O’zbekiston Xalq Harakati

Said Abdulaziz Yusupov haqida

Said Abdulaziz Yusupov haqida
14 Mayıs 2019 - 11:52 'da yuklandi va 659 marta o'qildi.

EY INSONLAR!..

Men tanigan Said Abdulaziz Yusupov DXXda ishlayman deb firibgarlik qiladigan odam emas! Boz ustiga, u DXX xodimi ekanini isbotlash uchun ishxonasida to'pponcha ko'rsatadigan yosh bola emas!

Bular xayol mevalari. Xayol bo'lganida ham xom xayollardan tug'ilgan ertaklardir. Shu “ayblar”ni va shu “dalillar”ni to'qib chiqarganlar bularga birov ishonadi deb o'ylagan bo'lsa, bu xayolparastlar o'z ishlarida naqadar savodsiz, diletant ekanlarini ko'rsatganlar, xolos. Bugun oshkoralik zamonida bu o'yinlari uncha ish bermaydi, aksincha, o'zlarini sharmanda qiladi.

Said Abdulaziz Yusupovda kamdan-kam rahbarda bo'ladigan xususiyatni sezganman: u chin va asil ma'noda DAVLAT ODAMI edi! Elkasiga tushgan vazifaga shu nuqtai nazardan boqar, nima foyda va nima zarar ekani haqida mustaqil xulosa chiqara olar edi. Eng muhimi – tepalarga, birovlarning qosh-qovoqlariga qaramasdan o'zi mustaqil qarorga kela olardi. Chinakam davlat odam mana shunaqa bo'lishi kerak. Bunaqalar bizning davlat idoralarida juda oz va nodirdir.

U vijdonli, jonkuyar odam bo'lgani uchun Islom Karimov davrida ham haqiqatparastlik tuyg'usini omon saqlab qolgan, imkoni bo'lganida to'g'ridan-to'g'ri, imkoni cheklanganida taxallus bilan To'g'ri so'zini aytib kelganiga qisman guvohman. (Bu haqda alohida yozaman.)

Men Said Abdulazizxon bilan nisbatan kech – hamma biladigan sabablar tufayli vaqtincha Turkiyada yashab turgan paytim tanishdim. U ham boshiga bir tashvish tushib (buni u prezidentga videomurojaatida aytibdi), bir muddat o'sha erlardan qo'nim topgan ekan. Bir marta ko'rishdik, ikki soatcha suhbatlashdik. Lekin shu qisqa davr ichida ham u xalqiga, vataniga sodiq, fidoyi inson ekaniga, gaplari samimiy ekaniga ishondim. O'zbekistonimizda vatan va davlat taqdiri uchun bunaqa chinakam va samimiy qayg'uradigan fikri ochiq insonlar borligidan quvonganman. Davlat odamlari orasida shunday yigitlardan o'n kishi bo'lsa, jamiyatni Islom Karimov botirib ketgan botqoqdan olib chiqib ketar edi, deb orzu qilganim esimda.

Keyin maqolalarini kuzata boshladim, videomuloqotlarini ko'rdim. O'zi orzu qilgan jamiyatni qurish sari qadamma-qadam borayotganini his qildim.

Said Abdulazizxon, xuddi men kabi, yangi prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning islohotlariga qattiq ishondi, qizilroq gap bo'lsa ham aytay, butun kuch-g'ayratini shu islohotlar himoyasi va yuzaga chiqishiga sarfladi. Yangi davrni bir imkon deb bildi va shu imkondan foydalanib mamlakatda so'z va matbuot erkinligini joriy etishga hissa qo'shdi.

Afsus, uning, nafaqat uning, balki, bugun bemalol aytsa bo'ladi: davlat qarshisida, Prezident qarshisida, jamiyatning yangilanishini, yaxshilanishini yurak-yuragidan istayotgan butun ongli xalqimiz qarshisida umuman yangi siyosatni yoqtirmayotgan, boshlatilgan islohotlarga goh ochiq, goh zimdan qarshilik qilayotgan katta kuch – karimovchi-inoyatovchi kadrlar to'pi bor. Ular hur fikrdan qo'rqadi, ularga oshkoralik halaqit qiladi – odamlarning ko'zi ochilib, tili chiqib qolsa, shu damgacha imi-jimida qilib kelgan ishlarini davom ettira olmay qolishi, bir so'z bilan aytganda, o'zlarining savodsizligini, davlat nomidan faqat o'z cho'ntagini o'ylaydigan manfaat qullari ekanini xalq bilib qolishi ularni jazavalantiradi. Ularga davlat ishidagi oqsoqliklar, xalqning ayanchli ahvoli bir pul, ularga oldilaridagi tayyor osh-nonni oldirib qo'yish katta fojia!

Shuning uchun butun davlat kuchlarini ishga solib, tish-tirnog'i bilan hur fikrga qarshi kurashadi.

O'zlarining manfur ishlariga halaqit qilayotgan shaxslarni o'rtadan yo'qotish uchun qamoqqa olarkan, yolg'on da'volar, qalbaki aybnomalar ishlatyaptimi, demak, ular ojiz, qo'rqoq va yovuzdirlar. Husayn Boyqaroga yolg'on xabarlar etkazib Alisher Navoiyni saroydan quvdirgan shulardir! Yana o'sha Husayn Boyqaroga mast holida qo'l qo'ydirib, eng suyumli nevarasi Mo'min Mirzoni qatl etganlar shulardir!

Tarixdan bugunga qadar bunaqa misollar tiqilib yotibdi.

Lekin hech qanday yovuzlik, ablahlik, pastkashlik haq uchun kurashni to'xtata olmagan va to'xtata olmaydi ham. Hamisha, hamma zamonda, hozir ham va bundan keyin to qiyomatgacha ham juda ozchilik bo'lsa-da haqda turadigan mard o'g'lonlar etishib chiqqan va chiqaveradi! Ular xo'rlikni, g'ariblikni, qamoqni, surgunni va hatto o'limni bo'yinlariga olib maydonga otilib tushaveradi! Jamiyatlar mana shunaqa ozchilik hisobiga toza havo olib turadi!

Ammo dunyo shunday qurilganki, jamiyat u toza havo manbaini ayni onida bilmaydi, his etmaydi, vaqt o'tganidan keyin iqror bo'ladi, e'tirof etadi. Ayni onida jamiyat davlat tepasiga kelib olgan bir to'da o'g'ri, qaroqchi, muttaham va zolim kimsalarning nayranglariga doim aldanadi va aldanganini yigirma, o'ttiz, ellik yillardan so'ng biladi!

Men bugunoq, hoziroq Said Abdulazizxon Yusupov boshiga tushgan kulfatni balki engillatolmasman, qo'lidan etalab qamoqdan olib chiqib ketolmasman. Bunga kuchim etmaydi, maqomim u darajada emas. Ammo, Said Abdulazizxon aytmoqchi, mening bir oh urishim bor! Ota-onasining, yaqinlarining, xotini va murg'ak bolalarining, qo'yingki, barcha mazlumlarning bir emas, ming oh urishi bor!

Kuchim etgani – so'zim oxirida ushbu erdan turib davlatimiz boshlig'iga murojaat etaman.

Muhtaram Prezident! Hushyor bo'ling, sizning tarafdorlaringizni, siz boshlagan islohotlarga chin yurakdan ko'mak bermoqchi bo'lgan fidoyi insonlarni bitta-bitta qamoqqa olyaptilar! Sizni kuchsizlantiryaptilar! Aytgan gaplariga teskari ish qilarkan degan tasavvur uyg'otib sizni mamlakatda ham, dunyoda ham obro'sizlantiryaptilar! Xalqimizni sizdan va siz qilayotgan ishdan asta-sekinlik bilan bezdiryaptilar! Sizni tobora qurshab kelyaptilar!

Bugun siz katta imtihon qarshisida – siyosiy irodangizni qat'iyyat bilan ko'rsatishingiz lozim bo'lgan bir palladi turibsiz.

Chin do'stni yolg'onidan ajrating! Xalqqa yoqqan, ko'ksiga yoqimli epkin bo'lib esgan ilk bir yarim yillikdagi shijoatingizdan, shashtingizdan qaytarganlar, islohotlaringizni yarim yo'lda to'xtatganlar sizning do'stlaringiz emas! Ularni tevaragingizdan quving, qo'l-oyog'ingizni bog'lab turgan zanjirni uzing!

Bunda xalq sizga yordam beradi, etarki, siz xalqqa suyaning! Sizni o'ziga boshliq etib saylagan xalq Boshlig'ini har qanday yovuz kuchlardan saqlay oladi!

Ko'ziga xunuk ko'rinsa hatto simyog'ochni ham bo'yniga ayb qo'yib qamay oladigan tashkilotlarning ishtahasini tizginlang!

Keyinchalik attang deb qolgan Husayn Boyqaroning xatosini takrorlamang!

Tarafdorlaringizni – xalqi va davlati uchun yuragidan yonadigan, hartomonlama ravnaqni istayotgan hur fikrli insonlarni tanib oling va ahmoqona xatti-harakatlari bilan mamlakatni boshiberk ko'chaga tiqib qo'yayotgan dushmanlaringizga ularni edirib qo'ymang!

Nurulloh Muhammad Raufxon, yozuvchi.
2019 yil mayining 14-kuni, seshanba.

facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

 Ushbu xabarga qoldirilgan izohlar

( 1 Yorum )

  • Abdulloh ;

    Bir oddiy odamning birovga tuhmat qilishi bir narsa, lekin davlatning shunday katta tashkilotining tuhmat bilan shug’ullanishi bir ofat. Said-Abdulaziz ozod bo’lar, lekin unga tuhmat qilganlarga biror chora ko’rilarmikan? Ko’rilmasa u holda bu davlat o’zining o’limi tomon shaxdam qaqdamlar bilan ketayapti desa ham bo’ladi. Nahotki davlat o’zining qanchalar pastkashlik bilan shug’ullanayotganini tushunmasa.

    15/05/2019 04:52
istanbul escort