O’zbekiston Xalq Harakati

O'zligimizni anglab ish tutaylik

O'zligimizni anglab ish tutaylik
10 Haziran 2019 - 9:00 'da yuklandi va 552 marta o'qildi.

O'ZLIGIMIZNI ANGLAB ISh TUTAYLIK

Ishdan, yumushdan horib uyga qaytamizu darhol imkon topib televizor qarshisiga oshiqamiz. Dunyoda ro'y berayotgan yangiliklardan, voqea-hodisalardan xabardor bo'lishga qiziqamiz. Bu borada televideniedagi turli ko'ngilochar dasturlar, mazmun-mohiyati bilan o'ziga rom etuvchi turli tahliliy-tanqidiy ko'rsatuvlar bizga hamroh bo'ladi.

Ammo ba'zida namoyish etilayotgan reklama roliklari va xorijiy teleseriallardagi ayrim lavhalar beixtiyor meni o'yga toldiradi. Balki sizni ham…

Masalan, ba'zi bir xorijiy teleseriallarni kuzatar ekanmiz, erta tongda xizmatkorning boshlig'i yotoqxonasida qo'lida qahva tutgancha turganiga guvoh bo'lamiz. Hali yuz-qo'lini yuvmay turib, nahot-ki to'shakda qahva ichsa degan savol men kabi sizning ham dilingizdan o'tsa ajab emas. Balki chet elda shundaydir. Bu hol ular uchun odatiydir, deb o'zimni yupatmoqchi bo'laman.

Biz esa odatda erta tongda turib, joyni yig'ishtirib, yuz-qo'limizni yuvib keyin dasturxon atrofiga yig'ilamiz. Qachon-ki, to'shakka mixlanib qolganimizdagina dori-darmonni yotgan holda ichishimiz mumkin.

Odatda qizlar chiroyli kiyinishga, o'ziga oro berib yurishga harakat qilishadi. Hatto-ki, oziq-ovqatdan tejab bo'lsa ham zamonaviy libos olishadi. Imkoni boricha seriallarda namoyish etilayotgan kiyim-kechaklarni xarid qilishga va zamonaviy bo'lishga intilishadi. “Podadan qolsang ham modadan qolma” qabilida ish tutib, tor, beli ochiq, yarim yalang'och holda kiyinishadi. Axir biz Islom dunyosining vakillarimiz-ku! Bu uslub bizning mentalitetimizga to'g'ri kelmasligini nahot anglab etmaymiz. Musulmonchilikda ham bunday kiyinish qoralanganligi haqida nahot o'ylab ko'rmaymiz?! Tor tanqis kiyim kiyish sog'liq uchun ham salbiy ta'sir ko'rsatishi haqida hatto bosh qotirib ko'rmaymiz.

Endi yigitlarimizning modasiga e'tibor qaratsak, kalta shorti, ustida jimjimador allambalo gulli futbolka, soch-soqoli esa bir qarich. Balki yigitlar bu ko'rinishni zamonaviy “stil'” deb baholashar. Ehtimol, reklama roliklaridagi yoki turkiya seriallaridagi qahramonlarga taqlid qilishar. Yoki “ommaviy madaniyat”ning ko'rinishimikin?!

Lekin qadimda bizning ota-bobolarimiz nabirali bo'lgach, yoshlariga qarab soqol qo'yishgan. Soqol-mo'ylov qo'yishning ham o'ziga xos tartib-qoidalari bo'lgan. Hozir oramizda yosh yigitlarning soqol qo'yganini ko'rib, beixtiyor o'yga tolasan, kishi. Kiyinish madaniyatini, yigit va qizlarning xatti-harakatlarini ko'rib, bu ana o'sha reklama roliklari-yu seriallardagi lavhalarning salbiy ta'siri degan xayolga boraman.

Fikr-mulohazalarimning so'nggida aytmoqchi bo'lganim, ota-bobolarimizning pand-nasihatlaridan to'g'ri xulosa chiqarsak, ma'naviy qadriyatlarimizni hurmat qilsak, oilalarimizning muqaddas ekanligini his etsak, bunday axloqsizliklarni madaniyat deya qabul qilmasak, yoshlarimizning tarbiyasiga xavf solayotgan turli xurujlarga qarshi kurashsakkina, biz o'zligimizni anglab etgan bo'larmidik…

Ma'rufa SOLIEVA

facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort