O’zbekiston Xalq Harakati

22 iyun' va 9 may sanalari haqida mulohazalar

22 iyun' va 9 may sanalari haqida mulohazalar
22 Haziran 2019 - 14:04 'da yuklandi va 560 marta o'qildi.

Nima uchun Stalin rahbarligidagi sovet rejimi fashizm ustidan qozonilgan g'alabani, ya'ni 9 may sanasini 1945 yildan keyingi 20 yil davomida bayram sifatida ko'rmadi, ommaviy xursandchilik kuni sifatida nishonlamadi?

Nima sababdan G'alaba bayrami sharafiga uyushtirilgan harbiy parad g'alabadan so'ng faqat bir marta – 1945 yil 24 iyun' kuni Moskvaning Qizil maydonida o'tkazilgan bo'lib, keyingi 20 yil davomida (N. S. Xrushev davrida) faqat salyut berib borildi?

Taxmin qilinishicha bunga Iosif Stalinning va undan keyin hukm surgan sovet rahbarlarining vijdoni yo'l qo'ymagan. Zero, hali janggohlarda olingan og'ir jarohatlar, xalq boshdan kechirgan ruhiy larza, frontchi-jangchilarning qalblaridagi chuqur yaralar bitmagan, dunyo xalqlari hayotidagi misli ko'rilmagan fojia hech kimga quvonch baxsh etmagan, yo'qotish va talafotlar azobi bosilmagan, urush balosi nima ekanligi unutilmagan edi.

Keling, dastlab Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi (SSRI) tomonidan 1941-1945 yillarda Germaniya fashistlariga qarshi olib borilgan urushni, ya'ni Ikkinchi jahon urushining asosiy tarkibiy qismi sanalib, sovet imperiyasi davridagi qaramlik hayotini qo'msab yashaydigan yoki milliy mustaqilligimiz tiklanganini tan olishni istamaydigan toifa tomonidan hamon «Ulug' Vatan urushi» deya ataladigan urushni, xususan, uning 1941 – 1942 yillarda kechgan fojiali hodisalarini esga olaylik.

1941 yil 22 iyun' kuni fashistlar Germaniyasi va uning Evropadagi ittifoqchilari SSRIga qarshi urush boshladi. Ushbu urush 1945 yil 9 mayga qadar, ya'ni 1418 kun davom etib, murosasiz, misli ko'rilmagan shafqatsizlik-la, kechdi.

Ushbu urush uchta davrga bo'linib, sakkizta harbiy kampaniya, 17 ta strategik mudofaa va 38 ta strategik hujum operatsiyalaridan tashkil topdi.

Gitlerchilar Germaniyasi mazkur urushga o'zining va o'zi istilo qilgan G'arbiy Evropa davlatlarining harbiy-iqtisodiy imkoniyatlariga tayangan holda hozirlik ko'rdi, Germaniya qurolli kuchlari shaxsiy tarkibining soni bu vaqtga kelib 7,3 mln kishiga etkazildi.
SSRIga hujum qilingan fursatda Germaniya va uning ittifoqchilariga mansub:
– jami 5 mln kishidan iborat 182 ta diviziya va 20 ta brigada;
– 4400 ta tank va artilleriya qurollari;
– 47,2 mingta to'p va minomyot;
– 4440 ta jangovar samolyot;
– 192 tadan ortiq jangovar kema qo'llanilgan.

Sanab o'tilgan ushbu kuchlar uchta armiya guruhiga, xususan «Shimol», «Markaz» va «Janub» armiyalariga mujassam etilgan bo'lib, Leningrad, Moskva va Kiev strategik yo'nalishlariga qaratilgan.

Gitlerning 1940 yil 18 dekabrdagi 21- sonli direktivasi bilan tasdiqlangan Germaniya strategik («Barbarossa») rejasida yashin tezligida o'tadigan bitta kampaniya bilan SSRIning uzil-kesil tor-mor qilinishi ko'zda tutilgan. Bunda Qizil Armiyaning asosiy kuchlari Dnepr, G'arbiy Dvina chizig'ining chap tomonidagi chegara oldi hududlarda yakson etilishi, shundan so'ng Moskva, Leningrad, Kiev va Donbass zabt etilib, Volga, Arxangel'sk marrasiga chiqilishi rejalashtirilgan.

Bu vaqtda Sovet Ittifoqi g'arbda, keyinchalik frontlarga aylantirilgan to'rtta harbiy okrug tuzgan bo'lib, ular tarkibiga:
– jami 3,1 mln kishidan iborat 186 ta diviziya;
– 12,8 mingta tank (ulardan 2242 tasi nosoz, 1,8 mingtasi esa KV-1 va T-34 rusumli yangi tanklar);
– 47,2 mingta to'p va minomyotlar;
– 7,5 mingta jangovar samolyot (ulardan 1,5 mingtasi yangi rusumli jangovar samolyotlar) kirgan.

Chegara oldi hududlarda uyushtirilgan tajovuzni bartaraf etib, Janubiy-G'arbiy, G'arbiy, so'ngra Shimoliy-G'arbiy yo'nalishlarda zudlik bilan qat'iy hujumga o'tish –- o'sha davrda Qizil Armiya qo'mononligi tomonidan qabul qilingan urush olib boriladigan strategik reja bo'lgan.

Urush nemis qo'shinlarining 1941 yil 22 iyun' kuni SSRI hududiga bostirib kirishi bilan boshlandi va o'z ichiga uchta davrni qamrab oldi. Ushbu davrlar vaqt bo'yicha Ikkinchi jahon urushining ikkinchi, uchinchi va to'rtinchi davrlariga mos keladi.

Italiya, Ruminiya, Vengriya va Finlyandiya davlatlari ham ushbu urush boshlanishida fashistlar Germaniyasi tomonida ishtirok etdi.

Urushning BOShLANG'ICh DAVRIDA sovet qo'shinlari chegara oldi janglarida katta talafot ko'rdi. Gitlerchilar armiyasi sovetlarning G'arbiy, Shimoliy-G'arbiy va Janubiy-G'arbiy frontlariga mansub yirik kuchlarni qurshovga olib, yo'q qilishga muvaffaq bo'ldi.

1941 yil 9 iyulga kelib fashistlar Boltiq bo'yining katta qismini, Belorussiyaning g'arbiy hududini, Ukrainaning chap sohilini egallab, Leningrad, Smolensk, Kiev va Kamenets-Podol'skiyning olis bo'sag'alariga etib bordi.

1941 yilning 10 iyulidan 10 sentyabriga qadar G'arbiy yo'nalishdagi Smolensk ostonalarida juda muhim janglar bo'lib o'tdi. Natijada gitlerchilar Ikkinchi jahon urushi davomida birinchi marta to'xtatilib, asosiy harakatlarni qanotlarga olib o'tishga majbur bo'ldi.

1941 yilning avgust-oktyabr' oylarida nemis-fashist qo'shinlari Leningrad ostonasiga etib keldi, biroq shaharni egallashga muvaffaq bo'lmadi. Jami 800 kun davom etgan Leningrad uchun jang boshlandi. Janubiy-G'arbiy va Janubiy yo'nalishlarda front bo'ylab zarba berib, Kievni zabt eta olmagan gitlerchilar armiyasi, asosiy harakatlarini sovetlarning Markaziy va Janubiy-G'arbiy frontlari qo'shinlariga qarshi yo'naltirdi.

Gomel' tomonidan janubga, Kremenchug platsdarmidan shimolga qarata qanotlardan qudratli hujum boshladi. Natijada Dneprda mudofaa janglarini olib borayotgan sovet qo'shinlarining orqa tomoniga chiqib oldi, ularning yirik qismini qurshovga olib, Donbassga yorib o'tdi va Odessani qamal qildi. Shundan so'ng Qrim yarimorolining katta qismini egallab, Sevastopol'ga etib bordi.

1941 yilning oktyabr' oyida nemis-fashist qo'mondonligi g'arbiy yo'nalishdagi kuchlarini guruhlarga qayta bo'lib chiqib, Moskvaga birinchi, 1941 yilning noyabr' oyida esa ikkinchi hal etadigan hujum («Tayfun» operatsiyasini) uyushtirdi.

Endi Moskva uchun jang boshlandi. Gitlerchilar armiyasi sovetlar poytaxtining yaqin ostonasiga qadar etib kelish, shimoliy-g'arbda Tixvinni egallash, Leningradni batamom qamal qilish, janubda esa Rostov-Donni zabt etishga muvaffaq bo'ldi.

1941 yil dekabr' oyining boshida Qizil Armiya dastlab Tixvin va Rostov ostonalarida, 1941 yilning 5 dekabr' kuni esa Moskva bo'sag'asida qarshi hujumga ko'tarildi. Natijada Germaniya qo'shinining asosiy zarbdor turkumlari yanchib tashlandi.

Strategik tashabbusni qo'lga kiritgan Qizil Armiya shimoliy-g'arbiy, g'arbiy, janubiy-g'arbiy va janubiy yo'nalishlarda umumiy strategik hujum boshladi. Ushbu hujum davomida gitlerchilar katta talafot ko'rib, 150-400 km nariga chekindi.

Shunga qaramay, Germaniya qo'mondonligi o'z kuchini tiklashga, qurolli kuchlar tarkibini ko'paytirib, 1942 yilning bahor va yoz oylarida sovet-german frontining janubiy qanotida yangi qudratli hujum uyushtirishga erishdi. Qrim va Xar'kov ostonalaridagi sovet qo'shinlari katta talafot ko'rib, Sevastopolni tashlab chiqishga majbur bo'ldi.

Shundan so'ng, Germaniyaning son jihatdan katta qo'shini tomonidan berilgan zarbalar ostida, ya'ni nemis-fashist qo'shinlarining «Tulki ovi», «Friderikus 1», «Friderikus 2», «Vil'gel'm», «Blau 1», «Blau 2», «Blau 3», «Braunshveyg» va «Edel'veys» operatsiyalari natijasida Qizil Armiya Voronej va Stalingrad ostiga hamda Kavkaz tog' tizmasi etaklarigacha chekinishga majbur bo'ldi.

O'ta og'ir vaziyat qaror topdi. Urushga qadar SSRI aholisining 42 foizi yashagan, sanoat mahsulotlarining uchdan ikki qismi ishlab chiqarilgan hududlar boy berildi. SSRI yana halokat yoqasiga kelib qoldi.

Urushning IKKINChI DAVRI, ya'ni sovet qo'shinlarining Stalingrad ostonasida 1942 yil 19 noyabr' kungi qarshi hujumi bilan boshlanib, tarix sahifalarida «Urushdagi tub burilish» deya nom olgan davri hamda 1944 yilning 1 yanvaridan boshlanib 1945 yilning 9 mayigacha cho'zilgan UChINChI DAVRI haqida to'xtalib o'tirmadim. Zero, mazkur mavzuda gap boshqa masala to'g'risida, xususan, nima uchun Stalin 1945 yildan keyin g'alaba kuni nishonlanishini bekor qilgani haqida bormoqda.

Tillarda doston bo'lgan Qizil Armiya har tomon tumtaraqay bo'lib, gitlerchilarga ommaviy ravishda asir tushgan 1941 yilning dahshatli yozini hamda Germaniya qo'shinlari Volga daryosigacha etib kelgan 1942 yilni Stalin juda yaxshi eslab qolgan.

O'sha yillardagi jang maydonlari sovet jangchilarining murdalariga shu qadar to'lib ketgan ediki, Germaniyada nemis pulemyotchilarini nevrozdan davolashga ixtisoslashgan maxsus sihatgohlar faoliyatini yo'lga qo'yishga to'g'ri kelgan. Chunki bostirib kelayotgan yoki qatl etish kerak bo'lgan ming-minglab sovet jangchilariga qarata pulemyotdan o't ochgan nemis askarlari aqldan ozish darajasiga etgan. Jangni ana shunday boshqarishgan o'sha davrning «buyuk» o'ris komandirlari…

Qon yutgan frontchi-askarlar sovet qo'mondonligining bunday jinoiy xatosini kechirmasligini, qulay fursat etguday bo'lsa jonini sug'urib olishlari mumkinligini ham Stalin juda yaxshi bilgan.

Ikkinchi jahon urushining 1941 – 1942 yillarida omon qolgan frontchilar boshdan o'tgan o'sha dahshatli kunlar haqida urushdan keyin ham gapirishmagan. Ularning aksariyati urushning dastlabki davri haqidagi savollarga javob bermay, arag'ini ichib, maxorkasini tutatib, bir nuqtaga uzoq tikilgancha tek o'tirishgan. Chunki u kunlarni eslashning o'zi do'zax azobi bilan barobar bo'lgan. Lekin frontchi-askarlar hech kimdan, hech narsadan qo'rqishmagan.

Keyinchalik «insonparvar» sovet hukumati nogiron frontchilarning ko'pini, asosan podshipnik mahkamlangan taxta ustida o'tirib (kinolarda ko'rgan bo'lsangiz kerak), yasama aravasini g'ildiratib yurgan qo'l-oyoqsiz, mayib-majruh jangchilarni ko'chadan olib tashlab, «frontchilar sihatgohi» deb nomlangan, aslida esa kontslagerdan hech qanday farq qilmagan Valaamga o'xshash joylarga tiqqan (vaqt o'tib, o'sha kontslagerlar haqida hujjatli fil'mlar ham olingan).

Yillar o'tib, zamon o'zgardi. Endi sovet imperiyasi targ'ibotchilarining yangi avlodi 9 may sanasidan bayram «yasashdi» va misli ko'rilmagan ushbu fojia Brejnev davridan boshlab hamma quvonishi shart bo'lgan «tantana»ga aylantirildi. SSRI parchalanib ketgach esa, ushbu sanani nishonlash taomili shunday shakllarni kasb etib bordiki, bugungi Rossiyada 9 may ommaviy ijtimoiy-siyosiy jazava-yu ichkilikbozliksiz o'tishini tasavvur qilib bo'lmaydi (o'rislarning bir komediyasida ularning podshosi o'z qo'shinlarini urushga yuborib, cho'chqaday to'yib ichgach: «Hamma raqsga tushsin!» deya farmon bergani esga tushadi beixtiyor).

Boshqacha qilib aytganda, sovet xalqining fashizm balosi ustidan qon kechib erishgan umumiy g'alabasi behurmat qilinib, dinlararo urushlar va o'ris davlati tomonidan ro'yobga chiqarilgan mustamlakachilik siyosatining ramzi bo'lmish anavi avliyo Georgiy tasmasi bilan bog'langan siyosiy targ'ibot tadbiriga aylantirildi, 1941 – 1942 yillarda sovet imperiyasi rahnamolarining xatosi tufayli fashistlar tomonidan qirib tashlanib, ustidan shunchaki tuproq tortilgan yosh yigitlar xotirasiga hurmat masalasi «bayramona» hal etildi.

Bugungi avlodning ayrim vakillari urushda halok bo'lgan bobolarining qabrini qidirib topish masalasini ko'tarib borishadi. Aslida urushning dastlabki davrida hech qanday qabr, hech qanday mozor bo'lmagan.
1941 – 1942 yillarda fashistlar tomonidan asir olingan ming-minglab sovet jangchilari asosan chuqur qazilgan, ustidan aylanasiga bir necha qator tikanli sim o'ralgan keng xandaqlarda saqlangan. Ularning aksariyati ochlik va kasallikdan o'lib, o'sha xandaqlarning o'ziga ko'mib borilgan.

Gap shundaki, 1941 – 1942 yillarda shiddat-la ilgarilab borayotgan gitlerchilar armiyasining front orti ta'minoti talab darajasida faoliyat yuritishga ulgurmay qolgan, oziq-ovqat mahsuloti, o'q-dori turlari nemislarning o'ziga o'z vaqtida etkazib berilmagan. Binobarin, sovet asirlariga beriladigan egulik zaxirasi bo'lishi ko'zda tutilmagan. Katta xandaqda ochlik, kasallik va tashnalikdan bitta qolmay o'lib ketayotgan sovet asirlari ustida qorovullik xizmati tashkillashtirilgan xolos, ularga hech qanday tibbiy yordam ko'rsatilmagan.

Muqarrar ajal changalida qolgan o'sha asirlar boshdan kechirgan ruhiy larzalar-u, mudhish kechinmalar haqida, fikrimcha, gapirmasa ham bo'laveradi. Germaniya arxivlarida topilgan hujjatlarga qaraganda, sovet armiyasi shaxsiy tarkibi bu darajada ommaviy asir olinishi fashistlar uchun kutilmagan holat bo'lib, nemis armiyasi millionlab sovet asirlarini boqishga tayyor bo'lmagan.

O'z qo'mondonligidan chekinmaslik buyrug'ini olgan sovet qo'shinlari okopdan chiqmay yotgan. Chekinadigan bo'lsa Stalinning buyrug'iga binoan orqada turgan NKVD bo'linmalari tomonidan otib tashlangan. Nemis qurshovidan omon chiqqan harbiy xizmatchilar, odatda, Vatan xoini sifatida otib tashlangan yoki xizmatni davom etishi uchun jazo batal'onlariga hukm qilingan.

Shunday ekan, 1941 – 1942 yillarda deyarli hech qanday qarshilikka uchramay bostirib kelayotgan gitlerchilar armiyasi chekinmaslik buyrug'ini olgan sovet jangchilarini okopda yotgan joyida otib, miltiq nayzasi bilan so'yib boravergan. Asir olinganlar esa yuqorida aytilgandek, dahshatli o'lim topgan.

O'rislar yurtining eri bahor faslida muzdan erigach sovet jangchilarining loydan bo'rtib chiqqan suyaklari haligacha topilib turadi.

Har qanday urush – dahshat-la kechadigan ijtimoiy hodisa bo'lib, unda ajal shafqatsiz hukm suradi. Shunday ekan, unday g'alabani bayram qilib bo'lmaydi. Buni hatto zolim Stalin ham tushunib etgan, sovet xalqi, shu jumladan, o'zbek xalqi tomonidan fashizm ustidan qozonilgan umumiy g'alaba urushdan keyingi 20 yil davomida bayram sifatida nishonlanmagan.

Binobarin, 22 iyun' bilan 9 may sanalari yurtimizda Vatan erki, O'zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligi uchun jon fido qilgan vatandoshlarimiz xotirlanib, haqiga duo o'qiladigan sanalardir.

Qadrli yoshlar, birovning yurtida, yot madaniyat vakillari tomonidan amal qilinadigan, siz-u bizning milliy mentalitetimizga mutlaqo to'g'ri kelmaydigan qiliqlarni takrorlamang, o'sha kunlari araqni to'yib ichib, jazavasi tutgan yovvoyilarday baqir-chaqir qiladigan toifadan o'rnak olmang. Zero, milliy bag'rikenglik va baynalmilallik (internatsionalizm) tushunchalari bunday badaxloq qiliqlarda namoyon bo'lmaydi.

2005 yili o'ris millatchilari tomonidan g'alabaning rasmiy ramziga aylantirilgan anavi chirkin rangli avliyo Georgiy lattasini esa qo'lingizga ola ko'rmang. Yaxshisi yurt bayrog'ini e'zozlang, o'zimizning milliy-madaniy an'analarimizga amal qiling, 22 iyun' va 9 may sanalarini betakror yurtimizda, ma'nan go'zal, xushaxloq xalqimizda qabul qilinganday Xotira va qadrlash kuni sifatida ko'ring va dahshatli urush qurbonlari haqiga qo'ldan kelgancha tilovat qilib, Ollohning rahmatini so'rab qo'ying.

Mullif: Harbiy pensioner, podpolkovnik Shokir Dolimov

Manba: tarjumon.uz

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
xxx video gratis porno italiano