O’zbekiston Xalq Harakati

Tariximizni soxtalashtirishning salbiy oqibatlari

Tariximizni soxtalashtirishning salbiy oqibatlari
15 Mayıs 2019 - 6:00 'da yuklandi va 484 marta o'qildi.

Xorazmshox Sulton Jaloliddin Manguberdi tarixi bo'yicha yozilgan sohta risolaga munosabat.

Tariximizni soxtalashtirishning salbiy oqibatlari

Tariximizning yorqin siymosi, davlat arbobi, ulug' sarkarda, xalq qahramoni va Chingizxonning yovuz maqsadlariga qarshi mislsiz ozodlik kurashi yo'lboshchisi Jaloliddin bilan bog'liq ba'zi chalkashtirilgan masalalaga oydinlik kiritish, xalqimizning tarixiy ongini haqqoniy shakllanishiga to'siq bo'ladigan sohta qarashlarni haqiqat jabhasidan turib tahlil etish va bundan keyin tarixiy manbalar to'g'risida fikr yuritilganda faqat asl manbalarni xolisona tilga kiritib tariximizning ochilmagan qirralarini sahifalarga tushirishdan iborat. Biz tilga olmoqchi bo'lgan mo'jazgina kitobcha Samarqand iqtisodiyot va servis institutining olimlari Murodxon Xoshimov va Mirvohid Daminov tomonidan hammualliflikda yozilib, risolaga “Jaloliddin Manguberdi qabrtoshi” deya nom berganlar.

Kitobcha Samarqand iqtisodiyot va servis institutining bosmaxonasida 2014 yilda chop etilgan. Adadi 10 nusha, hajmi esa 0.75 bosma taboq. Risolada qayd etilishicha, uning yozilishiga turtki bo'lgan manba Xatirchi tumanida o'lkashunos sifatida faoliyat yurituvchi Isroil Karamovning “Ko'k tosh bobo” Jaloliddin Manguberdining qabrimi? qo'lyozma matni asosiy adabiyot tarzida qayd etilgan. Mualliflarning risolasini sayozlikka eltib tashlaydigan holat aslida ana shu shoshmashosharlik va risola yozishga mas'uliyatsiz yondashuvdan boshlangan. Hammuallif tarixchi olimlar buyuk tarixiy shaxsimiz, jahonga mashhur sarkarda haqida shunchalar engil – elpi fikrlarni ilgari suradiki, xatolar xatolarni etaklab risola sahifalarini to'ldira boradi. Bunday asar bitish foydadan ko'ra zarari naqddir. Barcha uni o'qigan kitobxonlar arosat ko'chasida qoladigan tarix emas, ertak sifat hodisalar yig'indisidan cho'pchaklar mujassami hosil qilingan. Voqealar to'qib bichishdan boshlanib, shunday holatda risola yakunlanadi.

Bularni kitobchaning o'z sahifalaridan matn va dalillarni keltirganimiz holda fosh qilishni lozim topamiz. Hammuallif olimlar risolasi quyidagi voqelikni keltirish bilan uning ilk sahifasini ochishga izn berganlar: “Navoiy viloyati Xattirchi tumani Navandak qishlog'i oldida 25-30 gektar joyni egallab yotgan eski Navandak qabristoni joylashgan. Qabristonda ko'plab eski arab yozuvida bitilgan qabr toshlari bor. Lekin afsuski ko'plarida yozuv o'chib ketgan yoki toshlar boshqa joyga ko'chirib olib ketilgan.

Lekin ulardan biri shakli va hajmi bilan Amir Temur qabri ustidagi nefrit toshiga o'xshatib ishlangan va mahalliy aholi “Ko'k tosh” deb atalgan bir serhasham qabr toshi saqlanib qolgan. Hozir bu tosh mahalliy aholi uchun ziyoratgoh joyga aylangan. Toshning aylanasi bo'ylab arabcha yozuvlar o'yib bitilgan. Navandak qishlog'ining vafot etgan tabarruk insoni Burxonxon Eshon bu yozuvni yozib olgan. Unda “Anbar Amir Jaloliddin binni Molik Dushoxiy, 850 xijriy “ ya'ni milodiy 1446 yil 30 iyun' degan satrlar bitilgan.

Bu satrlar ko'pchilikni hayron qoldiradi. Nahotki u Xorazm elining sheryurak o'g'loni Jaloliddin Manguberdiga taaluqli bo'lsa. Chunki keksa qo'lyozmalarda(bu so'zni mualliflar qo'llar ekanlar, uning qaerda, qanday qo'llash lozimligini ham o'ylab ko'rmaganlar holbuki keksa so'zi qo'lyozmaga nisbatan aslo qo'llanilmaydi) masalan “Nizomiy Jomiyning “Zafarnoma”sida, Jaloliddin Manguberdining vafot etgan sanasi 1231 yil emas, 1446 yil yozilgan. Bu savollarga Navandak qishlolg'ida faoliyat ko'rsatayotgan o'lkashunos Karamov Isroil javob topa olgan”. Ushbu yarim sahifada keltirilgan sharx va tahlillar shunchalar yuzaki tahlilga egaki, hayratdan yoqa ushlamay hech iloj yo'q. Chunonchi unda qo'llanilgan ushbu matnga diqqat qilamiz: “Anbar Amir Jaloliddin binni Molik Dushoxiy, 850 xijriy ya'ni milodiy 1446 yil 30 iyun' bu kabi qabrtoshdagi yozuv va keltirilgan sananing Jaloliddinga nima dahli bor? Bu erda olimlaramir bilan sulton siyosiy va harbiy atamalarning osmon bilan er masofasida bo'lsada zarracha uning farqiga bormaganlar asl manbalarda hech qachon buyuk sarkarda Jaloliddin binni Molik Dushoxiy nomi bilan atalmaydi va atalmagan ham. Shuningdek, risolada qayd etilgan: “Nizomiy Jomiyning “Zafarnoma”sida, Jaloliddin Manguberdi nomi boshqacha Jaloliddin ibn Malikshoh deb atalgan” deya mualliflarning iboralari ikki karra xatodir. Aslida Jaloliddin Manguberdiga otasi Muhammad Xorazmshoh, bobosi va bobolari Takash, umuman anushteginiylar nomi qo'shib bu so'zlar uning muhrida ham, farmonlarida ham o'z ifodasini topgan.

Endigi navbatni risolaning 3-sahifasidagi bayonini topgan qaydlarga kitobxonlar diqqatini qaratib, mualliflar bunda kitobxonga xuddi Amerikani Kolumbdan keyin qayta kashf etgandek “yangilik”larni berib ularni yolg'on va uydirmalar maydoniga (bu aslo tarix emas) boshlamoqchi bo'ladilar: “O'ndagi (matnda shunday beriladi, aslida undagi bo'lishi lozim) qabr toshidagi yozuvga kelsak, u (bu erda mantiq yo'q) haqiqatan ham Jaloliddin Manguberdi qabrtoshi bo'lishi mumkin. Chunki Jaloliddin Manguberdi bizning davrimizdagina Manguberdi deb atala boshlagan, qadimiy qo'lyozmalarda u Jaloliddin ibn Molikshoh (mualliflar dastlab Malikshoh, keyin esa Molikshoh deya beradilar) deb atalgan. Toshdagi “Dushohiy” qo'shimchasiga kelsak, Buyuk Xorazmshohlar Qutbiddin, Muhammad otsiz, Elarslon, Alouddin Takash, Sulton Muhammad (Jaloliddinning otasi) va Jaloliddinning o'zi o'zlarini “Dushohiy”, ya'ni Iskandari Soniydan keyingi ikkinchi podshoh deb atashgan”. Ushbu matnlarda grammatik, stilistik (so'z tuzilishi va qurilishi)dan tashqari tarixiy voqealarni izohlashdagi tarixiy xatolar safma-saf turganligicha guvoh bo'lamiz. Tarixchilik kasbi shunchalar xor bo'ladimi, degan fikrga bormay iloj yo'q. Bu mulohazalar olimning fikri emas, tarixdan xabarsiz avomning fikridan ham zaifroq ko'chaning oldi-qochdi so'zlarining chang-chungi bilan aralash birikmasi bo'lib, ziyolilarcha tahlildan asar yo'q hayoliy uydirmalar yig'indisidir. Avvalo, Xorazmshohlar sulolasidan hech bir Xorazm xukmdori o'zini Dushoh siyosiy tahallusi bilan hech qachon atamagan. Faqat Muhammad Xorazmshoh qoraxitoylarni mag'lubiyatga uchratib o'ziga Iskandari Soniy laqabini berib farmonlar chiqargani haqiqatdir. Boshqa Xorazmshohlardan hech kim bu iborani faoliyatlari davomida biror marta qo'llamagan.

Muallif olimlar yuqoridagi voqealarni sahifalar bayonida davom qildirar ekanlar yana grammatik va tarixni sohtalashtiruvchi inqirozga mahkum xatolarni g'ij-g'ij kashf etishga intilaveradilar: “Jaloliddinning qabri nima uchun u halok bo'lgan Kavkazda yoki yurti Xorazmda emas Xatirchi tumanidagi Shahri Bar-barda yotibdi. Bu savolga faqat Jaloliddin halok bo'lgan davr va sharoitni tahlil qilgan holda fikr yuritish bilan javob berish mumkin, deya fikrlarini jarlik tomon yo'naltirishda davom qildiradi hammuallif “jaloliddinshunos olimlar”. Ma'lumki Jaloliddin 1231 yilda mog'ol (matnda shunday yozilgan) istilochilariga qarshi jang olib borayotganda Kavkaz hududida qurdlar tomonidan o'ldirilgan.

“O'ning (matnda shunday berilgan) qabri qaysi joyda ekanligi hozircha nama'lum, (aslida noma'lum deb yozishi zarur edi) har holda Kavkazda ham, Xorazmda ham topilmagan. Lekin Jaloliddinning jangdosh do'sti va tarixchisi Nisoviyning “Jaloliddin tarixi” kitobida yozilishicha Jaloliddin kurdlar tomonidan o'ldirilib Turkiyada dafn etilgan, ma'lum muddat o'tgandan keyin suyaklarini yurtdoshlari yurtiga olib ketdi” degan fikri mavjud. Bu erda mualliflar tarixni va tarixchi Shihobiddin Muhammad an–Nasaviyning aytmagan so'zini uning nomidan keltirib tarixni sohtalashtirishga kirishadilar. Nasaviyning mazkur asarida “Jaloliddin suyaklarini ma'lum muddat o'tgandan keyin “yurtdoshlari yurtiga olib ketdi” qabilidagi ilgari surilgan so'z mutlaqo yo'q. Bu olimlarning Nasaviyga qilgan jiddiy xurmatsizligi bo'lsa, ikkinchi tarafdan tarix ilmiga zo'rma-zo'raki uydirman olib kirishga qilingan salbiy harakatdan o'zga urinish narsa emas. Holbuki, muqaddas kitoblarda olimlar yaratganning erdagi va omma orasidagi amin insonlari, haqiqat, faqat haqiqatni targ'ib-tashfiq qiluvchlar, deya ta'rif etiladi. Tarixni sohtalashtirish og'ir gunoh hisoblanadi, u haqiqat chirog'i va qurolidir. Risolaning to'rtinchi sahifasi xato fikrlar xirmonidan iborat tarix ilmidan yiroq turuvchi to'qima va afsonalar, chalkashliklar zanjiri bilan mustahkamlangan. Undan bir lavhani kitobxonlar diqqatiga havola qilamiz: “Tarixdan ma'lumki, Jaloliddin Xorazmdan chiqib ketgandan so'ng Kavkaz hududi mo'g'ullarga qarshi jang olib bordi” (Bu fikr noto'g'ri, dastlab Jaloliddin Niso orqali Nishopur, undan G'azna tarafga qo'shin yig'ish uchun ketgan edi so'ngra Parvon va Nilabda mo'g'ullar bilan jang qilib shimoliy Hindistonda jang olib bordi. Kavkaz tarafga esa oradan olti yil o'tib kirib bordi). Uch nafar afg'on sardorlari – Sayfiddin Ag'roq, Malik A'zam va Muzaffar Maliklar Nilab janggi arafasida 1221 yil yozi oxirlarida Jaloliddin qo'shinini tark etib tashlab ketgan edilar, aslo Kavkaz hududida emas. Mualliflar risolasida voqealarni mutloq oyog'ini osmon qilib chalkashtirishda davom etgani etgan. Xo'jand xokimi Temur Malikni Jaloliddin bilan birgalikda mo'g'ullarga qarshi oxiriga qadar jang qildi tarzida yoritadilar. Temur Malik Jaloliddin Manguberdi qo'shini safida oxirigacha jang qilmadi. U tushkunlikka tushib uzoq yurtlarga bosh olib keksaygan chog'ida yurtiga qaytib keladi.

Mo'g'ullar uni tanib qolgach chopib tashlaydilar. U o'zining Temur Malik ekanligini mardona tan oladi. Jasadi o'z yurtida abadiy qo'nim topishini istab, o'limiga tayyor bo'lib Vataniga qaytadi va o'zi istaganidek o'lim topdi. Mualliflar risolasida uydirma ustiga uydirma, cho'pchak ustiga cho'pchak to'qib Jaloliddin Manguberdi hokini Temur Malik yurtiga keltirib Navandak qabristoniga dafn qildi tarzida to'qimani to'qib tashlaydilar. Holbuki Temur Malik Iroq va Suriya, Kichik Osiyo shahar va viloyatlarida darbadar umrguzaronlik qilib eng keksaygan chog'ida Vataniga holdan toygan holatda zo'r – bazo'r tarzda kirib keldi. Ana shu uydirmalardan so'ng Temur Malikning Jaloliddin Manguberdi jasadini qanday qilib Navandak qishlog'idagi qabristonga olib kelinganligini isbotlashga zo'rma-zo'raki urunaverishda davom etib to'qib bichishga erk beraveradilar. Natijada asossiz tahminlar buluti risolani qamrab o'zgalarni tugul o'zlarini ham ishontira olmaydigan mavhumlik maydonida javlon urganlar.

Xulosa shuki, bunday risolani ikkovlon bo'lib yozib, sohta narsani xalqqa taqdim qilgandan ko'ra olimlik xurmatini saqlab nochor ilmini elga tortiq qilishdan tiyilib jimlik maydonida turgan o'n chandon afzal. Har kim o'z holini bilib shunga yarasha harakat qilsa, beliga og'irlik tushmaydi. Holini bilgan dono matali ham shundan kelib chiqqan haqiqatdir.

Savobga qoladi qadrin bilgan zot,
Ehtirom bog'ida siylaydi hayot,
Hayot siyloviga sazovor kishi,
Agar aksi bo'lsa, unga yog'ilar xalqning qarg'ishi.

Tarix haqiqatiga aslo qarshi bo'lmaslik zarur. Yolg'on – yashiqlardan tarixiy asar yozish muz ustiga bino qurish kabidir.

Tarix sabog'idan neki olibsan,
Imon gavharini dilga solibsan.

Jumaboy Raximov
O'zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi 
Harbiy-texnik instituti ijtimoiy-gumanitar fanlari 
kafedrasi dotsenti, jaloliddinshunos olim.
Bekzod Abdirimov
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Xorazm viloyat bo'limi rahbari

facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
xxx video gratis porno italiano