O’zbekiston Xalq Harakati

Rahim Rajabov: «Xalqni gadoy qilish evaziga kelgan hashamat kimga kerak?!»

Rahim Rajabov: «Xalqni gadoy qilish evaziga kelgan hashamat kimga kerak?!»
14 Mayıs 2019 - 9:17 'da yuklandi va 387 marta o'qildi.

– Rahim Rajabovich, Siz mustaqil O'zbekiston tarixida birinchi va so'nggi (yagona) Davlat kotibi bo'lgan odamsiz. Masalan, AQShni olsak, u mamlakatda bu lavozimdagi odam tashqi siyosatni boshqaradi. Lekin yaqin tariximizga boqsak, Siz bu lavozimda ishlagan davrda O'zbekistonda tashqi ishlar vaziri ham faoliyat yuritgan. Unda Sizning vazifangiz nima edi? O'zi u lavozim nega ochilgan-u, nega tugatilgan?

– Mustaqillik hamma uchun kutilmagan voqea bo'lgandi. Davlat – kichik bo'lsayam, davlat-da, ro'zg'orning katta-kichigi bo'lmaydi. Uning tashvishlari bor. O'sha paytda ularni hal qilishda birgina Prezidentning qo'lidan ko'p ish kelmasdi. Bu – birinchidan. Ikkinchidan, “Sen Prezident bo'lasan” deya bizda biror odam maxsus tayyorlanmagan. Birinchi Prezidentimiz o'z komandasini yiqqan paytda, biz ham o'sha jamoaga tushib qolganmiz. U kishi “Men bir tomonni, sen boshqa tomonni olib borasan”, degandilar. Keyinroq ko'p tashvish mening o'zimga qolib ketgan. U kishining tashqi davlatlar bilan bog'liq va shunga o'xshash ishlari ko'payib ketgan. Ichkaridagi ishlarniyam kimdir qilishi kerak-ku. Eng katta muammolar – xalq och, o'z pulimiz yo'q, chegaralar ochiq, uni o'zimiz himoya qilishimiz kerak edi.

Ilk to'rt-besh yilimiz, qiyinchilik bilan bo'lsa-da, yomon kechmadi. Keyinchalik, rahmatli Islom Abdug'anievichning ham yoshi ulg'ayib, tajriba orttirdi. Saylovdan so'ng o'zim “Do'stim, endi mening vazifamni ham qisqartiring”, deb aytganman va Davlat kotibligidan – o'zimning avvalgi ishimga, ya'ni Vazirlar Mahkamasi raisi muovinligiga ketganman.

Yana bir gap. O'sha paytlarda Prezident atrofida davlatga vijdonan xizmat qilaman, degan odamlar kamayib keta boshladi: noma'qul odamlar ko'payib, hammasi bir “mafiya” bo'lib qoldi. Mundoq o'ylasangiz, Prezidentni yomon deydigan odam men bo'lishim kerak edi. O'sha paytda, “Sen bilan ishlamayman” deya ketganimcha – o'ttiz yildan buyon haliyam ishlamayman. Hech kimning “odami” ham bo'lmaganman…

– Mustaqil bo'lgach, O'zbekistonning er osti boyliklari, ya'ni oltin, neft' va gazning hisobi olingan edimi?

– Bir voqeani aytay. Mustaqilikka endigina bir yarim-ikki yil chamasi bo'lgan edi. Men Zarafshonga bordim: 10 oyda 10-15 tonna oltin kam qazib olingan ekan. Ular (ya'ni kon rahbarlari) “otdan tushsayam, egardan tushmagan” vaqtlar. Bizga bo'ysunmaslik holatlariyam bor edi, hammasi sabotaj qiluvchi, quloqlari ana u yoqqa (Moskva tomonga) qaragan edi. Shular bilan masalani qattiq muhokama qildik. Men “Oltin bizniki, u avval bizning xazinaga tushadi. Shundoq bo'lgach, uning hisob-kitobini ham to'g'rilab qo'yinglar. Agar sizlar – biz ketib, o'zbeklar oltinni qanday qilib qazib oladi, konlarni qandoq ishlatadi, desangiz, adashasiz. U chirimaydi. Qachon qazib olishga qurbimiz etsa, o'z kadrlarimiz etishib chiqsa – qazib olamiz. Unga qadar er ostida yotaveradi”, deya qat'iy aytganman.

– Qancha oltin qazib olinardi?

– Boshlanish davrlarida yiliga 50-60 tonna olinardi. Hozir 2-3 marta ko'payib ketgan. U paytda bittagina zavod, ya'ni “GMZ-1” bor edi, hozir shunaqa zavoddan uchtasi ishlaydi.

– O'sha davrda O'zbekiston oltinlari kafolat sifatida, jahon banklariga qo'yilgan, degan gap bor. Shu ishlarning boshida turgan odamlardan biri sifatida, qaerga va qancha oltin qo'yilganini ayta olmaymizmi?

– Bilasizmi, shunday sirlar borki, uni 20 yilda, ba'zilarini esa 25 yilda ochish mumkin. Ularni vaqtidan oldin gapirib qo'yish – qonun oldida javobgarlik. To'g'ri, bilaman, lekin ularni oshkor etish vaqti kelgani yo'q. Bir narsani ayta olamanki, O'zbekiston oltinlari – Angliyada ham, Shveytsariyada ham, hatto Amerika banklarida ham bor…

– Boya, o'zaro gaplashib o'tirganimizda, “Bizda aviatsiya sanoati taraqqiy qilgandi, afsuski, to'xtab qoldi”, degandek gap qiluvdingiz. So'ramoqchi bo'lganim – bugungi og'ir sanoat ahvoli Sizni qoniqtiradimi?

– Yo'q. Bir vaqtlar bizning zavodlar SSSRning istalgan korxonasidan ham yaxshi edi. Keyinchalik, Islom Abdug'anievich bitta menga achchiq qilib, og'ir sanoatni ham, aviatsiya sanoatini ham yo'qotib yuborgani yaxshi ish bo'lmadi. Ministrlar Sovetida mashinasozlik va og'ir sanoat bo'limi bor edi. Hatto shu bo'limniyam yopib yubordi. Zavodlarni esa muttahamlarning qo'liga berib, tugatdi. Hozir ham yaxshilab tekshirtirish mumkin: qani, ularni kim xususiylashtirib olgan ekan. Qonunda ham yozib qo'yilgan – korxonalar xususiylashgandan so'ng ham o'z yo'nalishida faoliyat yuritishi kerak edi. Masalan, “Algoritm” zavodi hozirgi valyutada 20-30 milliard dollarga baholanadi. U erdagi murakkab texnika va texnologiyalar, binolar-u, oromgohlar – hammasini qo'shsangiz, shunchaga borib qolardi. Uni kim, qaysi pulga sotib oldi, korxona ichidagi texnologiyalarni kim yo'qotdi? Bu savollarga bugun javob yo'q.

Bitta gap aytay, og'ir sanoati yo'q mamlakat – mamlakat emas. Nima, samolyotni faqat Amerikadan sotib olish kerakmi? Atrof mamlakatlarga, deylik, Xitoy, Hindiston, Pokistonga bizning samolyotimiz sotilsa, yomonmi? Biz bo'lsak, hammasini yopdik. Bugun bitta televizoringiz buzilsa, uni tuzatish uchun ketadigan uskunasi – o'zidan ham qimmat…

– Nega bunaqa bo'ldi, sababi nimada, deb o'ylaysiz?

– Rahmatli do'stim bu korxonalarning hammasi kerakligini bilardi. Ammo… Anavi – dang'illama uchastkalar, tog'dagi dam olish zonalari, milliard-milliard pullar qaerdan kelardi unda. Binolar-ku, ko'rinib turibdi, milliard dollarlarning ham bir qismini eshityapmiz. Bu narsalarning hammasi – xalqni gadoy qilish evaziga keldi-ku. Shu ishlarni qilgan odamlar siyosatni olib bordi. Haliyam mamlakatimiz boy ekan, ko'p narsa bor ekan. Endi kelajakni, bolalarni o'ylashimiz kerak.

Siz mendan “Shuncha yil ishlab, biror korxonaning aktsiyasini olganmisiz”, deb so'rang. Yo'q. Sotib olganlarning ko'pchiligi muttaham, o'sha paytning o'zida pulini chiqazib olishgan. O'sha zavodlardan keyinchalik birorta og'ir mashina yoki traktor chiqibdimi? Hammasi o'ldi…

– Siz hozir “Bizda mashinasozlik o'ldi” degan xulosa chiqaryapsiz. Lekin bizda avtomobil' ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi-ku…

– Uka, siz hozir mashina ishlab chiqarilyapti, deyapsiz. Lekin uning deylik, bitta lampochkasi o'chib qolsa, rasvo bo'ladi. Chunki o'zimizda ishlab chiqarilmaydi. Bunaqa “ishlab chiqarish” kimga kerak. Mayli, hamma narsani yuz foiz shu erning o'zida chiqarish qiyindir. Lekin hech bo'lmaganda, uning 60 foizini o'zimizda ishlashimiz kerak…

O'shanda men hukumat raisi o'rinbosari edim. Asakadagi hozirgi avtomobil' zavodi o'rnida traktorlarga pritsep ishlab chiqaradigan korxona bo'lardi. Ittifoqo Prezident Koreyaga bordi. U erdan turib menga “Sening Asakadagi pritsep zavodingni koreyslarga sotdim”, deya telefon qildi. Vaholanki, zavodning o'zi binoyidek ishlab turgan edi. Pritsep chiqarishning ham mashaqqatlari oz emas, chunki oddiy mashina to'rtta odamni tashisa, u yuk tashiydi: tormozlari, g'ildiraklari, disklari mustahkam bo'lishi kerak. Men u kishiga, “Avtomobil' zavodi kerak bo'lsa, ishlab turgan zavod orqasidan 45 gektar er ajrataylik, yangidan qurishsin”, dedim. Lekin o'zingiz bilasiz, davlat rahbari “Men va'da qildim” deb turgach, uning qaroriga qarshi chiqib bo'lmaydi.

Shundan keyin o'zim delegatsiyaga rahbarlik qilib, Koreyaga bordik, bu erda ham muhokama qildik. Men, ishlab chiqariladigan avtomobilning soni yiliga 80-100 mingta bo'lsin, narxi arzon, hamyonbop bo'lsin, degan taklifni bildirganman. Boshida 3-4 ming dollar, deb kelishdik. U paytlarda bu – uch-to'rtta buqaning puliga teng edi…

– Keyinchalik narxlar nimaning hisobiga oshib ketdi?

– Chunki eng boshda imzo chekilgan hujjatlarni ko'tarib ko'radigan odam yo'q, shekilli. O'sha erda narx masalasi qat'iy qilib yozib qo'yilgan edi. Narx oshishidan – o'zimizdagilarning ham manfaati bo'lsa kerakdir-da, unisini bilmayman. Koreya bilan bo'ladimi, AQSh bilanmi, avvalo o'z xalqimiz manfaatini ko'zlab, muzokara qilish mumkinmi? Yo faqat xalqdan shilib olib, byudjetni to'lg'azish kerakmi?.. E, o'lsin unaqa byudjet, kimga kerak u…

Joyi jannatdan bo'lsin-u, lekin do'stimdan xafaligim shundaki, u shu ishlarni nazorat qilmadi. Mamlakatga har tarafdan “och bo'rilar” yopishib, talab, bor narsaniyam yo'q qildi. Esingizda bo'lsa, zo'r chinni zavodimiz bor edi. U erda ishlab chiqarilgan chinnilarni men G.Kissenjer (AQShning sobiq davlat kotibi)ga, Saddam Husaynga sovg'a qilganman. Shu zavod ham sotilib ketdi. Sotib olgan odam bilan keyinchalik og'ayni bo'lib qoldim. O'sha inson bir kuni, “Bilasizmi, Rahim aka, zavodni buzganimizda, undan chiqqan metall va g'ishtdan yana beshta zavod qursam bo'larkan”, deb qoldi. Shunaqa gaplar. Endi yana qaytadan chinni zavod qurilayotgan emish…

Oddiy xalqni – bojxonachimiz talasa, transportchimiz talasa, boshqasi Xitoydan bir so'mlik narsa olib kelib, o'zimizda 5 so'mga sotsa… Bu ishlar – maxsus qilingan edi. Lekin men unda ketib bo'lgandim…

O'zbekda bir gap bor: “Qornimga emas, qadrimga yig'layman”. 1997 yilda ishdan ketdim. Biror odam “Rahim aka, bormisiz, sog'misiz” deya hol-ahvol so'ragani yo'q. Mana shu turgan uyimizning erini ham zilziladan keyin olganman. Keyinchalik hatto birorta kvartira yoki dachayam olganim yo'q. Yo'qsa, “Algoritm” zavodining 80 ming ishchisi uchun kvartiralar qurganmiz. Na biror firma ochibman, na bir zavodga egalik qildim. Ijtimoiy ta'minot bo'limida ham, pensiya jamg'armasida ham, kasaba uyushmasida ham insof yo'q ekan. Oladigan pensiyam – oddiy “ryadovoy” ichki ishlar xodiminikidan ham kam, biror sanatoriyga yo'llanmayam berishmadi hatto. Ana shulardan xafa bo'lib, ezilib o'tiraman…

– Hovlingizga kiraverishda, darvozangiz peshtoqiga “Mehnat faxriysi” degan lavha ilinibdi, uning nishoni ko'ksingizni ham bezab turibdi. Demak, e'tibor qayta boshlabdi-da?..

– Eslashgani – ulug' ish bo'ldi. Bugun ko'p savobli ishlar bo'lyapti. Shavkat Miromonovich – bugun qarasang bir viloyatda, ertasiga boshqa joyda. Sharof Rashidov ham, Usmon Yusupov ham, Fayzulla Xo'jaev ham O'zbekistonning har bir tumani, har bir qishlog'ida bo'lmagan. Islom Karimov ham onda-sonda, undayam – sessiyalarga borib, o'sha kuni qaytib kelardi. Sh.Mirziyoevning yutug'i – dalama-dala yurib, odamlarning ko'ngliga yo'l topayotganida. Mamlakatning haqiqiy rahbari shunday bo'lishi kerak. Qaysi viloyatga borsangiz, qurilish, yangilanish. Millatimiz, miyamiz o'zgaryapti. Prezidentimiz omon bo'lsin! Nasib bo'lsa, hammasi yaxshi bo'ladi. O'zim ham “Xudoyim, yana to'rt-besh yil umr ber, men ham shu kunlarni ko'ray”, deya yaratgandan so'rayman…

Manba: kun.uz

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort