O’zbekiston Xalq Harakati

G'aroyib hodisa

G'aroyib hodisa
13 Şubat 2019 - 8:00 'da yuklandi va 462 marta o'qildi.

Islom XOLBOY

Fe'lim mening, a'molim mening… 

Subhanolloh, bu ne nafsi laim,
Nafsni qo'ygil, ne azobi alim.
Ro'zi uchun muncha fusunsozliq,
Mansab uchun muncha dag'obozliq.

Alisher Navoiy

O'n birinchi bob

“G'oyib ota”da  g'aroyib hodisa sodir bo'ldi. Pashsha uchsa bilinadigan qabristonda tun bo'yi tuman qurilish brigadasining yuzga yaqin quruvchilari javlon urdilar. O'nlagan texnikaning shovqin-suroni haqiqatan g'alati edi. Tiriklar nari tursin, tuproq ostida suyaklari chirib yotgan o'liklar ham taajjubda edilar. Bu ishlar mahalliy qarashlarga mos tushardi. Islom aqidalarini xurofotga qorgan mardum urf-odatlar quli, qaymog'i suzib olingan mafkura – jaholat soyasida qolgandi. Dahma qurilishiga tuman partiya qo'mitasining birinchi kotibi Darmon Madorovich boshchilik etardi. Kalxo'z ahli qalbida uning ishtiroki iftixorga mengzash bir hadik uyg'otib, o'ktamlikni g'ayri oddiy safarbarlik yutib yubordi. Tunda yoppasiga qabristonga chiqqanini eslay olmaydigan olamon xavotir ichida qolgandi.  Hukkining o'pirilgan qabri atrofida peshayvonli to'rt devor yuksalardi. Quruvchilarga qurilish ashyolarini etkazayotgan kalxo'zchilarning yuzlari kulgani bilan ichlari chiroq yoqsa, yorishmasdi…

…Ming bir va'dalar va yolvorishlar bilan O'g'iloy Cho'vish Parimomodan qutulgach, Darmon Madorovichni topib, dahma qurulishiga jo'natdi. Tili qisiq birinchi kotib taysallab o'tirmadi. U xalqning tori sustligini kuzatib, o'zini noqulay his etardi. Barchaga amri-farmon berayotgan Qiyo jinni uchun buning ahamiyati yo'q edi. U bir zamonlar o'zining dushmani bo'lgan Parimomoning ishonchini qozonish uchun bosh qotirardi. U dahma qurilishiga norasmiy mas'ul esa-da, og'irlik Darmon Madorovich zimmasiga yuklangandi.

…O'g'iloy Cho'vish tug'ruqxonaga borib, ichiga yopishgan “qo'zishishakcha”ni kestirdi. So'ngra ikkinchi kotib qonketma bo'lganda, yotgan xonaga kirib, oh-voh qilib cho'zilib oldi. Tongottiboyning har yonidan aylanib suratga tushirganlari ko'z oldidan ketmasdi. Qon tupirgan kimsa singari u alamini ichiga yutar, Parimomoning tuzog'iga osongina ilinganini endi payqayotgandi. Omi bir ayolning changalida o'zini qanotlari qiyilgan qush singari his etardi. Qo'rquv va ta'magirlik jonini ombur kabi sug'urgani etmagandek, subutini yo'qotishi o'lim bilan barobar edi. Buni na birovga aytib, na tushuntirib bo'lardi. Harna bo'lganda ham oson qutuldim, deb o'ylardi. Bu yog'iga Parimomoning o'ng qo'li bo'lishi lozimligini ham xayolidan soqit etmasdi. Buning uchun Qiyo jinnini undan uzoqlashtirishi kerak edi. Darmon Madorovichni o'ziga hamkor etca, maqsadga muvofiq bo'lardi. Ammo Gidlyanning Moskvadan uchib kelishi barchasini o'zgartirib yuborishini u hali bilmasdi…

Darmon Madorovich bugun fitnakor bu ayolni ilk marta aftodahol bir kayfiyatda uchratgandi. Mo'yina Cho'vishning ahvoli ayanchli ko'rinsa-da, sir boy bermaslikka tirishardi. Ammo oyni etak bilan yopib bo'lmasdi. Uning oshkora yon bermaslik uchun qisinib-qimtinishi, birinchi kotibga shubhali, bir vaqtning o'zida g'alati tuyulardi…

Darmon Madorovich ming bir xayollar bilan biroz engil nafas olish uchun qurilish hududidan yiroqlasharkan, qorong'i kechada forschada she'r o'qiyotgan allakimning ovozini ilg'adi. Bu uning diqqatini el qum barxanlarini osmonga sovurgandek to'zg'itib yubordi. Avvalida u qo'rqdi. Ohangga sehrlangach, she'r o'qiyotgan kimsa arvoh yoki murda bo'lsa-chi, deb o'yladi. Bolalik chog'larida bobosidan necha bor eshitgan Shayx Fariduddin Attorning “Pandnoma”si unga begona emas edi. U o'tib ketgan yaqinlarini esladi. Zangin ohanglar va teran mazmun uning ixtiyorini oldi. Barchasi tushida sodir bo'layotgandek edi. U shu turishida bir soat qanday o'tganini sezmadi. Quloqchakkasiga tarsaki tushgandan keyingina o'ziga keldi. Ro'parasida ko'zlari g'ilay bir kimsa turardi. Quyosh nurida yuraverib uning misi chiqqandi. Uni Qosim devona derdilar. Yoz chillasida qora kastum-shim kiyib, pushti galstuk bog'lagan Darmon Madorovich erdan shilyapasini oldi.

– Ko'rgan-eshitganingni mahkam ushla. Bo'lmasa, chumchuq bo'lib, pir-ir-r etib uchib ketadi, quruq qolasan-a, bola!

Qosim devona shunday deya uning ikki kuragi o'rtasiga kafti bilan urdi. U Qosim devona chiqqan go'rga o'mboloq oshib tushdi. Qaydandir paydo bo'lgan Qiyo jinni uni o'rnidan turg'azib, tagida buklanib qolgan shlyapasini boshiga kiygizdi. Ust-boshining changini qoqdi.

– Devona! – dedi Qiyo jinni Qosim devonaga. – Bu kimsaning kimligini bilasanmi?

– Bilaman! – dedi u.

– Kim?

– Allohning gunohkor bandasi!

– Devona, bu kishi tumanmiz xo'jayini Darmon Madorovich bo'ladilar. Qamatib yubormasin tag'in, jinniligingni o'zimiznikilarga qilasan, kallavaram!

– U sen uchun tuman xo'jayini, men uchun Allohning ojiz bandasi, tushundingmi, Qiyo jinni?

– Bunga gap uqtirib bo'lmaydi! – dedi Qiyo jinni qo'l siltab. – Dahmaning nari yog'ida dasturxon yozdirgandim. Sizni, choy ichib o'tiripsiz, deb o'ylapman. Hukki xudo buvamning ruhi qo'llab, Shoxdor Takaevning ko'zi chalmaganda, sizni devona o'ldirib qo'yishi mumkin edi.

– Hukking xudo emas, uchiga chiqqan firibgar, pixini yorgan munofiq edi! – dedi Qosim devona g'ilay ko'zlarini qisib. – Sen o'shaning yaloqxo'r itisan, haromi bolasisan. Alloh – yakkayu yagona – U tug'ilmaydi, tug'dirmaydi, o'lmaydi, uxlamaydi, ichmaydi, emaydi, g'aflatga botmaydi, charchamaydi, biror-bir narsaga muhtoj bo'lmaydi, U behojat…

G'ilayning “haromi” degani suyak-suyagidan o'tgan Qiyo jinni unga musht soldi. U ag'anab tushib, ix, ix-xix, deya ingrasa-da, so'zlarini oxirigacha aytishga tirishardi.

– Hukking xudo bo'lsa, nega o'ladi? Bir moda eshakning shatalog'iga dosh berolmagan odamni boshlariga ko'tarib maqtashlarini qaranglar…

– Etar, bas! Bor, ishingni qil. Quyosh ko'tarilib qoldi. Hademay mayitni olib kelishadi. Barchasiga ulgurish kerak…

Darmon Madorovich vajohatga to'lib hayqirdi. Elkalarini qisib o'tirgan odamda bunchalik salobat paydo bo'lishini kutmagan Qiyo jinnining yuragiga qo'rquv oraladi. Qo'l-oyoqlari qaltirab, lablari titrab ketdi.

– Bo'ldi-e, ketyapman-ku! – deya oldi, xolos.

U dumi orqasiga qisilgan it singari yo'rg'alardi.

– Nima, sizlarga maymun o'ynatyapmanmi? Ishlaringizni qilsalaringiz bo'lmaydimi, takasaltanglar! – deya Darmon Madorovich ko'tarilayotgan dahma atrofida o'zlarini kuzatib o'tirganlarga  o'shqirdi.

Ular suvaraklardek to'rt tomonga sochilib ketdilar.

Qabristonda rosmana koshona paydo bo'lgandi. Ertaklardagina shunday bo'lishi mumkin edi. Jarayonga guvoh bo'lmagan odamning ishongisi kelmasdi. Ishongisi kelsa ham, nochorlikka ko'nikkan tasavvurida taxayyulga mengzash hodisaning hazm bo'lishi oshqozonning ohaktoshni hazm etishidek bir gap edi.

Dahmaga tikilgan Darmon Madorovich tasavvurida Hukkining qiyofasi haqiqatan buyuklik kasb etib, qalbida unga nisbatan hurmat tug'ila boshlagandi. Buni ilg'agan Qosim devona kiyimlariga ilashlgan tikanlarni terib tashlab, she'r o'qidi:

– Shariatsiz kishi uchsa havog'a,

Ko'ngil berma aningdek xudnamog'a.

Havoga uchsa, monandi chibindur,

Ani hodi dema, shaytoni dindur.

Shariatsiz kishi gar yutsa o'tni,

Havo o'rtasida minsa bulutni,

Qachon topqan erur qurbat hidini,

Vali bilmang taqiy andoq kadini.

Bo'libtur mundog' ishlar kofiriydin,

Nachukkim, bo'ldi sehri somiriydin.

She'rni eshitib Darmon Madorovich, hang-mang bo'ldi. Hech nimani tushunmagani bois, ensasi qotdi.

– Nima demoqchisiz, hech nimani tushunmadim? – deya e'tirof etdi u.

– So'fi Olloyor odamning duo bilan havoga uchishidan boxabar bo'lgan! – dedi Qosim devona. – U bizga shariatsiz kishining havoga uchishi o'zini ko'rsatish (“xudnamo”lik), u go'yo bir chivin (pashsha), deyotipti. Uni “hodi”, ya'ni yo'l ko'rsatuvchi shayx deb bilma, uning dini – shaytoniy, deb, hatto u shariatsiz odam olovni yutsa va yo osmonga chiqib bulutni minsa ham, u qurbatni, Allohga yaqinlik hidini qayoqdan bilsin, bunday kadi, ya'ni oshqovoqni vali deb bilmang, chunki bunday ishlar kofirdangina keladi, deb uqtirayotipti. Dinni va mullolik rutbasini niqob qilgan Hukkining So'fi Olloyor ta'rifini keltirgan firibgarlardan farqlanadigan jihati yo'q. Uning hiyla-nayranglariga aldanib, ikki olamda osiy bo'lgandan ko'ra, kamunistlarning g'oyasini qo'llab-quvvatlab, xudosiz o'tgan tuzuk. Kamunistlar xatolarini anglab, chin yurakdan tavba-tazarru qilsalar, Yaratganning hidoyat etishi mumkinligi ehtimoli yo'q emas. Egasi itining qilig'ini biladi, deganlaridek, Alloh bandasining fe'l-atvorini biladi. Banda borki, xatolardan xoli bo'lmaydi. Hech kim ham farishta emas.

– Bolaligimda bobolarimdan eshitganlarimga ko'ra, tasavvufda karomatlar bevosita musulmon dini, ya'ni shariat bilan bog'lab talqin etilishi ma'lum, – dedi Darmon Madorovich. – Biroq o'sha boshqa din vakillari ham Xudo orqali shunday sharafga ega bo'ldik, deb tan oladi-ku.

– Eshitkil, balki Fir'avn amridin Nil

Quyidin yuqqorig'a oqdi beqil.

Muni bilgilki, Hindistonda holo

Ucharlar kofirin sannosi bolo.

Shariat hukmin etmay iqomat,

Taajjub ishlari bo'lmas karomat. 

– Hindistonda osmonga uchgan odamning taajjub qiladigan ishlari ham karomat emasligini, bu tugul, Fir'avn amri bilan Nil daryosi teskari oqqanda ham bu karomat bo'lolmasligini bizdan qariyib uch asr ilgari yashab o'tgan So'fi Olloyor karomat qilganlar, – dedi navbatdagi o'qigan she'rini izohlashga kirishgan Qosim devona. – Demak, Hindistonda odamning osmonga uchishi necha asrlar ilgaridan ota-bobolarimizga ma'lum ekan. Biz esa buni televizirdan eshitib, go'yo endi paydo bo'lgan yangilik kabi yoqa ushlab o'tiripmiz. Siz kamunistlar oyga raketa qo'ndirdik, deb dunyoyi olamga jar solasizlaru, o'zlaringiz shaklu shamoyil bergan Hukkining hiyla-nayranglari oldida lol qolishdan o'zlaringizni tiya olmaysizlar. Chunki sizlarning nochor ma'naviy dunyoyingiz oyoqlaringiz etgan joylarning inson tafakkuri oldida bir qadamlik ham manzil emasligini ilg'ashga qodir emas. Boshidan noto'g'ri shakllantirilgan ko'zqarashlaringiz – boshiga tuya terisi qoplangan Manqurtning miyasiga qaytib o'sgan sochiga o'xshaydi. Niyat xolis, tasavvurlar yorqin bo'lmagach,  ruhiyatda o'zgarishlar sodir bo'lmaydi. Fikrlashda har kuni yangilanishlar ro'y berib turmasa, o'sish va taraqqiyot yuz ko'rsatmaydi.

– Ming yillar asnosida qaqrab yotgan cho'llarni bog'-bo'stonga aylantirgan Lenin inqilobi bizga taraqqiyot olib kelmadimi? Maktablarda tekin ta'lim-tarbiya olayotgan bolalarimizning erta bir kun kuchli jamiyat barpo etishidan nahotki gumoningiz bor?

– Maktablarda qullik va yaltoqlikdan ilm olayotgan bolalarimizning milliy ma'naviyatimiz va tariximizga hech bir tegish jihatlari yo'q. Shunday bo'lgach, ular kelajakda samara bermaydilar. Ziyonlari tegishi ehtimoli kuchliroq. Ular nari borsa, Hukki singari qa'tiyatsiz va subutsiz, oshib tushsa, Qiyo jinniga o'xshagan mol-dunyosini ko'rsichqondek gurumiga tortishga ustasi farang bo'lib etishadilar. Juda yuksaklarga parvoz etsalar, millat bilan bosqinchilar o'rtasida turib, xalqning burnini erga ishqab ishlatib, qon va ter hisobidan bunyod bo'lgan boyliklarni Moskvaga oqizish evaziga boylik orttiradilar. Xiyonat hisobidan mansab kursilarini egallab, sharafsizlik va nomussizlik orqasidan shon-shuhratga erishadilar. Ulardagi din-iymon, milliy g'urur va or-nomus tuyg'ulari – tarixiy xotiraning g'aribligi bois, allaqachonlar so'nib bo'lgan. O'qituvchilar – quldorlarning zarang tayoqlari bo'lgach, ular uchun jaholat – aqllilik va olijanoblik belgisi hisoblanadi. Bizning maktablarda bir soat dars olgan o'quvchi yuz yil o'nglanmaydi. Ular o'z ruhiyatlaridagi ozodlik va hurlik tuyg'ularining qullik va yaltoqlikka, hamiyatsizlik va benomuslikka ayqashganini hatto sezmaydilar. Hali Garbacho'p boshlagan Oshkoralik shabadalari Ozodlik nasmlarini olib kelganda ham, bizlar ongimizni qullikdan, xudbinlik va kaltafahmlik asoratlaridan qutqara olmaymiz. Davlat boshiga Hukkiga o'xshagan munofiq va firibgarlar keladilar. Masjid-madrasalar johil mullolarga to'ladi, ular millatni islomdan adashtiradilar. Adolat va ezgulik hammollari – qonunlarni paymol etadilar. Ro'shnolik va taraqqiyot mezoni bo'lmish tartib-intizomni,  ilm-fanni, kasb-hunarni boshboshdoqlik o'zaniga soladilar. Nochor xalq ruhiy porakandalikka yuz tutib, it egasini, mushuk bekasini tanimaydi. Bular barchasi uch yuz-to'rt yuz yillik podsholarimiz va sho'ro siyosatining oltmish yillik zo'rovonligi asoratidir. Holbuki, sizlar maktablarda bepul o'qitilayotgan bolalarimizning ichidan avliyolar qidirmoqchi bo'lasizlar. Bosqinchilar bolalarimizni qo'limizdan tortib oldilar. Pulsiz sotib olganlari uchun pul to'lamaganimiz qoldi. Tavba, bu odamlar jinni bo'lmaganmi o'zi… Cho'llar va sahrolarimizning bog'-bo'stonga evrilganiga keladigan bo'lsak, aslida ular bog'-bo'stonlarimizni sahroga aylantirishdi. Ko'z ilg'amas sarhatlarda yastangan saksavulzor, yulg'unzorlarimiz, daryolar bo'ylaridagi to'qaylarimizga qiron etdi. Natijada, ekatizim ishdan chiqib, tabiiy ofatlar boshlandi. Yuzlagan xil o'simliklar, yovvoyi hayvonlar, darandalar va parandalar yo'qolib ketdilar. Bugun Orol dengizining o'limi haqida butun dunyo ayyuhannos solishga bel bog'ladi. Erta-indin bizlarning halokatimiz xususida bahs-munozaralar boshlanadi, ko'z ko'rib, quloq eshitmagan kasalliklar urchiydi. Shon-shuhratga mukkasidan ketganlar oliy minbarlardan nutq irod etishga tushadilar. Biroq o'shanda bizlar hammasini boy bergan bo'lamiz. Mustaqillik shiori ostida Hukkining vorislari – mirakizmchilar xalqni ezib, hayvondek mehnat qilishga majburlaydilar…

– Kechirasiz, so'zingizni bo'ldim. Sizni ko'p eshitganman. Devonaga o'xshagan devonadir, deb o'ylardim. Fikrlaringiz meni hayratga solyapti!

(Davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort