O’zbekiston Xalq Harakati

Taqdir so'qmoqlari

Taqdir so'qmoqlari
15 Mayıs 2019 - 8:00 'da yuklandi va 222 marta o'qildi.

“Oqmachitdagi bozordan zotdor sigir sotib oldim”, “Penner ishlagan surat zo'r chiqibdi”, “Vil'gelm menga qarz berib turdi”, “Xerman ajoyib duradgor ekan, uning yasagan eshigi sifatli…”xullas, bunday gap-so'zlarni 19 asr oxiri va 20 asrning 37 yillarigacha uzoq Ovro'pada emas, Xiva yoki Urganchda tez-tez eshitish mumkin edi. Chunki, bu davrda Xorazmda nemislar yashashgan.

TAQDIR SO'QMOQLARI

Nasroniy dinining annabatizm mazhabidan 16 asrda ajralib chiqqan protestantlik oqimidagi nemislar—mennonit nemislari deb atalgan. Uning ma'nosi itoatgo'ylik degani bo'lib, ular diniy e'tiqodlariga ko'ra qurol ushlab urushlarda qatnashish kabi ishlarni mudhish ish hisoblab, gunoh ataganlar. Shu bois ham ularning taqdiriga vatanni tashlab ketib sarson-sargardonchilikda yurish yozilgandi.

Bu qismat ayniqsa 19 asrning ikkinchi yarmidan boshlab ularni boshqa hududlarga boshladi. Prussiya hukumatining urushga tayyorgarlik ko'rish asnosida mennonit nemislarini ham harbiy xizmatga jalb qilishga urinishi ularning vatanlari –Amrionburgni tashlab ketishga majbur qildi.

Rusiya imperatoriga mennonit nemislaridan tushgan taklif—ularning rus sarhadlariga kirib kelishga ijozat so'rashi ijobiy hal bo'ladi. Ular shu tariqa 19 asrning 60 yillarida Volga bo'ylariga joylashib, nemis qishloqlarini tashkil qilishadi. Nemislarning Rusiyaga kelishi ommaviy ravishda nemis millatiga mansub kishilarning birinchi bor rus sarhadlariga qadam qo'yishi emasdi. Bu hol ancha ilgariroq—Ekaterina 2ning podsholigi davridan boshlangandi.

Asli nemis millatiga mansub bo'lgan Ekaterina 2(1729—1796) Rusiya chiqqan 1762 yildan boshlab rus sarhadlariga Ovro'padan ko'plab nemislar ommaviy ravishda ko'chib kela boshlashdi.

Hatto Ekateina 2 1763 yil 22 iyulda maxsus manifest e'lon qilib, xorijliklarning Rusiyaga ommaviy ravishda ko'chib kelishi rasmiylashtirishini ma'lum qildi. Shu farmonga ko'ra xorijliklar qaerda yashashni istashsa, o'sha joydan maxsus er ajratib beriladigan bo'ldi. Ular o'n yil davomida soliqlardan ozod qilindilar. Har bir ko'chib kelgan xonadonga 30 desyatina er mulk sifatida berildi. Ana shu kabi imtiyozlar tufayli Sharqiy Prussiyadagi ko'plab nemis oilalari Rusiyaning Chernigov, Odessa, Saratov, Samara, Vrornej guberniyalari,peterburg shahri atroflariga ko'chib kela boshladilar. Shu tarzda Rossiyada sohibi nemis bo'lgan “Genrix Bil'fel'd”, “Karl Shtreyba”, “Krauze Shtraux”, “Georg Frik”, “Yakob Neyfel'd”, “ mitrepol'” kabi firmalar faoliyat ko'rsata boshladi. Ular shu tarzda 18-19 asrlarda Ural konlari, Sibir' o'rmonlari,Kavkaz neftining ham xo'jayinlariga aylandilar.

Qolaversa, romanovlar sulolasi rusiya taxtini boshqarishda nemis dvoryanlariga suyanib siyosat yurgizishganlar. Imperatorlarga ham ko'proq xorijlik yoki rus dvoryanidan boshqa xorijlik yoki rus dvryanidan nemis dvoryani o'z ta'sirini ko'proq o'tkazaolgan.
Ana shu tarzda Rusiyada faoliyat ko'rsatayotgan nemislar safiga menonit millatdoshlari kelib qo'shilishdi. Bu paytda Rusiya sarhadlari Turkiston tomon kengayotgan davr edi.

Rusiyaning ikki boshli burgut tasviri tushirilgan bayrog'i Boltiqbo'yidan to Kavkaz cho'qqilarigacha,Sibir' o'rmonlari-yu, Ukraina dashtlarida hilpiraganicha turardi.

1853 yili Qo'qon xonligiga qarashli Oqmachitning Rusiya tomonidan istilo qilinishi bilan Turkistondagi xonliklarni bo'ysundirishga harakat boshlandi. Rusiya armiyasining shiddat bilan qilgan janug-jadallari natijasida birin-ketin Buxoro amirligi va Xiva xonligi Rusiyaning mustamlakasiga aylandi. Shu tariqa Rusiya aholisi ruslardagi ko'p tug'ilish tufayli emas, balki bosib olingan o'lkalarning aholisi hisobiga ko'paya boshladi. Rusiya aholisi Pyotr 1 davrida 15 million bo'lsa, istilochilik harakatlari avjiga chiqqan 1871 yili 77 millionga etdi.

Ana shu 77 million aholi orasida o'z urf-odatlari, diniy e'tiqodlariga amal qilib Rusiyada yashayotgan mennonit nemislari ham bor edi.

Biroq ularning Rusiyadagi barqaror hayoti 1874 yilda buzildi. O'sha yili Rusiyadagi barcha dindagi erkaklarni harbiy xizmatga jalb qilish to'g'risida qonun qabul qilinib, qonun 1880 yildan kuchga kirajagi e'lon qilinadi. Bu qaror tabiyki menonit nemislarining hayotida salbiy rol' o'ynardi. Shu bois 1874 -1880 yillarda menonit nemislarining vakillari Peterburgga, podsho huzuriga borib, harbiy xizmatdan ozod qilishlarini so'rashdi. Lekin ularning iltimoslari rad etiladi.

Shu o'rinda harbiy xizmat haqidagi yuqoridagi farmon haqida alohida to'xtalish joiz. Imperatorning maxfiy maslahatchisi F. Girs Turkistonni taftish qilib, o'lkada 2406000 kishi yashashashini, shulardan 1200000 kishi erkaklar ekanligini aniqlagandi. Uning fikricha, shu erkaklarni harbiy xizmat majburiyatini yuklash masalasi g'oyat qaltis siyosatdir. Agar ana shu erkaklar harbiy xizmatga chaqirilsa, 6 yil ichida harbiy texnikani yuksak mahorat bilan egollovchi jangovar armiya vujudga kelib Rossiyaning Turkistondagi faoliyati salbiy natija bilan tugashi mumkin edi.

Shu bois, imperator F.Girsning fikrini inobatga olib, “Turkiston aholisini harbiy xizmatdan ozod qilish to'g'risida” qaror qabul qiladi.

Menonit nemislapri esa 6 yil davomida Peterburgga qatnay-qatnay o'zlari uchun shunday qonunni qabul qildirisha olmagandi. Ana shu fakt Rusiya imperatori tevaragidagi yuqori amaldorlar orasida nemislarga ishonch bor bo'lganligini ko'rsatadi. Negaki, turkistonliklarga qurol tutqazib harbiy xizmatga chaqirishni xavfli deb bilgan mustamlakachilar, diniy e'tiqodiga ko'ra qurol ushlash umuman mumkin bo'lmagan mennonit nemislarini armiya saflariga jalb qilmoqchi bo'lgandilar. Ular nemislarni harbiy xizmatga chaqirib, o'z maqsadlari yo'lida xizmat qildirmoqchi bo'lishgandi.

Biroq mennonit nemislari, katta imtiyozlar yaratib berilganiga qaramay, bu gal ham e'tiqodlariga amal qilib, harbiy xizmat qilishdan bosh tortib yana sarson-sargardonchilikni boshlashga tayyorlana boshladilar.

Shu asnoda menonit nemislari orasida katta mavqega ega bo'lgan Yanttsen Turkiston general-gubernatori fon Kaufman bilan tanishib qoladi. Ruslashib ketgan nemis zodagoni oilasiga mansub bo'lgan fon Kaufman millatdoshlari boshiga tushgan tashvishini engillashtirishga urinadi. Imperatorga ta'sir o'tkaza oladigan darajadagi Kaufman Yanttsenga Turkistonga ko'chib borishni taklif qiladi. Tag'in millatdoshlarini 25 yil davomida harbiy xizmatdan ozod qilishga va'da beradi. Bu taklif menonit nemislari tomonidan 1879 yilda samimiy qabul qilinadi.

XAVF-XATARLI TURKISTON SARI

1880 yili Samara guberniyasidan Turkiston tomon xuddi “Buyuk ipak yo'li “dan yurgan karvonlar singari, 18 aravadan iborat menonit nemislari yo'lga chiqishdi. 10 nafar oila a'zolaridan tashkil topgan ushbu karvon 18 oktyabrda Toshkent yaqinidagi Qoplonbekka joylashtiriladi. Oradan biroz vaqt o'tib, bu erga yana 92 oiladan iborat mennonit nemislari ko'chib kelishadi. Bir guruh nemislar esa Buxoro amirligiga qarashli bo'lgan Ziyrabuloqdan panoh topishadi.

Ana shu paytda Samarqanda xizmat qilayotgan chor generali Dresh, nemislar orasida katta mavqega ega bo'lgan Yanttsenga xat yozadi. General o'z maktubida Petro-Aleksandrovsk (To'rtko'l) dagi general fon Grottenhelm Xiva xoni Muhammad Rahimxon 11 bilan nemislar haqida suhbatlashganini yozgandi. Suhbatning asosiy mavzusi esa menonit nemislarining Xiva xonligida yashashi haqida edi. Maktub oxirida Dresh Xiva xoni baron Grottenhelmning taklifiga rozi bo'lganini yozib, xon bilan muzokara olib borish uchun delegatsiya yuborishni maslahat bergandi.

Generalning maslahatiga amal qilgan nemislar Yanttsen,Riezen,Ep ismli kishilardan iborat vakillarni muzokara uchun yo'llaydilar.

Yo'lboshchi bilan 4 kishini tashkil qilgan vakillar Petro-Aleksandrovsk orqali Xivaga—xon huzuriga boriladigan 1000 chaqirimlik mashaqqatli yo'lga otlanadilar.

Ularni Petro-Aleksandrovskda baron fon Grottenhelm samimiy kutib oladi. Yaxshilab mehmon qilgach yaxshi bir tarjimonni vakillarga qo'shib Xivaga jo'natadi. Vakillar esa qayiqda Amudaryodan suzib o'tib, 40 chaqirimcha otda yurganlaricha Xivaga etib boradilar. Xon ham mennonitlarning vakillarini do'stona kutib olib mehmon qiladi. Nemislarning Xorazmga kelishiga rozi bo'lgan Muhammad Rahimxon 11, faqat cho'chqa boqmaslikni iltimos qiladi. Xonning bu sharti qabul qilinadi. Nemislarning yashash joyi sifatida esa daryoning 160 chaqirim quyi qismidagi kemalar yuradigan Lavzon kanali bo'ylari ajratib berilajagi ma'lum qilinadi.

Muzokara yaxshi natijalar bilan tugallanib, vakillar ortga ketishadi.

XORAZM — MENNONIT NEMISLARINING PANOHI

Oltmish oiladan iborat aravalar karvoni Zarafshonning quyilish qismigacha etib kelishadi. Bu erda aravadagi yuklar 450 ta tuyaga ortilganicha Xorazm sari yo'lga tushishadi. Yo'l mashaqqatlari haqida Xerman Yanttsen “Xavf-xatarli Turkistonda…” asarida shunday yozadi: “kun sayin issiq shunday qizdirardiki, aslo yurib bo'lmasdi. Shuning uchun, kunduzlari tuyalarning ustidagi yuklarini tushirib, dam olardik. Suv deyarli umuman yo'q edi. Quyosh g'arbga botayotganda, yuklar ortilib, goh tog'ning ustki, goh pastki qismidan va behisob qumtepaliklardan yurib ketaverardik. Ko'p ayollar va bolalar tuyalarning ustidagi tebranishlar tufayli, ko'ngillari aynib, juda ko'p azob chekdilar. Ko'p kechalar shu ahvolda o'tdi”.

Ular shu ahvolda Buxoro amirligiga qarashli Iliqiq degan joyga kelishadi. Xuddi shu joyning narirog'idan Amudaryo oqib o'tardi. Bu erda mennonit nemislarini to'qqiz elkanli qayiqda xivaliklar kutib turishgandi.

Ular ana shu to'qqiz elkanli qayiqda o'n kun daryoda oqim bo'ylab suzib, Petro-Aleksandrovskga etib kelishadi.

Ovro'po tipidagi bu shaharda millatdoshlarini general fon Grottenhelm rafiqasi va bolalari, shuningdek boshqa harbiylar bilan kutib oladi. O'zaro muloqot ona tillari—nemis tilida bo'lib o'tadi.

Suhbat paytida general millatdoshlariga Lavzan kanali bo'yidagi qarorgohida qurilish uchun kerakli narsalarni xarid qilishni maslahat beradi. Negaki, Petro-Aleksandrovskdagi ovro'paliklarning do'konlarida nemislar uchun asqotadigan qurilish ashyolari topilardi. Shu tarzda har bir oila eshik, deraza, ularning oshiq-moshiqlari va mix kabi narsalarni sotib olishadi.

Keyin yana yuqoridagi elkanli kemalarga joylashganicha, 160 chaqirim uzoqlikdagi Lavzan kanaliga qarab suzishadi.

Nihoyat, Qipchoq qishlog'idagi Lavzan kanali bo'yiga etib kelgach o'zlariga mos turar joy qurish uchun maydon qidirishadi.

Bu haqda Xerman Yanttsen shunday yozadi: “ Lavzan har ikkala tomonidan baland dambalar bilan to'sib qo'yilgandi. Biz boshpana qurish uchun damba ortidagi erlarni o't-o'lanlardan tozaladik va tez orada qishloq yo'li yonidan erto'lalar qurishga kirishib ketdik. Tomni yopish uchun yog'och va qamish juda ko'p edi. Yonilg'i, o'tin ham etarli edi”.

Nemislar faqat o'zlariga emas, balki otlariga ham ozuqa yig'ishga, qishda maxsus otlarni saqlovchi otxona qurishga kirishadilar. Otxonani qurishda o'zbeklarning yordamidan foydalanadilar.

O'zbeklar nemislarga un, guruch, yog', tovuq, tuxum kabi oziq-ovqat mahsulotlarini ham arzon bahoda sotardilar. X.Yanttsenning yozishiga ko'ra, “ bir metrcha keladigan bitta bakra balig'i 25 tiyingina turardi, xolos”.

Bu paytda 1883 yilning qish payti kelib qolgandi. Qish esa nemislar uchun osoyishta holda o'tdi. Bahorda esa baland bir tepalikka turar joylar qurib, atrofini devor bilan yaxshilab o'rab olishadi.

Bu orada nemislarni qo'riqlab turish uchun kelgan chor armiyasining uch zobiti va bir qorovul, menonitlarni Lavzan bo'yiga o'rnashib olishdi deya Petro-Aleksandrovskka qaytib ketishadi. Biroq soqchilar bilan saqlangan osoyishtalik vaqtincha edi. Ular ketgach, nemislardan 5 chaqirim uzoqlikda joylashgan yovmut turkmanlari tez-tez mennonitlar atrofida paydo bo'lib turishadi.

Bu orada yoz fasli ham kelib, ayni pishiqchilik damlari edi. Nemislar ekkan kartoshka, pomidor kabi sabzavot va mevalar hosilga kirgandi. Soqchilar yo'qligidan foydalangan yovmutlar esa o'g'irlikka tusha boshladilar. Qolaversa, mennonitlarda qurol yo'qligini yovmutlar yaxshi bilardilar. Negaki, qo'llariga qurol ushlash umuman mumkin bo'lmagan mennonitlar atrofida bug'u, yovvoyi to'ng'iz, sirtlon, shog'ol kabi hayvonlar izg'ib yurishardi.

O'sha paytda mennonitlar boshiga tushgan og'ir kunlarni xotirlab X. Yanttsen keyinchalik shunday yozgandi:

“ Ular avval otlarimizni o'g'irlashdi. Keyin ochiqchasiga Abramning yoshgina xotinini o'g'irlab ketmoqchi bo'lishdi. Xotinini himoya qilishga uringanida, uning o'zini o'ldirib ketishdi. Ba'zan ular odamlarimizni uylaridan haydab chiqarib, u erdan o'zlariga yoqqan narsalarini olib ketardilar. Ayrim hollarda biz yoshlar ba'zi erkaklar bilan birga ulardan o'zimiz yasagan nayzalarimiz yordamida himoyalanishga urinardik. Bundan xabardor bo'lgan keksalarimiz bunday qilmasligimizni so'rab,Ep tog'aning oyog'iga yiqilib, yolvorardilar”.

Keksalar esa, yoshlarga e'tiqodlariga amal qilib qurol ishlatishdan voz kechishni talab qilardilar. Yovmutlarning ta'qibu-tazyiqlari esa mennonitlarni og'ir ahvolga solib qo'ygandi. Hatto, yigirmata oila Xiva xonligidagi panohdan voz kechib, Amerikaga ketishga tayyorgarlik ko'ra boshlaydilar.

Ana shunday tahlikali kunlarning birida Qipchoq qishlog'idagi to'qayzorda ov qilgani kichik otryadi bilan kazak zobiti keladi. U menonitlarning xomushligi sababini bilgach, xivalik askarlarni bu erga yuborishga va'da beradi.

Ov tugab kazak zobiti jo'nab ketgach menonitlar huzuriga Xivadan askarlar keladi. Askarlarga xonning vaziri Qosim devon boshchilik qilardi. Vazir menonitlar hayoti bilan tanisharkan, nemis ustalari yasagan hunarmandchilik buyumlarini ko'rib hayron qoladi. Yuksak did bilan ovro'pacha yasalgan buyumlar vazirga xonning so'zlarini eslatgandi. Negaki, Muhammad Rahimxon 2 Peterburgga borganida shunaqa buyumlarni saroyda ko'rib, parketli binoga ega bo'lishni istagan va poytaxtdan qaytgach bu voqeani vazirlariga hikoya qilib bergandi.

Xonning orzusi nemislar tufayli ushalishi, qolaversa shunday bo'lgan taqdirda o'zi ham xon oldida yuksak mavqega ko'tarilishini bilgan Qosim Devon nemis ustalarini Xivaga yuboradi.

Lavzan kanali bo'yidan Xivagacha bo'lgan 150 chaqirim yo'lni otda yurib charchagan ustalarni xonning o'zi samimiy kutib oladi. Ustalar xonga o'zlarining yasagan tikuv qutisini sovg'a qilishadi. Yog'ochni yaxshilab ishlab, ustaga yumshoqqina paxta bilan polirovka yordamida sayqal berilgan bu quti xonga Peterburgni eslatadi. Xon bundan judayam xursnd bo'ladi. Qosim Devondan nemislarning Qipchoq qishlog'idagi yovmutlar hujumidan keyingi vayrona holga kelgan hayotini eshitib, ularni akasining Oqmachitdagi bog'iga ko'chirmoqchi ekanligini aytadi. Yovmutlar hujumidan xotirjamligini yo'qotgan nemis ustalari bu taklifga bajonidil rozi bo'lishadi.

OQMAChITDAGI HAYoT

Xiva shahridan 15 chaqirim janubi-o'arqda joylashgan Oqmachit qishlog'iga 1883 yilda Lavzan kanali bo'yidan nemislar ko'chib kelishdi. Ko'chish ikki hafta davom qildi. Katta g'ildirakli yuzlab aravalarda nemislarning jamiki yuklari, hatto yog'och va qamishlargacha olib kelinadi. Izvoshchilar Oqmachitlik dehqonlar edi.

Shu tariqa nemislar Oqmachitga kelib o'rnashib oldilar. Bu nemislarning Xorazmdagi so'nggi yashash joylari edi. Negaki, nemislar endi xonning nazariga tushgan insonlar edi.

Asta-sekin xonning okasiga tegishli o'rik va shaftolidan iborat bog'ida nemis uylari barpo bo'la boshladi. Tez orada ushbu bog'ning to'rt tomonida ovro'pacha uylar qad ko'tardi. Uning o'rtasidagi katta maydonda esa cherkov, maktab va o'qituvchilar xonasi quriladi.
O'n to'rtta usta esa Xivadagi Nurillaboy saroyida parketli pol yasashni boshlab yuboradilar. Petro-Aleksandrovskdan keltirilgan pardoz loki va quruq yog'och yordamida Nurillaboydagi ishlar besh oyda tugallanadi. Nemislar faqat Nurillaboydagina emas, balki Xivadagi ko'plab ovro'pacha uylarning derazalari, pechka va peshtoqlarini, 1908-1912 yillarda barpo qilingan pochta, telegraf, kasalxona va boshqa inshooatlarni qurishda ham ishtirok qildilar.

Chor Rusiyasining general-mayori M.N.Galkinning “Voenno-staticheskoe opisanie Xivinskogo oazisa” kitobida yozilishicha, “ Oqmachitlik nemislar vohada dehqonchilik bilan birga temirchilik, duradgorlik, slesarlik, bo'yoqchilik ishlari bilan shug'ullanadilar. AQSh va Germaniyadan keltirilgan paxta tozalash zavodi dastgohlari va jinlarni yurgizish hamda remont qilish ham ularning zimmasida edi” ( T, 1903 yil).

Jumladan, 1889 yilning dekabrida asos solingan Yangi Urganch paxta-yog' zavodi ham nemislar nomi bilan bog'liqdir. 1910 yilga kelib uni aka-uka Kraftlar o'z qaramog'iga olishgan. Oqmachitdagi nemislardan tashkil topgan remontchi-slesarlar, ustalar guruhi esa Gurlan, Yangi Urganch, Xivadagi paxta tozalash zavodlarini ta'mirlab turganlar.

Nemis ayollari esa xon qarindoshlarinikida ro'zg'or yumushlarini bajarishga yordamlashgan. Qizil tusdagi zotdor sigirlarni sog'ish va qayta ishlab, yog', qaymoq, pishloqqa aylantirish ham nemis ayollarining zimmasida bo'lgan. Sutni qaymoq va yog'ga ajratadigan separatorni ham ilk bor Xorazmda nemis ayollari ishlatishgan. O'zlarini to'liq sut mahsulotlari bilan ta'minlagan nemislar ehtiyojdan ortig'ini mahalliy xalqqa sotganlar.

Dehqonchilikka ixlos qo'ygan bir guruh nemislar esa qishloqdagi qo'riq erlarni o'zlashtirish bilan shug'ullangan. Kartoshka, karam, pomidor, lavlagi, baqlajon, bodring kabi ekinlardan yuqori hosil olishgan. Kartoshka, pomidor va baqlajon ekishni esa xorazmliklar nemislardan o'rganishgan.

Qishloqdagi bog'lar esa olma, anor, behi, o'rik kabi mevali, chekkaroqda bo'lsa terak, tol, gujum, eman kabi manzarali daraxtlar bilan yanada chiroy ochgan. Nemislar qurilish ashyolari sifatida ana shu eman, gujum, terak va tollarni ishlatishgan.

Ular shuningdek, chorvachilik va dehqonchilik, hunarmandchilik, bog'dorchilik bilan mashg'ul bo'libgina qolmay bolalarini o'zlari tashkil etgan nemis maktablarida o'qitishgan. Maktab tagida erto'la bo'lgan. Erto'lada esa qishga o'tin, yoqilg'i saqlab qo'yilgan. Partalar bo'lsa yog'ochdan ishlangan bo'lib, har biri 6 nafar o'quvchi uchun mo'ljallangan. Shuningdek, maktabda kutubxona ham mavjud bo'lgan.

Kutubxonada ilmu-fan bilan shug'ullanishlari uchun shart-sharoit etarli bo'lgan. Hatto, Xorazmga ilk bor fotografiyaning kirib kelishi ham oqmachitlik nemislar bilan bog'liq. O'zbek fotografiyasi va kinosining otasi hisoblanmish Xudoybergan Devonov (1879-1938) ham Oqmachitlik Vil'gelm Pennerga shogird tushgan holda faoliyatini boshlagan.

Ana shu faktlarning o'ziyoq Oqmachitlik nemislarning Xorazm taraqqiyotida sezilarli va o'ziga xos o'ringa ega bo'lganini ko'rsatadi. Dastlab ko'chib kelgan yili—1883 yilda 40 oiladan iborat mennonit nemislari Oqmachit qishlog'ini 20 asr boshlarida Ovro'pacha shaharga aylantiradilar.

O'ZMARDAV arxivdagi “Xiva tobe'ining kulli axborotining ro'yxati” nomli hujjatda (125 raqamli) orqali biz 1910 yilda Oqmachitdagi nemislar soni qancha ekanini bilib olamiz. 1910 yil 16 dekabrda tuzib bo'lingan ushbu hujjatda 137 nafar nemis millatiga mansub fuqaro yashagani qayd etilgan.

Oradan yillar o'tib, bu raqam 1930 yillarda ancha ortdi. Ungacha esa butun dunyodagi singari Chor Rusiyasining mustamlakasi bo'lgan Xiva xonligida ham qator o'zgarishlar ro'y berdi. Nemislar 1916 yildagi xalq qo'zg'oloni, 1917 yildagi siyosiy jarayonlarda ham ishtirok etmadilar. Shuningdek, 1920 yildan 1924 yilgacha faoliyat ko'rsatgan XXR davrida ham Oqmachitda sokin hayot kechirdilar.
Mennonit nemislarining Oqmachitdagi 1937 yilgacha bo'lgan hayotini biz asosan ularni ko'rgan kishilarning fikrlaridan bilib olishimiz mumkin.

1937 yili Xorazmga kelgan jurnalist Abul Bozorovning safarnomasi orqali Oqmachitdagi nemislarning 20 asr boshlaridan to 1937 yilgacha bo'lgan faoliyatini kuzatamiz. Raykom vakili kuzatuida Oqmachitda bo'lgan Abul Bozorov nemislarning hayotini shunday tasvirlaydi: “ Binolarning peshtoqlarida ularning qurilgan sanalari yirik harf va raqamlar bilan o'yma usulda yozib qo'yilgan.

Binolarga bejirim zinapoyalardan ko'tarilib kirasiz. Kiraverishda 8-10 qadam uzunlikda keng yo'lak, chap tomonida romlik oynalar, o'ng tomonida silliq devor yaltirab turadi. Bunda ust bosh va oyoq kiyimlar qo'yiladigan o'rinlar bor. Ichkarida keng zal, unga atrofdagi bo'lma derazalardan ham, shiftda uchburchak shaklida ko'tarilib ishlangan tepa derazadan ham yorug'liq kiradi. Uy sahniga taxta to'shalgan bo'lib, uning ostida bir necha bo'lmalardan iborat tagxona mavjud. Bu salqin bo'lmalar ombor vazifasini bajararkan. Xonalarda shkaf, garderob va divanlarning o'rni ko'rinib turibdi, ba'zilarida qishlik kiyimlar, oila a'zolarining suratlari ham qolgan. Ko'pchilik uylardagi devor, pollari har er-har eridan ko'chirib olingan. Aytishlaricha bu erdan tilla-javohirlar izlashgan. Shaharchada kasalxona, maktab, kutubxona, bolalar o'ynaydigan maydonchalar, teatr sahnasi, raqs maydoni, do'konlar mavjud. Hamma-hammasi reja bilan qurilgan. Har oila ko'pdan-ko'p yozuv-chizuv qurollari va xonaki kutubxonasiga ega bo'lgan. Shahar chekkasida esa turli ustaxonalar, mo''jaz korxonalar, shuningdek vino zavodi ham bo'lgan, deyishadi. Shahar qo'rg'onlar bilan o'ralgan bo'lib, chekka tarafdagi darvozalarni qurolli soqchilar qo'riqlashgan.

Qo'rg'on tashqarisidagi bog'larda olma, anor, behi, o'rik, yong'oq, tut, jiyda kabi mevali, chekka taraflarda esa terak, qayrag'och, manzarali eman daraxtlari o'sib turgan. Qurilishlar va mebel yasashga faqat o'zlari o'stirgan yog'ochlarni ishlatishgan. Mebellari o'ta sifatli. Rostini aytganda, nemislar shaharchasidan musodara qilingan shkaf, stol, stul, divan va boshqa jihozlarni okrugning boshqa joylarida ham ko'rish mumkin.

Shaharchada haftada bir kun bozor bo'lgan. Unga faqat o'sha kuni chetdan sanoqli kishilar kiritilgan. Go'sht, yog', g'alla, asal, meva va boshqa mahsulotlar, yirik mayda mollar juda arzon narxda sotilgan. Keyinchalik mahalliy amaldorlar va fuqarolarning iltimosi bilan nemislar Xiva bozoriga ham qatnay boshlashgan. Ular keltirgan sifatli va zotdor mollar esa bir zumda XARID qilingan. Nemislar tayyorlagan vinolar Samarqand, Toshkent zavodlarining mahsulotlari bilan raqobatlashgan. Erto'lalarda 30-40 yillik sharoblar saqlangan. Nemislar chorva naslini yaxshilab, mo'l va arzon mahsulotlar etishtirganlar, parrandachilik, aslarichilik bobida ham ularga raqobatchi topilmagan.

…. Ko'l bo'yidagi chorbog'dan chiqib, ferma tomon ketayapmiz. Ustiga beda, pichan g'aramlari bosilgan katta ayvon ro'parasidan chiqdik. Bu yozgi molxona. Osti keng erto'lada esa qish paytlari mol boqilar ekan. Ikki tabaqalik katta eshikdan erto'laga kiramiz. Ro'paramizda uzunligi 120-150 metr keladigan ulkan og'ilxona paydo bo'ldi. Ichida to'rt qatorlik oxurlar o'rnatilgan. Kiraverishdagi chap tomonda derazalar yonida idoralardagidek rosmana stol, stul, devor tarafda esa ajoyib divan turibdi. Stol ustida jurnal, hujjatlar, hisobcho't. Divanda boshlariga qora tsilindr, ustiga frak va oyog'iga laklangan qora tufli kiygan ikki nemis o'tiribdi.

Bulardan biri Ollabergan Davlatyorov bo'lib, o'zbekchani mutlaqo bilmas, nemischa so'zlar, rus tilida kamdan kam gapiradi. Ikkinchisi Rayim Rahmonboev esa o'zbek, nemis, rus tillarida yaxshi so'zlay olardi. Rahmonboevning aytishicha, uni yoshligida otasi nochorlikdan xizmatkor qilib bergan. Ollaberganni esa kimdir chaqaloqligida qo'rg'on ichida qoldirib ketgan.

Bolani nemislar o'z boshliqlariga tobshirganlar. Qo'rg'on oqsoqoli har ikkala bolani o'qitib, hunar o'rgatib, katta qilgan va ishlatgan, uylantirib, uyli-joyli qilgan”.

Buxorolik Abul Bozorov mennonit nemislar Xorazmdan ko'chirib keltirilgandan so'ng Oqmachitga kelgandi.
Mennonitlarning Oqmachitdan ko'chirilishi haqida esa Xivalik keksa muallim Qozoq Hoji o'g'li shunday hikoya qiladi:

—“Men ular yashagan shaharchani, qa'lani ko'rib hayron qolganman. Ular tashqarida hech kim bilan aloqa qilmay, bordi-keldisi bo'lmay, hech kimdan moddiy yordam so'ramay bu shaharni qanday bunyod qilishgan.

…Bir kuni shu erlik kishilardan biri nemislarning boshlig'i Otaboy(Otto) oqsoqol yashagan uyni ko'rsatib: “Bu er qabulxona bo'lgan. Otto nemisni hurmat qilib, unga o'zbekcha Otaboy deya ism qo'ygandik. Otaboy nemis hamyurtlari jo'nashining oxirgi kunigacha turib, imoratlar, jihozlar, mol-mulklarni hukumat komissiyasiga tobshirib ketgan” dedi. Ko'chirilishiga kelsak, 1937 yilda Xiva tumanidagi Pishkanik qishlog'ida yangi ochilgan sho'ro maktabining beshinchi sinfida o'qir edim. Maktabimiz oldidan katta Oqmachit-Xiva yo'li o'tardi. Shu yili Oqmachit nemislarini boshqa joyga ko'chirisharmish, degan gap tarqaldi. Haqiqatan ham shunday bo'ldi. Bir kuni nemislarning ot-aravasi, mol-mulkini jamoa xo'jaligiga tobshirib, o'zlarini piyoda, mirshablar qurshovida saf qilib Xiva qa'lasi tomon olib o'tishdi. Ularni ko'rish uchun yo'l bo'yiga chiqqanimizda mirshablar bizni quvib yuborishdi.

Yanglishmasam, 1958-60 yillar bo'lsa kerak. Oqmachitdagi qarindoshimiz, o'qituvchi Samandar aka Qalandarovning uyida to'y bo'layotganda ikki notanish erkak va bir ayol tashrif buyurdi. Ular bizga notanish tilda gapirishdi. Keyin bilsak, ular Oqmachitdagi nemislarning farzandlari ekan. Ular shunday deyishdi: “ Ota-onamiz qarib qolishdi. Bizdan o'zbek birodarlardan, Oqmachitdan xabar oling” deb yuborishdi.

Ma'lum bo'lishicha, nemislar Oqmachitda yashaganida, ulardan biri shu erlik Egam otadan qarz olgan ekan. Haligi kelganlardan biri, qarz olganlardan birining farzandi bo'lib, qarzni olib kelgan ekan”.

Ha, nemislar haqida ulardan shunday yorqin xotiralar qolgan. Ayniqsa, nemislarning Xorazm shevasida bemalol so'zlasha olganliklari, taklif qilingan barcha to'y-ma'rakalarda qatnashganliklari, ijtimoiy munosabatlarda qarz berish-olish umumqoidalariga qa'tiy amal qilganliklari, uyushqoq va iqtidorli bo'lgan nemislarning har narsani o'z mavridi, muddatida puxta bajarishga odatlanishgani, Qoraqum etaklarida qisqa bir fursat ichida ovro'pacha tipdagi shaharchaga asos solganliklari ham hanuz eslanadi. Shuningdek, aynan nemislar tufayli vohaliklar kartoshka, karam, lavlagi, bodring, pomidor, baqlajon kabi tansiq ekinlar parvarishini o'rganishgan.

Mennonit nemislarining Oqmachitdan ko'chirilishiga sabab, tuzilayotgan kolxozlarga kirishni, bolalarini sho'ro maktabiga berishni hohlamay, yakka dehqon bo'lib ishlab, bolalarini o'zlarining maktablarida o'qitishgani edi.

Xorazmdan majburiy ko'chirilgan mennonit nemislari Tojikistonda qurilayotgan Vaxsh suv ombori qurilishiga yuboriladi. Keyinchalik ular Rossiyaga, u erdan esa Kanada, Germaniya va AQShga ko'chib ketishadi.

XERMAN YaNTTsENNING NOYoB ASARI

Tarixni o'rganishda arxeologik va etnografik ma'lumotlar va arxiv manbalari qanchalik muhim rol' o'ynasa, mavzuga tegishli bo'lgan davrda yashagan muallifning yozib qoldirgan asari ham shunchalik ahamiyatga ega. Albatta har qanday manba, tanqidiy qarash va boshqa manbalar bilan taqqoslash natijasidagina haqqoniy xulosa chiqarishga undaydi.

1988 yilda Shveytsariyaning “Brunnen” nashriyotida nemis tilida nashr qilingan Xerman Yanttsenning “Xavf-xatarli Turkistonda: musulmonlar orasidagi hayot” nomli kitobi ham ana shunday muhim ahamiyatga ega bo'lgan manbalardan. Ushbu asar nafaqat nemislar uchun, balki Turkiston xalqlari uchun ham tarixni haqqoniy o'rganishda alohida xizmatlar qiladi. Negaki, asar muallifi ovro'palik bo'lgani uchun ham, sharq xalqlari hayotini o'z nigohi bilan kuzatadi. Qolaversa, asar muallifning ko'rgan kechirgan mashaqqatli hayotining solnomasi hamdir.

Muallif mennonit nemislarning Rossiyaga ko'chib kelganidan keyin—1866 yilning 22 mayida Samara guberniyasining Xensau qishlog'ida tug'iladi. Uning otasi Yanttsen millatdoshlari orasida katta mavqega ega bo'lgan. 180 gektar eri, shaxsiy tegirmoni bo'lib, uyida 3 nafar rus xizmatkori yashab, ular Yanttsenlar oilasiga rus tilini o'rgatishgan.

Xerman ham ana shu xizmatkorlar yordamida rus tilini o'rganadi. Xiva xonligiga kelgach esa, Xorazm shevasini ham o'rganib, Qur'oni Karimni mutoaala qila boshlaydi. Bu paytda u 17 yoshda edi. Yosh bo'lishiga qaramay xon saroyida tarjimonlik qiladi.

Mahalliy aholi o'rtasida Yamin og'a nomi bilan mashhur Xerman 1890 yil xotini va ikki farzandi bilan Avliyoota(hozirgi Jambul) ga ko'chib ketadi. Oradan 28 yil o'tib u Oqmachitdagi birodarlarini ko'rish uchun Xorazmga qaytib keladi. Xivaning yangi xoni, Xermanning eski oshnasi Said Abdullaxon uni samimiy kutib oladi va o'z rasmiga dastxat yozib sovg'a qiladi.

Chor Rusiyasining hududlarida hokimiyatni egallagan bol'sheviklar uning faoliyatini ta'qiqlab 3 marotaba o'limga hukm qilishadi. U o'z asarining “Bol'sheviklar orasida2 qismida ana shu tahlikali damlarni qalamga oladi.

1923 yilga kelib esa ta'qibu tazyiqlar natijasida farzandlari va qarindoshlarini Turkistonda qoldirib, xotini bilan Germaniyaga qochishga majbur bo'ladi.

Uning keyinchalik yozgan yuqoridagi asari ana shu tahlikali va xavf-xatarli Turkistonda kechirgan damlarini eslab yozilgan.
Muallif asarida Turkistondagi,Xiva xonligidagi ko'rgan –bilganlari, xalqning yashash tarzi va ularning nemislarga bo'lgan munosabatini haqqoniy yoritishga urinadi. Ayniqsa, X.Yanttsenning asaridan Xiva xonligidagi tabiat tasvirlari, iqtisodiy vaziyat haqidagi lavhalari alohida xususiyatga ega.

Muallifning asarning “ yovmutlar orasida” deya nomlangan 4-bobida, Petro-Aleksandrovskdan Lavzan kanali bo'yiga Amudaryo orqali suzganlaridagi voqeani tasvirlarkan, bizga bugun muhim bo'lgan xonlikning hayvonot olami haqida shunday yozadi: “Kech kirib qolganida, sohilning biror qulayroq erida to'xtardik, chunki har ikkala tomonimiz shog'ol, tulki va yoldor bo'rilar o'lja qidirib yuradigan tim qorong'i to'qay bilan qoplangandi. Hohlaganlar qayiq sahnida, qolganlar esa sohilda uxlardilar. Albatta, bunday paytda hayvonlarni qo'rqitish uchun, katta olov yoqib qo'yardik. Shunday bo'lsa-da, ular uvillashib, chiyillashib hech kimni tuzukkina uxlagani qo'yishmasdi”.

Yana shu bo'limning Lavzonga o'rnashib olganlaridan keyingi voqea tafsiloti hikoya qilinayotib shunday yoziladi: “ Qish biz uchun osoyishta o'tdi. Faqatgina kechalari ahyon-ahyonda yovvoyi hayvonlarning uvillab turishi tinchligimizni buzardi. Har kuni atrofimizdan yo'lbarsning ovozi eshitilib turardi. Keyinchalik u shunday qo'rs bo'lib ketdiki, sahar paytlarida ko'cha bo'ylab qishloqning yarmigacha kirib boradigan bo'ldi. Biroq u bizga ham, otlarimizga ham biror marta hujum qilgani yo'q.. Ehtimol, “hayvonlar shohi” hamisha to'q yurgan bo'lsalar kerak, chunki o'rmonda yovvoyi hayvonlar etarli edi-da”.

Demak, ana shu ma'lumotlardan bilsa bo'ladiki, Xorazmda ilgari to'qaylarda turli hayvonlar mavjud bo'lgan.

Shuningdek, Herman Yanttsen asarida yovmutlarning qilgan hujumlarini yozarkan, “ bizning qurolsiz ekanligimizni ular juda yaxshi bilardilar”, deydi. Negaki, ularning yonlarida bemalol bug'u, yovvoyi to'ng'iz, sirtlon, shog'ol kabi hayvonlar izg'ib yursalarda, birorta nemis ularga o'q uzmasdi. Qolaversa, ularda qurolning o'zi yo'q edi.

Yovmutlarning hujumidan mudoffa uchun qo'lbola yasalgan nayza ham keksa mennonitlarning talabi bilan yo'qqa chiqariladi. Keksa Yanttsen yoshlarga shunday deydi: “Johillikka-johillik bilan javob berishdan uyalmaysizlarmi? O'z e'tiqodimizga sodiq qolib, qo'limizga qurol olmaslik uchun, xalqimiz mamlakatma-mamlakat sarson-sargardon bo'lib yuribdi. Shuncha azob-uqubatlarga chidab kelayapmizku. Bir zumdayoq ota-bobolarimizning e'tiqodini yo'qqa chiqarmoqchimisizlar?”
Ha, e'tiqod tufayli mennonit nemislari vatandan voz kechganlaricha, barqaror va osoyishtalik hukm surgan hududlardan panoh qidirishadi. Aksiga olib, Rusiyada ham, Turkistonda ham xavf-xatar hukmronlik qilgan 19 asrning oxiri, 20 asrning boshlari edi bu paytlar. G'ala-g'ovurga to'liq bu davrdagi mennonit nemislarning mashaqqatli hayotlari keyinchalik X.Yantsen tomonidan qalamga olindi. Uning boy faktik materiallarga to'la asari biz turkistonliklar uchun qadrli manbadir.

1883 yildan 1937 yilgacha bo'lgan 54 yil tarix uchun qisqa davrdir. Biroq ana shu qisqa fursat ichida nemislar Xorazm tarixidan o'zlariga xos va mos joy egallashdi. Ularning yarim asrlik davrda kechirgan hayotlari davomida mahalliy xalq bilan bo'lgan munosabatlari ijobiy bo'lgani quvonarlidir.

Ayniqsa, nemislarning dehqonchilik va chorvachilik sohalarida, xorazmliklar bilan qilgan aloqalari natijasida, Xorazm qishloq xo'jaligida yangi taraqqiyot davri boshlandi. Oqmachitdagi ovro'pa tipidagi nemis shaharchasi esa Xorazm savdo va sanoat markazi bo'lib 1937 yilgacha ravnaq topdi. Agar mennonitlar 1937 yildan keyin ham Xorazmda yashab qolganlarida qadimiy Xorazmning taraqqiyot andozasi nemislarning harakati bilan uyg'unlashib ketgan va yangi taraqqiyot davri boshlangan bo'lardi.

Afsus…afsus bunday bo'lmadi. Sho'ro mustamlakachiligi mennonitlarni surgun qildi. Biroq Xorazmliklar nemislarning Xivada barpo qilgan inshoaatlarini, Oqmachitdagi bog'i, ularning chorva va polizchilikdagi ish uslubini taraqqiy qildirdilar. Eng asosiysi, xorazmliklar nemislarning samimiyatini ko'ngillarida asrab qoldilar.

Umid Bekmuhammad

facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort