O’zbekiston Xalq Harakati

Planeta mirshabi bilan munosabat

Planeta mirshabi bilan munosabat
21 Mayıs 2019 - 9:00 'da yuklandi va 571 marta o'qildi.

Er yuzida bitta mirshab bor. Ish shu darajaga etdiki unga qarshi turadigan bitta Zot bor xolos. Qolgan mamlakatlar uning chalgan musiqasiga o'ynab qolyapti. Er yuzidagi barcha xunrezliklar o'sha mirshabning ta'sirida bo'lyapti. Asosiy raqibi bo'lgan Qo'ng'ir ayiq yurti ham undan aziyat chekyapti. Mirshabning esa burnini tiqmagan joyi qolmadi. Dunyodagi ko'pgina terroristik tashkilotlarini ham uning o'zi moliyalashtiradi. O'zining tashqi mamlakatlardan qarzi trilliondan oshib ketsayam, bu mirshabning parvoyiga kelmaydi. Chunki, unda qurol bor. Quroldan tashqari juda kuchli xufya xizmati. Dunyo axborot kommunikatsiya tizimlarining eng ilg'or texnologiyalari ham unda. Xohlagan ishini qilib yotibdi. Sobiq SSSR parchalanganidan so'ng bu hududda urush olovini yoqishni orzu qilib yashaydi. Qanchadan qancha mablag'lar sarflab o'z maqsadiga erishishdan tap tortmaydi.

Mirshabning Markaziy razvedka Byurosining eng xufyo erto'lasidagi, o'tolmas zirhli seyfini ochib ko'ring urush olovini sochishga mo'ljallangan mamlakatlar ro'yxati tuzilgan rejalarini topasiz. Bu mirshab o'ta kuchli va makkor. O'z qadriyatlaridan boshqa hech kimning xohish irodasini pisand qilmaydi.

Bundan olti yuz yigirma yillar oldin Amir Temur bobomiz ham deyarli ularday bo'lgan. Qaysi mamlakatda dindan qaytish, zolim hukmdor borligini xufyalari unga etkazishsa o'sha mamlakatga Adolat o'rnatish uchun otlangan. Bu endi islom qadriyatlari himoyasi uchun bo'lgan deyishimiz bilan nogahon hozirgi dunyo Mirshabini tushunganday, tushundikmi, demak uni oqlaganday bo'lamiz.

Ammo, uning qadriyatlari nasroniylik qadriyatlari himoyasida bo'lyapti desak hazm qilolmaymiz. Nachora tegirmon navbati bilan ekanda.

Mirshabning Markaziy Osiyoga nisbatan bir necha bor qilgan xurujlarini ko'rib turibmiz. O'sha suiqasdlarning tagini kovlasangiz «Men» deb Mirshabning yashil rangli qog'ozi yuz ko'rsatadi.

Evropada, Mirshab yurtida bittagina noxush voqea darhol jamiyat va davlat miqyosida keng muhokama qilinadi, aybdorlar jazolanadi yoki jamoatchilik izzasiga mahkum etiladi. Bu tsivilizatsion uslub hisoblanadi. Buning sababi progressiv kuchlarning ko'pligida. Bu qozonni G'arb nasroniylari yaratdilar. Qozonning qulog'ini ham xohlagan joylaridan quyadilar.

Mirshab yurtini tizginlaydigan Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham Mirshab tomonidan moliyalashtirilganidan keyin uning boshbadoqligiga chidashga majbur. Mirshab uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari Afrika yoki Yaqin Sharq mamlakatlari kabi bir o'lja xolos.

Mirshabni tizginlaydigan Qo'ng'ir Ayiq mamlakati yoki Sariq Ajdarho davlati ham o'z yog'iga o'zi qovurilib yotibdi. Lekin, bu ikki nisbatan kuchsiz davlat ham Markaziy Osiyo davlatlari kuchayib, xalqi ularnikidan yaxshi yashab ketishiga rozi emas.

Bu uchala Yuhoning Markaziy Osiyo mamlakatlari taraqqiyotini tizginlab turishdan boshqa qiladigan ishi yo'qmi?

Yo'q! Ularning hammasi hadiksiraydilar. Chunki, tarix ularni shunday xulosa qilishga majbur qiladi.

Shuning uchun bizdagi islohotlar avj olishiga zimdan ola qaraydilar. Biz bu uch Titanning qay birining ko'nglini olaylik? Ularning ko'nglini olish qo'limizdan keladimi?

Sariq Ajdarhoning ko'nglini olish uchun tabiiy resurslarimizni unga sotishimiz, iloji bo'lsa erlar, konlarni ham sotishimiz, undan katta miqdorda qarz olishimiz kerak.

Qo'ng'ir Ayiqqa aholimiz xor va zor bo'lib uning hojatxonalarini tozalab, uning tilini, tarixini ulug'lab tursak ko'nadi, shekilli.

Mirshab. Mirshabning ko'nglini olish mushkulroq. Uning talablari juda adolatli ko'rinadi sud-huquq tizimi, OAVda ochiqlik va erkinlik. Agar bu ishni qilmasak Janubimizda uning ikkita egizak – Tolibon va IShID degan Qo'poruvchilarini ishga solishga tayyor.

Jaloliddin Rumiy Hazratlari aytganlaridek «o'zim qum zarrasi bo'lsam-da sahroning tashvishi menda»mi?
Ha, shunday. Bolalarim, nabiralarim kelajagi uchun men kuymasam kim kuyadi?

Qo'ng'ir Ayiq, Mirshab, Sariq Ajdarho shoxida yursa men bargida yurish yo'lini topishim kerak!

Buning uchun nasroniylar va butparastlar qadriyatlaridan-da kuchlm va yuksak qadriyatlarni topishimiz kerak!

Shukurkim bunday yo'l bor!

Bu barchasini kuzatib va boshqarib turgan Ash Shohiydga bog'lanish yo'li!

«Bu qo'ling bilan ham, tiling bilan ham birovga ozor berma» degan Rasuli Akram yo'li!

O'zimizni isloh qilmagunimizcha, davlatimizni isloh qilolmaymiz!

Nega Ramazon ro'zasini tutgan kishi Allohga suyukli bo'ladi?

Chunki, o'n soatmi, o'n ikki soatmi yoki o'n besh soatmi biz uchun rizq berishni zimmasiga olgan Zot bir muddat dam olgani uchun.

Biz esa amallarimiz bilan Ul Zotning g'azabini sinashga urinib yotibmiz.

O'zimiz yasagan but-sanamlarga sig'inyapmiz. Fahsh so'zlar bilan bir-birimizni haqorat qilyapmiz. Birov ekkan ekinni payhon qilyapmiz. Jaziramadan saqlash uchun ekilgan daraxtlarni kesyapmiz.

Birovlarning tushi, xayoli, fikri va to'g'ri so'zi islom dinida taqiqlansin degan joyi qaerda bor?

Tanqid uchun ta'qib bormi dinimizda?

Axir Qur'onda Rasuli Akramga aytilgan-ku, «agar sizni masxara qilishayotgan bo'lishsa, bilingki, sizdan oldingi payg'ambarlar ham masxara qilingan» deb. Bu tanqidlarga chidamli bo'lish kerakligining Qonuni emasmi, axir?

Bizning dinimizda «fol – yaxshi so'z» deyiladi.

Falonchi haqida yomon gumonda bo'lish va yomon amal qilishi mumkin degan fol bilan uning ozodligini cheklash, demakki qullikka solish qoralanadi.

Bizning dinimizdagi eng yuksak savob amal ¬¬– qulni ozod qilish.

Mirshab, Qo'ng'ir Ayiq, Sariq Ajdarholarni ham Alloh yaratgan va ularning barcha amallaridan O'ziga ma'lum.

Bizning yo'limiz Qo'ng'ir Ayiq, Sariq Ajdarho, Mirshabning ko'nglini ovlash emas (ovlab ham bo'lmaydi, chunki, bu ish cho'kayotgan kishi ikkita emas, balki uchta kemani ushlagani kabi befoyda amal) to'g'ridan to'g'ri ularni yaratgan Zotga bog'lanish.

Zero ana shu yo'lni topgan Amir Temur davlatimizni yuksak cho'qqiga ko'targandi!

Anvar Shukurov

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

 Ushbu xabarga qoldirilgan izohlar

( 1 Yorum )

  • Ural ;

    Akajon “Chunki, o'n soatmi, o'n ikki soatmi yoki o'n besh soatmi biz uchun rizq berishni zimmasiga olgan Zot bir muddat dam olgani uchun”-degan gapingizni bir o’ylab ko’ring. O’zingiz ish qildanda charchaganday Yaratganning ham charchash odati bor demoqchimisiz? «fol – yaxshi so'z» ni qanday tushunish kerak? Har holda folbinlik bu yaxshilik demoqchi emasdirsiz!

    22/05/2019 04:40
istanbul escort