O’zbekiston Xalq Harakati

Ibrohimjon qori

Ibrohimjon qori
11 Mayıs 2019 - 8:00 'da yuklandi va 383 marta o'qildi.

Ibrohimjon qori (yahudiy qori)

Ibrohimjon qori aka Farg'onada 1931 (1349-50) yili yahudiy millatiga mansub oilada dunyoga kelgan. Uning oldingi ismi Ilyush bo'lgan. Otasi Ismoilovich Toshpo'lat o'qituvchi edi. Onasi ipakchilik qilardi. Ularning yana uch o'g'il, ikki qizi bo'lib, Ilyush oilaning katta farzandi edi.

Ilyush boshlang'ich ta'limni Farg'onadagi rus maktabida oldi, so'ng ular oilasi bilan Arsif qishlog'iga, keyin Marg'ilonga ko'chib o'tishdi.

1943 yil Sovet Ittifoqi hududida dinga bo'lgan munosabat biroz yumshab, joylarda diniy tashkilot va masjidlar ochilishiga ruxsat berildi. Jumladan, Marg'ilonda «Honaqoh» masjidi ham ochildi va unga Musharrafxon Oxun domla imom etib tayinlandi. Qurbon hayiti kuni iyd namozi masjidda o'qiladigan bo'ldi. Odamlar ertalabda masjidga namoz o'qish uchun to'plana boshladilar. Ayrim kishilar Islom odobi va odatiga ko'ra bolalarini ham etalab olishgan edi. Marg'ilonga yaqindagina ko'chib kelgan Ismoilovich Toshpo'latning to'ng'ich o'g'li Ilyush eshik oldiga chiqib musulmonlarning bayram kayfiyatlarini aql va mehr ko'zi bilan kuzatar edi. Birdan uning qalbida bir his paydo bo'ldi, ko'ngliga haqiqat shu'la sochdi. U o'zining yahudiy farzandi bo'lgani uchun masjidga borishdan mahrum ekanini o'ylab, qalbini «Qani endi, men ham musulmon farzandi bo'lganimda, hozir namoz o'qish uchun masjidga ketayotgan bo'lar edim», degan o'ksiklik qamrab oldi. Ayni vaqtda u musulmon farzandi bo'lib dunyoga kelmaganidan afsus ham chekardi. O'shanda u 12 yoshda edi. Bu uning qalbiga ekilgan iymon urug'i edi. Shundan so'ng uning Islom diniga bo'lgan qiziqishi va muhabbati ortib bordi. Farzandlarining aytishlaricha, u o'sha vaqtdayoq qalban musulmon bo'lgan ekan. Ammo u bu «sir»ni ma'lum muddat hech kimga aytmay yurdi.

Shu o'rinda qahramonimizning tarixini uning o'zidan eshitaylik:

«1941 yili urush boshlandi, men 10 yoshli bola edim. O'sha damlarda Farg'onada tirikchilik qilish ancha og'ir edi. Shu yillarda dadamni Arsif qishlog'idagi maktabga direktor qilib yuborishdi. Oilamiz bilan Arsifga ko'chib ketdik. Qishloqda ham kun kechirish qiyin bo'ldi. 1943 yilgacha shu erda yashadik.

Keyin Marg'ilonga ko'chib keldik. Bu erda Bahrin mahallasida buvimning dadasi Qo'ton bobomning joyida turdik. Marg'ilonda hayotimiz kundan-kunga yaxshilanib bordi.

Mening Islomga qiziqishimning boshlanishi haqida aytsam, 1936-37 yillari Stalin degan podshoh tamomiy masjid va madrasalarni berkitgan edi. Oradan 5-4 yil o'tib nemis bosqinchilari mamlakatga hujum boshladi va to'xtamasdan bostirib kelaverdi. Shunda tatar olimlaridan biri Stalinning oldiga kirib: «Ruxsat bersangiz, masjidlarni ochsak, musulmonlar duo qilishsa, shoyad, nemislarni mag'lub etsak», debdi. Stalin esa olimning iltimosini qabul qilibdi. Shundan so'ng hamma Islom davlatlarida (Ittifoq ichini nazarda tutmoqda) masjid va madrasalar asta-asta ishga tusha boshladi.

O'shanda 1943 yil edi. Men 12 yoshda edim. Masjid ochilganini aniq eslayman. Bir kuni ertalab Bahrin mahallasidagi uyimizda eshik tagiga chiqsam musulmon kishilar farzandlarini etaklab yangi ochilgan masjidga hayit namozini o'qish uchun ketayotgan ekanlar. Musulmon farzandi bo'lmaganimdan o'ksinib, ularga havas bilan qarab turar ekanman, Alloh qalbimga «Men ham musulmon bo'lganimda, masjidga borar edim», degan fikrni soldi va buni tilimda ham aytib yuboribman, yuragim xo'rsinib ketdi. Shu kundan boshlab Islom diniga muhabbatim ortib bordi. Do'stlarim musulmon bolalari edi. Niyatim 1947 yil ro'yobga chiqdi. O'shanda men 16 yoshda edim.

1945-46 yillarda mahallamizda to'quvchilik va kosibchilik qiladigan kichik korxonalar bor edi. Ko'chaga o'ynagani chiqsak, to'quvchilik do'kondorlari chiqishib: «Ey bola, bizning do'konga kirib 2-3 ta ro'mol to'qib bergin, tepkini baland qilib qo'ydik», deyishardi. Ertasiga esa kosiblar chiqib, kel, mana bu etikning orqa chokini tikib ber, deb, bizga chok tikishni o'rgatar edi. Shunday qilib, bir yo'la ikkita hunarni egalladim.

1946 yil oxiridan boshlab Marg'ilondagi hamma kichik korxonalarni Toshloqqa jamlashdi. Mening onam ham ipakchi edi, o'z hisobimizdan o'sha joydan menga bir do'kon qilib berdi. U do'konlar «dambirchi» deb atalardi. Dambirchi deb to'quvchi har besh yo oltita to'qigan kiyimidan birini do'kon egasiga berishi asosida yuritiladigan do'konlarga aytilardi.

Jaloliddin degan bir qadrdon akaxonim bor edi, doim birga edik. U ham Bahrin mahallasidan edi. Marg'ilondan Toshloqqa ertalab ishga birga borardik. Undan tashqari, yana bir qancha musulmon do'stlarim ham bor edi. Ular dinimni ajratmay men bilan birga yurishardi. To'g'risi, men o'z dinimdagi o'rtoqlarim bilan kam o'ynardim. Oshnalarimning barchasi musulmon bolalar bo'lgan. Nihoyat, qalbimdagi niyatim yuzaga chiqish vaqti keldi.

1947 yil mart oyi edi, tsex rahbariga: «Tog'a, men bir oshga xarajat qilsam, shu bugun tushlikka bo'lsa, hamma korxonadagilarni taklif qilsak», dedim. U kishi menga: «Sen yahudiy bo'lsang, oshingni kim eydi», dedi. Men: «Siz indamay chaqiravering, qalbimda bir gap bor, shuni aytaman», dedim. U xo'b, dedi va oshni qildirdi. Hamma taomlanib bo'lgach, boshliq: «Oshni shu bola qilib berdi, qalbida aytadigan gapi bor ekan, gapirsin, eshitinglar», dedi. Men: «Bu oshni qilishdan maqsadim Islomni qabul qilganimni bildirish edi», dedim va ularning oldida iymon kalimalarini aytib musulmon bo'lganimni e'lon qildim, ular guvoh bo'ldilar. Ularning ba'zilari xursand bo'lishdi, ba'zilari esa, ota-onang nima derkin, deyishdi. Chunki o'sha vaqtlarda partiya ham avj olgan edi. Men ularga ota-onamni ko'ndirishimni aytdim.

Musulmon bo'lganimni bilib, ota-onam ko'p qarshilik qilishdi. Otaga nisbatan onaning farzandga muhabbati ziyoda bo'lar ekan. Men ularga: «Musulmon bo'lganim bilan sizlarni tashlab yubormayman, xabar olib turaman», derdim. Onamning do'konlarini yurgizishda davom etaverdim. Har kuni ishdan qaytib mahallaga kelardim, ibodatlarim chala bo'lib qoladi deb uyga kirmay qo'ygandim, musulmon do'stlarimnikida yotib qolardim. Ammo ota-onamdan doimo xabar olib turardim.

Shunday qilib Islomga kirganimdan boshlab uning shartlarini birin-ketin bajo keltirishga kirishdim: namoz o'qidim, ro'za tutdim, halol-haromning farqini qildim.

Men kundan-kunga namozga mahkam bo'lib borardim. Ammo do'stim Jamoliddin namoz o'qimasdi. Bir kuni ishga ketayotsak, u menga: «Namoz vaqti bo'ldi, namozingni o'qib ol», dedi. Shunda men unga: «Namoz yangi musulmon bo'lganlarga xolosmi yoki eski musulmonlarga ham bormi?» dedim va uni ham namozga da'vat qildim. U qattiq ta'sirlandi, namozni birga o'qidik. Hozirgi kunda u birodarim juda ham ibodatli kishilardan.

Marg'ilonda Abdulhamid aka degan velosiped tuzatuvchi kishi bor edi. Kunlardan bir kuni uning do'koniga bir yumush bilan kirdim. Musulmon bo'lganimga ancha bo'lgan edi. Abdulhamid tog'a menga: «Kel, o'tir, senga ota ajdoding va ona ajdoding to'g'risida hamda sening Islomga kirishingni Alloh qanday nasib qilganini aytib berayin», deb, gap boshladi, men quloq solib o'tirdim. U so'zida davom etdi:

«Dadangning otasining nomi Ishonel edi. U mening o'rtog'im edi, tez-tez oldimga kelib turardi, suhbatlashib turardik. Uning mulohazalari Islomga to'g'ri kelardi va o'zi bu dinni yaxshi ko'rardi. Biz uni Islomga kirishga taklif qilsak: «Kirardim-u, yahudiylardan qo'rqaman-da», der edi. Biz shunga asosan uning Ishonel degan nomini Ismoil deb o'zgartirdik. Keyin, dadangning asl ismi Yashar edi, unga Toshpo'lat deb nom qo'ydik. Shunday qilib dadang Ismoilovich Toshpo'lat bo'ldi. Umrining oxirigacha shu nom bilan yashab o'tdi.

Onangning dadasi dehkon odam edi. U ham o'z og'zi bilan: «Mening Islom diniga nisbatan e'tiqodim yaxshi», der edi. Urush tugamay turib ikkalalari ham olamdan o'tib ketdilar. Men o'zimcha, ikki bobong bilan dadangning niyati kimga nasib qilarkin, deb o'ylab yurardim. Endi senga nasib qilganini ko'rib turibman». Shunday deb u kishi dil so'zlarini tamomladi.

Men shu yoshimgacha odamlarni namozga da'vat qilib keldim. Islom dini juda ham komil din. Binobarin, boshqalar ham menga o'xshab undan bahra olsin deyman».

(Ushbu iqtibos Ibrohimjon qori dadaning o'z kuyovlari iltimosiga ko'ra hayoti haqida aytib bergan hikoyalaridan olindi. Uni qori dadaning qizi otasining og'zilaridan yozib olgan. Matnning bizga ma'lum bo'lgani shundan iborat. Biz uni tartiblashtirib va biroz tahrir qilib keltirdik, imkon qadar asl matnni saqlashga harakat qildik.)

Yosh yahudiy yigitning musulmon bo'lganidan, iymonu e'tiqodidan xabar topgan ayrim ahli ilm kishilar u bilan qiziqa boshladilar. Marg'ilonning Cho'qmozor mahallasida ikkinchi jahon urushi qatnashchisi bo'lgan Sobir qori aka degan kishi bor bo'lib, u o'ziga yarasha ilmli, taqvoli, ahli tariqat, shijoatli inson edi. U mazkur yigitni o'zi istab topib, uning ta'lim-tarbiyasi bilan shug'ullana boshladi, uning ismini Ibrohimjon deb o'zgartirdi va uni o'ziga o'g'il tutdi. Unga harf tanitdi va dars o'qitdi. Biroq Sobirjon qori akaning qalbini Ibrohimjon haqida uning iymoni haqiqiymikin, degan ma'nodagi g'ashlik tark etmasdi, lekin uni hech kimga bildirmasdi.

Marg'ilonda Xon buva nomi bilan mashhur bo'lgan tariqat ustozi bor bo'lib, Sobirjon qori aka uning xonaqohida ham mudarris, ham imomlik qilar, ramazonda tarovehga o'tib berar edi. Chunki u Xon buvaning eng katta muridlaridan edi. Bir kuni ertalab ustoznikiga borsa, Xon buva unga ma'noli qarab: «Sobirjon qori, endi ko'nglingizdagi Ibrohimjonga nisbatan g'ashlikni chiqaring, u shu yo'lga o'tdi, endi qaytmaydi», debdi. Ustozning tanbehidan kerakli xulosa chiqargan Sobirjon qori aka darhol iziga qaytib uyiga keldi. Uning odatga xilof o'laroq tez qaytganidan ajablangan Ibrohim «Hoziroqda ketgan edingiz-ku?», deya ajablandi. Shunda u «O'g'lim, mana bu erimda – qalbiga ishora qildi – bir qoralik bor edi, hozir o'shani Xon buva olib tashladi, shuni senga izhor qilib qo'yay dedim», deb javob berdi.

Ibrohimjon Sobirjon qori akani ota, ayoli Fotimaxonni aya deb chaqirardi. Bir kuni Sobir qori aka kelsa, Ibrohimjon uyga kelib sovuqda tashqarida turib qolibdi, sababini so'rasa, ayamning nimadandir achchig'i chiqib turibdi, shekilli, kelsam, bexosdan: «Boring, siz ham kirmang», deb yubordi, kirgani istihola qilib turibman, debdi. Shunda Sobir qori aka ayoliga achchiq bilan «Ey xotin, men senga bu to'ng'ich farzanding demabmidim, agar to'rtala bolang bilan sendan kechsam ham, bundan kechmayman», degan ekan.

Quvada Amr buva degan ahli ilm, taqvoli, kosib kishi bor edi. U Marg'ilonga tirikchilik yuzasidan kelib-ketib yurardi. Bir safar Marg'ilondagi do'stlari unga: «Bir bola bor, olib ketib tarbiyalasang, o'zing hursand bo'lasan», deyishdi. U bu taklifni bajonidil qabul qildi. Amr tog'a uyga kelib, ayoliga: «Nechta o'g'ling bor», dedi. U: «To'rtta», dedi. «Bugundan beshta bo'ldi», deya, yangi mehmon yigit Ibrohimjonga ishora qildi.

Amr buvaning ahliyasi juda ham muhabbatli, qoriya, dindor, taqvodor ayol edi. U Ibrohimjonni o'z o'g'illaridan ham yaxshi ko'rardi. Keyinchalik ham unga hadyalar berib turardi.

Ibrohimjon Amr buvadan ilm va hunar o'rgandi. U erda do'stlar ortirdi. O'rtoqlari uni juda yaxshi ko'rishar edi. Ular hozir ham bu do'stlarini ko'z yoshi bilan eslaydilar.

U Quvada bir necha yil turdi, keyin Marg'ilonga qaytib keldi va yana Sobir qori akaning xonadonida istiqomatni davom ettirdi. Sobir qori aka bilimli va saxovatli kishi edi. U Ibrohimjonni o'z farzandidek ko'rardi. Shu bois, endi u Ibrohimjonni oilali qilish uchun harakat boshladi. Ba'zi bir tashabbuskor kishilarni o'rtaga qo'yib, marg'ilonlik Ibrohimjon degan badavlat, e'tiqodli insonning qiziga xaridor bo'lib, o'z uyida to'y qilib berdi va kelinni ham xonadoniga tushirdi. Kuyov o'shanda 26 yoshda edi. U keyinroq o'zi uy qilib, oilasini olib chiqib ketdi.

Ibrohimjonni o'z qaramog'iga olib, unga ta'lim bergan asosiy ustozlari yuqoridagi Mirza hoji Muhammad domla o'g'li Sobir qori aka va Quvalik Amr hoji buvalar bo'lishgan. Lekin Ibrohimjon bu bilan kifoyalanmay, shahardagi oqsoqol Muhammad Amin qori buvadan uning uyida istiqomatda bo'lib ta'lim olgan. Shuningdek, u Toshkentdagi Oxun domladan va Qirg'izistondagi ahli ilmlar huzurida ham ilm talabida bo'lgan.

Biroq Ibrohimjonning bu yurishi hammaga ham birdek yoqavermasdi. Qarindoshlari va qavmdoshlari uni dinidan qaytarishga ko'p bora harakat qilishdi, yaxshi gapirishdi, boylik va'da qilishdi, do'q-po'pisa qilib qo'rqitishdi, xatto o'ldirmoqchi ham bo'lishdi, lekin bu ishlarning hech biri uning irodasini buka olmadi. U pul va'da qilganlarga: «Men bu dinga Allohning roziligi uchungina kirdim, dunyo uchun emas, mening bu pullaringga hojatim yo'q», deb javob berdi va Allohga tavakkul qildi. Uni Robbul-olaminning O'zi hiyla va zararlardan asradi, azizu mukarram qildi.

Bir kuni Ibolhimjon Marg'ilondagi do'sti Abdussattor qori aka bilan birga Qo'qonga marosimga borishadi. Majlisning to'risida o'z davrining etuk olimi Kulol domla o'tirardi. U kishi gapira turib: «Marg'ilonda bir bola musulmon bo'lgan ekan», deb qoladi. Shunda Abdussattor qori aka: «O'sha bola shu erda, mana u», deya yonidagi sherigiga ishora qiladi. Kulol domla birdan sapchib o'rnidan turib, ta'zim qiladi, u kishi bilan birga majlis ahli ham qo'zg'aladi. Domla o'tirganlarga qarata: «Hozirgi zamonning sahobasi shu yigit», deydi-da, Ibrimjonga yuzlanib gapini davom ettiradi: «O'g'lim, bizni kechirsangiz, keyin o'tiramiz, aybimiz shuki, biz sizni musulmon bo'lganingizni eshitiboq borib sizni bir tuyaga mindirib odamlarga ko'z-ko'z qilishimiz kerak edi, biz esa unday qila olmadik, shu aybimizni kechirsangiz keyin o'tiramiz». Majlis tugagach, u erdagilarning barchasi birma-bir mehmonni ziyorat qildilar.

Ibrohimjon o'z ustozlaridan Qur'oni Karimdan tashqari turkiy, forsiy va arabcha kitoblardan ta'lim oldi. U Qur'oni Karimni to'la hifz qila olmagan bo'lsa-da, uni tajvid bilan tilovat qiladigan bo'ldi, bir qancha suralarni yod oldi ham va xalq orasida «Ibrohimjon qori» nomi bilan tilga olinadigan bo'ldi.

U kishi fors tilini yaxshi bilardi, Husayn Voiz Koshifiyning fors tilida bitgan mashhur tafsiri – «Tafsiri Husayniy»ni ko'p o'qirdi. Husni xatda ham mohir edi. So'fi Ollohyorning «Sabotul-'ojiziyn» kitobini juda ham sevib o'qirdi va boshqalarga o'qib, izohlab berardi. Uning mazkur kitobga qilgan og'zaki sharhini shogirdlari magnit lentaga yozib ham olishgan.

Ibrohimjon qori aka Islom dinini o'rganishda qanday tashabbus ko'rsatgan bo'lsa, uni boshqalarga o'rgatishda ham ana shundoq jonbozlik ko'rsatdi. U kishi, mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan, do'stlari, yaqinlari va boshqa ilm toliblarining ilk savodini chiqargan sevimli ustoziga aylandi. U kishi shogirdlariga asosan «Ustozi avval», «Muallimi soniy», «Ibodati islomiyya», «Sabotul-'ojiziyn» va «Muxtasarul-viqoya» kitoblaridan ta'lim berardi. Shuningdek, ularga husni xatni ham o'rgatar va ayrim kitoblarninng matnini taxtaga yozib, mazmunini tushuntirib berardi. Chekka qishloqlarga o'zining shaxsiy mashinasida borib kishilarga dinu-diyonatdan ta'lim berar, ularga shariat ilmlarini uqtirar edi.

U kishi yosh shogirdlariga nasihat qilar ekan: «Sizlar Allohga shukr qilib o'qinglar, ota-onalaringiz musulmon. Mening ota-onam ilm o'qi, namoz o'qi, deydigan bo'lmagan, g'ayri din edilar», deb qo'yardi.

Ibrohimjon qori aka juda ham halim, go'zal axloqli, kamtarin, tavozu'li, shirinso'z kishi edilar. Tama', riyo kabi ma'naviy illatlardan yiroq edilar. U kishi namozning adosiga katta ehtimom berar, uni doimo vaqtida va xushu'-xuzusini joyiga keltirib o'qirdilar.

Ibrohimjon qori aka ota-onasi va uka-singillaridan doimo xabar olar, xususan, hayit kunlari ularni ziyorat qilar va ular bilan, asosan, o'z tillarida gaplashar edilar. Har safar ularni Islomga targ'ib qilib, uning fazlini, ulug'ligini ularga tushuntirishga harakat qilar ekan: «Biz sizlarning diningizni yolg'on demaymiz, biz Muso alayhissalomni haq payg'ambar, uning dinini o'z vaqtida haq din bo'lgan deb bilamiz, binobarin, sizlar Islomga kirsangizlar, diningizni inkor qilgan bo'lmaysiz, kelinglar, shu haq dinga kiringlar, mana men sizlarga tirik guvohman, yomon bo'lganim yo'q-ku», der edilar.

1976 yil marhum ustoz hazrat Muhammadjon Hindistoniy domla Toshkentga marosimga kelganlarida majlisda Ibrohim qori aka ham bor edi. U kishi fursatdan foydalanib Hindistoniy domladan: «Taqsir, men boshqalar kabi ota-onamning haqqiga duo qila olmayman, nima deb duo qilsam durust bo'ladi?» deb so'radi. Shunda Janob Domla «Siz, ularning haqqiga «Allohumma ihdi validayya va vaffiqhuma lima tuhibbu va tarzo – Ey Allohim, ota-onamni hidoyat qilgin va ularni O'zing yaxshi ko'rgan va rozi bo'lgan ishga muvaffaq qilgin», deb duo qiling», deya javob berdilar.

Ibrohimjon qori aka shundan so'ng har kuni har namozida, har soatda ushbu duoni chin dildan ko'z yoshi bilan o'qib yurdi. Nihoyat, qilingan da'vatu duolarning natijasi o'laroq Ibrohim qori akaning otasi ham, onasi ham solih farzand sharofatidan umrlarining oxirida musulmon bo'lib olamdan o'tdilar. Ammo mehribon farzand mazkur duoni to hayotining oxirigacha tark etmadi.

Bir kuni Ibrohim qori aka o'z odatiga ko'ra keksa otasini ko'rgani bordi. Uyga kirib borar ekan ota o'g'lini ko'rib ichkari xonadan shahodat kalimasini aytib chiqib keldi. Shunda qori aka: «Ertaroq bo'lishi kerak edi-da, dada», degan edi, otasi: «O'g'lim, zamon shunaqa ekan-da, hamma narsani ko'rdik», deb javob berdi. Ota-bola quchoqlashib ko'rishib, ko'z yosh to'ktilar. Oradan bir hafta o'tib Ismoilov Toshpo'lat olamdan o'tdi. Qarindoshlari dafn marosimlarini o'z urf-odatlariga ko'ra o'tkazdilar. Mehribon o'g'il yaqinda musulmon bo'lgan otasiga o'zi janoza o'qidi.

Onasi ham vafotidan oldin yahudiy, o'zbek va arab tilida shahodat kalimasini aytib musulmon bo'ldi va o'g'liga Islom shariatiga ko'ra janoza o'qishini vasiyat qildi. Ibrohim qori aka katta o'g'li bilan mayyitga qabristonda janoza o'qidilar.

U kishi ushbu haqiqatni izhori o'laroq yaqin qishilariga: «Men boshqa musulmonlarga o'xshab namozlarimda «Allohim, ota-onamni mag'firat qilgin», deya olmasdim. Alhamdu lillah hozir ularning haqqiga o'sha duoni ham qilmoqdaman», der edi.

Ibrohim qori aka umri bo'yi halol kasb bilan tirikchilik qilishga harakat qildi, dunyoga berilmadi. U avvaliga to'quvchilik va kosibchilik bilan shug'illandi. Dehqonchilik ham qildi. Keyinroq OPDda hamda vodakanalda ishladi va shu erdan nafaqaga chiqdi. Shuningdek, u odamlarning hojatini chiqarish maqsadida haydovchilik ham qilardi.

U kishi 1990 yili haj ibodatini ado etish sharafiga muvaffaq bo'ldilar. Shu yili nafaqaga chiqib, Marg'ilondagi «Mo'yi muborak» masjidida taqriban o'n yil muazzin bo'lib xizmat qildilar.

Ibrohim qori aka Islomning sharofati ila etuk ustozlar huzurida tarbiya topdilar, go'zal odob-axloq, munavvar yuz, pokiza jism va ruh, yuksak ma'naviy boylik va izzatu ikromga sazovar bo'ldilar.

U kishi Islom va musulmonlarga katta xizmatlar qildilar. Ko'plab musulmonlarga ta'lim berdilar.

Ibrohim qori aka hayotining oxirgi yillari biroz betob bo'ldilar. Shogirdlar, qadirdonlar u kishini ko'rgani kirishar edi. Bir kuni ikki notanish kishi kirib keldi. Ularning biri qori akadan uzr so'rab: «Ustoz, bizni ma'zur tuting, sizga beparvo bo'libmiz. Portugaliyada uch yil ishlab keldim, u erda «qaerliksan?», deb so'rashgan edi, men: «Marg'ilonlikman», deb javob berdim. Ular: «Ibrohim qorini tanisanmi?», deyishdi. Men: «Yo'q, tanimayman», dedim. Shunda ular: «U kishini bilmasang, qanaqa musulmonsan o'zi?» deyishgan edi, juda ham qattiq afsus va hijolatga qoldim, shu erda turib qadringizni bilmabmiz», deb o'zining dilso'zlarini izhor qildi. Ustoz beparvogina «So'rashgan bo'lsa, salomat bo'lishsin», deb qo'ydilar.

Ana shundoq ajoyibotlarga to'la, sof fitratiga qaytib, shu yo'lda sobit o'tgan hayot Ramazon hayitidan bir kun oldin nihoyasiga etdi.

Ibrohimjon qori aka 09/29/1425 h. 13/11/2004 m. Shanba kuni foniy dunyodan ko'z yumdilar. Alloh taolo u zotni o'z rahmatiga olsin, qabrlarini munavvar qilsin va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bashorat bergan ikki bora ajrga musharraf etsin. Amin!

facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort