O’zbekiston Xalq Harakati

O'zbek ijodkor erkagi to'ldirolmaydigan g'or

O'zbek ijodkor erkagi to'ldirolmaydigan g'or
09 Haziran 2019 - 7:00 'da yuklandi va 597 marta o'qildi.

19. Zamondoshlarimga maddohlikdan voz kechganim haqida
(o'zbek ijodkor erkagi to'ldirolmaydigan g'or)

Ijod kishisini boshqalardan ko'ra kattaroq parvoz qilishi uchun ma'lum shart-sharoit bo'lishi kerak.

Imom Buxoriy, Al Xorazmiy, Al Beruniy, Ibn Sino, Alisher Navoiyning uylanganligi haqida tarix jim. Ular ilm cho'qqisiga chiqqanligining sababi ham shudir balkim.

Rivoyatda kelishicha Imom al Buxoriy hayoti davomida bir voqeadan so'ng pulni qo'lida qaytib ushlamagan ekanlar. Voqea esa shunday:

Ismoil Al Buxoriy hadis yig'ish maqsadida dengiz uzra suzishga to'g'ri keladi. Homiylar safar xarajatlari uchun u kishiga besh ming dirham pul berar ekan. Kemada bir kishi bilan hamsuhbat bo'lib qolarkan. Suhbat asnosida Al Buxoriy yonida 5000 dirham puli borligini sherigiga aytib qo'yarkan. Kazzob sherik kema qo'mondoni tarafga yuzlanib baqirar va «mening besh ming dirhamimni mana bu yigit olib qo'ydi» derkan. Al Buxoriy esa aqcha to'la tugunchani kemadan uloqtirib yuborar ekan.

Odamning qorni yarimta non-u, bir kosa sho'rvaga to'yadi. Rasuli Akram «agar uyingizda bir kunlik egulik ozuqangiz bo'lib, oilangiz tinch bo'lsa, siz baxtlisiz» degan ekanlar.

Bir vaqtlar dunyo tamaddunini islom bayrog'i ostida boshqargan xalqning mag'rur ajdodlarning elkasi qisiq avlodlari 19-20-asrga kelib kundalik ozuqa va tan hirsiga mukkasidan ketib boshqalarga qaram bo'lganidan keyin, ularning farzandlari oshqozon g'ami-yu, to'y-hasham zavqi bilan yashashga ko'nikib qoldi.
Butun boshli davrni kuylagan buyuk shoirimiz haq edilar:

Men erkak o'rnida turishim kerak,
Yo xotin izmiga yurishim kerak.
Xotinning, to'y, lozim omadasi ko'p,
Ha, desa labbay, deb turishim kerak.
Ha, desa labbay, deb turishim uchun,
Uyimda pul zavod qurishim kerak.
Uyimda pul zavod qura olmasam,
Eng katta bankani urishim kerak.
Eng katta banka ham qo'ldan kelmasa,
Ha, desa shalvirab turishim kerak.
Shalvirab turuvchi erkak bo'lgandan
Yo'q bo'lib dunyodan, qurishim kerak.
Dunyodan yo'q bo'lib ketmaslik uchun
Men erkak o'rnida turishim kerak.
Ya'ni erkaklarning ishini qilib,
Mazza qilib shaxmat surishim kerak.

Erkin Vohidov

Shalvirab turgan erkakdan ko'ra oilam deya ishlashim kerak. Sovet va keyingi Mustaqillikning 25 yilida ishxona bergan maosh bilan oila tebratish mushkul ish edi.

Juda iste'dodli, borgan joyida baraka yog'iladigan o'zbek ziyolisi esa bir stavka emas, hatto yarim stavka ishgayam rozi:

ISh BERUVChILAR UChUN ARIZA

Mening ismi sharifim –Yoqubov Dadaxon
Tug'ilgan sana 20.04.1954
Ma'lumotim Oliy –ToshDU, Jurnalistika, Toshkent madaniyat texnikumi, muz-xor mutaxassisi.

Hozirgi ahvolim pensioner ( kam pensiya olaman, ishxonamda Xalqaro tashkilot raisi edim, xujjatlarim yo'qotilganligi tufayli 17 yillik raislik ish stajim xisobga olinmagan).

Ilmiy unvonim yo'q. Ammo Dizayn tarixi va nazariyasidan doktorlik dissertatsiyasini yozib qo'yganman. (O'zbekistonda bunday fan qabul qilinmagan, dunyo mamlakatlari bu sohada yarim asr oldinda).
Faxiy unvonim – O'zbekiston san'at arbobi.

Hukumat mukofotim – Mehnat shuhrati ordeni, Tojikiston Respublikasi Oliy Kengashining Fahriy yorlig'i, boshqa medallar.

O'zbek va rus tillarini yaxshi bilaman.

Endi qo'limdan keladigan ishlarni taklif etaman.

1. Bog'bonlik (uyimizdagi mevalar misolida), Paxtakorlik (paxta tarishda doimo birinchi o'rinni olganman, tedevidenieda ishlagan xamkasblarim bunga guvoh bo'lishadi), qorovullik, farroshlik, turli mayda-chuyda ishlarni bajarish (Telemarkaz qurilishida komsomol brigadasiga bosh edim), kafelchi-mutaxassis, guvala quyish, sholi o'tash, mol boqish, umuman madikorlik (madikor bozoriga chiqib turar edim, o'ra kavlash mutaxassisi sifatida) sohada tajribam bor.

2. Uy xo'jalik ishlari bo'yicha mutaxassis– uy ko'tarish, idish tovoq yuvish, supirish, ba'zi taomlarni pishirish, dasturxon bezash, to'yda korandalik qilish, choy qaynatish, o'tin tayyorlash, yig'ishtirish. Faqat bola boqishga no'noqman. Ammo yangi ertak va topishmoqlar to'qib aytib berishga ustaman. Bu ertaklar chop etilishi uchun bir necha yillar mablag' ishlab topsam, keyin Cho'lpon nashriyotiga va Yozuvchilar uyushmasiga boraman.

3. Durodgorlikdan bir oz habarim bor. Rasmlarga romka yasay olaman. Fotosuratchilik bilan shug'ullanaman. Oddiy bir narsa tasviridan san'at asari yaratishim mumkin.

4. Savdo ishlariga yaramayman. Ko'p aldanganman.

5. Sovchilik, quda andachilik masalalarida ham ko'p adashganman. Hisobli do'stlar, mo'g'ombir ayollar ko'p aldashgan.

6. Rahbar lavozimlarida ishlay olmayman, chunki kadr tanlashni yaxshi bilmayman. Men bosh bo'lgan idorada pashsha xaydovchilarni ishga olib, topganimni ularga edirib, oxiri o'zim ishsiz, mablag'siz qoldim. Ular xatto katta miqdordagi pensiyani olib, boshlig'imiz, qashshoqlikdan och qolsa ham, hanuz o'lmabdi-ya, deb yurishibdi.

7. Bolalaringizga barcha fanlardan, husnixat, insho, rus tili, notiqlik san'ati, she'r yozish, rasm chizish, musiqa cholish kabi sohalarni o'rgatishim mumkin. Ba'zan qo'shiq aytishni ham o'rgatib turaman. Yosh muxbirlar to'garagini tashkil etishim mumkin.

8. Ommvaviy axborot vositalarining barcha turlarida, jumladan raqamli jurnalistikada ham, nashriyot, reklama agentliklari, televidenie, kino, internet nashrlarida ishlay olaman. Texnologiyalardan foydalanishni bilaman. Bir o'zim ko'rsatuv olib boruvchi suhandon, rejissyor, muxbir, tasvirchi, tashkilotchi, prodyusser vazifalarini bajarishim mumkin.

9. Doktorlik dissertatsiyasi yozuvchilar uchun matnlarini mukammallashtirib beraman.

10. Pedagogik faoliyatdan tajribam bor. Jurnalistika janrlari, Dizayn tarixi va nazariyasi fanidan Oliy o'quv yurtlarida dars berishim mumkin. Darsliklar va risolalar yozganman.

11. Bir nechta kitoblarim chop etilgan. Yozuvchi sifatida uchta romanim nashriyot qidirmoqda. She'riy mashqlarimni 50 yil to'plaganman. Internetda o'z muxlislariga egaman.

12. Davlat idoralarida ham mutaxassis sifatida ishlashim mumkin. Tajribalarim bor. Hatto o'z izini qoldirgan loyihalarimdan biri “Navro'z” bayrami va marafoni hisoblanadi.

Hurmatli ish beruvchi janoblar!

Menga yarim stavka ish bersangiz, bajonidil ishlar edim. Meni universal mutaxassis sifatida ishlatishingiz mumkin.

Kamchiliklarim ham bor. Ko'p g'oyalarni tiqishtiraverganim, ixtiro va kashfiyotlarni taklif etaverishim ko'pchilikka yoqmasligi mumkin. Mendan aslo cho'chimanglar. Rahbarlarimni hurmat qilganman. Aslo ularning ortidan yomonlamaganman. Bir kun tuz bergan joyga ming kun salom, degan xalqimiz maqoli, mening fazilatimdan joy olgan.

Dadaxon akaning muxlislari va shogirdlari bu hazil-mutoyibaga yo'g'rilgan arznomani xafachilik bilan qabul qilib, u kishidan bu nolani internetdan olib tashlashni so'radilar.

Muxlislar va shogirdlar uchun Dadaxon aka o'sha – o'sha kulib yuradigan, hayot tashvishlaridan yiroq, doim g'olib, hayot quvonchlari bilan hamdam siymoda qolishi kerak edi.

Iste'dodli o'zbek aktyori, kinorejyossyori Isamat Ergashevning hayoti ham bunga yorqin misol. Isamat aka Abdulla Qodiriyning «Mehrobdan chayon» nomli romani asosida suratga olingan Anvar rolini qoyilmaqom qilib ijro etganidan so'ng, u kishi yashaydigan kolxozning raisi «bundan buyog'iga salbiy rol' o'ynamaslik» sharti bilan umrining oxirigacha kolxoz g'aznasidan oylik maosh belgilab beradi. Isamat aka noiloj bu shartga ko'nadi va rol' o'ynashni tark etadi. Ammo, aktyorlik kar'erasidan voz kechishga majbur bo'ladi. Ahdiga sodiq qolgan I.Ergashev salbiy rol' o'ynamadi, ammo, homiy – kolxo'z yo'q bo'lib ketdi.

Yana bir iste'dodimiz, tom ma'noda odamiylik mujassam, jasur shaxs va ijodkor, ustoz Tohir Malik edilar. U kishining «Shaytanat» qissalari to'plami qanday shov-shuv bo'lib o'qilgani ko'pchilikning yodida bor. Ammo, o'sha kitoblardan olgan gonorari o'rtacha qiymatdagi bitta kostyum shimga etgan bo'lsa, bordir.

Ustoz, jannat eshiklari lang ochilgan Ramazon oyida bizni tark etdilar. Tohir Malik xotirasiga bag'ishlab tijorat kanallaridan birida ko'rsatuv bo'lyapti. Studiyaga kelgan ayol, xotirlash uchun fotiha ma'rakasida ishtirok etish uchun uylariga borib, yashayotgan uylari o'ta kamtar ekanligini ko'rib hayron qolganini so'zladi. Bu gapdan boshlovchi ham entikib «yozuvchilarning qay biri boy bo'lganini ko'ruvdingiz?»-deb yubordi.

Stalinizmdan boshlangan yozuvchi-shoirlarning maddohlik professiyasi ish boshlagan paytda proletar yozuvchilari Aleksey Tolstoy va Mksim Gor'kiylar millionerlar bo'lishgani fakt. Bu estafetani qabul qilgan o'zbek maddoh yozuvchi-shoirlari ham sovet zamonida yomon yashamaganlar. Ularning abjirlari maddohlikning yoniga o'z millatiga xoinlik va dushmanlikni ham qo'shib olib borganlar. Afsus!

Haqiqiy ijod ahli birovdan tilanmaydi. Chunki, bu iste'dodning o'ldi degani.

O'zbek xotirasining eng maxfiy temir qutisida saqlanayotgan sezgisiga ko'ra, o'zbek nolishni ham, noliganni ham yomon ko'radi.

Nega noliysan desa, bu nolish emas, bu isyon deya yangi o'lchamlarni taklif qiladi.

Iste'doli shoir va tarjimon Abduhamid Pardaev yozadi:

(H) IS-YoN!

Ozodlik. Bu so'zning mazmun-mohiyatini unutdim.
Anchadan buyon tushimga ham kirmaydi.
Bir inim, bir maslakdoshim, bir hamkasbim – hibsda.
Ho'rlangan, haqoratlangan, haq-huquqsiz jabrdiyda mahbusman, mahbus.
O'z soyamdan ham qo'rqaman.
Bu qora ko'lanka daf'atan dahshatli qora kuchga aylanib, zindon qa'riga sudrab ketishi hech gap emas.
O'z vatanimda bevatan musofirman.
Mening baxtim deb o'z baxtini qurbon qilgan baxtsiz erksevar yurtdoshim bilan musofirlik oshini ichib sochu soqolim oqardi.
Haq-huquqsiz bir qulman.
Bir burda non, bir kosa osh topish ilinjida begona yurtlarda meni nazar pisand qilmaydigan, itday tepib ishlatadigan shafqatsiz g'ayridinlar qo'lida qora terga botib ishlashga majburman.
Tilsiz-zabonsiz gungu soqovman.
Binobarin, xiyonatkorlarning yuziga xiyonatkorsan, sotqinlarning yuziga sotqinsan, vatanfurushga vatanfurushsan, vatan xoinlariga vatan xoinisan deb ayta olmayman. O'g'riboshini, To'g'riboshi deya jar solishlariga e'tiroz bildira olmayman.
Quvvatim yo'q, qo'lim qisqa.
Dardmandning dardiga davo bo'lish, bir qultum toza havoga zor mahbusga bir qultum toza havo baxsh etishga ojizman.
So'qir, ko'r, basirman! Haqsizliklar, adolatsizliklar, o'g'irliklar, qallobliklar, va'dabozliklar, lo'ttibozliklar, shafqatsizliklarni ko'rib ko'rmaganga olishga majburman. Binobarin, Xudo menga ikki ko'zni nima uchun berganiga tushuna olmay garangman.
Men odam-podam emasman. Olomon ichidagi bir omi ojizman, xolos.
Tosh asrida, muzliklar davrida muzlab qolgan, Xudo qarg'agan zamin zindonidaman. Qanotim bo'lsa, issiq o'lkalarga allaqachon uchib ketardim.
Jannatu do'zax afsonaviy manzilu makonlar emas, jahonda mavjudligiga guvoh bo'ldim. Zaminning bir tomonida kun, bir tomonida qora tun hukmron bo'lganday bir tomonida jannat bog'lariyu bir tomonida jahannam otashgohlari!
Menga Rahmonni bor dedilar, biroq hali hanuz o'ngimda ham, tushimda ham chor atrofimda faqat shaytonlaru shaytonvachchalar o'laksaxo'r qora quzg'unlarday charx uradi.
Muhabbat sarobiga aldanavergach, shahvat axlatxonasida hirsu nafsimni qondirdim.
Minglab nabiylar o'z dinlarini, daholar o'z ta'limotlarini, hukmdorlar o'z tuzumlarini majburlab tiqishtiravergach, qaysi birini tanlashni bilmay tamomila yo'ldan adashdim, ustiga-ustiga butunlay aqldan ozdim.
O'ng elkamdagi Farishta, chap elkamdagi Iblis bilan jang qilaverib, jonimdan to'ydirdi, xonumonimni kuydirdi!
Na jismu jonimda, hatto a'zoyi badanimda biron sog' joy qolmaganday. Juvonmarg umidlarim, ushalmagan orzularim, adoyi tamom bo'lgan salomatligim, toptalgan oru nomusim, bo'g'izlangan iste'dodim, boy berilgan umrim xunini qaysi mard to'laydi?!
Idrokim – karaxt, qulog'im – kar, ko'zlarim – ko'r, tilim – soqov, qalbim – so'qir, yuragim – tosh, ko'nglim – vayron, jigar-bag'rim – qon, irodam – falaj, qo'limda – kishan, oyog'imda – tushov!
Padarim – jonimni oldi; modarim – kafanimni bichdi; yostiqdoshim – g'assolim bo'ldi; qizlarim – go'yandalik qildi; o'g'illarim – qabr qazib, lahadga joyladi; birodarlarim – qabrimga tuproq tortdi!
Bir umr axtarib topmaganlarimni allaqanday hisob kunida topishimga nima uchun ishonishim kerak!

Abduhamid aka!

Ishoning har qanday qiyinchilikdan keyin engillik bo'ladi. Bu dunyoni yaratgan Zotdan o'zga hech kim har qanday yaxshilikka, har doim yaxshilik bilan javob bera olmaydi!

Bir so'z bilan aytganda tepa va pastki nafsiga berilmagan o'zbek ziyolisining hozirgi kundagi iqtisodiy ahvoli MISKIN atamasida mujassam. Ya'ni, o'zi muhtoj bo'lsa-da birovdan so'rolmaydi. Osh-qorin g'amidagilarning qorni ochlar bilan ishi yo'q!

Bu og'ir yo'ldan chiqib ketishning iloji bormi?

Bor!

Ammo, buning uchun ijodiy ishlash kerak!

Hozirgi kunda eng dolzarb ish o'zbek xalqining tarixiy xotirasini tiklash, uning qaddini ko'tarish!

Feysbuk sahifalarida jonkuyar tarixchi iste'dodlarning bir qanchasini uchratish mumkin. Misol uchun bittagina Shohistaxon O'ljaeva butun boshli tarix instituti qilayotgan ishni bepul bajarib yotibdi. Bunday tarixchilar safiga bemalol Erkin Musurmonov, Latofat Abduraimovalarni ham qo'shish mumkin. Tarixiy mavzularda qalam tebratayotgan Baxtiyor Abdug'afur ham shu jumlada.

Vazifa nimadan iborat?

Tarixchilarimiz va yozuvchilarimizning asarlarini sanoatlashtirishimiz kerak!

O'zbek millati tarixi, uning mohir sarkardalari, davlat arboblari uchun 300 millionlik turk olami mavjud! Menimcha, turk qardoshlarimiz o'rtasida Baxtiyor Abdug'afurning Jaloliddin Manguberdi asari yaxshigina shov-shuv (daromad ham) keltirishi mumkin. Shohistaxon O'ljaevaning Amir Temur haqidagi asarlariga asosan, hujjatli va badiiy fil'mlarni bemalol yaratish mumkin.

O'zbek diniy ulamolari tarixi va hayotini aks ettiruvchi va unga mushtoq 1,5 milliardlik musulmon olami bor! Yaqinda Imom Termiziy haqida fil'm yaratishibdi. Bitta kadr mening ensamni qotirdi. Yosh imom Termiziy bitta nonni ariqqa oqizib, uni ushlolmay orqasidan quvib ketdi. Ariq suvi xuddi hozirgi kanal suvlari kabi tez oqdi yoki yosh Termiziy landavurligi tufayli uni ushlay olmadi. Landovur, soddadilligiga roziman. Ammo, keyingi kadr bo'lajak olim uyiga kelgan mehmonning xurjunidan kitobni o'g'irlab oldi!!!??? Bunisi bilan umuman kelisholmadim. Dunyoni lol qilgan ajdodimiz haqida fil'm yaratish uchun dunyoni lol qiladigan did kerak emasmi? Bo'lgan-bo'lmagan voqealarni kimdir yozgan bo'lsa, ko'r-ko'rona kadrga olaverish kerakmi?

Imom Buxoriy, Motrudiy, Marg'inoniylar kabi ulamolar haqida so'ylash uchun yuksak did zarur bo'ladi. Bunday didli odamlar hozirgi kunda Ijtimoiy tarmoqlarda bor.

O'zbek adabiyoti hali dunyo miqyosiga chiqqani yo'q! Ammo, asarlar bor. Bu asarlarni dunyoga olib chiqish kerak.

O'tgan asrning 80-yillarida Gabriel' Garsiya Markes etakchiligidagi Lotin Amerikasi yozuvchilari qilgan ishni biz ham qilishimiz kerak. Bu chidamli xalqning fazilatlarini hali dunyo bilmaydi.

Buning uchun haqiqiy vatanparvar, xalqparvar homiylar birlashib 3D formatdagi multfil'm studiyasini ochish kerak. Bu soha dunyoda yaxshi taraqqiy topdi. Bitta o'tkir syujetli mul'tfil'm milliardlab dollar daromad keltiryapti!

Inglizlardan o'rganaylik bittagina Garri Poter asarini sahnalashtirish evaziga milliardlab dollar Angliya iqtisodi foyda ko'rgan bo'lsa, asar muallifining kitobi 500 mln. nusxaga etib bordi. Muallif esa shaxsiy jamg'armasiga bir necha milliard dollar ishlab oldi.

Ishni bir boshlab olaylik!

Davlat g'aznasiga ko'z tikib turmasdan ishga toza qalb, toza qo'llar, mehrli vijdon bilan yondashib ijodiy ishlaylik.

Buning uchun ijodiy, iqtisodiy, har taraflama manfaatli ushbu loyihani menimcha, hozirgi kundagi eng to'g'ri echim.

Bu gaplar 2019 yilda aytilyapti. Men so'zlamoqchi bo'lgan qissa yakuniga etay deb qoldi. Menda bu loyihalar 2011 yilda yo'q edi. Shuning uchun o'zimning o'sha paytdagi moliyaviy ahvolimni o'nglashning yagona yo'li I.Karimovga maddohlik deb o'ylab, unga maddohlik qilgandim va dakki eb bundan buyog'iga maddohlik qilmayman deya Allohga va'da bergandim!

Davomi bor

Anvar Shukurov

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort