O’zbekiston Xalq Harakati

Farg'onaning zotli otlari (o'tmish va hozirgi zamon)

Farg'onaning zotli otlari (o'tmish va hozirgi zamon)
15 Mayıs 2019 - 7:00 'da yuklandi va 233 marta o'qildi.

FARG'ONANING ZOTLI OTLARI (O'TMISh VA HOZIRGI ZAMON)

Bundan bir asr avval er kurrasida qariyb yuz millionga yaqin ot bor edi. Endilikda ularning soni 30 mln.ga qadar kamaygan, chunki otlar o'rnini mashinalar egallagan. Lekin shunga qaramay er kurrasining turli mintaqalarida otlar hali o'z ahamiyatini yo'qotgani yo'q.

Otlar tabiatning ajoyib in'omi bo'lib, o'zida xushqadligi qudratini, ulug'vor mazmunlig-u tezkorlikni mujassan etgan. O'zbek xalqida shunday gap bor: “Ot minganga insu jinslar yaqinlasha olmaydi ,chunki otda dev bo'lib, insu jinslar otning devidan qo'rqadi”, – deb ta'kidlanadi. Hatto odamlar uchishga qodir qanotli otlar borligiga ishonishgan. Samoviy otlar to'g'risidagi afsonalar O'rta Osyoning turli mintaqalarida og'izdan og'izga ko'chib yurgan.

Xitoy sayyohi Chjan Tszyan (mil. avv. II asr ) Dovonning (Qadimgi Farg'ona) uchar otlariga doir yozma ma'lumotlar qoldirgan.

Dovonning mashhur “samoviy otlari” tasvirlari tushirilgan qoyatosh suratlari bizning kunlarimizga qadar saqlanib qolgan. Xususan, O'shdan 8 km uzoqlikdagi Ayrimchatovning qoya adirlarida 30 ta chiroyli zotdor otlarning tasvirlari bor. Xuddi shunga o'xshash tasvirlar Marhamat yaqinidagi Aravon qoyasidan, Navkat vohasi va Obishirsoydan ham topilgan. Qoyalarda tasvirlangan otlarning aksariyati chayir, yag'rini baland, oyoqlari alifdek, mo''jazgina kallali, uzun ohistagina egilgan bo'yinli bo'lib, zotli otning o'ziga xos belgilaridir [1, b.101].

Bu suratlar ehtimol otga topinish alomatlari bo'lib, ular muayyan ilohga, ehtimolki, Quyoshga bag'ishlangan bo'lishi mumkin.

Gerodot o'z davridayoq (mil. avv. V asr) “massagetlar Quyoshni ulug'lashadi, unga atab otlarni qurbonlik qilishadi. Bunday qurbonlikni mohiyati shunday: ular shohlarning eng shiddatlisiga hayvonlardan eng shiddatlisini baxshida etishadi” degani bejiz emas.

Dovon hukmdorining uyida oltindan yasalgan ot haykali turishi haqidagi Xitoy ma'lumotlari shundan dalolat berishadi [2, b.93].

Xitoy elchisi Chjan Tszyan Dovon davlatida bo'lganida “samoviy tulporlar”ga alohida e'tibor bergan. Uning ta'rificha, bunday otlar go'yoki qon bilan terlaydi. Xitoy tarixidagi bir rivoyatga ko'ra esa “samoviy tulporlar”ni ko'rgan Xitoy imperatori U Di (mil. avv. 140-87 ) mashhur Xitoy podshosi Muvong (mil. avv. 1001-947) kabi tulpor otlarga minib, G'arbga sayohat qilishni orzu qiladi. Orzuga etishish ishtiyoqida u fol ochtirganida, folbin “xosiyatli otlar kunbotar tomondan keladi”, deb aytganmish. U Dining Xitoy manbalaridagi Muvong qilgan ishlarga qiziqishi bejiz emas edi. Chunki Muvong Xitoy tarixida ko'p g'aroyib ishlari bilan mashhur ulug' inson sifatida tasvirlanadi. Rivoyatlarda u Mutayzi nomi bilan 8 ta tulpor qo'shilgan soyabonli aravada G'arbga sayohat qilib, avliyo ona Shivangmu huzurida mehmon bo'lgan. Xitoy tadqiqotchilari tahliliga ko'ra, Shivangmu Hindiston va Janubiy Turkiston zaminida 4-5 ming yillar muqaddam (Hindistonda “Uma”, Turkistonda “Umay” nomi bilan) boqiy hayot ramzi, ilohiylashgan ona obrazi sifatida tasvirlanadi. Umay onani ziyorat qilish uchun “Tulpor otlar” yordamida qushday uchib, bulutlarni yorib o'tib, ming chaqirim yo'llar bosib u (Umay ona) turgan manzilga etib borishi mumkin edi. Rivoyatni tarixiy haqiqat deb tushungan imperator U Di mashhur Dayyuan tulporlarini qo'lga kiritib, xoqonlik shuhratini oshirsam, “Dunyo hukmdori”, “tangrining o'g'li” deb tanilaman, degan orzu-havasga beriladi [3, b.173–174]. Shu bois u Dovon davlatiga yurish qilganligi bizga ma'lum.

Shunday qilib mil. avv. II asrda Dovon otlari tilga olinadi, so'nggi ma'lumotlar esa Farg'onadan imperator saroyiga elchilar sovg'a olib kelgan 479 yilga oid. Lekin zotdor otlar haqidagi ma'lumotlar keyinchalik ham tilga olinadi.

“Tanshu” Xitoy yilnomasida Xuttalonda ajoyib otlar borligi haqida ma'lumot keltirilgan. Xuttalon “samoviy otlari”ning kelib chiqishi haqidagi rivoyatga maxsus bag'ishlangan IX asr arab geografi Ibn Xordadbekning hikoyasi e'tiborga loyiq. Uning so'zlariga qaraganda o'sha vaqtlarda ana shu erlarning egasi Bikning ko'plab baytallari bo'lib, ularni yaylovlarga yuborar edi. Tush vaqtida ular buloq yoniga kelib, daraxt soyasida dam olishardi. Kunlardan bir kuni cho'pon uyg'onib qarasa, otlari orasida haddan tashqari uzun, ulkan otga ko'zi tushadi. U ko'z uzmay otni kuzata boshlaydi. Qosh qaraya boshlaganda ot birdan buloqqa buloqqa tushib, g'oyib bo'ladi, cho'pon hayratdan hang-u mang bo'lib qoladi. U kunlardan birida bu otning boshqa otlar bilan birgalikda buloqdan chiqib kelguniga qadar erinmay uni kuzatishda davom etadi. Bu otlar yaylovda uning boshqa otlari bilan doimiy o'tlaydigan bo'libdi, natijada nomdor, xushqad qulunlar dunyoga kelibdi.

“Samoviy otlar” shu alfozda vujudga kelgan. Sankt-Peterburgdagi Ermitajda saqlanayotgan Yunon-Baqtriya davriga mansub ot va suv o'simliklari tasvirlangan kumush choyidish ana shu rivoyat uchun yaqqol misol bo'la oladi. Choyidish tubida bamisoli ko'lni eslatuvchi ochilgan nilufar ko'rinishidagi bezak bor.

Otni suv bilan bog'lovchi afsonaning yaratilishi tasodifiy emas. Zero Hind-Eron xalqlari mifologiyasida qulun suv o'simliklarining ilohiyligini ifodalaydi va suvdan paydo bo'lgan yashin ramzi hisoblanadi [2, b. 95].

Yana shunday hikoya (rivoyat)lar Namangan viloyati Yangiqo'rg'on tumanidagi Zarkent, Poramon hamda Chortoq tumanidagi Hazratishoh qishloqlarida ham mavjud. Poramonlik Jo'raboy ota Toshmatovning hikoya qilib berishicha, Poramondagi O'ng'or tog'i va Qirg'izistondagi Bospi (xalq tilida Bo'stin Buva) tog'ida bir chavkar ot bo'lgan ekan, u ot judayam xushbichim bo'lib, oyoqlari uzun, ko'kraklari keng bo'lgan ekan. Bu ot haqida shu erdagi mahalliy boylar bilgach uni qo'lga olish payiga tushibdilar, u ot har kuni O'ng'or tog'i ustidagi buloqqa suv ichgani kelar ekan. U buloqlar ikkita bo'lganligi sababli otni suv ichgani qaysi biriga kelishini bilmay, boylar uni bitta buloqqa suv ichgani keladigan qilish uchun bir buloqni ustiga kigiz tashlab suv yo'lini to'sadilar, ikkinchi buloq oldiga otga tuzoq qo'yadilar. Lekin otni qo'lga tushira olmaydilar va ular buloqni batamom quritib otni holdan toydirib qo'lga olmoqchi bo'ldilar. Shu maqsadda ikkinchi buloq ustiga ham kigiz bostirib, uni ham to'xtatadilar, lekin otni baribir qo'lga ololmaydilar va o'zlarini eng zo'r biyalarini shu toqqa qo'yib yuboradilar. Natijada shunday ko'rkam toychoqlar (qulunlar) vujudga keladiki, ular o'zlarining chopqirligi bilan kishilarni lol qoldiradi. Jo'raboy ota yana shuni aytdiki, buloqdan suv chiqmay qolgandan so'ng, bu buloq suvi yo'nalishini o'zgartirib hozirgi Chortoq tumanidagi Baliqko'l qishlog'idan chiqqanligini ta'kidladilar. Bu fikrni shu qishloqdagi Irisov Musajon ota ham tasdiqladilar. Bu berkitilgan buloq o'rni hozir ham mavjud bo'lib, u O'ng'or tog'idagi Yomonjar qoyasining ustida joylashgan. Bu Baliqko'lga boradigan suvning gulduragan ovozini O'ng'ordagi Kuntegmas qoyasi tagiga quloq solsa ham eshitish mumkin, deb ta'kidladilar. Bunga misol qilib 60-yillarda ruslar bu erdan suv yo'li o'tganligini bilganlaridan so'ng bu qoyani portlatib, suvni shu erga chiqarib, dam olish manzilgohlarini qurmoqchi bo'ladilar. Lekin bu erdagi qishloq oqsoqollari bunga qattiq qarshi chiqadilar. Ular agar bu suv Poramondan chiqariladigan bo'lsa, Baliqko'l, Beshtol kabi qishloqlar suvsizlikdan xarob bo'lishi mumkinligini aytadilar. Shu tariqa bu suv yo'liga ruslar tegmaydi va o'z holicha qoldiriladi [4, b. 2].

Bu aytilgan voqea haqiqatdan ham bo'lib o'tgan deyish mumkin, chunki bu fikrlarni Zarkent va Hazratishoh qishloqlaridagi yoshi ulug' otaxonlar ham tasdiqladilar. Irisov Musajon ota aytishiga qaraganda, 70-yillarda Poramon qishlog'idagi Hamravoy degan uloqchi odamning oti bo'lgan. Qaerda uloq bo'lsa, biror marotaba uloqsiz qaytmagan. U otning ishqibozlari juda ko'p bo'lib, u ot xuddi biz yuqorida ta'kidlagan otlarga o'xshab ketgan.

Hozirgi kunimizda ham bunday otlarni uchratishimiz mumkin. Masalan, Zarkent qishlog'ida yashovchi Akbarov Abdug'ofur otaning aytishicha, u kishi otga judayam qiziqganlar va uloqlarga borganlar. Abdug'ofur ota 1974 yilda hozirgi Qirg'izistondagi Pochatadan saman toychoq sotib oladilar. Bu toychoqni tez orada xaridorlari ko'payadi. Ota ularni rad etib, otni o'zi mina boshlaydi. Otani so'zlariga qaraganda, bu ot judayam chopqir bo'lgan: “bu otni to'rt yil mingan bo'lsam biror marotaba unga qamchi urmaganman, oyoq niqtasam bo'ldi, juda tez chopardi”. Abdug'ofur ota: “Man bu otga Ustixondan6 minib, bir oyoq niqtasam, Poramonga etib borardim”. Abdug'ofur ota 1978 yilga kelib pulga ehtiyoj sezganliklari sababli 2500 so'mga, ya'ni bitta “Jiguli” avtomobili narxiga sotib yuborganlarini aytdilar. Abdug'ofur ota o'z otlarini kuzatganlarida, otning orqa oyoqlari oldi oyoqlaridan ham o'tib ketgan ekan. Bu chopqir otlarga xos xususiyat hisoblanadi.

Xulosa qilib aytadigan bo'lsak, Farg'ona vodiysi o'zining zotli arg'umoqlari bilan qadimdan mashhur bo'lgan. Hozirgi kunda ham bu otlarning avlodlari saqlanib qolgan deyishimiz mumkin.

Adabiyotlar:
1. Eshov B. O'zbekistonda davlat va mahalliy boshkaruv tarixi. –T.: Yangi asr avlodi, 2012.
2. Anorboev A. Dovonning samoviy otlari // Fan va turmush. № 3-5, 2008.
3. Asqarov A. O'zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi. –T.: Universitet, 2007.
4. Dala yozuvlari. Poramon qishlog'i. Musajon Irisov, 85 yosh; Jo'raboy Toshmatov, 81 yosh; Mirzavaliev O'smonboy, 81 yosh.

Javlon Mirzavaliev
(Namangan, O'zbekiston)

facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort