O’zbekiston Xalq Harakati

“Fe'lim – a'molim, a'molim – fe'lim”

“Fe'lim – a'molim, a'molim – fe'lim”
18 Şubat 2019 - 8:00 'da yuklandi va 593 marta o'qildi.

Islom XOLBOY

Fe'lim mening, a'molim mening… 

Subhanolloh, bu ne nafsi laim,
Nafsni qo'ygil, ne azobi alim.
Ro'zi uchun muncha fusunsozliq,
Mansab uchun muncha dag'obozliq.

Alisher Navoiy

O'n beshinchi bob

…Ichaverib hushini yo'qotgan Qiyo jinni, orqasi achishib, ichida bir nima to'lg'onganda, chinqirib yubordi. Ko'zlari oldini qoplagan g'ubor tarqab,  atrofiga nazar soldi. Rasmga olayotgan Kunbottiboyni ko'rgach, yana ko'zlarini yumdi. Birpasdan so'ng ko'zlarini ochganda, chiroq nuridan ko'zlari qamashdi. U, Hukkining arvohi urib, qo'rqqan narsam peshonamga bitipdi, deb o'yladi. Yordam so'rab baqirmoqchi bo'ldi, ovozi chiqmadi, qimirlamoqchi bo'ldi, qimirlay olmadi. Qo'l-oyog'i bog'langan edi.

– Men qaerdaman? – deya so'radi u.

– Erto'ladasan, jinni bolam! – dedi birov.

U ko'zini qiri bilan oromkursida o'tirgan Parimomoning mahsi-kavushini ko'rdi.

– Enajon, sizmisiz?! Meni nima qilyaptilar?

– Seni jarroh davolayapti, o'g'lim. Tiling uzun bo'lib ketganini hamma eshitipti, men eshitmapman!

– Jarroh kim?

– General Baxilkarim Kalboshov!

– Enajon, bizlar aka-uka emasmizmi?

– Uka akani, aka ukani itaradigan zamonda yashayapmiz, bo'tam! Cho'tir bolam, davlatning boshida tursa, Mustaqillik taraqqiy etib boraversa, hali ko'z ko'rib, quloq eshitmagan hodisalar urchiydi.

– Bu ko'rguliklar qaysi gunohim evaziga?

– Qo'rs fe'ling va zahar tiling boshingga etdi.

– Nima?

– Fe'ling!

– Tushunmadim!

– A'moling!

– Nima, nima?

– Mol-dunyo uchun o'g'illar otasining qotiliga aylanyapti. Fe'ling – a'moling, a'moling – fe'ling, fe'ling – a'moling…

– Ih! – deya chirangan Qiyo jinni, u Hukkini o'ldirganimni bilarkan, deb o'yladi. – Nima qilishim kerak? Shartingizni ayting. Bo'lmasa, o'ldirib qo'yadi…

– Og'zingga qulf solasan! – dedi Parimomo.

– Tushundim! – dedi u.

– So'zimni tugatgunimcha, tilingni tishlab o'tir, shog'ol! Aroq ichmaysan, xotiningning so'zidan chiqmaysan!

– Voy, sekinroq…

– Qisib tur, deyapman!

– Qanday qisaman, o'zimi ukam…

– Qisasan!

– Bo'lmasa, gaplashib olgunimizcha, qimirlamasin, buyuring!

– Qimirlamasa, gaplarim u qulog'ingdan kirib, bu qulog'ingdan chiqadi. Ukangni tanidingmi?

– Tanidim, enajon!

– Tanigan bo'lsang, tishingni-tishingga qo'yib tingla! Gapirsang, palko'vnik bilan Erkin ham generalga qo'shilib, jarrohlik amaliyotida jonbozlik ko'rsatadi.

– Enajon, Hukkining ruh-arvohi haqqi, tavbalar qildim!

– To'y-hashamlarga ruxsatimsiz bormaysan. Shu bugundan boshlab topgan-tutganlaringning yigirma besh foizini Erkinga, o'n besh foizini palko'vnik Yangiboyga ajratasan. Shart buzilsa, Kunbottiboy suratga olayotgan tasvirlarni O'zbekiston televideniyasining “Axborot” dasturi butun dunyo bo'ylab namoyish etadi!..

Qiyo jinni uyiga tong saharda, dumi kesilgan kaltakesakdek sudralib zo'rg'a keldi. U xotinini ko'rib, ichidan zil ketdi.

– Er og'a, qilmagan ishimni qilib, xil-xil ichimliklardan dasturxon tuzadim! – dedi xotini. – Siz aytganimga kirmadingiz. Eshak yukning yoniga bormasa, yukni eshakning yoniga olib kelish kerak, degan gap bor. Keling, er-xotinlar kabi elka urishtirib, bir to'yib ichaylik!

– Fe'lim – a'molim, a'molim – fe'lim, fe'lim – a'molim…, onajonisi! – dedi o'qni nishonga urgan xotiniga Qiyo jinni ovozi xirillab, yig'lamsirarkan. – Juda charchaganman, yuvinib, yotaman…

To'rt oyog'i va dumi bilan qopqonga tushgan Qiyo jinni Parimomoni lo'lining eshagi shattalab o'ldirgan kungacha aroq ichmadi.

…Bir kun tushda Parimomo tishlari tushgan kundoshi “dumiuzun” deydigan qop-qora, uzun mashinasida uyiga qaytdi. Darvozasi oldida o'zini boqib olgan lo'lining eshagida onasini ko'rgani kelgan o'n bir yoshli o'spirin turardi. Uni ko'rib har tuki nayza bo'lgan Parimomo mashinadan sakrab tushdi. U, jahl otiga minib, haydovchilaridan tashqari yana o'n oltita qo'riqchisi borligini unutib qo'ygandi. Elpig'ichi uchini orqasiga nuqamasdan, unga eshak juft shatta urdi. Og'zi-burnidan qora qon kelgan Parimomo til tortmay o'ldi. Boshiga kulfat tushgan prezident kela-sola eshakning peshonasidan otib tashladi. U o'spirinni terrarizmda ayblab qamoqqa olishni, vohobbiychilarning homiylari bo'lmish lo'lilarning chodirlaridan portlovchi moddalarni topib, o'zlarini yoqib yuborishni buyurdi.

“Anjumanlar saroyi”da Parimomo bilan uch kun vidolashuv marosimi bo'ldi. Xotini yo'qligida Qiyo jinni uch kun hojatxonalarni aylanib, eb-ichib bayram qildi. U o'zining Parimomoni qarg'ab o'ldirganiga qattiq ishonardi. Dunyodagi bitta armoni general Baxilkarim Kalboshevning o'lganini ko'rish edi. Uning o'zi ham kunida ikki marta shaytonlaydigan odat chiqargandi. Avvali: “Fe'lim – a'molim, a'molim – fe'lim”, deya ikki so'zni soatlab takrorlardida, keyin gursa yiqilib, tilini chaynardi. Tutqanog'i tutmasdan avval o'g'ilari va nevaralarining qo'llarida uch-to'rttadan qoshiq, uning shaytonlashini kutib turardilar.

…Falakning gardishi bilan Parimomo o'lib, general Baxilkarim Kalboshev yuqoridagilarning gizli bosimi ostida “Yovuz Temurzodalar”ni tark etib, Askiya bozori pattachilari boshlig'i mansabiga ko'tarildi. O'rniga “Yovuz Temurzodalar”ga palko'vnik Yangiboy Eskiboev boshliq bo'lib o'tdi. Bir oy kechib, prezident unga eski qilmishlari uchun ustidan jinoyat ish qo'zg'attirdi. General butun jinoyatlarini Parimomoning zimmasiga yuklagach, uning nomi mamlakat tarixidan o'chirilishi uchun haykallari olib tashlandi. Nomi bilan ataladigan ko'chalar o'zgartirilib, sharafiga tiklangan butun “Mo'da uylari” har joyda buzub, tekistlab, ostiga tariq ekildi. Xavfsizlik tashkilotlari bilan hamkorlik etgan general Baxilkarim Kalboshevni prezident avf etib, “Buyuk xiyonati uchun” nishoni bilan mukofotladi. Cheksiz iltifot ko'rgizib, uni pattachilar boshliqligi lavozimida qoldirdi.

Aslida pattachilarga boshchilik qilish eshak bozorida dalollik qilishdek bir gap edi. Ilgarigi tanish-bilishlarining biror-bittasi generalni yo'qlamay qo'ygandi. Parimomo o'lgach, u etimga o'xshab qoldi. Ayniqsa, do'sti va o'rinbosari, palko'vnik Yangiboyning orani uzgani unga yomon ta'sir qilgandi. U, Parimomo o'lgach, otasi bilan onasini ham ko'chirib keldi. Hovlisida o'zi bilan ikki chol va olti kampir bo'ldi. U necha oylar qo'llarini orqasiga qilib, Parimomoning o'limidan iztirob tortib yurdi. Uning nomini sotib, jonini saqlab qolgani uchun o'zida yo'q ichidan quvondi. Parimomoni go'ridan kavlab olib so'roq etishlari mumkinligini o'ylaganda, kechalari yota olmasdan yurak hovuchlab chiqdi. Ba'zida xotinlariga aralashib qolgan otasi Karim karvak bilan onasi Nozli cho'ntini tanimagan kunlari bo'ldi. Oxiri har toshi Parimomoni eslatadigan hovlida kamroq bo'lishni istab, bozorga yaqin ko'p qavatli uylarning birinchi qavatidan joy sotib oldi. Pattachilikdan boshqa yumushi qolmagach, u seks filmlarga ruju qo'ygandi. Kal boshining orqasida bir yarim quloch bo'lib o'sgan sochini xotinlariga o'rdirib eshiltiradigan odat chiqargandi. Sochlari o'rilib-eshilaverganidan laylak uyasidek to'zg'ib ketardi…

  Tamom. 1 oktyabr. 2012 yil. Toshkent shahri.  

TUGADI

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort