O’zbekiston Xalq Harakati

Bir kun emas bir kun u umrbod prezident bo'ladi…

Bir kun emas bir kun u umrbod prezident bo'ladi…
12 Şubat 2019 - 8:00 'da yuklandi va 968 marta o'qildi.

Islom XOLBOY

Fe'lim mening, a'molim mening… 

Subhanolloh, bu ne nafsi laim,
Nafsni qo'ygil, ne azobi alim.
Ro'zi uchun muncha fusunsozliq,
Mansab uchun muncha dag'obozliq.

Alisher Navoiy

O'ninchi bob – 3

Kalxo'zning mehnat ahlini izmiga bo'ysundirgan Parimomo fors malikasidan ham baxtiyor va mag'rur edi. Unga Turon shahzodasi og'iz solganda, ko'zlariga u tovonining yirtig'icha ko'rinmasdi. Hukmronlik tuyg'usi qalbiga huzur bag'ishlardi. Shu choqqacha umri mazmuni deya o'ylaydigan shahvoniy o'yinlar endi uning nazarida bachkanadek tuyulardi. Ustinlikni his qilish uni ulkanlashtirgandek edi. U devona kuch ta'siridan terisiga sig'masdi. Barchani kaftiga qisib osmonlarga uchgisi kelardi.

U g'oyib bo'lgan Nusxagul, Sipsagul va Shoxdor Takaevning jiyanlarini, shamollarga hukm qilib, chaqirtirib oldi.

– Shamollar, shamollar! – deya u do'rillagan ovozda chaqirdi. Shunda er qa'ridan Isrofilning surisiga o'xshash yurakni g'ashlovchi tovush chiqdi. Hurkkan mashina ot bo'lib kishnadi. Yo'qolganlar uning ichida paydo bo'ldilar. Ular dag'-dag' titrar, sho'rliklar Toshturmaning erto'lasidan chiqqan mahbuslarga o'xshardilar. Nusxagul bilan Sipsagul haliyam qip yalang'och edi. Ular Do'zaxistonni engil-boshsiz aylangandilar! – So'zlarimni garmsellarga etkazinglar. Fuqarolarimni asl qiyofasiga kiritsinlar, bo'lmasa, Hukki arvohi haqqi, echki va qo'ylarini qo'llaridan tortib olib, o'zlarini Amriqoga badarg'a etaman. Meksika hududlariga o'tolmasdan, Ali Kapponiy gangistirlari changalida adoyi tamom bo'ladilar. O'zbekiston firoqida mumdek erib, xor-zor bo'lib o'lib ketadilar!

– Sipsagul, o'zingmisan? Parimomomizga hisob beraman, deya, yo'qolganigni payqamapman, bir qoshiq qonimdan o't, parivash! – dedi oftobda tanasi ko'mirdek qorayib, chala jon ilondek shalpaygan Shoxdor Takaev. – Qo'zi Shishak o'ldi, Nusxagulning boshi ochiq bo'lgach, xohlagan xashagini eb, xohlagan bedapoyasida ag'anaydi. Men esa tirikman. Tul xotinga ergashib, olti soatdan buyon qayoqlarda sang'ib yuripsan, suplik? Aytib ketsang, toshing kamayadimi? Yigirma yildan buyon oldingni qaytarmagan bo'lsam, xohlagan o'tingni eyishingga imkon tug'dirgan bo'lsam, nima uchun meni xafa qilasan? Er otoyi xudo, er rozi, xudo rozi, deb eshitmaganmisan, ko'r bo'lgur pariro'? Seni yo'qotganimda har chamandan chimdimlab yiqqan bir etak go'rso'xta etimchalaringni bitta o'zim qanday boqardim? Ilgarilari yo'qolgan narsa topilmasdi, endi teskarisi bo'lyapti…

– Hoy chorig'ini tanimagan sassiq qobonim! – dedi Sipsagul qip yalang'ochligidan izza tortib, kaftlarini ko'kraklariga bosarkan. – Og'zingizni ko'pirtirib, do'st-dushman oldida ko'pam valdirayvermang. Jahannamdan eson-omon qaytganimga shukur etib, mashinadan ko'tarib olmaysizmi? Hukkining arvohi chalib, Yuriy Gagarin singari osmonlarda qolganimda sho'ringiz qurirdi. Muchchigarning egaridan ko'tarib olgan baxtli damlaringizni unutdingizmi, bek?

– Mening qo'lim qisilib yotiptiyu, buning gapini qarang. Undan ko'ra cho'k tush-da, Parimomoga yalinib-yolvor, balolardan xalos etsinlar. Kiyimlaring bo'lmasa ham, ixtiyoring o'zingda-ku, olashaqshaq!

– Diydiyoni bas qiling! – dedi Parimomo qo'lini ko'tarib. – Guldur gup, sandiq qulp, o'raga sichqon tushti. Parimomolaringizga sadoqat izhor etinglar, bo'talarim. So'ngra bu ishlarga nuqta qo'yamiz. Ertangi kun o'tkaziladigan dafn marosimiga hozirlik boshlanadi. Xo'jalikning arzon va sifatli paxta etishtirgan  fuqarolarini butun ittifoqqa tanitgan dongdor rais – Qo'zi Shishak qahramonlarcha halok bo'ldi. U besh marta Savet Ittifoqi qahramoni, etti marta sotsalistik mehnat qahramoni, sakkiz marta Lenin o'rdini davlat mukofotini kavaleriyasi, uch yulduz, to'rt yulduz va necha-necha sanog'i yo'q yulduzli nishonlar sohibi edi. Uni izzat-hurmat bilan oxirgi manzilga jo'natmasak, Hukki xudo buvaning ruhi-arvohi, bizlardan rozi bo'lmaydi. Mana qo'llarim!

Shoxdor Takaevning jiyanlari turnaqator bo'lib, uning qo'llarini o'pib, qayta boshdan sadoqat bildirdilar. Oralaridagi eng avboshi va urushqoqiga navbat etdi.

– Qo'llaringizdan avval o'pgan edim! – dedi u tizza tashlab. – Endi oyoqlaringizni o'pishga ruxsat eting, Parimomojon. Men tikbosh ishorangizni kutmasdan, tog'amni yov bosqinidan qutqaraman deya shoshqaloqlik etib, ko'radiganimni ko'rdim, uni tilka-pora qilishmaydimi. Men govkallaga uning zo'ri tushyaptimi. Beshta tog'amdan bittasi o'lsa, osmon uzilib erga tushmaydi, qolganlari etti pushtimizga etib ortadi.

– Esing kiripti, bola! – dedi Parimomo oyog'ini tutib. – Hali aqling yanada to'ladi. To'xsavoy masjidining so'ppisidek o'mrovimga bosh qo'yib uxlaydigan vaqtlaring keladi. Oyog'imni o'pgin-da, safga tur!

– Xo'p bo'ladi, Parimomojon! – deya u o'pib, so'ng emaklab borib safdagilarga qo'shildi.

 Partiya qo'mitasi kotibasi, “Raischilik” instituti to'rtinchi bosqich talabasi Nusxagul to'qqizinchi brigada boshlig'i, “Raischilik” instituti abuturenti Sipsagulning ensasidan ushlab, Parimomoning oldiga sudrakladi.

– O'p, noshukur! – dedi u. – Qulog'ingga leninizm ma'rifati va markisizm ma'niviyatidan yuz bora ma'ruza o'qisam ham, seni tuzata olmayapman. Qazisan, qartarsan, asli naslingga tortarsan, deya Hukki buvamlar bekorga javramas ekanlar. Bir tuki qobonnikidan farqlanmaydi. Ikkalasining jinsi boshqa, tuproqlari bitta joydan olingan. Basharang qursin, qobonga o'xshab sasimay har balo bo'lgur!

Parimomoning qo'llarini o'pgan Sipsagul kaftlarini shalviragan ko'kraklariga bosdi.

– Hukki kabi xushmuomala, fe'li keng, qo'li ochiq odamni bu dunyoda hali ko'rmadim! – dedi u. – Mehr-muhabbatini va ko'magini ayamagan Muchchigardan ham abadul-abad qarzdorman. Endi menga siz onalik etasiz, Parimomojon. Siz borsiz, erimning chivig'i qo'limda bo'ladi. O'g'iloy Cho'vish bilan Nusxagulning kurakda turmaydigan tutruqsiz so'zlarini eshitishdan qutulaman. Mullo buvamlarning damlari bilan dunyoga keltirgan o'n beshta bolamni boqib ulg'aytirishimga, ularni uyli-joyli, baxtli-taxtli qilishimga endi ko'zim etadi. Men kamoningizda o'qlangan o'qman, manjalag'ingizga joylangan toshman. Qaysi tarafga irg'itsangiz, o'sha tomonga uchaman. Buyursangiz, bo'ynimdan sarlochindek ushlab turgan Nusxagulni pora-pora etib yirtib, terisidan chakmon tikaman. Patini bittalab yulib, parini bolishingizga tiqaman. Bir umr qonimni ichgan erimni eshak etib, minib, O'g'iloy Cho'vishning ichini otxonaga aylantiraman. Qo'zi Shishakning murdasini etqiymalagichdan o'tkazib, go'shtidan kalxo'zning itlari va mushuklariga etbarak[1] tugaman. Suyaklarini havonchada tuyib, sochib tashlayman. Bu hayvonning, kalxo'zni ilg'or xo'jaliklar qatoriga ko'taraman, deya bizlarga bergan sitamlarini itlar ko'rsa, ko'zlari oqarardi. Muchchigar o'tgach, o'zimni yolg'iz his etardim. Na osh-ovqatga, na bir og'iz shirin so'zga qonardim. Nusxagulning marksizm-leninnizmi jonimga tekkandi. Ko'z quvonmasa, yurak yashnamas, quloq qonmasa, ko'ngil to'lmas ekan, Parimomojon. Sizni ko'rib borliq olam ko'zlarimda yasharib, qalbimda yashash va mehnat qilish ishtiyoqi tug'ildi…

Sipsagul, samimiy gapirardi. Parimomo iyib ketib, ko'zlari kosasida ko'z yoshlar halqalandi. U endi shahvoniy nafs uchun boshini o'tga, cho'qqa uradigan g'o'r va sodda beva emasdi. Fuqarolar ko'zlariga umid bilan boqadigan, aytgani og'zidan chiqqan zahoti qonunga aylanadigan rahbar – elning rahnamosi, yurtning suyangan tog'i edi. Zolimlarning boshlarida – yalang'ochlangan qilich, g'ariblarning yorug' olamdagi xovondori edi. Fuqarolarni qattiqqo'llik bilan muayyan qonun-qoidalar asosida boshqarishdan tashqari, ularga mehr-muhabbat ko'rsatish zarurligini u a'lo darajada anglardi. Qalbiga quloq tutib, o'zgarishlarni aql tarozisida tortib istifoda etishni undan vaziyatning o'zi taqazo etardi. Tizginini hech kim ololmagan rahnamoni vaziyat bo'ysundiradi, deb tushunib, vaziyat paydo etgan imkoniyatlardan ustalik bilan foydalanardi. Nafsilambirini aytganda, u o'zini taniy olmayotgandi. Raisning o'limi munosabati bilan o'rtaga chiqqan o'zgarishlarni Hukkining zimdan qo'llab-quvvatlayotganiga yo'yardi. Uning ruhiyatida boshqarib huzurlanish tuyg'ulari hukmron edi. U o'z ichiga Hukkining ruhi kirganiga qattiq ishonardi. Kalxo'z fuqarolari va mullodan tug'ilgan yuzlab bolalarga g'amxo'rlik qilishni burch deb hisoblardi. Hukkidan bola orttirgan ayollarni ko'rganda nafratini ichiga yutardi. U barchani qo'l ostida birlashtirishga bel bog'lagandi. Hukki chala qoldirgan yumushlarni oxiriga etkazishni istardi. Biroq uning tirnoqqa zor etib tashlab ketganini eslab, g'azabdan qaqshab-titrardi. Yomon xotiralar qalbini zimistonga aylantirgandi. Bola ko'rishi uchun Hukkidan zo'rrog'ini izlashi lozim edi. Unaqangi ayg'irsifatning bu dunyoda borligi esa dargumon edi. Ahvolning mushkulligini idrok etgan Parimomo shuning uchun vaziyat yuzaga keltirgan imkoniyatdan foydalanmoqchi bo'ldi. Hukkining ruhi ichimga kirdi deya o'zini avrashi, fikri ojizicha, boshi berk ko'chadan eshik ochardi. Firibgarlikka mengzash g'aflat uni porloq manzillarga etaklashi mumkin edi. Shu bois u kalxo'zdagi ikki tirik kalla – Nusxagul bilan Sipsagulni o'ziga og'dirmoqni ko'zladi. Fuqarolar qo'llab-quvvatlab turganda, ularni tili qisiq qilish Qiyo jinniga o'xshagan tuzini eb, tuzlig'iga tupuradiganlar nazdida uning mavqeyini oshirardi.

– Qani, bo'talarim, bu ikki mushtiparning kiyinishlariga ko'maklashib yuboringlar! – dedi u oyog'ini quchoqlab yig'layotgan Sipsagulni Nusxagulning changalidan ayirib. – Bu bechoralarda ayb yo'q. Erkaklari tirik o'lgan yurtda  ayollar xor bo'ladilar. Bolalar qo'rqoq va olchoq bo'lib o'sadilar. Echkilar mushuk tug'ib, xachirlar qulunlaydi. Tovuqlarni kurkalar bosib, o'rdak va g'ozlarning ketini yog' bog'laydi. Otlarni jin chalib, eshaklar taxtga o'tiradi.

– Ore rost! – deya shunda Qiyo jinni paydo bo'ldi. – Sadag'angiz ketay, enajonim! Tovoningizni tillarim bilan yalab, yoriqlaridagi yontoqlarni tishlarim bilan sug'uray. Hukki xudo buvam haqqi, yolvoraman, men ko'rnamakning gunohlarimdan o'ting!

 U shog'ol qiyofasiga kirib, Parimomoning har bir qadamini kuzatayotgan, sodir bo'layotgan ishlardan to'la xabari bor edi. Shu paytgacha Quryozagulni er yuzidan supirib tashlamoqchi bo'lib yurgan esa-da, u Parimomoga aylangach, niyati o'zgarib, uning pinjiga kirish uchun yo'l izlay boshladi.

Parimomo benomuslarcha oyoqlarini quchoqlab o'payotgan Qiyo jinnining  boshini ko'tardi. Harchand darg'azab bo'lmasin, etti o'lchab bir kesmoq, kesganda ham, tom joyidan kesmoq usulining hech kimga ziyon etkazmasligini mulohoza qildi.

– Sening To'xta kal bilan Temir qiytorga o'xshab it o'limida o'lishingni Hukkidan so'rab supra mushtlagandim! – dedi so'ngra ko'ksiga tushgan bir o'rim sochini orqasiga tashlab. – Ruhlar, shog'olvachcha yashasin, deya yalinib-yolvoryaptilar!

– Shog'olvachcha deya ko'rmang, enajonim, Parimomojon-hey! – dedi Qiyo jinni tizzalarida turib. – Men sizdek bir buyuk ayolning va Hukki xudo buvamlarning farzandi arjumandlari bo'laman-a. So'zingizni darhol qaytarib olib, tavba eting, enajonim.

– Tavba ham etmayman, qaytarib ham olmayman. Men senga qanaqasiga ena bo'laman? Bo'yimda homila paydo bo'lmagan bo'lsa, tug'magan bo'lsam. To'g'ri, butun kalxo'z fuqarolarini volidayu muhtaramalari bo'laman, bu mujdani g'oyibdan Hukkining ruh-arvohi etkazganini inkor eta olmayman. Ammo, vaqtida Hukkining soniga kanadek yopishgan bo'lishing mumkin, menga yaqin kela olmaysan. Chuchuvarani xom sanapsan, Parimomongni anoyi g'o'r davrlari o'tdi. Ko'rgan tollaring korson bo'ldi, bo'talog'im!

– Meni noto'g'ri tushunmang, jon enajonim! – deya Qiyo jinni Parimomoning ko'ylagini etagi bilan ko'z yoshlarini artdi. – Men Iso Masihman, sizning meni tuqqaningiz haqqirost. Beruniy bilan Ibn Sino go'rda tirilib, Eron bilan Xurosondan qo'l ushlashib kelsa ham, bu ochiq dalilni hech kim inkor eta olmaydi. Hukki buvamlar o'z qo'llari bilan echintirib, chimildiqqa etalab kirganlari yodingizdan ko'tarildimi, enaginam?

– U damlarni unutib bo'lar ekanmi?!

– Hayt, jaqala-juqala! – deya Qiyo jinni Azim arabga o'xshab, sapchib turib o'ynab ketdi.

– Esimdadir u damlar,

O'zi uchar gilamlar.

Men bir qora kunda tug'ildim,

Tug'ildimu shu on bo'g'ildim.

Pushkin eshik qoqqan har uyda,

Navoiyning ruhi barhayot.

Shu she'rimga Zulfiyaning butun boshli ijodini sotib olsam arziydi. Jaqala-juqala…

– Durust, durust! – dedi Parimomoning boshi qotib. – O'zing to'qidingmi, ishqilib? Sening she'r yozishingga aqlim etmaydi!

– Bo'lmasam, kim yozardi? – dedi chirpirak bo'lib aylanayotgan Qiyo jinni taqa-taq to'xtab. – Hamid Olimjon u dunyodan tirilib, kelib, she'r bitib berardimi, enajon? Ichim to'la, g'ij-g'ij iste'dod. Rang ko'r, hol so'r, deganlaridek, shog'olnikiga o'xshash basharamga boqib noto'g'ri xulosa chiqarmang. Mol olasi ichida, odam olasi tashida, deganlar. Sizningdek kibor, oqila va dono zotlarga daholar xususida chalkash xulosalar yasash yarashmaydi. Qiyo tabib degan mashhur nomim bo'lsa, mol-dunyo daryodek oqib kelayotgan bo'lsa, men she'r to'qimay kim  to'qisin?

 O'g'iloy Cho'vish bilan Shoxdor Takaevning ahvoli o'lib qolgan Qo'zi Shishaknikidan avlo emasdi. Ular tirik murda edilar. O'g'iloy Cho'vishning yuzlari oftobdan qorayib, quruqshagan lablari yorilgandi. Shoxdor Takaev suvsagan makkajo'xori singari qovjirab, qo'lining ortiq bezovta etmayotgani uni vahimaga solardi. U chirish boshlanishidan qo'rqardi.

– Qani, safga tizilinglar! – dedi Parimomo qosh-qovog'ini uyib. – O'yin-kulgi tugadi. Bo'ladigan ishlar bilan shug'ullanamiz. Him-m, Qiyo jinni, muddaoga o't, aravani quruq olib qochib, boshimni aylantirma, vaqt ziq. Kalxo'z fuqarolari dafn marosimiga tayyorgarlik ko'rishlari kerak. Butun mas'uliyat zimmamda bo'lgach, har bir narsa ustida bosh qotirishimga to'g'ri keladi. Kechadan buyon lo'nda, qisqa va aniq gapiradiganlarni yoqtiradigan bo'lganman.

– Lo'nda, qisqa va anig'i, men Iso Masihman! – dedi Qiyo jinni. – Siz onaizorimsiz. Hukki dam urgan ilk tunda bo'yingizda bo'lganman. Boshqa aytadigan gapim yo'q, enajon!

– Demak, men Bibi Maryam ekanmanda?

– Shunday, enajon. Men esa Iso Masihman!

– Onang tirikligida uni ham Bibi Maryam deb e'lon qilgan eding. Tarixda Bibi Maryamlar ko'p bo'lmagan-ku. Bu eshitgan quloqqa erish tuyulmaydimi? Maqsadga ko'ch, ulim?

– Onam o'ldi, uni Bibi Maryam deganimdan nima foyda? Tirilib, teshik kulcha sotib olib berarmidi? Hukki buvam aytganidek, o'liklarning emas, tiriklarning g'amini eyish kerak!

– Shog'ol o'lgur, boshing ishlaydimi? Sendan qariyib o'n besh yosh kichikman, seni qanaqasiga tug'aman?! El-olam nima deydi?

– Boshim juda yaxshi ishlaydi, asosiysi, odamlarning boshi ishlamaydi. Bir-birimizni tushunsak, ular bizlarni tushunib ketaveradilar. Xalqqa dalillar emas, yolg'on-yashriqlar muhim. G'oz uchdi, desangiz, qozikalon o'ldi deb ketaveradilar, enajon!

– Angladim! – dedi yuzi yorishgan Parimomo. – Bu hammaning oldida echiladigan masala emas. Marosim o'tgach, xoli gaplashamiz. Sen haqqingda yomon fikrdaman, ungacha munosabatimni o'zgartirishni o'yla. Zarur yumush bor, qoyilmaqom qilolsang, hamkorligimizga debocha bo'ladi.

– Fotiha bering, enajon.

– Hukkini tuproqqa topshirganimizga yaqinda to'rt yil to'ladi. Qabri o'pirilib yotipdi. Boradigan joyimiz o'sha er bo'lgach, boshimizga balolar yog'ilmasdan uning maskanini obod qilishimiz kerak. Qo'limizni burnimizga tiqib borsak, kunimizni ko'rsatadi!

– Nima qil deysiz, enajon?

– Erta choshgohgacha uning ustida sakkizga o'n olti etib pishiq g'ishtdan dahma ko'tar. Kalxo'zchilarning izmi sening ixtiyoringda. Hukkining oyoq uchidan Qo'zi Shishakka chuqur kavlat, lahadgacha olti quloch bo'lsin. O'lmay o'lgurning murdasi mashinaning bolonidek shishib ketdi, haromini go'r chiqarib,  gap-so'z ko'paymasin. Ustidan o'n-o'n besh xarsang tosh tashlab, keyin ko'mamiz. Hukki xudo buvaning o'ng tarafidan o'zingga, chap tarafidan Nusxagulga o'rin kavlat. Devorini pishiq g'ishdan terdirib, tagiga qamish to'shatib, kigiz yozdir. Zax o'tmaydi. Shoxdor Takaevga ham joy qoldir. Iloji bo'lsa, onangning mozorini ham kavlatib, dahmaga ko'chir, xursand bo'ladi. Betonlatib, marmartosh terdirsang, olam guliston. Mulloning boshidan men bilan Sipsagulga joy kavlat. Uni ham pishiq g'ishtdan o'ratib, turkman gilamlarini to'shattirasan. Kiraverishdagi devorga Safsar tulkining portretini ilasan. Bir kun emas bir kun u umrbod prezident bo'ladi. Shu paytdan uni yonimizga tortish chorasini ko'rganimiz yaxshi. Kiraverishda “Lenin xonasi”dagi minbar uchun supa qurdir, orqasiga kommunizm dohiylarining rasmlarini osinglar!                                    

– Barchasi ma'qul-kuya, o'zimizga qabr kavlatib nima qildik? Hukki xuddo buvamlar qo'llab tursa, bizlar o'lmaymiz!

– To'g'ri, biroq vaqti-soati etganda, bormasak bo'lmaydi. Ko'chdi degani o'ldi degani emas. Imkon borida soya-salqindan joy hozirlab qo'ysak, zarar qilmaydi…

(Davomi bor)

[1] Etbarak – chuchuvara.

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort