O’zbekiston Xalq Harakati

Sohibqiron xazinaboni

Sohibqiron xazinaboni
10 Nisan 2019 - 9:35 'da yuklandi va 276 marta o'qildi.

Yozuvchi To'lqin Hayit – hazrat Sohibqironning eng nufuzli mulozimlaridan biri. U – Xalqaro Amir Temur jamg'armasining mutasaddisi. “Fond, Jamg'arma” – xazina, degan gap. To'lqin Hayit esa etti iqlim hukmdori bo'lgan Sohibqiron bobomizning bugungi xazinaboni. Bu hazil gapmi, axir!

Mansab bilan ulug'mas odam,
Mansab – odam bilan muhtaram, –

degan hikmat aynan shu odamga juda mos keladi. Negaki, Sohibqironning bugungi xazinasi etti iqlimdan to'plangan behisob boj-xiroj, ko'zni qamashtiruvchi la'lu javohirlar bilan emas, balki To'lqin aka singari fidoyilar va ular ulashayotgan ma'naviy ziyosi bilan juda boy sanaladi.

Ochig'ini aytganda, Xalqaro Amir Temur jamg'armasi moliyaviy jihatdan boy muassasa emas. Agar boy idora bo'lganida, To'lqin Hayitdek dilkash, qalbi-yu qo'li ochiq, aqchadan ko'ra ilm-ma'rifatni afzal biluvchi zotning bu dargohda uzoq ishlashi juda mushkul bo'lardi. Aksincha, basharasi marmardan yo'nilgandek sovuq, hissiz, dimog'dor va savlatdor kazo-kazolar bu joyda mustahkam o'rnashib olishardi. Bu manzilga kirish tugul, yaqinlashish ham oson bo'lmasdi. Muassasa atrofida turli ilinjlar bilan o'ralashib yuruvchilar bisyor bo'lardi.

Vaholanki, “Xalqaro jamg'arma”, deya jarangdor nom berilgan bu idoraning shtat birligi, ya'ni xodimlari soni juda kamtarona – atigi 4-5 kishidan iborat. Boz ustiga, ushbu bo'linmaning-da yagona va eng “jangovar kuchi” shu ushoq gavdali bahodir – To'lqin Hayitning o'zi, xolos…

Xo'sh, jamg'armada pul bo'lmasa nima qipti? Ilm-ma'rifat, tadbir, kengashu-mashvarat va tashkilotchilik qobiliyati ham – katta boylik emasmi? Shu o'rinda tarix kitoblarida darj etilgan bir rivoyat esga tushadi: olis yurtda, uzoq yurishlarning birida Sohibqiron qo'shinida aqcha (pul) tugab qoladi. Navkarlarga oziq-ovqat, otlarga em-xashak sotib olish zarur. Adolatli Sohibqiron hech qachon o'zga yurtlarda zo'rlik bilan fuqarolar moliga nazar solmagan. Hazrat darhol Samarqandga chopar yo'llaydi. Bibixonimga noma bitib, xazinadan aqcha yuborishini so'raydi. Oqila malika o'sha xatning orqasiga birgina jumla yozadi-da, choparni ortga quruq qaytaradi. Xatda shunday yozilgan edi: “Ulug' amir, agar zaringiz tugagan bo'lsa, siyosatingiz ham tugadimu?”

Malikaning oqila maslahatini anglagan Sohibqiron, qo'shinda so'yilgan chorva suyaklarini yig'dirib, har xil kattalikda kesdiradi. Ularga muhr bosiladi, turlicha qiymat belgilanib, muvaqqat pul sifatida muomalaga kiritadi. Bu pullarga qo'shin uchun zarur mollar sotib olinadi. Shahar zabt etilib, moliyaviy muammo barham topgach, suyak pullar qiymatiga qarab oltin, kumush va mis tangalarga almashtiriladi…

Hozircha To'lqin Hayit bu bobomeros usulni qo'llagani yo'qku-ya, lekin aslo tinch o'tirmaydi. Ishlari juda ko'p. Maktab o'quvchilari o'rtasida temurxonlik tanlovini uyushtiradi. Xonasida o'quvchilar yozgan insholar va chizgan rasmlari ba'zan shunchalik ko'payadiki, ularning panasida yozuvchining ixchamgina gavdasi ko'rinmay qoladi. Bir qarasangiz, kollej o'quvchilari davrasida, ularga Sohibqiron haqida to'lib-toshib hikoya qilayotgan bo'ladi. Boshqa gal esa ulug' Sohibqironning betakror harb ilmi haqida so'zlab, qaysidir harbiy o'quv yurti kursantlarini o'ziga some' qilib turgan bo'ladi… Asosiysi – tanlov g'oliblari To'lqin aka huzuridan hech qachon sovrinsiz, ya'ni kitobsiz qaytishmaydi. Sohibqironning xazinasi ana shunday, barakali.

To'lqin Hayit hech qachon ishidagi muammolardan shikoyat qilmagan. Doimo ochiq chehra va o'zgacha viqor bilan yuradi. Shu bois, To'lqin Hayit chindan ham juda boy odam ekanligi, uning xazinasi Temurbek boboning behisob javohirlari bilan liq to'la ekaniga hech kim shubha qilmaydi. Aslida, hazrat Sohibqirondan qolgan javohirlar qudrati “xazinabon” To'lqin Hayitning tashkilotchiligi va tinib-tinchimasligida, boy tafakkurida ekanini juda kam odam biladi. Agar yozgan kitoblari bir nusxadan ustma-ust taxlab chiqilsa, adibning bo'yidan ancha baland minora hosil bo'ladi…

Tarix kitoblarida yozilishicha, Temurbek tanlab olgan sarkardalar o'zlarining harbiy mahoratlarini nafaqat urush kezlarida, balki tinch mehnat chog'ida ham namoyish etishga tinmay harakat qilar edilar.

Bu ma'lumot hazrat Sohibqironning bugungi fidoyi jangchilariga ham birdek tegishlidir. Yozuvchi To'lqin Hayit faoliyati – bunga yaqqol misol bo'la oladi.

facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort