohsizni qora kuyaga bo'yab, gunohkorni ohak bilan oqlagan bilan komillikka erishib bo'lur ekanmu?  Sen Hukkining ruh-arvohidan madad so'ra. Shoyadkim u yarangga malham bo'lsa. Tezroq qovushsang, huzur-halovat topursen. Seni o'sha er yutgur bukridan boshqasi to'yg'iza olmaydur, ayg'ir-baytal!

– Hukki xudo buvajon, iltimos! – dedi boya o'lim istayotgan O'g'iloy Cho'vishning o'lgisi kelmay, yig'lamsirab. – Buyuring, Parimomo talaffuzlarini o'zgartirsalar ham, meni aslo o'ldirmasinlar. Bir o'g'lim, uch qizim bor. Ularning birortasini uyli-joyli eta olmaganman. Bolalarim Lunacharskiy nomli maktabda o'qiydilar. Meni o'z huzuringizga tortsangiz, ularga kim qaraydi? Ishlarim o'lda-jo'lda qolgach, meni ming cho'qmorlamang, jismi-jonimga rohat tatimaydi. Ayting, Qo'zi Shishakning qozig'idan echib, meni uyimga jo'natsinlar. Shu joylarga qaytib oyoq bossam til tortmay o'lay…

– Diydiyoni bas qil! – dedi Parimomo o'z lahjasida so'ylab. – Azonda Qo'zi Shishakni ko'rib, Hukkini erda-ko'kda qo'ymay maqtaganding. Keyin u ko'zlaringga yomon ko'rindi, chorasizliging ayon bo'lgach, yana unga yalinyapsan. Tuzoqdan osongina qutulmoqchimisan?

– To'g'ri, Parimomojon! – degan O'g'iloy Cho'vish oqib tushayotgan terlarini kafti bilan sidirdi. Bu paytga kelib Qo'zi Shishakning og'zida pashsha-chivinlar g'ujg'on o'ynardi. U dam urilgan elim qayiqdek shishib ketgan edi. – Men gustohning bir qoshiq qonimdan keching. Bu yog'iga ishlar sizning buyrug'ingiz bilan amalga oshadi. Bo'lajak rais nomzodini ham o'zingiz ko'rsating.

[1] Yovoq – panshaxa.
[2] Ro'da – ichak,

(Davomi bor)

islomxolboy.blogspot.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort