O’zbekiston Xalq Harakati

Haqiqatning oxirgi manzili

Haqiqatning oxirgi manzili
14 Haziran 2019 - 9:39 'da yuklandi va 639 marta o'qildi.

20. Zamondoshlarimga maddohlikdan voz kechganim haqida
(haqiqatning oxirgi manzili)

Yaqin yigirma yillik tariximizda qayd etilgan tabiiy ofatdan odamlarning nobud bo'lishi bo'yicha eng dahshatlisi 2004 yil 26 dekabr' kunida Hind okeanida bo'lib o'tgan er silkinishi va tsunami bo'lsa kerak. Yana bilmadim.

Statistik ma'lumotlarga ko'ra o'sha kuni bitta Indoneziyaning o'zidan 131.000 kishi halok bo'lgan. Shri Lankadan 35.000 kishi, Hindistondan 12.000 kishi, Tpilanddan 5.000 kishi hayotdan ko'z yumgan. Ushbu er osti silkinishini magnitudasi 9,2 ball bo'lgan ekan. Bu er silkinishidan Avstraliya, Somali, Mal'div, Madagaskar orollari, AQShdagi Oklaxoma shtati ham zarar ko'rganmish.

Nobud bo'lganlar soni ancha ko'p bo'lganiga shubha yo'q. Bemalol 300.000 kishi deyish ham mumkin ekan. Eng qizig'i bu ofat ro'y bergan joylarning deyarli barchasi butun dunyo sayyohlik sihatgohlari joylashgan hududlar bo'lgan deyishadi.

Bu tabiiy ofat nimadan paydo bo'ldi?

Savolni qarang «tabiiy ofat»?

Ofatlarning turiyam ko'p-da. Cho'lda chang-to'polon, bo'ron; Tog'da lava, qor ko'chkisi, loy ko'chishi, suvda to'fon. Shaharlarda zilzila. Ofatning kelib chiqish, ro'y berish sababi bordir. Agar shunday zamonaviy olimlar ofatlar kelib chiqish sabablarini ochiqlay bilganlarida bu hodisalar – ofat deb emas endi fan deyilardi. Shunda ofat yuz bergan joy haqida gapirilganda «falon sabablarning ko'payib ketishi oqibatida mazkur hodisa ro'y berdi!»-deyilardi.

Shuningdek, odamlar daraxtlarni tog' bag'irlaridan yulib ola boshlaganidan keyin, daraxtlar ushlab turgan tuproq ochilib, pastga qarab tushishi oqibatida qishloqni ko'chki bosdi yoki shahardagi soyali daraxtlar beayov qirqib tashlanganidan so'ng shahar aholisi o'rtasida falonchi kasalliklar ko'paydi!

Bu xulosalarni ilmiy tushuntirish jumlasiga kiritish mumkin.

O'tgan asrning nechanchidir yillarida Xitoyda chumchuqlarni yo'q qilish haqida qay bir dovdirning tashabbusi keng quloch yoygan. Hamma chumchuq o'ldirishga tushib ketgan bir paytda Xitoyda zararkunandalar ko'payib ketadi. Xitoyliklar pashsha o'ldirgichlarini qo'lga olib ko'cha-kuyda pashsha o'ldirishga tushib ketishdi va alal-xusus tabiat bilan o'ynashib bo'lmasligini tushunib etdilar.

Zamon olimlari tabiiy ofatlar sababini-ku topisholmadi. Bu aqlli inson o'zi yaratgan moliya tizimidagi iqtisodiy inqirozlar sababini ham topisholmaydi. Butun jahon moliya tizimi 2008 yilda moliyaviy inqirozga uchradi. Sababini topisholmadi. Yaqin Sharq mintaqasiga bu inqiroz ta'sir qilmadi. Negaligini bir necha yil o'tgach aniqlashdi. Yaqin Sharq, xususan musulmon mamlakatlari bank tizimi foiz olmaganligi tufayli bu inqirozdan omon qolgan ekan.

Barcha an'anviy Islom, Nasroniy, Iudaviy, Butparastlik dinlari inson er yuzida yagona, aytgan gapi amalga oshadigan Podsho emasligini tan oladi.

Islomdan boshqa din vakillari but va sanamlar orqali bo'lsa-da, inson vaqti-vaqti bilan qilgan yaxshi amali uchun yaxshilik bilan, yomon amali tufayli jazoga tortilishi mumkinligini o'z safdoshlariga uqtirib keladi.

Tafakkurni kengaytirish omili islom dinida. Chunki, uning asosiy g'oyasi – Allohdan o'zga Iloh yo'q!

Ya'ni, er yuzidagi barcha maxluqot va mavjudotni Yaratgan Zot bitta. Alloh nafaqat mavjudot hamda maxluqotni yaratgan, balki ularning moddiy va ma'naviy ehtiyojlarini ham Boshqarib turadi!

Etti milliard milliard odamning etti milliard taqdirini belgilaydi. Har bir tafakkur qiluvchi insonga sinov belgilaydi va insonlar o'rtasidagi daho kabi ilmlilari ham o'lishidan oldin «men hech nimani bilmasligimni bildim»-deya jon beradi.

Har o'ttiz yilda odamlar yangilanib turishini hisobga oling-u suv to'fonidan keyingi 5100 yilda kamida 170 avlod almashganiga e'tibor bering!!! Kuch va qudrat Sohibining imkoniyatini chamalay olasizmi?

Etti milliard kishining qo'l terisidagi iz hech qachon takrorlanmas ekan. Taqdirichi? Taqdiri ham turlicha!
Odamzot o'n sakkiz ming olamning bittasi xolos. Qolgan 17.999 ta olamni yaratish va uni boshqarish qanday amalga oshadi? Deylik baliqlar olami necha turga bo'linadi? Daraxtlar olamichi? Sudralib yuruvchilar? O'tlar-o'lanlar? Qushlar? Yirtqichlar? Sut emizuvchilar hamma-hammasi nazorat ostida bo'lishini aqlga sig'dirib bo'ladimi?

Dahriylar martaba deganda lavozim, unvon, ilmiy daraja, yosh, tajriba kabi unsurlarni inobatga oladilar. Bu gap bizning o'zimiz yaratgan o'lchamimiz. Lekin, insonning hayoti taqdiri avvaldan belgilangan bo'lsa, ular o'rtasidagi munosabatlarga, sodir bo'layotgan jarayonlarga ham tushuntirish bormi?
Dunyoni anglab bo'ladimi o'zi?

Dunyoviy ilmlarning eng zehni va aqli o'tkirlaridan hisoblanmish Al'bert Eynshteyn ham bu masalaga shubha bilan qaraydi.

Men uchun dunyoni, undagi kechayotgan jarayonlarni anglashning eng soddasi yozilgan Kitob – Qur'on. Dinni murakkablashtirish kerak emas. Qur'on barcha o'quv yurtlarida Fan sifatida o'qitilishi kerak. Undan dars beruvchilar salla o'rab emas, oddiy, harakatdagi qonunlar talabiga asosan pedagog kiyimida o'qitilishi kerak. Shundan kelib chiqilsa, hozirgi paytda bizda faqat erkak domlalar dars o'tishi kerak. Qur'on maktabda ham, litsey va kollejda ham o'qitilishi kerak. Ayniqsa, huquqshunoslar Unda yozilgan qonunlar mohiyatini o'rganishlari kerak.

AQShning Garvard universitetida Qur'onning Baqara surasidan parcha keltirilganligini aytishdi. Butun dunyo ahli ilmlari Qur'onda yashiringan sirlarni ochishga bel bog'lashyapti va ma'lum ma'noda muvaffaqiyatga erishmoqdalar. Xususan men huquqshunoslik, tarix, falsafa, filologiya fakul'tetlarida Qur'ondagi keltirilgan uchta shaxs – Zulqarnayn, Musodan ilmli olim, Ibrohim payg'ambarlar haqida quyidagi mavzuda «Ibrohim payg'ambarning yahudiy bo'lmaganligi», «Muso payg'ambarga bildirilgan er yuzida undanda ilmli kishi kim edi?», «Zulqarnaynning kimligi haqida» soatlab ma'ruza o'qishim mumkin.

Mana shu uchta shaxs haqidagi Qur'on orqali olib borgan izlanishlarim bemalol dunyo tarixiga hozirgacha bo'lgan qarashlarni alg'ov-dalg'ov qilib tashlashi mumkin.

Dinimiz ta'limotiga ko'ra, Odam yaratilgan 18.000 olamning Podshosi hisoblanadi. Ularning rangi, jismoniy imkoniyatlarida farq bor. Bu farq ataylab belgilab qo'yilgan. Aslida er yuzidagi barcha odam bir millat. Ularning farqi – amalida. Amal ongimiz bilan boshqariladi. Ongimizni ruh yo'naltiradi. Mana shu ruh Ettinchi qavat osmondan tanamizga solingan.

Qur'on ma'nolarini o'qiydigan kishilar uchun dunyoni anglashni tushuntirishda unchalik murakkablik yo'q.
«Er yuzidagi daraxtning qurigan bargi ham Allohning ruxsatisiz erga tushmaydi», «jinoyatchi kishilarning oqibati (dunyoni qanday tark etishi)ni ko'ring».

Siz o'sha mavjud insonning bittasi xolos, sizning boshqa insondan martabada qanday farqingiz bor bilasizmi?

Sizlarning hurmatlingiz – taqvodorrog'ingizdir!

Bu qonunni ham bir tomonlama sharhlash kerak emas. Beshta farzning bajarib, ammo qilayotgan amaldagi xatolaringiz martabangizni tushirib qo'yishi mumkin.

Amerikada yashaydigan Olim Sharipov yozadi:

– Bundan o'ttiz yillarcha muqaddam, AQShga endi kelgan paytlarim. Ertalab turib tashqariga chiqsam avtomashinam oynasiga kimdir bir parcha qog'oz ildirib ketibdi. O'qib qarasam, «kechqurun noxosdan sizning mashinangizni turtib yubordim, mening telefonim falon, zararni to'lashga tayyorman»-deb yozilganmish. Hazilmi, chinmi deya mashinasini qarasa, ahamiyatsiz turtilish bo'lgandek. Telfeon qilibdi. Go'shakni nasroniy e'tiqodidagi bir kishi olib, gapni uzrdan boshlabdi. Nasroniy zararni to'lash choralarini ko'ribdi. Olim aka ham uning bu amalidan hayratda qolib hozirgacha eslab yuradi.

Shvetsiyada nasroniylikdan islomga o'tgan shved imomiga o'zbeklar nikoh o'qitgani boribdilar. Marosim tugaganidan keyin kuyov imomga pul qistirmoqchi bo'libdi. Pulni olishni qat'iyan rad etgan shved imomi «men bu ishni Alloh rizoligi uchun qildim. Bilaman O'zbekistonda shunday qilishadi, lekin men bu pulni ololmayman»-debdi.

Masjidning imomi bo'lgan bir kishi qimmatbaho to'nni Makkadagi bir birodarga tuhfa qilmoqchi bo'libdi.

–Siz nima ish qilasiz? (ya'ni bu hadyani menga nimaning hisobidan bermoqchisiz?)

–Masjidda imomman!

–Tushunarli, yana biror kasbingiz bormi?

–Yo'q, masjidim katta masjid.

–Uzr, hadyangizni qabul qilolmayman…

Bizda Allohning beshta farzini bajardim, tamom degan xayoldagi odamlar ko'p. Bo'lmasa, nonning orasiga qoradori solib Hajga chiqib ketayotgan (bundan oldin sakkiz marta Hajga borgan) kishiga to'qqizinchi marta Hajga borishga qanday ruxsat beriladi?

Masjid, Allohning uyini garovga qo'yib, keyin sotdik-a, yaqinda, adashmasam?

Bu qabohat-ku!

Bu faktlar ijtimoiy tarmoqlardagi voqealar. Aytib bo'lmaydigan ishlar qancha?

Rasuli Akram uch marta, Muso va Sulaymon alahissalomlar tushimga kirganidan so'ng, bu hikmatlar o'zidan o'zi bo'lmayotganligini o'ylab Qur'on ma'nolarini o'qishga kirishib ketdim. Qur'onning o'zbekchasini ham, ruschasini ham o'qib undagi oyatlar tagida yashiringan qonunlar haqida mushohada yurita boshladim.

Meni ongu-shuurim qiynalgan, kayfiyatim parchalanib, ko'nglim g'am-g'ussaga botgan paytlarda Qur'on o'qiydigan bo'ldim.

Qur'onda asr namozini tark etmaslik haqida oyat bor. Bu oyatning zamirida juda go'zal va hikmatli ma'no bor.

Asr surasining ma'nosi «inson atrofi ziyon bilan o'ralgan bo'lib, sabr qiluvchilar va solih amal qiluvchilar undan omondadir» -degan qonun yashiringan. Insonni hamma tarafdan ziyon ushlab turadi degan qonun fanda, xususan tibbiyotda o'z isbotini topdi. Jumladan, aniqlanishicha inson tanasida er yuzidagi mavjud kasalliklarning barchasi hujayralari bor ekan. Lekin uning qay biri faollashadi, bu masalada tibbiyot ojiz.

Qur'on qonuniga ko'ra esa qilgan yomon amalimiz yoki shoshqaloqligimiz ziyon ko'rishimizga olib keladi.

Evropa va AQShda yuz bergan 2008 yilgi moliyaviy inqirozga sabab bo'lgan amal Pekin olimpiadasi ochilish kunida G'arbning Gurjiston orqali Shimoliy Osetiyada turgan rus Armiyasi qilgan harbiy amaliyoti edi desam iymon sohiblari meni tushunadilar deb o'ylayman.

SSSRning tarqalishini Ronal'd Reygan va Margaret Tetcherlar «biz amalga oshirdik»-deya katta gapirdilar. Margaret Tetcher o'shanda Turkiya Bosh Vaziriga «biz kommunistlarni yo'q qildik, endi navbat siz-musulmonlarga»-deganini hammayam eslamasa kerak.

Aslida M.Gorbachev aytgan, oshkoralik, fikrlar xilma-xilligi, demokratik saylovlar, spirtli ichimliklar iste'molini yo'qotish kabi shiorlar to'g'ri qo'llanila borganida SSSR tarqalmasligi ham mumkin edi.

Biroq, M.Gorbachev juda katta qovun tushirdi. Tushirganda ham Allohning g'azabini keltiradigan ish qildi. O'sha paytda asosiy omma bu voqeani bilgani yo'q. Imi-jimida yovuzlik qilinib, uning usti xaspo'shlandi. Ha, SSSRning tarqalib ketishiga Tog'li Qorabog'dagi 26 ta millati ozarboyjon bo'lgan qari-qartang, yosh bolalarning temir quvur ichiga solinib payvandlanishi va yoqib o'ldirilishi sabab bo'ldi!

Bunaqangi pastkash qotillikni dunyo tarixi kamdan kam holatlarda ko'rgandi. Ayniqsa o'sha qotillarning ustidan qo'zg'atilgan jinoyat ishining tugatilishi hamda jinoyatchilarning yallo qilib yurishiga imkoniyat yaratilishi, unga qarshi turadigan kuchning erda yo'qligi, Alloh jinoyatchilarga nisbatan chora ko'rishiga olib keldi va SSSR degan, xalqparvar, adolatparvarman deya jar solayotgan imperiya tugab ketdi. Bu imperiyani biz tugatdik degan Ronal'd Reygan va Margaret Tetcherlar esa aqldan ozib bu dunyoni tark etdilar.

Shuning uchun insonni har tarafdan ziyon ushlab turadi degan qonunni davlat hayotiga ham qo'llsa bo'ladi. Misol uchun haqiqatning yashirilishi, bo'g'ilishi, odil sudlovning yo'qligi, irqchilik, millatchilik, mahalliychilik, qarindosh-urug'chilik, xalq rizqi uch-to'rtta o'g'ri qo'lida to'planib qolishi, korruptsiya, zo'ravonlikni rag'batlantirish, jinoyatchilarning yallo qilib yurishi, pulning qadrsizlanishi Allohning g'azabiga duchor bo'lishning sabablaridir.

Indoneziya musulmonlari ko'p bo'lgan eng katta davlatlardan biri ekanligini bilamiz. Lekin, eng katta talofat aynan shu mamlakatda bo'ldi-yu, lekin, nima uchun o'sha ofatlar yuz bergan joyda masjidlar talofat ko'rmay, ularning ichiga berkingan kishilar omon qolishdi? Hayratlanarli tomoni shundaki, u erda oddiy taxtadan bo'lgan masjidlar ham ziyon ko'rmagan???!!!

Qur'ondagi eng dahshatli qonun Alloh sizni jazolamoqchi bo'lsa, qochib ketadigan joy bormi? Er ostiga kirib qutilaman degan Gitler nima bo'lganini hamma biladi. Er usti, ummon, tog'dayam berkinolmaysiz. Koinot jazo tushishiga eng yaqin joy.

Islom bayrog'i ostida arablar ikki asr Qur'on adolatini yoygan bo'lsalar, Imom Buxoriy kabi olim etishganiidan keyingi ming yilda turkiylar dunyoda Qur'on adolatini yoydilar. Mana deyarli ikki yuz yildan buyon «biz dam olyapmiz».

O'tgan asrning saksoninchi yillarida Afg'onistonlik o'zbeklar yurtimizga kela boshladilar. Bizning hayotimizni ko'rgan, maishiy va moddiy ahvolimiz yaxshiligidan havas qilgan bo'lsa-da aroqxo'rligimizdan, xotin-qizlarimizning ochiq-sochiqligidan xafa bo'lganlar. Ammo, bir Avg'onistonlik o'zbekning e'tirofi, Alloh qilayotgan har bir amalida hikmat borligini anglatadi.

Yurtimizga Chor Rossiyasi kelishi bilan Uchta Ahmoqning o'zaro urushi yakun topgan! Eng asosiysi qul bozori yo'q qilingan.

Avg'onistonlik o'zbek o'shanda yurtimizda ko'rgan-kechirganlarini xulosa qilib shunday degan ekan:

«O'zbekistonda bachchabozlikni yo'q qilgan Leninning otasiga ming rahmiat!»

Rossiya imperiyasining qudrati, nufuzi oshishini Pyotr Birinchi bilan bog'lashadi (Ivan Grozniy turk an'analari asosida, tog'alari Oltin O'rda Beklarbegi Mamay avlodi tomonidan tarbiya qilingandi).

Buning sababi nimada? Sababi shuki, aynan Pyotr Birinchi Qur'onni rus tiliga tarjima qildirgan odam hisoblanadi. Bu kitobni o'qigan A.Pushkin ham «Ya chital sladostnyy Koran» -deya ash'or bitgandi.

Kim va qaysi davlat Qur'onni o'qiy boshlasa martabasi o'sib ketaveradi. Rossiyaning hozirgi Etakchisi Yo'lchiev vaqti-vaqti bilan Qur'on o'qiyotganligini aytishdi. Men bu gapga ishondim. Zero, Rossiya Davlat Parlamenti – Dumasi Qur'on zararli Kitob emasligini qonun darajasida qayd etdi. Bizda arab tili o'qitilayotgan o'quv Markazidan Qur'on topilganligi ayb sanayotganlar borligi haqida lavha Ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Ijtimoiy tarmoqlaridan qidiring Qur'onning ruscha tarjimasining o'nlab matniga duch kelasiz. Men uchun sodda va qulay, o'zbek tilida tarjima Shayx Abdulaziz Mansur hamda Alouddin Mansurlarniki, lekin uni internetdan topib bo'lmaydi!

Qur'onni sotish gunoh! Bu juda dahshatli xatoimizdir!

«Poyabzalingizning bog'ichi uzilsa ham Allohdandir» -deyiladi Imom At Termiziy keltirgan hadisda.

Aslida bu gap «Daraxtning qurigan bargi ham Allohning ruxsatisiz erga tushmaydi»-degan oyatning davomi.

Bu hadisning tafakkur ko'lami «Dast ba koru, dil ba yor»dan keng va baland.

Ya'ni, Alloh nafaqat sizni yaratdi, balki sizni doim kuzatib, boshqarib turibdi. Zamonaviy tilga o'g'irsak «er yuzidagi har bir inson olti o'lchamli kamera nazorati ostida» deganidir.

Alber't Eynshteyn «Xudo tasodiflar orqali o'zining borligini bildirib turadi»-deydi. Bu tasodif so'zi «Alloh yagona! Undan o'zga Iloh yo'q» kalimasini tan olmaydiganlar uchun aytilgan.

Aslida hech qanday tasodif yo'q. Hikmat bor.

Endi maddohlik qilganim uchun Alloh tomonidan menga berilgan Eslatma, Dakki, Jazo haqida.

Bu voqea 2011 yil 16 aprel' kunida bo'ldi.

O'sha kuni yoki undan bir kun oldin Internetdagi Proza ru saytidagi sahifamga O'zbekiston Prezidenti Islom Karimovni olib borayotgan ishlarini maqtab maqola qo'ydim. Mazkur maqolada I.Karimov o'ziga byust o'rnatgan Qo'qon hokimini ishdan olib tashlagani-yu, ko'chalardagi o'z tasviri tushirilgan katta-katta banner rasmlarni oldirib tashlagani va yana ba'zi boshqa maqtovlar ham qo'shib-chatib yozib ishxonaga keldim.

Kechqurun bir ukaxonimiz o'zining tug'ilgan kuniga taklif qildi. U yoqqa ham bordim. Hangomalashib soat 23-30larda uyga qaytdim. Uyda oila a'zolarim televizor ko'rib o'tirishgan ekan.

Tahorat qilib hufton namozini boshlagunga qadar soat 24-00dan oshdiyov. Sekingina o'zim uchun azon chaqirib, iqomat aytib hufton namozining to'rt rakaat farzini boshladim. Ikkinchi rakaatda turganimda zilzila boshlanib qoldi-da. Zilzila shu darajada dahshatli tus oldiki, ikkinchi rakaatda ruku'ga borayotganda namozni tashlab ketmoqchi ham bo'ldim!

Ammo, qo'rqdim. Chunki, bir voqea xotiramga qattiq o'rnashib qolib namozni tark etish Allohga itoatsiz degan qat'iy ishonch paydo qilgandi. 2006 yoki 2007 yil kuz. Biroq kun juda issiq. Juma namozini Toshkentdagi Baland masjidda o'qiyapmiz. Azon chaqirilganidan keyin boshlangan birinchi to'rt rakaat sunnat namozi paytida yonimda turgan yosh yigitning elka tomonidan qo'ltig'ining ko'lansa hidi burnim atrofida aylandi. «Uf-f, yuvinib kelmabdi-da» deb qo'ydim-u ibodatimni davom ettirdim.

Keyin xutba, juma namozi o'qildi. So'ngra yana to'rt rakaat sunnat va yakuniy duo boshlangan hamon zilzila boshlanib qolsa deng! Shunda uch-to'rtta yosh yigit masjid ichidan otilib tashqariga chiqmoqchi bo'ldi.

Shunda bir qariya ularni jahl bilan to'xtatdi: «tur joyingda! Agar jazo tushadigan bo'lsa, qochadigan joying bormi?»-dedi u qat'iy.

Yigitlar to'xtab qolishdi. Men esa qochmayotganim uchun qalbimda g'urur tuydim.

Bir necha joylarda bu voqeani aytib, yoshlarni shashqaloqlik qilganini gerdayib aytgandirman ham. O'sha gaplarda Indoneziyadagi ofatda 131.000 kishi halok bo'lsa-da masjidlarga yashiringan kishilar omon qolganligini ham ilova qilib, o'tirgan hamsuhbatlarimni Allohning hikmatiga oshno qilganman.

Keyinchalik aniqlanishicha, o'sha juma kuni Toshkentning barcha masjidida aynan juma ibodati tugagach zilzila ro'y berganini odamlardan eshitganman. Buning asl sababi bo'yicha surishtiruv ham o'tkazilgan. Eng maqbul javob shuki: islom diniga e'tiqod qilmaydigan kimdir o'zining firmasini reklama qilish uchun kelayotgan Ramazon oyidan avval taqvim yasatib juma ibodati paytida masjidning ichiga kirib bepul tarqatgan. Natijada odamlar taqvim olaman deya masjid ichida g'ala-g'ovur ko'tarishgan. O'sha g'ayridin yigit ham masjiddan chiqolmay majburan ibodat qilgan deyishadi. Yanayam bilmadim. Alloh bilguvchi.

Mayli gapimizga qaytaylik. Baland masjiddagi qariyaning gapidan so'ng yigitlar joyiga o'tirgach, zilzila ham to'xtadi. Shunda duo qilayotgan imom hammaning nomidan shunday dedi:

–Ey, Allohim, kofir bandalaringni gunohlari uchun bizni jazolama!

Imom shu nidoni tiliga chiqarar ekan, bilinar bilinmas ho'ngrab ham yubordi.

Men hayotim davomida besh vaqt ibodat qilib yurgan gadoyni uchratmadim. Ammo, nega menga bunday dahshatli dakki tushyapti? Men shunga hayron edim? Hatto ikkinchi rakaatda tahajjudda o'tirganimda ham zilzila davom etardi.

Turmush o'rtog'im meni qidirib yurar, bolalarim o'zlarini turli burchakka urib o'zlaricha berkinishgan, hammalari sarosimada edilar.

Axiyri turmush o'rtog'im men namoz o'qiyotganimni ko'rib tinchib qoldi. Atahiyoyotni o'qib bo'lganimdan so'ng uchinchi rakkaatga turishimdan oldin zilzila ham to'xtadi.

Namozimni tugatgan paytimda men oila a'zolarim ko'z o'ngida e'tiqodli musulmon sifatida gavdalansam. O'zimning holim xor edi? Chunki, gunohkor qullargagina bunday vaziyatda shunday dahshatli azoblar (inna azobaka bilkuffari mulhiq) tushadi!!!

Darhol niyat qilib Qur'on ochdim. «Zolimlarga ko'makchi bo'lmang» degan qonuni bor sura chiqdi! Qaysi zolimga ko'mak beribman? Miyamga kelgan savol shu bo'ldi-yu, bugun (kecha desayam bo'lardi) kunduzi I.Karimovga maddohlik qilib yozgan maqolam yodimga tushib etim uyushib ketdi.

Maqolani darhol o'chirdim va Allohimdan uzr so'rab yana ibodat qilib, davlat rahbari I.Karimovga ikkinchi maddohlik qilmaslik (lekin yaxshi tomonlarini bo'rttirmasdan to'g'ri aytish bundan mustasno)ka va'da berdim.

Ertasi kuni Internetni yana bir qidirib, nega I.Karimovga maddohligim Allohimga ma'qul kelmadi ekan?-deya qidirsam. Frantsiyaning qaysi bir gazetasida ayni shu kunlarda «Islam Karimov -diktator» degan maqola chiqqan bo'lib, evropada keng muhokama bo'layotgan ekan. Esingizda bo'lsa keyinroq o'sha nashrni Lola Karimova sudga berdi va tantanali ravishda sudda yutqazdi.

Xullas, bo'lib o'tgan voqealardan chiqargan xulosam shuki. Er yuzida bo'layotgan har qanday voqea qaysi davlat yoki kishi bilan sodir bo'layotgan bo'lmasin barchasining asl haqiqati Ettinchi qavat osmondan boshqariladi hamda uning sababini tushunmaydigan men uchun ba'zida Hikmat, tushungan ba'zi paytimda esa Ibrat ekan.

Shuning uchun o'zimga o'zim, ey qul gerdayma! Sen balandlikda tog'lardan baland bo'lolmaysan, yurganingda kerilmay yur, zero bosgan qadaming bilan erni yorib ketolmaysan. Birovlarga qattiq baqirma, chunki, eshshakning ovozi eng xunuk tovushdir. Chumolining ham inini buzma, chunki, uyam Allohning yaratgan bir mehnatkash mavjudoti bo'lib, mazlumning qarg'ishi Allohga pardasiz etib boradi. Maddohlik qilma, zero maddohlik shirkka teng bo'lgan eng katta gunohlardan biridir! Allohdan o'zgadan qo'rqma! Oxiratdagi javobdan qo'rq!

TAMOM

facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
xxx video gratis porno italiano