O’zbekiston Xalq Harakati

Turkiston jadidlari: Germaniyadan qaytib qatag'onga uchragan Olimjon Qodiriy

Turkiston jadidlari: Germaniyadan qaytib qatag'onga uchragan Olimjon Qodiriy
09 Temmuz 2019 - 13:32 'da yuklandi va 1465 marta o'qildi.

O'zbekistonda 31 avgust Qatag'on qurbonlarini yod etish kuni etib belgilangan. Bi-bi-si Toshkentdagi Qatag'on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi Bahrom Irzaevning 1920-yillarda xorijda ta'lim olgan o'zbek yoshlari va ularni vatanda kutgan qatag'onlar haqidagi maqolalarini e'tiboringizga havola etadi.

Qodiriy Olimjon 1920 yillarda Germaniyaga tahsil olish uchun yo'llangan turkistonlik 76 talabadan biri edi. O'qishni tugatib vatanga qaytgach u qishloq xo'jaligi sohasini rivojlantirish va bu sohadagi o'zbek darsliklarini ko'paytirish yo'lida ishladi. 1938 yili u otildi.

Qodiriy Olim Sadriddinovich 1898 yil 9 sentyabrda Xiva xonligiga qarashli Gurlan tumanida tug'ilgan. Olimjon Qodiriyning kelini Lola Qodiriy o'z qaynotasi haqida quyidagilarni hikoya qildi:

“Qaynonam Asiya Qrimova erlarini juda ko'p eslar edilar. U kishi nihoyatda bilimdon, g'ayratli va madaniyatli inson bo'lgan ekanlar. U kishining onalari oddiy o'zbek ayoli bo'lgan, biroq otasi Sadriddin Qodir o'g'li Gurlandagi obro'li xonadonlardan birining vakili bo'lib, o'zi harbiy lavozimda bo'lgan ekan. U kishi ma'rifatparvar inson bo'lgan va o'g'li Olimjonning zamonaviy ta'lim olishiga, rus va nemis tillarini o'rganishiga o'zi rahbarlik qilgan ekanlar”.

Olimjon yoshligida boshlang'ich ta'limni Gurlandagi yangi usul maktablaridan birida chiqaradi. “No'g'ay maktablari” deb nomlangan mazkur maktablar asosan tatar o'qituvchilariga tegishli bo'lib, rus tilini o'rganish uchun qulay edi. Bu maktablarni bitirgan yoshlar asosan hur fikrli, taraqqiyparvar, jadidchilik g'oyalariga moyil bo'lib ulg'ayishar edi.

Biroq, bu vaqtda Xiva xonligi yarim mustamlaka bo'lib, uning boshqaruv tuzumi dunyo taraqqiyotidan ortda qolgan edi. Olimjon 14 yoshida maktabni tamomlab, Gurlandagi “Zinger” kompaniyasiga farrosh bo'lib ishga kiradi. U ko'p o'tmay o'zining intilishi va tirishqoqligi evaziga nemis tilini o'rganib, korxonadagi etakchi slesarlardan biriga aylanadi.

1916 yil Xiva xonligining bir necha bekliklarini qamragan xalq qo'zg'olonida Olimjon Qodiriy ham “Yosh xivaliklar” vakili sifatida ishtirok etdi. Shundan so'ng butun xonlik hududida taraqqiyparvarlarga qarshi ta'qib kuchaytirildi va natijada Olimjon Gurlandan chiqib ketishga majbur bo'ldi. U 1918-19 yillarda Petroaleksandrovskdagi 3-harbiy garnizonga oddiy askar sifatida xizmatga kirdi. Rus tilini mukammal bilishi tufayli garnizon harbiy sudining vakili etib saylanadi.

Germaniyaga yo'l

1922 yil Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) hukumati rahbari Fayzulla Xo'jaev tashabbusi bilan Turkiston va Buxorodan Germaniyada o'qitish uchun talabalar yubora boshlar ekan, Xorazm Respublikasidan ham horijda o'qitish uchun ikki vakil ajratishini so'ragan.

Ko'p o'tmay Buxoro hukumati tomonidan tanlagan 55 kishilik birinchi guruh Germaniyaga jo'natildi. Shundan so'ng 20 kishidan iborat ikkinchi guruh Toshkentdan yo'lga chiqadi. Uchinchi guruh esa Moskvada o'qiyotgan talabalar: Olimjon Qodiriy, Shamsulbanot Ashrafova, Gulsum Muzaffarova, G'ani Usmonovlardan iborat bo'lib, ular “BXSR Madaniy ishlar vakolatxonasi” rahbari Olimjon Idrisiy boshchiligida yo'lga chiqdilar.

Bu guruh 1922 yilning oktyabr' oyi so'ngida Germaniyaning Berlin shahriga etib bordi. Idrisiy Turkiston talabalarini dastlab tezkor til o'rgatish kurslariga topshirdi. Xorijiy ta'lim olish uchun tanlangan o'quvchilar yoshi va bilim darajasiga ko'ra bir necha guruhga taqsimlandi va ularni iqtidorlariga qarab Germaniyadagi o'quv muassasalariga joylashtira boshladi.

O'zi bilan borgan talabalarga nisbatan yoshi, bilim va tajribasi katta bo'lgan Olimjon Qodiriy Berlinda to'rt oylik tayyorlov kursidan so'ng, qishloq xo'jaligi sohasida tahsil olishga qaror qilgan.

Kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgach, 1923-27 yillarda Germaniyaning Vitsenxauzen (Witzenhausen) shahridagi Qishloq xo'jaligi akademiyasida ta'lim oldi. 1926 yil u amaliyotni o'sha vaqtdagi Chexoslovakiyaning Bratislava shahri yaqinida o'tab, oliy ma'lumotli agronom diplomini qo'lga kiritdi.

Evropada oliy ma'lumot olgan o'zbek agronomi Olimjon Qodiriy 1927 yil O'zbekistonga qaytib keldi. Biroq, u ham vatanga qaytgach, boshqa barcha Germaniyada tahsil olgan talabalar qatori “ishonchsizlar” ro'yxatidan joy olganini his qilgandi.

Avvaliga uni Xorazm hududiga kirishiga qarshilik ko'rsatilib, ish berilmadi. Tinimsiz kuzatuv, turli so'roq va savollarga tortildi. Oxir oqibat u 1927 yil so'ngida Farg'ona vodiysiga kelib ishga joylashdi. Dastlab qishloq xo'jaligi bankida mas'ul lavozimlarda ishlab, keyinchalik amaliyotchi agronom sifatida Farg'onaning Bog'dod tumanida, pedagog sifatida esa, Farg'ona Pedagogika institutida faoliyat olib bordi. Biroq, uning bu xatti-harakati ham kimlargadir yoqmadi. Uning izidan tushgan kimsalar uni Farg'onani tark etishga majbur qildilar.

Olimjon Qodiriy 1934 yil Samarqandga ko'chib kelib, Kuybishev nomli Samarqand Qishloq xo'jalik institutining “Tuproqshunoslik va umumiy er ishi” kafedrasiga ishga kirdi. U o'zining bilimdonligi, mehnatsevarligi bilan qisqa muddatda ilmiy jamoa hurmatini qozonib, kafedra dotsenti unvoniga sazovor bo'ldi.

Samarqand shahrida qo'nim topgan Olimjon Qodiriy anchadan buyon boshlab qo'ygan ilmiy tadqiqotlarini davom ettirish maqsadida aspiranturaga o'qishga kirdi. U turmush o'rtog'i – Samarqand Xalq xo'jaligi instituti dotsenti Qrimova Asiya Hasanovna, hamda farzandlari Qahramon va Gulnorlar bilan tinch va osuda yashay boshladi.

“Katta qirg'in”

1937 yil. Sovet tarixida “Katta qirg'in” nomini olgan dahshatli o'lim o'pqoni O'zbekistonga ham etib keldi. O'z hayotini endigina yo'lga qo'yib, sevgan kasbi bilan mashg'ul bo'layotgan o'zbek agronomi Olimjon uchun ham qora kunlar boshlandi.

Olimjon Qodiriy “Germaniyada ta'lim olgan va “Ozod Turkiston” aksilinqilobiy josuslik tashkiloti a'zosi” deya, O'zSSR Jinoyat Kodeksining 62 (aksilsovet targ'ibot) va 67 (aksilinqilobiy tashkilotga a'zolik) moddalari bilan ayblandi.

Qizig'i, uni qamoqqa olish uchun order 1937 yil 7 sentyabrda, ya'ni ayblov qarori chiqishidan bir kun oldin berilgan edi. 1937 yil 8 sentyabrda uning xonadoni – Samarqanddagi Traktor ko'chasining 6-korpus, 16-uyida tintuv o'tkazildi. Tintuvda unga tegishli pasport, partbilet, xatlar, nemis tilidagi 56 ta kitob, oilaviy va shaxsiy suratlari, va hatto oddiy xo'jalik ashyolari ham ro'yxatga olindi va olib ketildi. Shuningdek, 2500 so'mlik shaxsiy omonat daftarchasi ham davlat foydasiga musodara etildi.

Tintuvning ertasi kuni Samarqand shahrida o'tkazilgan dastlabki so'roqda asosan Olimjon Qodiriyning Germaniyaga borishi tarixi bilan qiziqishdi. Asosiy e'tibor, uning Olimjon Idrisiy, Zaki Validiy, Sadri Maqsudiy va Mustafo Cho'qaylar bilan aloqasi bor yo'qligiga qaratildi.

Toshkentda o'tkazilgan navbatdagi so'roqda ham uning hayot yo'li taftish etildi. 29 sentyabrda chiqarilgan qarorda Olimjon Qodiriyga “… 1922-27 yillar aksilinqilobiy “Ozod Turkiston” tashkiloti a'zosi; 1927 yil SSSRga josuslik maqsadida kelgan; Nemis razvedkasi foydasiga ish olib borgan,” degan ayblovlar qo'yildi.

1937 yil 20 oktyabrda o'tkazilgan so'roq esa so'nggisi bo'ldi. Unda Olimjon Qodiriy etti uxlab tushida ko'rmagan voqealar yozilgan qog'ozlarga imzo chekishga majbur etildi.

Aftidan unga bularni o'qib ko'rish uchun ham ruxsat berilmagan. Unda yozilgan ba'zi hodisalarni, hatto Olimjonning o'zi ham bilmagan. Xususan, markazi Berlinda ekani aytilgan “Ozod Turkiston” nomli tashkilot bo'lganligini sobiq talabalar faqat qamoqqa olinganlaridan so'nggina eshitgandilar.

Shuningdek, Olimjon Idrisiyning turk politsiyasida ishlagani, Germaniyadan Rossiyaga josus sifatida yo'llangani voqealari ham sovet tergovchilarning kashfiyoti edi. Shunday qilib, Olimjon o'zi yo'q tashkilotning a'zolarini “sanab beradi” va unda tergovchiga “ma'lum” bo'lgan barcha rost va yolg'onlar aks ettiriladi.

1927 yilning yanvar' oyida SSSRga qaytish oldidan Olimjon Idrisiyning oldiga borishi voqeasi quyidagicha tasvirlangan: “Idrisiy: Hozircha vatanlaringda paxta va g'alladan yuqori hosil etishtirishda zararkunandalik ishlarni olib boraveringlar, keyinroq Berlinga maxfiy ma'lumotlarni etkazib turasanlar.”

Sovetcha tergov shu bilan tugatildi va uning go'yoki xavfli jinoyatchi ekani to'liq “isbotlab” berildi.

1938 yil 2 oktyabr' kuni Olimjon Qodiriy bilan yana bir Germaniyada tahsil olgan sobiq talaba Temur Kazbekov o'rtasidagi yuzlashtirish “muvaffaqiyatli” o'tkazildi. Ayblov bayonnomasida Olimjon Qodiriyga nisbatan qo'llanilgan va isbotini topmagan barcha ayblovlar qaytarildi. Uning sobiq talaba Solih Muhammad bilan bir martalik tasodifiy uchrashuvi josuslik maqsadida va g'arazli aloqa o'rnatish sifatida deya baholandi va O'zSSR Jinoyat Kodeksining 57 (Vatanga hiyonat, harbiy va davlat sirlarini sotish, shpionaj), 58 (qurolli qo'zg'olonga harakat), 64 (Sovet davlatiga qarshi terakt), va 67 (aksilinqilobiy tashkilotga a'zolik) moddalarida ko'zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi aks ettirildi.

1938 yil 9 oktyabr' soat 11:15dan 11:35 gacha davom etgan mash'um “Uchlik” (NKVD troyka) sudi uni otuvga hukm etdi. Hukm ijrosi o'sha kuniyoq ta'minlandi. Olimjon Qodiriy otildi.

Adolat “tiklandi”

1956 yil 18 aprelda Olimjon Qodiriyning turmush o'rtog'i Asiya Qrimova SSSR General Prokurori Roman Rudenko nomiga ariza yozgan. Unda u erining 1937 yil 8 sentyabrda qamoqqa olingani va 1939 dekabrida Mehnat tuzatish lageriga yuborildi deb xabar berilgani, ammo qaerga va qancha muddatga hukm etilganini aytilmagani va hamon erining taqdiri haqida hech bir ma'lumotga ega emasligini ma'lum qiladi.

Toshkentda yashayotgan o'g'li Qahramon Qodiriy ham 1956 yilda TurkVO (Turkestanskiy voennyy okrug) harbiy prokurori nomiga ariza yo'llab dadasining taqdiri bilan qiziqdi.

Arizalar ortidan Olimjon Qodiriy ishi bo'yicha qayta so'roq jarayoni boshlab yuborildi. O'sha vaqtda tirik bo'lgan va uni yaxshi bilgan kishilar birin-ketin guvohlikka chaqirildi.

Dastavval so'roqqa Germaniyada ta'lim olgan talabalardan omon qolgan yagona vakila Maryam Sultonmurodova chaqirildi. U 1956 yil 13 sentyabrda o'tkazilgan so'roqda: “… Men Olimjonni ilk bor Berlinda SSSRning Germaniyadagi Muxtor vakili xonasida ko'rganman. U bilan Berlinda tayyorlov kursida o'qish jarayonida tanishganman. Olimjon o'ta madaniyatli, bilimdon va tirishqoqligi bilan boshqa talabalardan ajralib turardi. Shundan so'ng boshqa shaharga o'qishga ketdi va biz boshqa uchrashmaganmiz. U nihoyatda vatanparvar inson edi, uning aksilsovet targ'ibot olib borganiga hech qachon ishonmayman”, deydi.
1956 yil 15 noyabrda Samarqand Qishloq xo'jalik institutidan Kuguchkov Daniil Mironovich Olimjon Qodiriy haqida quyidagicha hikoya qildi: “Olimjon bilan 1936 yildan bitta kafedrada ishlaganmiz. U nihoyatda ilmli, mehnatsevar, fidoiy, jonkuyar inson edi. Uning Germaniyada o'qiganini bilardik. Shu sabablimi jamoatchilik orasida ko'pincha o'zini tortib turardi. Biroq, o'zbek tilidagi adabiyotlarni ko'paytirish, milliy kadrlarni etishtirish masalalarida ayricha g'ayrat bilan ishlar edi. Ammo, uni hech qachon aksilsovet faoliyat olib borgan deb bilmayman…”

Olimjon Qodiriyning yana bir kasbdoshi – Samarqand qishloq xo'jalik institutining Botanika kafedrasi rahbari Saidov Jo'ra Kamolovich ham 1956 yil 15 noyabrda quyidagicha ko'rsatma berdi: “Olimjon Qodiriy bilan bir kafedrada ishlaganmiz, ammo men u kishi bilan ko'p vaqt aloqada bo'lmaganman. Bilganim, u kishi nihoyatda bilimli inson edi. O'sha vaqtlarda institutda darsliklar etishmasdi. Shuning uchun, u bu kamchilikni tugatish borasida, ayniqsa, o'zbek tilidagi darsliklarni tayyorlash ishida juda katta ishlarni amalga oshirgan edi. Olimjon Qodiriyni 1936 yildan so'ng tanigan bo'lsam-da, men uning hech bir noto'g'ri faoliyatini ko'rgan emasman, eshitgan ham emasman”, deydi.

Qayta tergovlar natijasida Olimjon Qodiriyning begunoh ekani va nohaq ayblanganligi tasdiqlandi.
Sobiq SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasining 1957 yil 2 avgustdagi qarori bilan “Uchlik”ning 1938 yil 9 oktyabrdagi qarori bekor qilindi.

Olimjon Qodiriyning nomi tiklandi.

Bu xabar uning o'g'li Qahramon Qodiriyga ma'lum qilindi, va hatto, 1937 yilgi tintuv vaqtida tortib olingan 56 ta kitob uchun 8 so'mdan hisoblab 476 so'm, 5 ta surat uchun 28 so'm va omonat daftarchasidagi pulni foizi bilan 3000 so'mga hisoblab, Toshkent shahridagi o'g'li Qahramon Qodiriyning manziliga yuborildi.
Sovet tuzumi shu yo'l bilan adolatni “ta'minladi”. Ammo, Olimjon Qodiriydek ziyoli insonning nohaq yo'q qilinishidan uning oilasi va vataniga etkazilgan zararni o'lchab bo'lmasdi.

Bahrom Irzaev

facebook.com
Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
xxx video gratis porno italiano