O’zbekiston Xalq Harakati

Adolatga qarshi adolatsizliklar: tanazzul va mustamlaka tizimining kelib chiqishi

Adolatga qarshi adolatsizliklar: tanazzul va mustamlaka tizimining kelib chiqishi
13 Mayıs 2019 - 8:00 'da yuklandi va 343 marta o'qildi.

Ona yurt tarixining ko'tarilish va pasayish davrlarini ilmiy jihatdan tahlil qilish so'nggi ikki-uch asrlarda yuz bergan murakkab tarixiy jarayonlar va ota-bobolarimiz qanday qilib o'z mustaqilligini osongina yo'qotgani sabablarini bilib olishimizga imkon yaratadi.

“Nima uchun yurtimizda IX-XII asrlarda yuksak taraqqiyotning kuzatalishi bilan birga dunyoga ma'lum va mashhur bo'lgan olimlar etishib chiqqan, inson huquqlari, sha'ni qadr-qimmati himoya qilingan-u, so'nggi uch asrda bu jarayonlarning aksi bo'lgan, xalq xo'rlangan, davlat va jamiyat o'rtasidagi muvozanat buzilgan, xonlar amirlar faqat o'z g'ami va manfaati uchun yashagan va bizni mustamlakachilar osongina qaram o'lkaga aylantirib qo'ygan?” kabi savollar ko'pchilikda tug'ilgan bo'lsa ajab emas.

Bugungi tarixiy adabiyotlarda xonliklarni bosib olishdagi bosh aybdor chor Rossiyasi deb ko'rsatilgan. Bu gapda qaysidir ma'noda jon bor, ammo qudratli va o'zini himoya qila olish qobiliyatiga ega, zamon bilan hamnafas bo'lgan, fan-texnologiyalarning so'nggi yutuqlarini hamma sohalarga qo'llay olgan, davlatga va el-xalq uchun xizmat qilgan davlat, uning hukmdori va ma'muriy tuzumlariga kim ham daxl qila olishi mumkin edi?

Chor Rossiyasi xalqning qattiq qarshiligiga qaramasdan bu erni osongina qo'lga kiritishining sabablari nimada edi?!

Nima uchun tarixda yigirma etti davlatni birlashtirgan ulkan saltanat tuzgan, Evroosiyo hududlarida adolat o'rnatib, turli millat va elatlarni birlashtirgan ota-bobolarimiz oradan ma'lum muddat o'tgach, qaramlik iskanjasiga tushib qoldi?

Biz ajdodlarimizning mustamlakachilik to'riga tushish sabablarini o'rganishda o'sha davrda jahonda va yurtimizda ro'y bergan ba'zi jarayonlarni ko'rib chiqishni lozim topdik.

O'rta Osiyoda XIII asrning birinchi choragidan to XIV asrning 70 yiligacha bo'lgan davrni ham mustamlaka davri bo'lgan deb hisoblash mumkin. O'sha davrda ham O'rta Osiyodagi geopolitik muhit taranglashgan, markaziy va mahalliy hukmron doiralar tanazzulga yuz tutgan, mo'g'ullar yurishi sababli bu o'lkaning siyosiy xaritasi butunlay o'zgarib ketgandi. Endi dunyoga o'nlab-yuzlab olimlarni etishirish tugul, mustaqillik haqida gap ham bo'lishi mumkin emas edi. Mo'g'ullargacha bo'lgan va mo'g'ullar davridagi geosiyosiy holat, O'rta Osiyodagi davlatchilik tarixi o'rtasida eru osmondek farq bo'lgan.

Shunday qudratli Xorazmshohlar davlati etti iqlimga dong'i taralishiga va katta imkoniyatlariga qaramasdan nimaga osonlik bilan mo'g'ullarga engildi? Ular dushmannni tor-mor etish uchun katta imkoniyatlarga ega edi-ku?!

O'sha zamonlarda katta kuchga aylangan Xorazmshohlar davlatida adolatdan adolatsizliklar tomonga og'ishlar bo'lgan, saroyda guruhbozliklar, urug'chilik, mahalliychilik va mansabparastliklar avjiga chiqqan edi. Mamlakat o'zaro ichki nizolar va manfaatparastlik tufayli ichdan zil ketayotgandi. Azaldan zaiflar kuchlilarga em bo'lganini inobatga olsak, Xorazmshohlar davlati ham tashqaridan qudratli ko'ringani aslida ichdan to'kilgan davlatga aylanib qolgandi. Mahalliychilik, urug'chilik, boylikka ruju qo'yish boshqaruvdagi og'ishlarga sabab bo'lgan. Bo'linish yuz bergan joyda albatta boshqa boshqalarga em bo'lish xavfi paydo bo'ladi. Mamlakatni boshqarayotgan siyosiy kuchlar o'zaro birlashmagan bo'lib, davlat boshqaruvi ham eskicha usullarda olib borilardi. Amaldorlarning o'zaro ziddiyatlari va boshboshdoqliklari, voqelarni adolat ko'zi bilan tahlil qila olish qobiliyatining yo'qligi ushbu mintaqaning mo'g'ul bosqinchilariga osongina em bo'lishiga olib keldi.

Muhammad Xorazmshoh Xorazm dovrug'ini ko'targanidan so'ng, u o'ziga ortiqcha bino qo'yib, o'zini “Iskandari Soniy”, “Allohning erdagi soyasi” deb ulug'lashni buyuradi.

Shohning katta qo'shin tuzib, to'xtovsiz olib borgan besamar urushlari, buning asoratli oqibatlari, eng avvalo, mamlakat xalqining tinkasini quritayozgandi.

Buning ustiga mahalliy hokimlar, bek-amaldorlarning o'zboshimchalik bilan xalq boshiga solayotgan behad jabr-zulmi, bunga javoban yuz berayotgan xalq g'alayonlari (masalan, 1206-1207 yillarda Buxoroda, 1212 yilda Samarqandda ko'tarilgan qo'zg'olonlar) saltanatning ichdan emirilishiga sabab bo'lmoqda edi. So'ngra oliy hokimiyat ichidagi kuchli muxolifatchilik harakati, xususan, Xorazmshoh bilan uning onasi Turkon Xotun tarafdorlari o'rtasidagi ochiq-oshkor tarzdagi siyosiy kurash ham Xorazm davlatining beqarorlik holatini yaqqol ko'rsatardi. Qo'shni Xorazmshohlar davlatida kechayotgan bu xildagi chuqur tanazzullik holatlaridan to'la xabardor bo'lgan, undagi barcha jarayonlarni o'zining maxsus josuslik mahkamasi orqali sinchkovlik bilan kuzatib turgan Sharqdagi boshqa bir qudratli mo'g'ul davlati hukmdori Chingizxon esa katta harbiy tayyorgarlik ko'rib, tez orada Movarounnahr sarhadlari tomon istilochilik urushlarini boshlashga chog'lanayotgandi.

Aslida Xorazmshohlar mo'g'ullarga nisbatan katta kuchga va imkoniyatlarga ega bo'lgani holda, harbiy qismlarni birlashtirib, qarshi kurash taktika va strategiyalarini ishlab chiqmaganligi, adolat tarozusidagi og'ishlar, mansabdorlar va eng asosiysi xalqning ning ichki ruhiy xolati va noroziliklari tufayli zaiflashgan edi.

Adolatsizlikka asoslangan jamiyatlar tarixda tanazzulga uchragani qo'pchilikka ma'lum. Adolatsizliklar tufayli yuz bergan ana shu tanazzul tufayli mo'g'ul bosqinchilari ham yurtimizda xunrezliklarni amalga oshirdilar. Butun boshli tamaddun gultoji bo'lgan shaharlar vayron etildi, xalq qirildi, kutubxonalar yondirildi, suv inshootlari buzib tashlandi, iqtisodiy va ma'naviy hayot inqirozga yuz tutdi. Iqtisod izdan chiqdi, xalq xo'rlandi. Ana shu sharoitda ota-bobolarimiz ajnabiylarning murosasiz munosabatlariga ko'nishga majbur bo'ldi. Adolat qaror topgan davrlarda taraqqiyot va shon-shavkat, iqtisod, siyosat, madaniyat, ilm-fan ravnaqi kuchli bo'lgan. Undan og'ishlar yuz berganda ne-ne saltanatlar qulagan, tamaddunlar inqirozga yuz tutgan, davlat va jamiyatda xunrezliklar, dahshatli qismatlar hukmron bo'lgan.

Mo'g'ul bosiqinchilari yurtimizda 150 yil davomida hukmronlik qildilar va bu erdagi ming yillar davomida to'plangan moddiy va ma'naviy merosimizni toptashga intildilar.

Mo'g'ullar zulmi va mahalliy boshboshdoq hokimlarning adolatsizliklar tufayli ajdodlarimizning boshiga qora bulutlar yopirilib keldi, o'zgalarning bu muazzam erda hukmron bo'lishi tufayli ota-bobolarimiz xo'rlik va qaramlik iskanjasida qoldilar.

Birgina adolatsizlik davlat va jamiyatlarni bor yoki yo'q, obod yoki xonavayron etishini tarix saboqlari bizga ko'p marta isbot etgan. Adolat davlat va jamiyatning ustunidir.

Adolatdagi og'ishlar tufayli xalq boshiga kelgan katta va bir qarashda engib bo'lmas kuch bo'lib ko'ringan mustamlaka tizimi shakllandi va endi uni yo'q qilish o'ta og'ir masala edi.

Xuddi shu ulkan va o'ta ahamiyatga molik tarixiy missiya Sohibqiron Amir Temurning zimmasiga tushdi. U xalqni va yurtimizni ezib turgan adolatsizlik, zulm, xo'rlik, tarqoqlik va boshboshdoqliklarning oldini olishda jiddu jahd ko'rsatdi, mamlakatda mustaqillik bayrog'ini ko'tardi.

Amir Temur davrida adolat o'rnatish masalasi hayot-mamot muammosiga aylangan va aynan uning har sohalarda qo'llanishi sababli, qisqa muddatda yurtimizda buyuk tub burilishlar yuz bergan. Amir Temur davlati yigirma etti davlatni o'z ichiga olgan ulkan saltanatga aylanib, aytishlaricha uning u chetidan bu chetiga qadar otda 6 oy mobaynida etib borish mumkin bo'lgan ulkan hududlarda ham bir bolakay boshida bir tovoq oltinni boshiga qo'yib yurganda ham hech kim tega olmaydigan darajada qonun ustuvorli va adolat o'rnatilgan.

Amir Temurning davlat muhrida “kuch adolatdadir” shiorining bo'lishi ham davlat boshqaruvi asosida to'g'rilik, haq, haqiqat, barchaga mehr-shafqatili va teng qarash tamoyillari ustuvor bo'lganini ko'rish mumkin.

Sohibqiron Amir Temur “adolat podshoh qudratining asosidir” degan shior bilan davlatni boshqargan va Oqsaroydagi yozuvda ham ushbu purma'no so'zlar takror-takror yozilgan edi.

Lekin Amir Temurdan keyin aynan ana shu adolat tamoyilining buzilishi, uning vasiyatiga amal qilmaslik, mamlakatni va jamiyatni adolatli boshqarishda bardavom bo'lmaslik natijasida yana Amir Temur davrida birlashgan, yuksak darajada ravnaq topgan yurtga chetdan boshqa sulola vakillarining da'vogarlik qilib kirib kelishiga zamin yaratdi. Aslida xonliklarning kelib chiqishida ana shu temuriylar davridagi tarqoqliklar, adolatdan og'ishlar va ziddiyatlarning ham o'rni bor. Chunki adolatsizlik bor joyda, ko'pgina illatlar bo'ladi: porakandalik, o'zboshimchalik, bo'ysunmaslik, qonunlarga rioya etmaslik, zulm, xo'rlash, bo'linish kelib chiqadi. Bu illatlar aslida yuz yillar davomida gazak otdi va pirovardida O'rta Osiyoda yana yangi geosiyosiy tartibotlar o'rnatilishiga sabab bo'ldi.

Shayboniyxon davrida ham geosiyosat, siyosiy xaritalar butunlay o'zgarib ketdi. Agar Temuriylar birlashganda va bobolari Amir Temurning yurgan yo'lini davom ettirganlarida, uning o'gitlari va vasiyatiga amal qilganlarida bunday xolatlar yuz bermasligi mumkin edi. Natijada O'rta Osiyo uchta xonlikka bo'linib ketdi, bu hududda bir-biriga qarama-qarshi katta-katta kuchlar shakllandi. Ziddiyatlar tug'ib bergan xonliklar davrida adolatsizliklar tufayli yuz bergan inqirozlar yangi to'lqinlar bilan boshlandi va ularning oxiri ko'rinmadi. Xonliklarning ichki va o'zaro kurashlari, davlat va jamiyatda adolatsizliklarning urchishi, bu erdagi siyosiy tuzumlarning ichidan zil ketishiga zamin yaratdi.

O'sha davrda Evropada qanday holat yuz berayotgandi? Ularda ham shunday jarayonlar namoyon bo'lmoqda edimi yoki taraqqiyot sari dadil odimlar tashlanayotganmidi? Tarixiy parallellardagi vaziyatlar qanday edi?

O'rta Osiyodagi xuddi shu kabi bo'linishlar va og'ishlar yuz berayotgan va kundan-kunga bu jarayonlar chuqurlashib borayotgan bu vaqtda Evropa jamiyatida adolatli jamiyat o'rnatishga intilish, sotsial-demokratik harakatlar rivojlanayotgan, inson huquqlari borasida dadil qadamlar tashlanayotgan va qonunchilik sohasida ham katta o'zgarishlar yuz berayotgandi. Tom ma'noda Evropada inqilobiy o'zgarishlar yuz berayotgandi. Xususan, fan va texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish, bozor munosabatlari jadallik bilan rivojlanayotgandi. Evropada sanoat ishlab chiqarishining dastlabki o'choqlari Angliyada paydo bo'la boshlagandi. Biz ta'riflagan kapitalistik jamiyatning klassik usullari ana shu erda quloch yoza boshlagan va boshqa davlatlarga ham bu jarayonlar tarqalib kishilar yangicha hayot tarzi, ishlab chiqarish va texnologiyalarni o'zlashtirayotgandi. Evropada ishlab chiqarish, bug' mashinalari, kapital jamg'arish, og'ir va engil sanoat jadallik bilan rivojlanib bordi.

Bu esa xom ashyoga talabni oshirgan va tayyor mahsulotlarni sotish uchun keng bozorlar ham kerak edi. Bu ehtiyojlar chet el mustamlakachilik siyosatini olib borish zaruriyatini tug'dirayotgandi. XV asrning oxiriga kelib ishlab chiqarish keng suratlarda rivojlanib yangi geografik hududlarni egallayotgandi. Shu tufayli ana shu mahsulotlarni sotish va avvalo mahsulot etkazib beruvchi hududlar kerak edi. Ana shu zarurat mustamlaka tarixini boshlanishiga sabab bo'lgan eng yirik omillardandir. Evropada oltin vasvasasi bosh ko'tardi va jamiyatning boy tabaqalari ongida uzoq Hindistonda cheki yo'q oltinlar borligi haqidagi mish-mishlar tarqalgandi. Evropalik hukmron doiralar va tadbirkorlarda ana shu boyliklarga egalik qilish havasi paydo bo'lgandi. Ularning talab va ehtiyojlariga javob berishi lozim bo'lgan Buyuk Ipak yo'li Evropaliklarning maqsadlarini amalga oshirishga to'sqinlik qilardi. Bunga sabab Buyuk ipak yo'li ustida joylashgan Sharq davlatlari yo'llarni egallab olib, katta boju soliqlarini joriy etgandilar. Buning ustiga yo'llardagi qaroqchiliklar ham kuchayib ketgandi. Evropada etishib kelayotgan vaziyatni katta daryo o'zaniga o'xshatish mumkin edi. Bu o'zan boshqa joydan bo'lsa ham o'z joyini topib ketishi aniq edi. Evropada katta to'fon ko'tarilayotgandi. Xomashyo va bozor talabi boshqa yo'llarni ochish davr zarururiyatini hayot-mamot masalasiga aylantirgandi. Evropaliklar dengiz yo'llarini ochish ustida tinmay o'ylay boshladilar. Hatto Xristofor Kolumb Abu Rayhon Beruniyning jahon xaritasi haqida ham bilar edi. Unda suv ortidagi quruqlik haqidagi gipotezalar bayon etib asoslab berilgandi. Ispaniya hukumati yangi erlarni o'zlashtirish va olis Hindistondagi mo'l-ko'l boyliklarga ega bo'lish uchun Xristofor Kolumbning dengiz sayohatini moliyaviy jihatdan qo'llab-quvvatlaydi va 1492 yilda Kolumb Hindiston deb o'ylab yangi Amerika qit'asiga borib qoladi. Keyinchalik Magellanning dunyo bo'ylab sayohati, boshqa Evropa davlatlarining dengiz yo'llarini o'rganib olishlari natijasida ularda Buyuk Ipak yo'liga bo'lgan ehtiyoj kamaydi. Bu esa Buyuk Ipak yo'lining avvalgi ahamiyatini ancha-muncha pasaytirgan. Karvon yo'llarida joylashgan shaharlar ham biri-ketin orqaga qarab keta boshlagan. To'g'ri, uning ba'zi tarmoqlari ishlab turgan, lekin bu avvalgi holatdagi taraqqiyotni ushlab tura olmasdi.

Dunyoni bo'lib olish va qurollanishga zo'r berish harakatlari o'sha davrdayoq boshlab yuborilgandi. Bu kabi shiddatli taraqqiyot davrida xonliklar hududlar uchun o'zaro tinimsiz urushlar qildilar, aniq fanlar rivojiga e'tibor bermadilar, boshqa davlatlarda ro'y berayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy o'zgarishlarni o'rganmadilar, tabiiy, ilmiy va texnologiya sohalariga e'tiborsiz bo'ldilar.

Bu paytda xalqaro maydonda ochko'zlik, boylik va ta'sir doirasini kuchaytirish vasvasalari katta-katta mintaqalarga xavf sola boshlagandi. Shunisi hayratlanarliki, bunday qaltis va o'ta xavfli sharoitlarda xonlar o'zaro birlashib kurashish o'rniga, ma'lum hududlar o'rtasida o'zaro joy talashishar, urushlarni kuchaytirdilar. Ularning o'zlari xalqqa teskari namuna bo'lib adolatli boshqaruvdan adolatsizlik tomonga kundan-kunga og'ib bora boshlagandi. Adolatsizliklarning mavjudligi aslida davlat birligi, xotirjamligi va tinchligiga xavf solishi, qurollanish poygasining boshlanishi ularga o'lim hukmi o'qish uchun etarli xolat ekanligini xonlar va saroy ahllari aql ko'zi bilan ko'ra olmadilar.

Aslida Evropa va AQShning ko'tarilishiga o'sha davrning sanoat inqiloblarini boshlab bergan ilmiy-texnika yutuqlari – innovatsiyalari sabab bo'lgandi. Demak intellektual salohiyat bugun ham ular taraqqiyotining poydevori ekanligini nazardan qochirmasligimiz kerak. Ana shu intellektual salohiyat poydevori xonliklar davrida umuman qurilmadi. Ular yangi texnologiya, ilm-fan, iqtisodiy o'sish, menejment, marketing, kapital jamg'armalari degan tushunchalardan nari bo'ldilar.

Eng dahshatlisi shundaki, ular o'zaro joy va taxt talashish bilan asrlarni boy berdilar. Xonlarning o'zi xalqqa o'rnak bo'lmaganligi tufayli jamiyatda turli ahloqiy buzuqliklar, adolatsizliklar tomonga qadamlar tashlana boshlandi. Endi “bir bola boshida tilla lagan qo'yib yursa hech kim tega olmaydigan” zamonlarni odamlar havas qilib yashardilar. Payhon bo'lgan ekinlar, qashshoqlik, zulm va nohaqlik changali Turkiston xalqini yostig'ini qurita boshlagandi.

Dunyoni bo'lib olish vasvasasi boshlangan paytda bu erda Angliya va Rossiyaning ma'danshunos, biolog, ximik, geograf va boshqa olimlari o'lkaning strategik xaritalariyu er usti va er osti boyliklarini o'rganib ulgurishdi. Shu paytda hozirgi AQSh hududlarida fuqarolar urushi boshlanib qoldi. Rossiya paxtani Amerikadan olardi. U Turkiston tolasidan ko'ra 30 barobar qimmat narxda imperiyaga kirib kelardi.

Angliya jadallik bilan O'rta Osiyoni qo'lga kiritish rejasini amalga oshira boshlagandi. Rossiya ham bu erga osongina kirib kelish rejasini tuzishga o'tdi. Rossiyada bu davrda engil sanoatning rivojlanishi xomashyo va bozorga bo'lgan talabni oshirdi. Inglizlarning faollashib qolishi ularning rejalarini tezlashtirishiga sabab bo'ldi. Dunyoni bo'lib olish qonuniga ko'ra, jahon xaritasining bo'linmagan qismlariga “ov” jarayonlari kuchayib ketgandi. Bu jarayonlarga ogoh qa sergak bo'lib qaramagan, birlashmagan, o'zaro urushlardan “huzurlangan” xonliklar jahon mustamlakachilik tizimidagi o'ljalarning bir qismiga aylanib, ularning boshqalar tomonidan bosib olinishiga sabab bo'ldi.

Uch xonlik (bo'linish) zamoni Turon o'tmishining eng og'riqli-o'kinchli davridir. U vaktlardagi o'zaro noaahillik, birodarkushlik, fisku fasod va fitnalar, aysh-ishratbozlik, ulug' nasabchilik, shovinizmi, urug'-aymoqchilik va mahalliychilik, mutaassiblik, qolipga tushirilgan feodal tartib-koidalar xamda qoloq agrar tizim va boshka salbiy omillar o'lkani jar yoqasiga keltirgandi. O'sha xatoliklarni takrorlamaslik uchun biz xonliklar davri tarixini ob'ektiv yoritib, yoshlarimizga etkazishimiz, ularni o'zaro inoqlik, hamjixatlik, ozod va obod Vatan takdiriga mas'ul bo'lishga undab, ularning zamon bilan xamnafas turib dunyoda o'z so'zi, ishi va kuchini ko'rsata olishi uchun to'g'ri yo'nalishlar berishimiz lozim.

Shohista O'ljaeva

facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
xxx video gratis porno italiano