O’zbekiston Xalq Harakati

Kimlar prezidentimiz virtual qabulxonasi obo'sini to'kayotganini bilasizmi?

Kimlar prezidentimiz virtual qabulxonasi obo'sini to'kayotganini bilasizmi?
12 Mayıs 2019 - 7:26 'da yuklandi va 466 marta o'qildi.

KIMLAR PREZIDENTIMIZ VIRTUAL QABULXONASI OBO'SINI TO'KAYoTGANINI BILASIZMI?

Kecha mening murojaatimga javob xati keldi. Murojaat va javob xatini solishtirib xulosani o'zingiz chiqaravering!

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI Sh.M.MIRZIYoEVGA

Xorazm viloyati Gurlan tumanida yashovchi shoir va
jurnalist Mahmud Rajab tomonidan

MUROJAATNOMA

Muxtaram prezident! Men shoir va jurnalist Mahmud Rajab sizga O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidagi huquqlar kafili sifatida murojaat qilmoqdaman. Siz vidoiselektordan turib kitobxonlik haqida uqtirayotgan paytda Toshkent aeroportidagi bojgirlar mening yuklarim ichidan badiiy publitsistik kitoblarni musodara qilishdi. Bu bilan ular siz boshlagan oshkoralik va kitobxonlik siyosatini sabotaj qildi. Zero, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasi menga bu kitoblarni yurtimizga olib kirish huquqini bergan. Bo'lgan voqeaga aniqlik kiritsam. 2019 yil 26 mart kuni ertalab Istambul – Toshkent yo'nalishidagi uchoqdan tushib, Toshkent xalqaro aeroporti chegara postidan o'tayotganimda bojxona xizmati katta leytenanti Xusan Boboniyazov menga tegishli 26 ta kitob va shaxsiy qo'l telefonimni diniy-ekstremistik targ'ibot vositasi deya gumonlanib olib qo'ydi.

Muxojirotdagi muxolifat lideri Muhammad Solih va uning ukasi Muhammad Begjonlar tomonidan yozilgan 8 nomdagi kitoblarni ularning Xorazmdagi ukalari va muxlislari iltimosiga ko'ra olib kelayotgan edim. Kitoblar Karimov davrida yozilgan she'r va maqolalardan iborat bo'lib, ularda bugungi siyosatga qarshi bironta so'z aytilmagani va Muhammad Solih kitoblarini men 2018 yilning noyabrida Istambulga qilgan safarim chog'ida ham uning shaxsan o'zidan qabul qilib, xuddi shu chegara postidan bemalol olib o'tganim, bu haqda internet saytlarida e'lon qilganimdan so'ng ham hech kim meni rasman ogohlantirmagani sababli olib kelayotgan edim. Mazkur kitoblar taqiqlangani haqida hech qaerda rasmiy bildirish berilmagan. Agar bu kitoblar taqaqlangani haqida aniq ma'lumotga ega bo'lganimda men ularni keltirmagan bo'lardim.

“Gumon iymondan ayiradi” deganlaridek, tekshirib ko'rishga vaqti yo'qligini bahona qilib bojxona xizmatchisi Xusan Boboniyazov shaxsiy telefonimni ham olib qo'ydi. Menga qattiq ta'sir qilgan yana bir hol: Hujjatlarni rasmiylashtirish vaqtida fuqaro kiyimidagi bir yigit kelib o'zini tanishtirmasdan meni so'roqqa tuta boshladi. Men uning bir-nechta savollariga javob berganimdan so'ng ismi Jahongir ekanini bildim. Familiyasi va kim bo'lib ishlashini so'ragan zahotim u o'ta agressiv harakatga kelib tizzasi bilan tizzamga qattiq turtdi hamda hayotimga xavf soluvchi tahdidli so'zlarni aytdi. Bu voqeaga bojxona va aeroport xodimlarining 6-7 nafari tomoshabin bo'lib turishdi. Tashqariga chiqayotganimda ham o'zini tanishtirmagan bir shaxs ortimdan ergashib shaxsiy hayotimga daxldor savollar berishi menda shubha uyg'otdi. Hukumatning rasmiy idorasi ichida yuz bergan bunday ko'ngilsiz voqeani mamlakatimiz obro'siga putur etkazish, mansab vazifasidan shaxsiy maqsadda foydalanib fuqarolarning erkinligi va daxlsizligiga tajovuz qilish deya baholayman.

Muxtaram prezident! Sizdan iltimosim:

Jahongir ismli yigitni topib, menga qilgan tajovuzkorligi uchun qonunda belgilangan tartibda chora ko'rilishini;

Bojxona postidagi qonunbuzarliklarga chek qo'yilishini;

Mening shaxsiy hayotim daxlsizligini ta'minlashingizni so'rayman!

Shuningdek, olib qo'yilgan ashyolarim qaytarilishini, Muhammad Solih va Muhammad Begjonlarning kitoblarini mamlakatimizga olib kirishni ta'qiqlovchi rasmiy hujjat ko'rsatishlarini bojxona ma'muriyatidan talab qilaman.

O'zbekiston fuqarosi, shoir va jurnalist Mahmud Rajab 
3 aprel' 2019 yil

facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort