O’zbekiston Xalq Harakati

Ilk o'rta asrlarda turkiyzabon xalqlarda etnolingvistik jarayonlar

Ilk o'rta asrlarda turkiyzabon xalqlarda etnolingvistik jarayonlar
19 Mayıs 2019 - 6:00 'da yuklandi va 311 marta o'qildi.

ILK O'RTA ASRLARDA TURKIYZABON XALQLARDA ETNOLINGVISTIK JARAYoNLAR

Har bir etnosni boshqa bir etnosdan ajratib turuvchi muhim belgilaridan biri bu uning tilidir. Etnos nazariyasiga ko'ra ham til etnosni belgilab turuvchi asosiy alomatlardan hisoblanadi. Ayni vaqtda til aloqa vositasidirki, insonlar o'rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarda uning ahamiyati beqiyos.

Ma'lumki, har bir etnosga xos til mazkur etnos shakllanish jarayonida taraqqiy etib boradi. Muayyan bir etnos boshqa etnos bilan munosabatga kirishar ekan, avvalo ushbu munosabatlar natijasi ularning tilida o'z aksini topadi.

Tilshunos olim N.A.Baskakov ilk o'rta asrlarda Markaziy Osiyo mintaqasida uch turkiy til guruhi — o'g'uz, qipchoq va qarluq-uyg'ur til guruhlari mavjud bo'lganligini aytib o'tadi. Ushbu turkiy til guruhlari muayyan bir etnik muhitda, turli etnik birikmalarning til va etnik jihatdan qorishuvlari natijasida shakllanganligi aniq. O'g'uz til guruhi o'g'uz va saljuq qabilalari orasida, qipchoq til guruhi Dashti-qipchoq qabilalari orasida va qarluq til guruhi esa qarluq va unga qardosh bo'lgan xalach, chig'il, yag'mo va boshqa qabilalar ichida hosil bo'lgan. Ilk o'rta asrlarda mavjud bo'lgan ushbu til guruhlari keyinchalik bir qator turkiy xalqlarning adabiy tilini shakllantirishida asos bo'ldi.

Qarluq-chigil, qipchoq va o'g'uz til guruhlari o'zbek tilining lahjalari bo'lib, ular ham ayrim mahalliy shevalarga ajraladi. Garchi, o'zbek tilining mazkur lahjalarini shakllanishida bir necha etnoslarga xos til elementlari ishtirok etsalarda, ayrim qabilalarning til xususiyatlari ustuvorlik qilganligi ya'ni, substrat (zamin) bo'lganligi ayon. Masalan, o'zbek tilining qarluq-chig'il lahjasini shakllantirishda qarluq, chig'il, xalach, yag'mo, dulu va boshqa bir qancha turkiy qabilalarning til elementlar faol ishtirok etgani holda, ushbu til lahjasi shakllanayotgan kezlarda siyosiy jihatdan (son jihatdan ham) nafuzli bo'lgan, o'z atrofida turli turkiy qabilalarni birlashtirib turgan qarluq qabilasining tili ustuvorlik qilgan.

Shu joyda aytib o'tish o'rinliki, o'zbek tilining qarluq-chig'il lahjasini shakllanishida aynan qarluq qabilasining tilini etakchi o'ringa ega bo'lganligiga bir qator tadqiqotchilar qo'shilmaydilar va ular bunda chig'il qabilasining tilini ushbu lahjasining shakllanishida asosiy o'ringa qo'yish kerak deb aytadilar. Masalan, S.M.Mutalliboev XI asrda Janubiy Qirg'iziston (O'zgan va uning atrofida) va O'rta Osiyoda chig'illar eng zo'r xokim qabilaga aylanib o'z ta'sirlarini juda keng doiraga yoygan, ularning tili qoraxoniylar davlatida etakchi mavqeini egallagan, umumiylashtiruvchi tilga aylangan edi, deb ta'kidlaydi.

Tilshunos olimlardan yana biri — S.Ibroximov ham o'zining o'zbek tilining Andijon shevasiga bag'ishlangan ishida bu sheva etnogenetik jihatdan qadimiy chig'il lahjasiga borib taqalishini aytib, «… qarluq-chig'il dealektida birinchi (etakchi) o'ringa qarluq tilini qo'yish ham uncha o'rinli bo'lmas» deb yozadi.
Ko'rinib turibdiki, yuqorida ism-sharflari ko'rsatilgan tilshunos olimlar o'zbek tilining qarluq-chig'il lahjasini vujudga kelishida chig'il qabilasining tili ustuvor bo'lgan deb qaraydilar va shu qabila tili umumelat tilini umumlashtiruvchi vazifani bajargan degan xulosaga keladilar. Fikrimizcha, bu xulosa unchalik to'g'ri emas. Gap shundaki, haqiqatdan ham chig'illar qadimiy turkiy etnoslardan bo'lib, o'zbek xalqining etnogenetik jarayonida hamda o'zbek tili tarixida, xususan biz ko'rib chiqayotgan til birligining vujudga kelishida muhim rol' o'ynaganlar. Chig'illar qarluq qoraxoniylari hududida yashab turgan bir qator turkiy qavmlar ichida nufuzli (qarluqlardan keyin) etnos sanalganligi, qarluq bilan birga mazkur davlat siyosiy hayotida etakchilik qilganligi ham haqiqat. Boz ustiga Mahmud Qoshg'ariy ham o'zining «Devonu lug'otit turk» asarida qarluqlar hukmronlik qilgan hududlardagi bir qator turkiy qabilalarning til xususiyatlari haqida gapirib, chig'il qabilasi va uning til xususiyatlariga ko'proq to'xtalgan edi. Chunonchi, Mahmud Qoshg'ariy aynan chig'illarning til xususiyat­larini o'g'uzlarniki bilan qiyoslaydi.

O'zbek xalqining alohida elat bo'lib shakllanayotgan kezlarida chig'illarning mana bunday nufuzga ega bo'lishi, bir qator tadqiqotchilarga, jumladan yuqorida biz ism-sharlarini ko'rsatib o'tgan tilshunos olimlarga ham ushbu qabila tilini qarluq-chig'il lahjasini qaror topishida etakchi o'rinni egallagan deb qarashlariga asos bo'lgan. Biroq, ushbu fikrni ilgari surgan olimlar chig'illar uzoq vaqt qarluqlarning etnik hamda siyosiy uyushmasi tarkibida shakillanib kelganliklariga kam e'tibor berganlar. Aniqroq qilib aytadigan bo'lsak, ushbu tilshunos olimlarni qarluq, chig'il etnosi va ularning etnogenetik jarayoni haqida ravshan tushunchaga ega emasligi ko'rinadi. Aks holda ushbu mualliflar chig'il va qarluq etnoslari etnogenetik jihatdan juda yaqin bog'langan etnoslar ekanligini, o'zbek xalqining alohida elat bo'lib shakllanayotgan kezlarida qarluq va chig'il qabilasining tilida deyarli farq bo'lmaganligini, har ikki xalq tili aslida bir til ekanligini tushunib etgan bo'lardilar.

Fikrimizni dalillar bilan asoslashga harakat qilamiz. Ma'lumki, tarixiy manbalarda, xususan Xitoy solnomalarida chig'illar qarluq etnik uyushmasiga kirgan uch urug'ning biri ekanligi aytiladi. Masalan, «Tang sulolasi yangi tarixi»ning 217 bobi, ikkinchi qismida qarluq (xitoycha nomi gelilu) mulu yoki mula, jisi va toshi (toshli) kabi uchta qabiladan iborat bo'lganligi ko'rsatiladi.

N.A.Aristov fikricha chig'il ana shu uch urug'ning birini, ya'ni jisi (chjisi) qabilasining nomini bildiradi. K.Shoniyozov yuqoridagi dalillarga asoslanib «… biz chig'illarning qadimgi davrlarda qarluqlarning bir urug'i bo'lib, keyinchalik bular alohida qabila bo'lib qolgan va qarluq uyushmasiga kirgan, deb qaraymiz» deb yozgan edi. Ushbu olim o'zining keyingi ishlarining birida ham «chig'illar… qarluqlarning uch qavmidan biri bo'lgan, ular ham qarluqlar edilar» degan fikrni qat'iy aytadi. Madomiki, qarluq va chig'il qabilalari aslida bir xalq ekanligini, ularning tilida ham farq yo'qligini inobatga olsak, u holda biz ko'rib chiqayotgan til birligini vujudga kelishida yagona xalqni tili ustuvorlik qilganligi ma'lum bo'ladi. Bu shubhasiz, ushbu til birligi shakllanayotgan hududdagi turkiy qabilalar ichida eng ko'psonli va yuksak siyosiy nufuzga ega bo'lgan, qo'shni dialektlarni o'z atrofiga jamlay olgan qarluqlar tili edi.

Keyinchalik ushbu til birligi ilmiy adabiyotlarda tilshunoslar tomonidan o'zbek tilining qarluq yoki qarluq-chig'il lahjasi tarzida qo'llanila boshlandi. Albatta, qarluq-chig'il til lahjasi nafaqat ayrim etnoslarni, balki ko'plab turkiy va hatto turkiy bo'lmagan xalqlarning etnik va til sohasidagi o'zaro munosabatlarining mahsulidir. Chunonchi, biz yuqorida uqtirib o'tganimizdek, ushbu til birligini vujudga kelishida qarluqlar davlati tarkibida bo'lgan xalach, arg'u, tuxsi, yag'mo, bijanak, yabaqu, duli va boshqa bir qator turkiy tilli qabilalarning ishtiroki katta bo'lgan. To'g'ri, ularning o'zbek elati va uning tilini shakllanishidagi ishtirokini bir xil darajada bo'lgan deb ham bo'lmaydi. Fikrimizcha, bu jarayondagi ularning faollik darajasini quyidagi ikki omil belgilagan: a) yangi etnik birlik (elat) yadrosiga genetik va til jihatdan yaqinligi; b) etnohududiy birlik ya'ni yangi elat va uning tili (qarluq-chig'il lahjasi) shakllanayotgan hududda turg'un yoki uzoq davr muqum yashab turishi.

Qarluq qabila uyushmasi va davlati tarkibida bo'lgan qadimiy turkiy tilli etnoslardan biri bu xalachlar edi. Xalachlar ham chig'illar kabi uzoq davr mobaynida qarluqlar bilan aralash yashab kelganlar. Ularning ham tili qarluq qabilasining tilidan deyarli farq qilmagan. K.Shoniyozov Xitoy solnomalarda ko'rsatib o'tilgan qarluq etnik uyushmasiga kiruvchi uch urug'ning birini ya'ni tashali (toshi) urug'ini xalachlar bilan tenglashtiradi.

Xullas, qarluq-chig'il lahjasini vujudga kelishida muhim ahamiyat kasb qilgan qardosh qarluq, chig'il va xalach etnoslarining tili bir-biridan deyarli farq qilmagan. Qarluq qoraxoniylari hududida yashagan yag'mo, arg'u, tuxsi, yaboqu kabi turkiy xalqlarning tili esa ba'zi bir xususiyatlari bilan qarluq, chig'il va xalachlarning tilidan oz bo'lsada farqlangan. Buni Mahmud Qoshg'ariy ham o'z asarida qayd qilgan edi. Shunga qaramay, mazkur etnik jamoalalar biz ko'rib chiqayotgan til birligini, umuman o'zbek xalqining elat bo'lib shakllanishida ishtirok qilganligiga shubha yo'q. Shulardan biri yag'mo etnosidir. Ta'kid etish joyizki, yag'molarning etnik mansubligi fanda birmuncha baxslidir. Ayrim tadqiqotchilar yag'molarni etnogenetik jihatdan uyg'urlar bilan bog'lasalar, boshqalar buni inkor etib, yag'molar uyg'urlar tasarrufida bo'lgan bo'lishlari mumkin, lekin ularni uyg'ur ekanligiga hech qanday ilmiy asos yo'qligini uqtiradilar. Darhaqiqat, Mahmud Qoshg'ariy ham yag'mo tilini uyg'ur tili bilan emas, balki tuxsi, yaboqu, qipchoq, o'g'uz tillari bilan bir qatorga qo'yadiki, bu ushbu etnos tili uyg'ur tilidan birmuncha farqlanishidan dalolat beradi.

Biz uchun muhimi shuki, yag'molarning solmoqli qismi IX-XII asrlarda Farg'ona vodiysining shimoliy mintaqalarida va unga tutash hududlarda yashaganlar. Albatta, ular ham bu erda kechgan etnik va lingvistik jarayonlarda ishtirok etganlar.

IX oxiri — XI asrning boshlarida Ettisuvdan Toshkent vohasiga va Farg'ona vodiysiga qadimiy turkiy qabilalardan yana biri arg'unlar ham ko'chib kelib yashaganlar.

X asr davomida boshqa bir turkiy etnos tuxsilar ham Qarluqlar davlati tarkibida bo'lib, chig'il, xalach, yag'mo, arg'u va boshqa etnoslar qatori o'zbek elatini va uning tilini shakllanish jarayonida faol qatnashgan.
Bu davrda Farg'ona vodiysida kechayotgan etnik va etnolingvistik jarayonlarda qadimdan mavjud bo'lgan turkiy qabilalardan yana biri dulular ham faol ishtirok qilganligi ma'lum. Dulularning etnogenezi uyg'urlarga va ular orqali xunlarga borib taqaladi.

Turkiy tilli xalqlarning etnoslararo munosabatlari tarixida o'zbek-uyg'ur xalqlarining etnik va til sohasidagi aloqalari alohida o'rin tutadi. O'zbek va uyg'ur xalqlarining ajdodlari qadimdan yonma-yon, ko'p hollarda aralash yashab kelganlar. Masalan, qarluqlarning ilk ajdodlari uyg'urlar bilan birga Irtish bo'ylari, Oltoyda qo'shni yashaganlari tarixiy ma'lumotlardan ma'lum. Qolaversa, o'zbek va uyg'ur elatini shakllanishida faol ishtirok qilgan bir qancha qabilalar o'tmishda yagona ya'ni tele qabila ittifoqiga kirganlar. Albatta bunday aralash yashagan ikki etnos orasida o'sha davrlardayoq iqtisodiy va madaniy aloqalar tarkib topgan edi. Bunday yaqinlik albatta ushbu etnoslarning tilida ham o'z aksini topgan edi. Bu etnoslarning tillarida o'xshash tomonlar ko'p bo'lgan, albatta. Har ikki etnos tilidagi bunday yaqinlikka ishora qilib ayrim tadqiqotchilar uyg'ur tilini ham o'zbek tilini shakllanishiga asos bo'lgan degan fikrni aytadilar. Chunonchi, tilshunos olim N.A.Baskakov o'zining turkiy tillarni klassifikatsiyasi masalasiga bag'ishlab yozgan ishida, o'zbek tilini turkiy tillarning qarluq guruhiga kiritib, uni ham ikkiga bo'lgan edi. Olim birinchi guruhni qurluq-uyg'ur guruhi, ikkinchisini esa qarluq — Xorazm guruhi deb ataydi.

Boshqa yana bir tilshunos olim V.V.Reshetov ham o'zbek tilining qarluq-chig'il lahjasini shakllanishidagi uyg'ur etnosinining roliga boho berib, bu til birligining o'zbek tilining qarluq-chig'il-uyg'ur lahjasi deb nomlaydi. Bundan har ikkala tilshunos olim ham uyg'ur tili qarluq tili bilan bir xil darajada o'zbek tilining shakllanishida asos bo'lgan, degan fikrni ilgari surayotganliklarini ilg'ab olish qiyin emas. Agar masalani mohiyatini shu tarzda tushunib, ushbu fikrni qabul qilsak, u holda o'zbek tilini shakllanishida uyg'ur tili qo'shni dialektlarni o'z atrofiga jamlagan va qarluq tili bilan bab-barobar o'zbek elati tiliga asos bo'lgan, yana ham aniqrog'i o'zbek tili uyg'ur tili zaminida ham shakllangan bo'lib chiqadi.

Nazarimizda o'zbek elati tilini shakllanishida uyg'ur til xususiyatlariga bu qadar haddan tashqari katta o'rin ajratish ham tarixiy haqiqatga to'g'ri kelmas. Negaki, yuqorida ta'kidlab o'tganimizdek, garchi o'zbek va uyg'ur xalqining ajdodlari uzoq vaqt yonma-yon, aralash yashab kelgan, yaqin tillarda so'zlashgan bo'lsalarda tarixiy taraqqiyotning keyingi bosqichlarida ushbu xalqlar alohida etnik birlik bo'lib shakllanar ekanlar ularning tillari ham alohida-alohida holda rivojlanib borgan.

Tarixdan ma'lumki, VIII asrning o'rtalarida hozirgi Mo'g'i­liston hududida Uyg'ur hoqonligi tashkil topgan edi. Shu asrning 60 yillarida esa Ettisuvda qarluq etnik uyushmasi, keyinchalik IX asrning 40 yillarida kengroq hududda Qarluq davlati vujudga kelgan. Shu tarixiy voqealardan keyin bu ikki xalq tili mustaqil ravishda taraqqiy etib bordi. Chunki IX-X asrlarda Ettisuvda, Farg'onada, Movarounnahrning ayrim viloyatlarida, masalan Toxaristonda joylashgan ko'pchilik turkiy tilli aholiga qarluqlar, Mo'g'ilistonda, keyinroq (840 yildan boshlab) Sharqiy Turkistonning katta qismida, Shimoliy Xitoydagi turkiy tilli aholiga esa uyg'urlar etakchilik qilib kelganlar. Uyg'urlarning siyosiy hukumronligi o'rnatilgan hududlarda uyg'urlar tili, qarluq qoraxoniylar hududida IX-X asrlarda qarluq tili ustivorlik qilgan. Natijada ikki elat tili ya'ni uyg'ur va o'zbek elati tili vujudga kelgan.

Ko'rinib turibdiki, VIII asrning II yarmidan e'tiboran qarluq va uyg'ur xalqlari turli xil tarixiy-etnik muhitda yashaganlar va shu bois ularning tillarida bir qator o'zgarishlar sodir bo'lgan, bu o'zgarishlar tilning fonetik, morfologik va leksik tuzilishida o'z aksini topgan. Xullas, IX-X asrlardagi uyg'ur tili hamda o'zbek tiliga asos bo'lgan qarluq tili bir-biridan ancha farq qilar edi.

Ayni vaqtda, yuqorida uqtirib o'tganimizdek o'zbek va uyg'ur xalqlarining uzoq tarixiy taraqqiyotlari ya'ni ilk tarixiy taraqqiyotlari davomida har ikki etnos tili yaqinlik qaror topganligini ham, ularning tilini negizi bir ekanligini inkor etish mumkin emas. Shuning uchun eski o'zbek yozuvi tilida ko'pgina qarluq va chig'il til elementlari bo'lishi bilan birga unda birmuncha uyg'ur til elementlari ham mavjud edi. Aksariyat tadqiqotchilar o'zbek va uyg'ur tillari orasidagi bunday yaqinlikni e'tirof etadilar.

Bu xususida tilshunos olim K.K.Yudaxin ham ta'kidlab o'tgan edi. U bu haqida quyidagilarni yozadi: “O'zbek dialektologiyasi bilan shug'ullangan kishi hozirgi zamon uyg'ur tili bilan o'zbek tilining Toshkent-Farg'ona gruppasiga kiruvchi shevalarda, shuningdek, Qozog'istondagi o'zbek shevalari orasida bir-biriga katta yaqinlik borligiga e'tibor bermay o'tish mumkin emas”. Haqiqatdan ham, hozirgi o'zbek tilining Farg'ona gruppasiga kiruvchi, aniqrog'i Namangan shahar tip va Uychi, Chartoq shevalarida uyg'ur tilining elementlari — ayrim fonetik va marfologik xususiyatlari o'z aksini yaqqol namoyon qiladi.

Uyg'ur tiliga xos bunday jihatlar Namangan shevalari paydo bo'lishini, tilshunos olimlarning aksariyati uyg'ur tilining ta'siri natijasida yuzaga kelgan deb tushuntiradilar va ular uyg'ur tiliga xos xususiyatlarga ega bo'lgan ushbu shevalarni «uyg'urlashgan» yoki «umlautli» sheva deb yuritadilar.

facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort