O’zbekiston Xalq Harakati

Bolg'a bolg'aligini, mix mixligini qilsin

Bolg'a bolg'aligini, mix mixligini qilsin
30 Mayıs 2019 - 6:00 'da yuklandi va 644 marta o'qildi.

Islom Xolboy

BOLG'A BOLG'ALIGINI, MIX MIXLIGINI QILSIN

“Kimlar prezidentimiz virtual qabulxonasi obro'sini to'kayotganini bilasizmi?”

Bu savolning jo'n va mantiqsiz ekanligini cho'lda qo'y boqib yurgan “alifni kaltak” deydigan bir cho'pon ham yaxshi biladi.

Bunaqa narsalarga ko'zim tushganda, amakimning rahmatlik ayoli ko'z o'ngimga kelib ketadi. Zamonamiz “ziyoli”lari tabiri bilan aytganda, u “omi” va “savodsiz”, “dunyobexabar” bir qari kampir edi. Amakim vafotidan keyin ham “Ozodlik” va “Bibisi”ni tinglashni kanda etmasdi. Shu bois, butun qishloq ahli orqavoratdan uni “Bibisi momo” deya atardi.

Amakim, vafot etguniga qadar qizlarini uzatib, o'g'illarini uy-joyli qildi. Yangam amakimdan keyin ham yigirma bir yil yashadi. U amakim tirikligida hech nimadan kamchiligi bo'lmagan baxtiyor bir ayol edi. Keyingi hayoti amakimsiz mustaqillik alg'ov-dalg'ovlarida oson kechmadi. Ammo u hech qachon o'zini o'ylab, hayotdan shikoyat qilmagan. O'zi uchun u ba'zi birovlarga o'xshab, “Men 2-jahon urushi qatnashchisi, 1-guruh nogironining bevasiman”, deya na davlatdan, na boshqa birovdan bir nima ta'ma qilmagan mag'rur bir ayol edi. Amakim jamg'arib ketgan bisot unga umrining oxirigacha etib ortdi.

Ammo, u boshqalar og'zidan bankda pul yo'q ekan, yoki birovlar ish yo'qligidan bola-chaqasi bilan och-nohor o'tirgan ekan, falonchining qizi ko'chaga chiqib, buzilib ketipdimish, falonchining o'g'li Rossiyadan o'lib kelipdimish, deganga o'xshash gaplarni eshitsa: “Iloyo, Karim qasamxo'r o'lsin, yurtni oyoqosti, xalqni darbadar qildi”, deya rosmona o'tirib, tizzalariga urib, xumoridan chiqquncha prezident Karimovni qarg'ardi. Qo'shnisining ro'zg'orida kelishmovchilik chiqib qolsa, yoki bir-ikki kun tovuqlari tuxum tug'masa ham, sigiri kam sut bersa, qizlari bilan kuyovlari o'rtasida muammo tug'ulsa ham, kelinlariga o'g'illari vaqtida ust-bosh olib bera olmasa ham: “Iloyo, poshsho bo'lmasdan Karim qasamxo'r o'lsin” deya, bir sidra uni qarg'ab, yuragini to'kib olardi. Shunaqa paytlarda, Karimov televizirda ko'rinib qolsa u borho g'azabga minardi. “Yo'qotinglar shu yolg'onchi qasamxo'r kuchukni, rangini el esin! Qizarmay-bo'zarmay, kiprik qoqmay yolg'onlarni o'tlaydi!” deya nevaralariga televizirni o'chirtirardi. Prezidentni yozg'irganda har ikki og'iz so'ziga “qasamxo'r va yolg'onchi” kalimalarini ilova qilmasa, ko'ngli joyiga tushmasdi. To jahlidan tushguncha ham: “Saning olovingga yonsa ham, hamma yomon, yolg'on gapirishdan boshqasini bilmasang ham, san qasamxo'r yaxshisan. San odamlarga tegmasang, odamlar sanga tashlanib, kuchuk emas. Yolg'on gapirguncha, odamlarga ish topib, ber. Hamma balo bekorchilikdan kelib chiqadi. Hammasiga san aybdorsan. San o'lmading, xalq tinmadi, yolg'onchi, qasamxo'r!” deya uni go'rdan olib go'rga tiqardi. Ammo, hech kim; “bu ishlarga Karimovning nima daxli” bor, u Toshkentda bo'lsa, barcha ko'rguliklarni hokim bilan uning atrofidagilar o'ylab topyapti. Karimov yaxshi, uning atrofidagilar yomon” deya unga qarshi chiqmasdi. Chunki, oddiy qishloq odamlari butun O'zbekistondagi katta-kichik muammolarni bartaraf qilish prezident zimmasida ekanligini yaxshi bilardi. Omma nazdida har qanaqa muammoning echimi, birinchi rahbarning bevosita yo'lboshchiligida o'z echimini topishi zarur edi. Barobarida, muammolarning bosh sababchisi prezident Karimovning shaxsan o'zi ekanligi ham hammaga ma'lum edi.

O'zbekistonning uzoq va chekka bir qishlog'idagi kampir sigiri sutining kamayganini yoki tovuqlar tuxum tug'may qo'yganini, qo'ying-ki, ijtimoiy hayotdagi butun muammolar sababini davlat tepasida o'tirgan birinchi rahbardan ko'rayotgan bir mamlakatda, o'zlarini “ilg'or” va “jamiyatning oldi” deb hisoblayotgan ziyolilarimiz, ikki o'rtada o'rtachilik qilman, deya: “Kimlar prezidentimiz virtual qabulxonasi obro'sini to'kayotganini bilasizmi?” deb tursa, bu savolga qanday javob bergan bo'lardingiz? Siz uchun bu ikki sababning qay biri mantiqli bo'lib ko'rinyapti?

Prezident burni ostida nimalar sodir bo'layotganidan bexabar bo'lsa, u qanday qilib uzoq viloyatdagi tuman va qishloqlarni adolat bilan boshqara oladi?! Aslida, bu iddao bilan prezidentning hech nimaga yaramasligi ochib berilayotgani yo'qmi? “Prezidentga yordamchi” bo'lishni istayotganlar, uni xalq nazarida notovon, o'z ishini idora etishga qurbi etmaydigan bir kimsaga aylantirib qo'yayotganlari yo'qmi?!

Boring-ki, bu ishlarga prezidentning aloqasi yo'q ekan, nima uchun u qishloqma-qishloq yurib, fuqarolarga: “Tovuq, boqing! Tovuq etti xazinaning biri” deya tashviq yurityapdi. Yoki bir tovuqqa ham don, ham suv deganlariday, quruq tashviq bilan ish bitmasligini u oldindan bilmasmidi? Pirovardida bu ish, “Holva degan bilan og'iz chuchimaydi” deganday bo'lib chiqyapdi. Chunki, istalgan narsalar do'konlarda uyg'un baholarda etarli bo'lsa, va odamlarning cho'ntagida muhim deb topilgan narsalarni sotib olishga pul topilsa, ular nimalarni boqib, nimalarni etishtirishlarini prezidentdan ko'ra yaxshiroq biladilar. Ularga qonunlardagi haq-huqulari himoya qilinib, amalga oshirayotgan ishlariga hukumatdagilar noqonuniy aralashmasa, bas. Ular O'zbekistonimizni qisqa muddatlarda bog'-bo'stonga aylantiradilar. Bu haqiqat, bu bor gap. Buni prezident ham yaxshi biladi…

“Mazlumning bir ohi podshohni yiqitadi”. Xo'p, shunday ekan, xalq qonini ichgan, butun xalqni er yuziga sochib tashlagan I.Karimovni 27 yil mobaynida miliyonlagan beva-bechoralar va otalari qamoqlarda chirigan etim-esirlarning bir daqiqa tinmagan oh-vohlari, nima uchun yiqitmadi?! Ustiga ustak: “Prezidentimizga dastak bo'lishimiz kerak”, deya uni jabrdiyda ko'rsatishga, barcha ko'rguliklarni u emas, atrofidagilar amalga oshirayotganday qilib ko'rsatishga harakat qilib keldik. “Mazlumning bir ohi podshohni yiqitadi” degan gapimizga “Prezidentimizga dastak bo'lishimiz kerak” degan gapimizning naqadar zid ekanligi bilib aytyapmizmi, yoki bilmasdan shunchaki og'zimizga kelganini gapmish deb, gapirib yubordikmi?!

 Prezidentga, xalq bizning qomusiy haq-huquqlarimizni va mamlakat xavfsizligini qo'riqla, deya, butun kuch ishlatar va xavfsizlik tizimlarini ushlatib qo'ygan bo'lsa, bor boyliklar uning qo'li bilan tasarruf qilinayotgan bo'lsa, bundan ortiq yana qanaqa yordam kerak? Butun vakolatlar uning qo'liga tutqazib qo'yilganda ham u o'zining atrofidagilardan xalqni qo'riqlay olmayotgan bo'lsa, haq-huquqlari poymol qilingan, oila tebrataman deya butun dunyoga tariqday tirqirab sochilib ketgan, milisasi bilan prakuro'ri boshida surunkali shamshir yalang'ochlab turgan, DXXsi tuhmat bilan boshiga balolar yog'dirayotgan bir xalq, uni qanday qo'riqlasin?!

Menimcha, prezidentga yumshoq supurgularcha pand-nasihat qilishni to'xtatish kerak. Kim kim tomonida turishidan qat'iy nazar, borini boricha adolat bilan ifoda etish foydali bo'ladi. U, sizu biz biladigan narsalarni sizu bizdan ko'ra yuz ming marta yaxshi biladi. Muammoni bartaraf etish yo'llari ham uning panjalari ostida. U xohlasa, sizu bizga yillar bo'yi tinchlik bermayotgan muammolarni tugmalarni bosib, besh daqiqada hal qila oladi.

U fuqarolar haq-huquqlari va qomusimiz kafolati! Xalq unga mana shu zimmasidagi vazifalarni mas'uliyat bilan ado etish uchun ovoz bergan. Biz, undan haq-huquqlarimiz himoyasini talab qilaylik! Qonunlarning to'laqonli ishlashini va mamlakat tinchligini, taraqqiyotga erishish yo'llarini ochishni va ishsizlikni bartaraf etishni so'raylik! Allamoyi zamon bo'lib, o'zimizni jabrdiyda ko'rsatib, prezidentni burchini bajarishdan chalg'itmaylik! Barobarida, xalqning nazarini keraksiz yoqlarga yo'naltirib, xalqimiz kelajagiga o'z qo'llarimiz bilan chox qazmaylik!

Prezidentga “yordamchi” bo'lishni istayotganlarning xavflilik darajasi, prezidentning xohish-istagiga zimdan qarshilik ko'rsatayotganlarning xavflilik darajasidan juda yuqori!

Karimovni “yalab-yulqab”, sharmandayu sharmisor qilib qora go'rga tiqqanimiz kabi, bunisini ham maqtab-maqtab, oyog'ini erdan uzib…

Prezident zimmasidagi vazifasini halol-pokiza ado etishi uchun, avvalo biz zimmamizdagi vazifamizni halol-pokiza ado etishimiz lozim bo'ladi..

Bolg'a bolg'aligini qilsa, mix-mixligini qiladi. Bolg'a mustahkam va sog'lom bo'lmasa, mix biqin berib qing'irlik qila boshlaydi. Mix bilganini qilishga urinsa, mustahkam va sog'lom bolg'a uni bir-ikki bora to'g'irlab, keyin qoqishga urinadi. Mix ketini ha deb o'ynataversa, bolg'ani ushlab turgan qo'l, “o'yinchi” mixni chiqindiga otib yuboradi, va boshqasini oladi.

Mixning va bolg'aning kimligi aniq. Bolg'ani ushlab turgan qo'l kim unda, dersiz. Bolg'ani ushlab turgan qo'l, Allohning xohish-irodasi. Bolg'a bolg'aning fe'lini namoyon qilolmasa, uni qo'l hech qachon qo'llab-quvvatlamaydi. Eng muhim nuqta, mana shu erda. Hammasi mana shu erdan boshlanadi…

Mamlakat xalq va rahbar o'rtasida murosa va madora yo'li bilan boshqarilishi lozim. Bir tomon o'z ishini yaxshi bilmasa, mamlakatning ahvoliga voy! Ikki tomon ham ishini yaxshi bilmagan taqdirda, mamlakat yiqiladi va xalq dengiz to'fonlariga bardosh bera olmagan kema singari millat o'laroq zamonaning beomon dolg'alanishlari tufayli tarix sahnasidan joy oladi!

Taassuflar bo'lsin-ki, bizda har ikki tomonda ham etarlicha nuqsonlar bor!

Biz bir musht, bir tan-bir jon bo'lib, mana shu nuqsonlarni bartaraf etmas ekanmiz, bizni nuqsonlar bartaraf etadi. Bu ishni yolg'on-yashriqlar va havolanishlar bilan, yaltoqlanish va paxta qo'yish bilan hech qachon amalga oshirib bo'lmaydi.

facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

 Ushbu xabarga qoldirilgan izohlar

( 1 Yorum )

  • Ural ;

    Juda to’g’i fikrlar! Hech bo’lmasa Prezidentga paxta qo’yayotgan amaldorlar o’zining shaxsidan qo’ysa ham mayli edi, ular xalq paxtasidan olib ishlatishayapti. Shuning uchun ham bu paxta qo’yuvchilarning niyati buzuq, ular O’zbek xalqi dushmanlaridir.

    31/05/2019 03:16
istanbul escort