O’zbekiston Xalq Harakati

Farg'ona vodiysida Shayboniyxon hukmronligining o'rnatilishi

Farg'ona vodiysida Shayboniyxon hukmronligining o'rnatilishi
12 Mayıs 2019 - 8:00 'da yuklandi va 269 marta o'qildi.

Tarixshunosligimizda Temuriylar davlatining tugatilishi va Movorounnahrda Shayboniylar sulolasi hukmronligining o'rnatilishi masalasi bir muncha o'rganilgan [ 5; 8; 9; 11; 12; 18]. Ayni shu jarayonning Farg'ona vodiysida qay tarzda kechganligi qisman Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va davlatchilik faoliyatiga oid asarlarda yoritib berilgan [ 1; 2; 3; 4; 7; 10; 14; 15; 16; 17; 19]. Ularda asosan Zahiriddin Muhammad Boburning faoliyatiga e'tibor qaratilganligi sababli Farg'ona vodiysining Shayboniyxon davlati tarkibiga kiritilishi masalasi to'liq tadqiq etilmagan. Natijada ba'zi ilmiy adabiyotlarda Shayboniyxon Farg'ona vodiysini Bobur Mirzodan tortib olganligi aks etgan [ 6: 22 – 27 b]. Bunday fikrlarni xorij tarixshunosligida ham kuzatishimiz mumkin. Misol uchun: Rene Groussetning “Markaziy Osiyoda ko'chmanchilar imperiyasi tarixi (The Empire of the Steppes a History of Cental Asia)” asarida Shayboniyxon Farg'ona vodiysini Mo'g'ul xonlari Sulton Mahmud va uni ukasi Olachaxondan olgan degan xulosa bergan [ 21: 481 – 482 b].

Shuningdek, Kembrij universiteti professorlari Branko Soucek, Svat Soucekning “Markaziy Osiyo tarixi (A history of inner Asia)” nomli asarida Shayboniyxon Farg'ona vodiysini Bobur mirzo qo'lidan tortib olgan degan hulosani beradi. Aslida esa Farg'ona vodiysining Shayboniylar davlati tarkibiga kiritishilini ikki bosqichga bo'lib o'rganish zarur. Birinchi bosqich 1503 – 1504 yillarn o'z ichiga olib, bu davrda Shayboniyxon dastlab mo'g'ul xonlari Sulton Mahmudxon, Ahmadxon va temuriy hukmdor Bobur mirzolarga qarshi kurashgan, keyin esa Ahmad Tanbal Farg'onadagi Ahmad Tanbal hokimiyatini tugatib, uni o'z saltanati tarkibiga kiritgan. Ikkinch bosqich esa 1510 – 1514 yillarda bo'lib o'tgan. Unda o'zbek sultonlari Farg'onada tashkil topgan Saidiya davlatini tugatib, vodiyni uzil kesil Shayboniylar davlati tarkibiga kiritganlar [13: 50 – 53 b]. Biz quyida birinchi bosqichda tarixiy jarayonlarni atroflicha tahlil qilishga harakat qildik.

Ma'lumki Zahiriddin Muhammad Bobur Samarqand taxtini egallash uchun 1500 yil may oyda Farg'onani tark etganida bu erda hokimiyatni uning ukasi Jaxongir mirzo nomidan Ahmad Tanbal qo'lga olgan edi. O'z hokimiyatini mustahkamlash maqsadida Ahmad Tanbal ukalariga vodiy shaharlarini bo'lib beradi. Jumladan, Andijon Suton Muhammad Qalpuk, Axsi Shayx Boyazid, O'zgan Xalilbek, Marg'ilon esa Bek Telba tomonidan boshqarilgan [5: 92 – 107 b].

Zahiriddin Muhammad Bobur Samarqandni Shayboniyxonga boy bergach 1501 yil tog'alari Toshkent xoni Sulton Mahmudxon va Mo'g'uliston xoni Sulton Ahmadxonlar yordamida Farg'onada o'z hokimyatini tiklashga xarakat qildi. Ahamd Tanbal esa o'z hokimyatini saqlab qolish maqsadida Shayboniyxon huzuriga akasi Bek Telbani jo'natib, undan yordam so'radi. “Tanbal, – deb yozadi Bobur mirzo, – Shayboqxong'a og'asi Bek Telbani yuborib, itoat izhori qilib, tilab edi. Bu fursatda Shayboqxonning nishonlari keldi: yuruymen, deb bitibdur” [5: 100-b]. Butun Movorounnahrni zabt etishni maqsad qilgan Shayboniyxon uchun Ahmad Tanbalni yordam so'rashi ayni muddao edi. Chunki Farg'onaning Bobur mirzo va mo'g'ul xonlari qo'liga o'tishi Movorounnahrning sharqiy qismida Shayboniyxon uchun jiddiy raqibni paydo bo'lishiga olib kelardi. Ushbu xavfni oldini olish maqsadida Shayboniyxon zudlik bilan yurish boshlashga qaror qildi. Muhammad Solih mo'g'ul xonlari Bek Telba elchiligidan xabar topishlari bilan Shayboniyxon huzuriga elchi yuborganliklari va bu yurishni oldini olishga harakat qilganliklarini ta'kidlaydi. Shuningdek, muarrixning fikricha mo'g'ul honlari elchi almashish orqali vaqtdan yutishga umid qilganlar. Shuningdek, ular O'ratepa va Toshkentda qoldirilgan mo'g'ul qo'shinlari ham Shayboniyxonga qarshilik qilishiga etarli deb hisoblaganlar. Manbalarda Toshkentda qolgan mo'g'ul qo'shinining soni haqida ma'lumot berilmasada, O'ratepada turgan mo'g'ul lashkarining adadi 5 ming kishidan iborat ekanligi ta'kidlangan [11: 176 – 181 b]. Muhammad Solihning ayni shu ma'lumotlarini Mirzo Haydar ham o'zining “Tarixi Rashidiy” asarida tasdiqlaydi [9: 224 – 225 b]. Lekin, xonlarning umidi oqlanmadi. Shayboniyxon xonlar elchisini o'zi bilan olib O'ratepaga yurish boshladi. O'ratepani qiyinchiliksiz egallagan Shayboniyxon Farg'onaga kirib bordi. Bu vaqtda Farg'onada Ahmad Tanbalga qarshi kurash olib borayotgan Bobur mirzo va uning tog'alari o'z e'tiborlarini Shayboniyxonga qaratishga majbur bo'ldilar.

Andijonni qamal qilib turgan mo'g'ul xonlari Shayboniyxon Xo'jandga yurish qilganidan xabar topgach, Farg'onaning g'arbiy hududlarini himoya qilish uchun Marg'ilonga qarab yo'l oldilar. Mo'g'ul askarlari O'sh va Marg'ilon hududlaridagi xalqni talagani sababli vodiy aholisi ham ularga qarshi qo'zg'alon ko'taradi [5: 100-b]. Xo'jandni qo'lga kiritgan Shayboniyxon Konibodomga etib keladi. Vodiy xalqining noroziligi kuchayayotgan bir sharoitda Marg'ilonda qolishni maqul ko'rmagan mo'g'ul xonlari esa Sirdaryoni shimoliy tomoniga o'tadilar. Ularning maqsadi dovon orqali Toshkent tomon chekinish bo'lgan bo'lishi mumkin. Chunki Axsining Ahmad Tanbalning inisi Shayx Boyazid qo'lida ekanligi, ularning boshqa maqsadlari bo'lishi amri mahol ekanligini ko'rsatadi. Chunki mo'g'ullar qo'lida vodiyning shimolidagi bir necha kichik qal'alargina qolgan edi.

Shayboniyxon ham o'z lashkari bilan Muhammad Solixhning ta'kidlashicha Xo'qoni O'rchin yaqinida Sirdaryodan o'tib Axsi tarafga yurdi [11: 187 – 188 b]. Shayboniyxon qo'shin bilan Sirdaryoni kechib o'tishda 4 ta kema va juda ko'plab sollardan foydalangan. Shayboniyxonning tezlik bilan harakat qilishi mo'g'ul xonlarini Arxayon dashtida jangga kirishga majbur qilgan. Muhammad Solih mo'g'ul xonlarini 30 ming Zahiriddin Muhammad Bobur qo'l ostida ming kishilik qo'shin borligini ta'kidlab o'tadi. Mirzo Haydar esa ittifoqchilar qo'shinini 15 ming kishidan iborat bo'lganini ta'kidlagan. Boburnomada mo'g'ul xonlari 30 ming kishilik lashkar bilan Ahmad Tanbalga qarshi yurish boshlaganliklari ta'kidlangan. Xonlarning Farg'onada bir yilga yaqin Axmad Tanbalga qarshi kurashganini hissobga olsak Arxiyon jangida ularning ixtiyorida 30 mingga etar-etmas askar bo'lganligini taxmin qilishimiz mumkin. Shunga ko'ra biz Muxammad Solih bergan malumot xaqiqatga yaqin deb o'ylaymiz. Jangda g'olib chiqqan Shayboniyxon Toshkentni o'z davlati tarkibiga kiritadi. Farg'onani esa o'zining hukmdorligini tan olgan Ahmad Tanbalga qoldirib Samarqadga qaytadi. Lekin, manbalarda alohida qayd etilmagan bo'lsada Ho'jand shahrini Shayboniyxon o'z mulklari tarkibida qoldirgan deb o'ylaymiz. Chunki jang bilan egallangan bu shaharni Ahmad Tanbalga qayta inom etilgan bo'lganida bu manbalarda ta'kidlangan bo'lardi. Shuningdek 1504 yili Farg'onaga qilingan yurishda shayboniy sultonlar qo'shini to'planadigan joy sifatida Xo'jand shahrining belgilanligi ham shunday fikr bildirishga asos beradi.

Ahmad Tanbal Shayboniyxonni noibi sifatida hukmronlik qilishni hohlamadi va mustaqil siyosat yurita boshladi. Shayboniyxonning Balxni qamal qilish bilan band ekanligida Ahmad Tanbal Farg'ona qo'shini bilan Jonibek Sulton mulki Toshkent hududlariga hujum qiladi. Mirzo Haydarning yozishicha Ahmad Tanbal ukasi Shayh Boyazid bilan birga Toshkentga yurish qiladi. S. Jalilov Ahmad Tanbal o'z lashkari bilan Toshkentni qamal qilganligini ta'kidlaydi. Bobur Mirzo esa Boburnomada Axmad Tanbalni Piskantga yurish qilganini aytib o'tgan [5: 86-b]. Bundan ko'rinib turibdiki Ahmad Tanbal Toshkent hududiga etib bormagan. Ahmad Tanbalning Shayboniyxon mulklariga jumladan Toshkent viloyatiga yurish qilishiga bir qator sabablar bor edi deb o'ylaymiz. Birinchidan, Arxiyon jangidagi mag'lubiyatdan keyin mo'g'ul xonlari Mo'g'ulistonga ketgan bo'lsada ularning lashkaridan katta qismi Farg'onada qolib Ahmad Tanbal hizmatiga kirgan bo'lsa kerak. Chunki Muhammad Solih Tanbal qo'shinini katta qismini mo'g'il lashkari tashkil etganini takidlagan. Mirzo Haydar ham temuriy mirzolar xizmatida bo'lgan ko'plab mo'g'illar Movorounnaxrning katta qismi Shayboniyxon qo'liga o'tgach Farg'onaga eg'ilganliklarini qayd etib o'tgan. Ikkinchidan esa, Ahmad Tanbal qo'shinlarining asosini tashkil etgan mo'g'ullarda yaqingacha o'zlariga tegili bo'lgan Toshkentni qaytarib olish ishtiyoqi ushbu viloyatga yurish qilinishiga sabab bo'lgan deb o'ylaymiz.

Shayboniyxon Balx yurishidan qaytib kelgach Karmana va Kesh hokimlariga Farg'ona tomonga yurish qilishini buyuradi. Toshkent va Turkistondan Jonibek Sulton va Ko'chkunchixon ham Farg'onaga yurish qiladilar. Shayboniy sultonlarning barcha kuchlari Xo'jandda to'plangach Konibodom orqali Marg'ilon tomon yuradilar. Bu vaqtda Ahmad Tanbal Mirzo Haydarni hikoya qilishicha Andijon va Qoshg'ar oralig'idagi tog'larda yashovchi Chakrak qabilalarini bo'ysundirish bilan band bo'lib, Turuqshoron darasida edi. Shayboniyxon dastlab Marg'ilonda qattiq qarshilikka duch keladi. Shayboniyxon xujum qilish xavfini avvaldan bilgan Ahmad Tanbal Farg'onani barcha shaharlarini jumladan Marg'ilonni ham ancha mustahkamlagan edi. Shu o'rinda aytib o'tish kerakki o'sha vaqtda Marg'ilon shahri devor bilan mustaxkam himoyalangan qal'aga ega edi (5: 57 – 58 b). Muhammad Solih ham “Kelgoch ul shaharg'a xoni a'zam, Ko'rdi ul qal'ani andoq mahkam” deb Marg'ilon shahar qal'asi mustahkamligini takidlab o'tadi.(9: 233-b). Marg'ilonning mustahkam himoyalanganligini ko'rgan Shayboniyxon shaharga hujum qilishni ma'qul ko'rmay, o'z vaqtida Bobur Mirzo davrida Farg'ona davlati hizmatida bo'lgan Hamza Sulton maslahati bilan Andijon tomonga yurishni davom ettiradi. Shayboniyxonning Marg'ilondan zudlik bilan yo'lga chiqishiga Ahmad Tanbal tomonidan Farg'onaning barcha qal'alaridagi lashkarlarning Andijonga to'planayotganligi ham sabab bo'lgan edi. O'z kuchiga to'g'ri baxo bera olmagan Ahmad Tanbal Shayboniyxon bilan shahar tashqarisida masof urishini olib borishga qaror qiladi. Muhammad Solih Ahmad Tanbal qo'shinini 30 ming jangchidan iborat bo'lganligin ta'kidlagan bo'lsada bizningcha Mirzo Haydarning Farg'ona qo'shinlari 10 ming kishilik lashkardan iborat ekanligi aytgani ancha haqiqatga yaqin. Mirzo Haydar Shayboniyxonning maqsadi Farg'ona vodiysin talon taroj qilib ortga qaytish, bu erni to'liq zabt etish uchun boshqa safar yangi yurish tashkil qilish edi deya takidlaydi. Uning fikricha Shayboniyxon Ahmad Tanbalning ochiq maydonda jang qilmay qal'a ichida mudofa urishi olib borishi natijasi, shayboniylar lashkarini katta talofat ko'rishidan cho'chigan. Shuning uchun ham Ahmad Tanbalning jang qilish uchun o'z qo'shini bilan Andijondan tashqariga chiqishi uning uchun ayni muddao edi.

S. Jalilov Shaybrniyxon va Ahmad Tanbal qo'shinlari o'rtasidagi jang 1504 yilning may oyida hozirgi Asaka shahri yaqinida bo'lib o'tgan degan xulosaga keladi. Jangda Ahmad tanbal engilib Andijon qal'asiga chekinadi va qal'ani mustahkamlaydi. Shayboniyxon qal'ani Haydar mirzoning ma'lumotiga ko'ra qirq kun qamal qilgan. Qamal natijasida shaharda ocharchlik boshlanadi. Shayboniyxon askarlari qal'ani jang bilan egallaganidan so'ng Ahmad Tanbal yaqinlari bilan arkka chekinadi va yana qarshilikni davom ettiradi. Noiloj qolgan Ahmad Tanbal Mirzo Haydarning otasi Muhammad Husayn mirzo vositachiligida taslim bo'ladi. Lekin Shayboniyxon o'ziga xiyonat qilgan Ahmad Tanbal va uning yaqinlarini qatl etishni buyurgan.

Shayboniyxon Farg'ona vodiysini Jonibek Sultonga suyurg'ol qilib bergan. Muhammadyor ibn Arab Qatag'an esa “Musaxxir al-bilod” asarida Andijon Muhmudshoh Sultonga, Axsi esa Jonibek Sultonga topshirilganligini qayd etgan. Lekin, Muhammad Solih va Haydar mirzolarning asarlaridan Farg'ona vodiysi to'liq Jonibek Sultonga in'om etilgani ma'lum. Shuningdek Haydar mirzo mo'g'ul xoni Saidxon hayotiga oid voqealar bayonida Andijonni Jonibek Sulton nomidan Xoja Ali Bahodir boshqarganligini ta'kidlaydi. Yuqoridagilarga asoslanib Muhammadyor ibn Arab Qatog'onning Andijonni Mahmudshoh Sultonga berilgani to'g'risidagi ma'lumotni noto'g'ri deb o'ylaymiz. Shu o'rinda qayd etib o'tish zarurki, S. Jalilov “Bobur haqida o'ylar” asarida Jonibek Sultonni Shayboniyxonning o'g'li sifatida ta'riflaydi. Aslida esa u Shayboniyning jiyanidir.

Xulosa sifatida shuni aytishimiz mumkinki, dastlab Ahmad Tanbal tomonida turib mo'g'ul xonlari Sulton Mahmudxon, Sulton Ahmadxon va temuriy hukmdor Zahiriddin Muhammad Boburga qarshi Farg'ona kurash olib borgan Shayboniyxon keyinchalik Ahmad Tanbalning vodiydagi hokimyatini ham tugatdi va uni o'z davlati tarkibiga kiritgan.

Foydalanilgan manba va adabiyotlar
Azimjonova S.Q. K istorii Fergany vtoroy pol. XV v. Izd-vo AN UzSSR. Tashkent, 1962; Ona je. Gosudarstvo Bobura v Kabule i v Indii. M.: Nauka, 1977. 
Ahmedov B. Tarixdan saboqlar. – T.: O'qituvchi, 1994. – 430 b.
Ahmedov B. O'zbekiston tarixi manbalari. – T.: O'qituvchi, 2001. – 199 b.
Zamonov A. Buhoro xonligida qo'shin tuzilishi va harbiy boshqaruv. – T.: BAYOZ, 2018. – 208 b.
Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. / Nashrga tayyorlovchi P. Shamsiev. – T.: Yulduzcha, 1989. – 367 b. 
Istoriya narodov Uzbekistana. T.2 / pod ped. S.V.Baxrushina. – T.: AN UzSSR, 1947. – 459 b.
Istoriya Uzbekistana (XVI-pervaya polovina XIX v). Otvet redaktor D.A.Alimova. – T.: Fan, 2012. – S. – 20 – 84.
Kamoliddin Binoiy – Shayboniynoma / O'zbekiston tarixi xrestomatiyasi. XVI-XIX asrlar – T.: Fan va texnologiya, 2014. – B – 7 – 12.
Mirzo Muxammad Xaydar. Tarix-i Rashidi / Vvedenie, perevod s persidskogo A. Urunbaeva, R.P. Djalilovoy, L.M. Epifanovoy, primechaniya i ukazateli R.P. Djalilovoy i L.M. Epifanovoy – T.: Fan, 1996 – S. – 344; Muhammad Haydar Mirzo Tarixi Rashidiy // So'z boshi va izohlar muallifi hamda tarjimonlar V. Rahmonov va Ya. Egamova – T.: Sharq, 2010. – 703 b.
Muxtarov A. Nadpisi s imenem Babura v verxov'yax Zeravshana. Moskva, 1960.
Muhammad Solih. Shyboniynoma / Tahrir hayati A. Qayumov ba boshqalar; Nashrga tayyorlovchi va so'z boshi muallifi E. Shodiev. – T.: Adabiyot va san'at nashriyoti, 1989. – 336 b. 
Muhammadyor ibn Arab Qatag'an. Musaxxir al-bilod / Fors tilidan tarjima, izohlar va ko'rsatkichlar mualliflari: Ismoil Bekjonov, Dilorom Sangirova – T.: Yangi asr avlodi, 2009. – 430 b.
Nishonov A. Sulton Saidxon hukmronligi davrida Farg'ona davlati // FarDU ilmiy xabarlari. 2018. – № 2 – B. 50 – 53.
Sayfiddin J. Bobirning Farg'ona davlati. – T.: Fan, 1995. – 148 b.
Sayfiddin J. Bobur va Andijon. – T.: O'zbekiston, 1993. – 100 b.
Sayfiddin J. Bobur haqida o'ylar. – T.: Sharq, 2006. – 101 b.
Hasanov X. Zahiriddin Muhammad Bobir. – T.: Toshkent, 1966.
Hofiz Tanish al-Buxoriy. Abdullanoma / Fors tilidan S. Mirzaev tarjimasi, ilmiy muharrir, nashrga tayyorlovchi, so'z boshi va izohlar muallifi akademik B. Ahmedov – T.: Sharq, 1999. – 414 b.
Yusupova D. Farg'ona vodiysining XVI-XVIII asrlar davri tarixiga oid qo'lyozma asarlari // Farg'ona vodiysi yangi tadqiqotlarda Respublika ilmiy anjuman materiallari. 2012. – B. 122 – 125.
Branko Soucek, Svat Soucek. A history of inner Asia. Cambridge University press, 2000. – P. 337.
Rene Grousset. The Empire of the Steppes a History of Cental Asia / Translated from the France by Naomi Walford. Retgerts university press. New Jersey, 1970. – P. 653.

A.A.Nishonov,
Farg'ona davlat universiteti doktoranti

facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort