O’zbekiston Xalq Harakati

Har qanday odam ota bo'lishi mumkin, biroq har qanday otadan ustoz chiqmaydi!..

Har qanday odam ota bo'lishi mumkin, biroq har qanday otadan ustoz chiqmaydi!..
14 Şubat 2019 - 8:00 'da yuklandi va 631 marta o'qildi.

Islom XOLBOY

Fe'lim mening, a'molim mening… 

Subhanolloh, bu ne nafsi laim,
Nafsni qo'ygil, ne azobi alim.
Ro'zi uchun muncha fusunsozliq,
Mansab uchun muncha dag'obozliq.

Alisher Navoiy

O'n birinchi bob – 2

Bu atroflarda Qosim devonani tanimagan kimsa yo'q edi. Uning bir paytlar Mir Arab madrasasida ta'lim olganini ham hamma bilardi. Zukkoligi va to'g'ri so'zligi uchun bir necha yil qamalib chiqqanidan ham barchaning xabari bor edi. U qamoqdan chiqqach, bor dunyosidan etak qoqib, uzlatga chekindi. U hofizi Qur'on edi. Rumiylarni, Hofizu Attorlarni, Amir Alisheru Mashrab, Maxtumqulilarni yod bilardi. Qo'lidan qo'ymaydigan bir radiosi bo'lib, shu radiosidan butun dunyoni tinglardi. Uning bir necha tilni yaxshi bilishi, unga dunyo eshiklarini ochgandi. U o'pirilgan ko'rda turib, dunyolarga chiqib-kirib yurardi…

U, qah-qah otib kuldi.

– Nima, Gamletga o'xshab chaynalib-chaynalib donoliklar zohir etishimni istaysizmi? Mening Gamlet bo'lishim uchun xalqingiz Shekspir bo'lishi kerak. Meni Gamletga aylantirib nima qilmoqchisiz?

– Shuncha narsani bilarkansiz, yirtiq-yamoq kiyimlarda, kir-chirga botib, qabristonda nima qilasiz? Qabrga kirib yotgan bilan muammo echilmaydi. Eb-ichib, odamdek yotib-tursangiz, sizga birov xalaqit beradimi? To'rt kunlik dunyoda ro'shnolik ko'rmasdan o'tib ketishdan qo'rqmaysizmi?

– Hamma gap shunda-da! O'zidan bexabarlarga o'xshab, tarallo bedod qilib yashashdan ham qo'rqaman, ham uyalaman!

– Kimdan uyalasiz, kimdan qo'rqasiz? Biror kimsadan qarzingiz bormi?

– Bor-da! Menga tafakkurni, jonni, odamiylikni, ne'matlar buyugi bo'lmish umrni, ota-onani, go'zal xotinni, aziz farzandlarni, qarindosh-urug'larni, millatni, dinni, tilni, g'am-tashvishni, shod-xurramlikni, ixtiyorsizlikni va ixtiyorni bergan Zotdan katta qarzim bor. Bu qarzni o'zlarini tanimaydigan, qo'llariga kiritayotgan boyliklarning shukrini qilmaydigan, yo'qotayotgan narsalarining qiymatini idrok etolmaydiganlar bilan bo'lashib bo'lmaydi. Tabiatni g'orat etib, kelajakni toptaydigan, xudosiz sho'rolar bilan og'iz-burun o'pishishdan uyalmaydigan jamoat bilan qarz to'lashning iloji bo'lmagach, qabrga kirib yotmasdan, daraxtning uchiga chiqayinmi?!

– Eti tugul, suyaklari chirib xokka aylangan murdalar sizga nima qilib berardi?

– Bu fikr Hukkiga bo'lgan tasavvurlaringizga qarama-qarshi bo'lsayam, zamirida chin haqiqat borligi uchun javob berishga burchliman… O'lganlardan tiriklarga talofat yoki naf etmasligi islom aqidalarini to'g'ri anglaydigan har qanday bandaga ma'lum. Payg'ambarlar va avliyolar ham Tangrining ojiz bandalari. Ular azalida in'om etilgan burch va vazifalarini o'tab, dorulfanodan dorulbaqoga rixlat etarkanlar, ham jismonan, ham ruhan bu dunyodan uziladilar. Dunyoda ularning amalga oshirgan ishlari va ibratlari qoladi. Ular o'lib turib ham, Hukkiga o'xshab, odamlar hayotini izga solganlarida, Ilohdan o'zga iloh yo'q, Alloh yagonadir, degan iboraning bir burda qotgan noncha qadr-qiymati qolmasdi. Tug'ilmaydigan, tug'dirmaydigan, zavol topmaydigan, bordan yo'q etadigan, yo'qdan bor etadigan buyuk Zot – yagona Alloh ekanmi, demak, qolgan barcha narsalar, odam tugul, oy, quyosh, yulduzlarning vaqti-soati etib tanazzulga yuz tutishi ayon haqiqatdir. Banda qo'lidan Alloh xohish-irodasidan tashqarida biror-bir ish kelganda, u hech qachon o'lmasdi, qora tuproqqa qorishmasdi. Tiriklardan ham o'zlariga, ham o'tganlarga naf borligi Yaratuvchining sinov dunyosida bergan imkoniyatidandir. Bu imkoniyat Qur'oni karimni to'g'ri anglashda, Sunnatni bekamu ko'st bajarib, tariqatdan adashmaslikda namoyon bo'ladi. Inson shu yo'l bilan o'zini jahannam azobidan qutqaradi. O'tganlarning xotirasiga hurmat-ehtirom ko'rsatib, o'zligini anglaydi. Shamga intilgan parvona singari ezguliklar kasb etib, Yaratganning jamoliga intiladi. Supurib-sidirib, qabrlar boshida Alloh kalomidan qiroat etish – tiriklikning aql shamchirog'ini charxlaydi, xotirani o'tkirlashtiradi. Nasllarning o'tmishlari bilan bog'liqligining o'chmas ramzi sifatida avlodlarga ibrat namunasi bo'ladi. Tiriklar o'liklarga emas, o'liklar tiriklarga muhtojdirlar. O'tganlarni yaxshilik bilan eslab, duo etish ularning gunohlarini kesib, savoblarini oshiradi. Yaxshi amallar ikki dunyoda o'lmaydi. Hech bir ish javobsiz qolmaydi. Imon bilan yashagan kimsa yaxshilikka intiladi, Alloh azobidan qo'rqadi, yomonlikka botinolmaydi. Xiyonatdan, nohaq odam o'ldirishdan, poraxo'rlikdan, yolg'onchilikdan, hasadgo'ylikdan, ig'vogarlik va riyodan qochadi. U  Tangri hammasini ko'rib turishini biladi. Jazo kunini tan olmagan, Yaratganini tanimagan johil ham hayotning qisqaligini, o'limning haqligini inkor etolmaydi. Shuning uchun u o'limdan ilgari hayotdan foydalanib qolishga intiladi. O'z qorni va shahvoniy nafsining quliga aylanadi. Uni dabdabali hayot, shuhrat va yuzaki obro' qiziqtiradi. Shuning uchun Hukki kabi o'z shaxsiy manfaati va obro'si yo'lida har qanday razillikdan qaytmaydi. Uning fikricha, cho'ntagiga yoki shaxsiyatiga naqd foyda keltirmaydigan har qanday odamiylik, ezgulik va boshqalar g'amini eyish ma'nosiz quruq so'zdir. U vijdon amri bilan Allohning roziligi uchun o'z hayotini kamtarlikka, mehnatsevarlikka va xayrixohlikka bag'ishlagan kishilarga masxaralash ko'zi bilan qaraydi. Bunday shaxs o'zgalarning ham qadr-qimmatini boyligi va mansabiga qarab belgilaydi. Unga nafi etmaydigan insondan shirin so'zini ham darig' tutadi. Odamlardan yashirincha qo'lidan kelgan yovuzlikni qo'llab, havoyi nafsini qondirish uchun yashagan razil shaxs bilan butun vujudini xalqqa manfaat etkazishga va umrini poklikka bag'ishlagan kishining oqibatlari bir xil bo'lsa, ikkisi ham hissiz tuproqqa aylanib ketaversa, uning ruhi – jinoyati jazosini va buning ruhi – mehnati rohatini ko'rmay qolaversa, jamiyatda o'z nafsining xilofiga o'zgaga yaxshilik qilish va ozgina halolga qanoat qilib o'zini haromdan qaytarishning qiymati qolmaydi. Diniy axloqiy poklik, halollik va vijdon tushunchalari hech qanday ma'no kasb etmaydigan quruq so'z bo'lib qolaveradi. Mo'minning e'tiqodicha, u behuda yashayotgani yo'q, u ma'lum maqsad uchun yaratilgan. U eng oliy maqsad – Allohning roziligiga erishish uchun, Alloh buyurganidek o'zini bu tayyorlov kursisida haqiqiy oliy hayotga tayyorlash uchun yashaydi. Mo'min diniy e'tiqod tufayli dinsizlar foydalanayotgan hayot manfaatlaridan hech birini yo'qotmaydi, balki pok va halol bo'lgani uchun ulardan ko'ra lazzatli ruhiy orom va sukunatli hayot kechiradi. Dinsizlar va munofiqlar mo'minning qalbidagi abadiy hayotga ishonch lazzatiga va o'zini quruq kimyoviy moddalar yig'indisi deb emas, balki butun koinot Yaratuvchisi tarafidan alohida ahamiyatga molik bo'lgan abadiy ruh va aql sohibi deb qadrlay olish ne'matiga hech qachon erisha olmaydilar. Allohga ishonmaslik bilan kishi dunyo kulfati va tashvishiga, og'ir kasalliklar va xavf-xatarlariga chap berib qololmaydi. Mo'minning mana shu og'ir holatlarda topa oladigan tasalliysi, ruhiy orom va sabotidan shu baxtsizlikni ham baxtiyor hayot o'rnida o'tkaza olish imkoniyatidan bu sho'rliklar o'zini mahrum qilgani qoladi, xolos. Islom faylasuf shoiri Abu-l-alo al-Maarriy oxiratga ishonmagan fikrsiz kishilarga xitob qilib aytadi. “Men oxiratga ishonchim sababli dunyoda sendan ko'ra baxtsizroq yashayotgan erim yo'q. Sendan ko'ra hayotning hamma imkoniyatlaridan yaxshiroq foydalanib yashayotganimni ko'rib turipsan. Sen oxiratga ishonmaganing uchun mendan ko'ra baxtliroq bo'lib qolganing ham yo'q. Bu qisqagina umrda ham shunday ekan, sen aytganingdek o'lim bilan qissa tamom bo'lsa, (sening noqis aqlingcha) men hech narsaga kuyganim yo'q. Voqelik mening ishonchimga muvofiq chiqsa, o'lganimdan so'ng ikkinchi chin hayotimiz boshlanib qolsa, sen qaeringni chimchilab qolasan va vaqt o'tgandan keyin nima ham qila olasan?!”…

Mavzu bu qadar jiddiylashishini xayoliga keltirmagan Darmon Madorovichning ko'ksini gumonlar omochdek tilib, uyg'ongan hislar ichini o'rtadi. Suhbatning chuqurlashayotgani uni vahimaga tushirardi. O'g'iloy Cho'vishning tuzog'iga ilinganini eslab, nahotki buni devona ham eshitgan bo'lsa, deb o'ylardi. Izza ombur bo'lib uning xalqumiga chang solardi. Eshitayotganlari ko'ngil yaralariga malhamdek yoqardi. Xo'rliklar bezovta etmaganda, bir faqirga toqat qilmog'i ham balki dargumon edi. Balki…

– Imkoni bo'lsa, menga islomdan qisqa ma'lumot bersangiz! – dedi u xayrixoh ohangda.

– Tinglashga toqatingiz etarmikan?

– Nega etmas ekan?

– Ana, Qo'zi Shishakni ham olib kelishyapti, – dedi Qosim devona g'ilay ko'zlari bilan qabriston darvozasidan ko'ringan olamoni ko'rsatib. Tobut ortidan maktab o'quvchilari gulchambarlar va qizil alvonlarga bitilgan shiorlarni ko'tarib kelardilar. Musiqachilar marosimga ko'tarinkilik bag'ishlab, qalblarga bayramona quvnoqlik baxsh etardi. Odamlarning yuzlarida xursandchilik jilvalari kezardi. Qo'llarida dasta-dasta gullar ko'tarib olgandilar. – Siz raisning o'lmas ishlari xususida ma'ruza o'qishingiz kerak. Narigi dunyoda uni Hukkining ruhi qo'llashi to'g'risida bir nima demasangiz, O'g'iloy Cho'vish bilan Parimomodan balolarga qolasiz…

– Nima, ular xudomidi? – deb yuborganini Xasa Xusaeviich sezmay qoldi. – Iltimos, chalg'imang.

– Albatta, – dedi Qosim devona. – Biroq tuni bilan qo'llari-qo'llariga tegmay mehnat qilgan quruvchilar sizni kutishyapti. Ularning quloqlari olqish va maqtovlar eshitishga ko'nikkan. Bu yog'i nima bo'ladi?

– Kutsalar kutaversinlar! – dedi, qo'l siltab birinchi kotib, e'tiborini o'ziga qarab kelayotgan Qiyo jinniga qaratarkan. Haqiqatan, barchaning nigohi Darmon Madorovichda edi. Qiyo jinnidan Shoxdor Takaevgacha, Parimomodan Nusxagulgacha yuzlab odamlar uning tashrifiga muntazir edilar. – Hoy Qiyo jinni, o'zlaringiz boshlab yuboraveringlar. Ma'ruzachilar nomlarini va mansablarini Nusxagul Parimomo bilan bamaslahat e'lon qilsin. Boshda minbarga o'zing, oxirida Shoxdor Takaev bilan xotini chiqib ma'ruza o'qisin. Mehmonlarga ora-orada so'z beringlar, ularning soni o'ttizdan oshmasin, mayit buziladi…

Tuman rahbarining tentak bo'lganiga ishongan olomon Parimomo bilan boshlang'ich partiya qo'mitasi boshlig'i Nusxagul Tovuqboqarovna boshchiligida shiddat bilan ishga kirishdi.

– Islom dini haqida bafurja aytaymi, shunchaki, kamunistchasiga o'tlasam ham bo'laveradimi? – dedi ko'ngli to'lib-to'lmagan Qosim devona.

– “Kamunistcha”sini o'zim yaxshi bilaman!

– Bu bekorchixo'jalarning gaplari tugaguncha, Ka'bani ziyorat qilib qaytsa bo'ladi! – dedi Qosim devona. – Jon qulog'ingiz bilan eshiting, eshitganlaringiz quloqlaringizga qo'rg'oshin kabi o'rnasa, keyin ma'no-mazmunini chaqib olaverasiz.

…Islom – haqqoniyat va insoniylik dinidir. U poklik, xushxulqlik, hayo, insof, shijoat, mehr-oqibat va vatanparvarlik kabi insoniy fazilatlarga chaqiradi. Islom oqko'ngil, toza vijdonli haqiqiy insonni yaratishda tarbiyaning ikki vositasini qo'llaydi; ilmga asoslangan e'tiqod va ibodat.

Ilm Allohni tanitadi. Kishi Allohni bilishi ilmiga yarasha bo'ladi. Shuning uchun tabiat sirlarini kashf etgan, aniq fanlardan to'la ma'lumotga ega bo'lgan insofli tabiatshunos olimlar Yaratuvchining naqadar buyuk aql va qudrat egasi ekanligini boshqalardan yaxshiroq tushunadilar. Ibn Sino: “Odam a'zolari ilmini o'rganmay turib kishi komil iymonli bo'la olmaydi”, degan edi. Islom binosining besh rukni (asosi, ustuni) bor: 1. Iymon (Ashhadu al-la ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rosuluh), 2. Namoz, 3. Ro'za, 4. Zakot, 5. Haj.

Iymon. Etti narsaga shubhasiz ishonish bilan kishi islom safiga kiradi.

Bular: Allohga, farishtalarga, payg'ambarlarga, samoviy kitoblarga, qayta tirilishga, oxirat hayotiga, taqdirga ishonishdir….

Umuman olganda, bularning hech biri Darmon Madorovichga begona emasdi. U xotirida xiralashgan vayrona bir imoratning mukammal ko'rinishini ushlab ko'rgandek bo'ldi, xolos. Uni junbushga keltirgan his-tuyg'ular bir zamonlar oqishdan taqa-taq to'xtagan qadryatlar edi. Bu ruhoniyatga u uzoq yillar bepisand bo'ldi. Sho'rolar ig'vo qilgandek, uning eskirishi aqlga sig'masdi. Tug'ilganda uning quloqlariga azon o'qigandilar. Tili chiqishi bilan kalimasini yodlatgandilar.

Uning dahma atrofida yugurib-elib suratga olayotgan Kunbottiboyga ko'zi tushdi. O'sha tundagi voqealar ko'z oldiga keldi.

– To'g'ri eshitgan bo'lsam, Tangrini tanigan kimsa birovni nohaq o'ldirmaydi, degandek bo'ldingiz! – dedi u. – Islomda odam o'ldirish bormi? Otangni o'ldirganga onagni ber, chap yuzingga shapaloq tortganga o'ng yuzingni tut, degan pand-nasihatlarni eshitganmiz, xolos.

– Nohaq qon to'kish gunohi azim, – dedi Qosim devona. – Haqiqatan, gunohsizlar qonini nima uchun to'kish kerak, axir.

– Aybi bo'lsa-chi?

– Ayb ham har xil bo'ladi. Kimnidir uch kunga qamalishi kerak bo'lgan jinoyati uchun o'ldirmaydilar-ku!

– Ayb kechirilmas bo'lsa-chi?

– Har qanday holatda ham haq-huquq va adolat mezoni buzulmasligi uchun ishni amaldagi qonunlar ko'rishi kerak. Har kim xayoliga kelganini amalga oshiraversa, ma'naviyat qaerda qoladi? Jinoyatchi bilan qonunning tili bir bo'ladigan bo'lsa, bunday jamiyatning ham, mazkur jamiyatda yashayotganlarning ham holiga voy!

– Odam nima qilsa, qalbidagi xorlik azobidan qutuladi?!

– Qonun himoya qilmasa, fuqaro jinoyatni jazosiz qoldirmasligi kerak. Jinoyatchini har qanday yo'l bilan ertami-kech qo'l urgan qing'ir ishi uchun zimdan loyiq jazoga tortish jamiyatning yuksalishiga turtki beradi. Jazosiz qolgan aksar kimsalar boshlari devorga urulmaguncha yokim o'lmaguncha jinoyatlarini davom ettiradilar. Bunday holatlar millatni tubanliklar sari etaklaydi. Insonlarni pastkashliklardan hazar etmaydigan, harom amallardan jirkanmaydigan etib qo'yadi. Nafratlanishdan mosuvo millat oxir-oqibat boshqa bir xalqqa qaram bo'ladi. Fe'l-atvoridagi qusurlari uchun cheksiz azob-uqubatlarga duchor etiladi. O'zligini, g'ayrat-shijoatini yo'qotganlarga Allohning rahm-shafqati bo'lmaydi!

– Islomda chumoliga ham ozor etkazish mumkin emas, deb eshitgan edim. Demak, bu noto'g'ri ekanda!

– Juda to'g'ri aytishgan! – dedi Darmon Madorovichning chaynalayotganiga tushunmagan Qosim devona. – Chumoli ziyon-zahmat etkazmasa, unga nima uchun ozor berish kerak. U ham Alloh yaratgan bir jonzot. Tabiatda uning ham o'z o'rni bor, o'rnini bilmasa, qirilib ketadi.

– Balandparvoz gaplar qaerda qoladi?

– Astag'furulloh, yo'lingdan ozdirmagaysan! – dedi o'z fikrini uqtira olmagan Qosim devona. – Ustingga mamlakatingga dushman bostirib kelsa, musulmonman, ezgulik istayman deb qo'l qovushtirib o'tirmaysan-ku. Xotiningga, qizingga, oilangga birov ko'z olaytirsa, musulmonman deya jon-jigarlaringni fosiqqa tutmaysan-ku. Birov itarsa, changingni qoqib ketvormaysan-ku. Avvallam bor islomni o'zlashtirgan, diniy ilmlarni mukammal egallagan yurtlarga birovlarning bostirib kelishlariga yuraklari betlamaydi. Iymoni mustahkam millat bilan har kim ham o'ylashib gaplashadi. Dushman harchand kuchli bo'lganda ham, e'tiqodi hayot-momot darajasiga ko'tarilgan kimsa bilan nizoga borib, sharmanda bo'lishdan qo'rqadi. Mo'minning moli joniga ko'z olaytirish – o'z-o'ziga o'lim hukmini o'qish bilan barobar. Nohaqliklarga toqat etgan musulmon musulmon emas. Nomusi-ori yo'q musulmon fosiq. Fosiqdan it yaxshi.  Diningga, millatingga xuruj qilgan yovni qiyma-qiyma qilib tashlamasang, sen qanaqangi musulmonsan? Oilangga ko'z olaytirgan kimsaning ko'zlarini o'yib olmasang, qanaqa erkaksan? Bu kabilarga qarshilik ko'rsatmagan kimsa Qur'oni karimni etti yoshida yod olgan bo'lsa ham, hadisi sharifni suv qilib ichgan bo'lsa ham, qirq yil toat-ibodatni kanda etmagan bo'lsa ham, mol-dunyosini din yo'lida xarjlagan bo'lsa ham, u musulmon emas, u islomda emas, u bizlardan emas. Jallodga yaltoqlanish, ayg'oqqa uy to'ridan joy ko'rsatish, yovni aziz mehmondek kutib olish ezgulik ham, musulmonchilik ham emas. Bu o'tmishga va kelajakka, millatga va dinga, ota-bobolar ruhiga qilingan kechirilmas xiyonat, xolos… Nima bo'lganda ham o'z-o'zicha hukm chiqarib bo'lmaydi. Biladigan kimsa bilan maslahatlashish zarur. Xatoni to'g'irlash maqsadida xatoga yo'l qo'yish ayni qabohatdir. Bu pushaymonlik va tubanlikka etaklaydi!

–  Bundan keyin o'zimni qanday tutishim xususida o'ylashim kerak ekan!

– G'alabalar ustoz-shogirdchilik munosabatlaridan tug'iladi. Ustoz ko'rmagan kimsa arzirli muvafaqqiyatlarga erisha olmaydi. Hatto u jiddiy narsalar xususida fikr yuritishga sabot topolmaydi. Abdulxoliq G'ijdivoniy aytganidek, “Avval do'st, so'ngra yo'l izlash lozim”. Tariqatga, ya'ni yo'lga kirish – insonning o'z ustidan hukmronligini o'rnatish degani. Balkim siz buni anglamayotgandirsiz. Ustoz topa olmasangiz, yaxshi do'st izlang, xatolarni kamroq takrorlashga erishasiz. Yaxshi do'st o'rtacha ustozdan ustun turadi. Ammo yaxshi do'st topishdan ko'ra, bir xurjun oltin topish oson. Bizning zamonda oltin topgan kimsaning do'stlaridan voz kechishi ehtimoli ham yo'q emas!

– Ustoz-shogirdchilik munosabatlarini unutganimizga qancha zamonlar bo'ldi. Ko'p narsani boy berdik!

– Ustoz-shogirdchilik munosabatlari shakllanmagan jamiyatlarda tarqoqlik, parokandalik hukmron bo'ladi. Millat ruhiy porakandalikka uchrab, mamlakatda ma'naviy o'pirilish boshlanadi. Shu o'rinda “Ustoz otadan ulug'” iborasiga izoh bermasak bo'lmaydi. “Ustoz otadek ulug'” deb ham aytishadi. Biz buni noto'g'ri hisoblaymiz. Shu bois, so'zimizga Hazrat Navoiyning she'ridan ikki misrani tirgak etsak, iddoalarimiz ishonchliroq chiqadi.

                 Tabiat johidin ruhingni qutqarkim, xush ermasdur,

                 Qafas qaydi aro bulbulga bo'lmoq mubtalo asru.

“Tabiat johidan ruhingni qutqarkim” degan so'zlar nimani anglatadi? Har bir odam tug'ilganda tabiatning o'zgarmas qonunlari asosida dunyo yuzini ko'radi. Uning fe'l-atvorida bir maromda takrorlanadigan qotib qolgan qonunlar majmuasi mavjud. She'rda, muqaddas kitoblarda kelgan va payg'ambarlar orqali insoniyatga tushirilgan ilohiy qonunlar bilan fe'l-atvorga qo'shimcha ishlov berish haqida so'z boryapti. Fikr zamirida ta'lim-tarbiya yotadi. Kamolot, oxir-oqibat, ustozlar sayqal bergan odob va axloqqa bog'lanadi. Inson ustozlardan ta'lim-ta'rbiya darsini olmasa, u ruhini tabiat johilliklaridan qutqara olmaydi. Umri g'aflatda o'tadi. Hazrat “…xush ermasdur”, deganda, berilgan imkoniyatdan foydalanmaganlardan nadomat tuyayapti. Fikrini kuchaytirib, Qafas qaydi aro bulbulga bo'lmoq mubtalo asru”, derkan, u ustoz ko'rgan shogirdni jannat bog'laridagi sayroqi bulbulga o'xshatadi. Uni ortiq jaholatda (qafasda) ushlab bo'lmaydi. Jaholatga yo'g'irilgan hayot cheksiz moddiy boyliklarga yo'l ochgan bo'lsa ham, ya'ni (qafas oltin bo'lib, ichida qizil gul bitsa ham) uning hushyor kimsa, (bulbul) uchun tanani tirnab ozor berguvchi tikancha ham ahamiyati yo'q, deyilmoqda. Komil inson johilliklardan chekinib yashaydi. Uni jaholat ichidagi boyliklarga ko'mib, avrab bo'lmaydi. (Qafasdagi bulbulni) “…bulbulga bo'lmoq mubtalo asru”, o'lim qutqaradi. Hazrat Navoiy erksiz hayotning mis chaqacha qadr-qiymati yo'qligini, bu yo'lda oydinlikka boshlovchi zot – ustoz ekanligini uqtiradi. Shu ma'noda “Ustoz otadan ulug'” iborasida olam-olam ma'no borligini anglaymiz. Har qanday ota ham farzandini bialo'gik jihatdan dunyoga keltirguvchi manba hisoblanadi. Ustoz esa shogirdga uning o'zligini anglatuvchi ruhoniy “ota”dir. Kamdan-kam otalar farzandlariga ustozlik etish baxtiga erishadilar. Shu jihatdan ustozlik yuki otalik yukidan og'ir. Shuning uchun ham “Ustoz otadek ulug'” so'zi quloqqa erish chalinadi. Ota farzand uchun ulug' va qiymatli zot. Ammo ta'lim-tarbiyasiz farzandlar otalarini tanimasliklari ham bor gap. Otalar aniq maqsad yo'lida farzandlar dunyoga kelishiga kamdan-kam hollarda sababchi bo'ladilar. Ustozlar esa aniq maqsadni ko'zlab shogird etishtiradilar. Yaxshi otalar ham aslida, ustozdirlar. Tagini surishtirsangiz, ular ham yaxshi ustozlardan ta'lim olgan bo'lib chiqadilar. Ustoz ko'rmaganlarida, ular yaxshi ota bo'lolmasdilar. Har qanday odam ota bo'lishi mumkin, biroq har qanday otadan ustoz chiqmaydi!..

(Davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort