O’zbekiston Xalq Harakati

Ko'pga cho'zilmagan quvonch

Ko'pga cho'zilmagan quvonch
09 Temmuz 2019 - 13:36 'da yuklandi va 802 marta o'qildi.

Ukrainaga «ma'muriy yo'l bilan ko'chirilgan» dehqon oilalari sobiq SSSR Xalq Komissarlari Sovetining 1941 yil 21 maydagi qarori hamda SSSR Prokuraturasi va NKVDsining 1941 yil 5 iyundagi № 00732 pr. 47 s.p. «G» buyrug'i bilan surgun qilingan erlaridan ozod etilganlar.
Bu buyruq e'lon qilinganidan keyin ko'p o'tmay, urush boshlanib ketdi. Xerson viloyati rahbarlari O'rta Osiyodan badarg'a qilinganlarni to'plab: «Endi hammangiz yurtingizga qaytib ketasiz», — deyishdi. Bu xabar barchani quvontirdi.
Iyun' oyining oxirida badarg'a qilinganlarning ro'zg'or buyumlarini yuzlab aravalarga ortib, Qrim yarim orolining shimolidagi Armyanskaya temir yo'l bekatiga olib kelishdi. Odamlar ikki kecha shu joyda tunashdi. Uchinchi kuni harbiylar kelib, barcha erkaklarni bir safga tizib, yangi buyruqni o'qib berishdi. Shunga binoan, harbiy xizmatga yaroqli erkaklar frontga, keksalar front ortidagi ishchi batal'onlariga safarbar etilishi, ayollar, bolalar yashagan xutorlariga qaytarilishi kerak edi. Shunday qilib, qahatchilik va qatag'on tufayli aziyat chekkan oilalarni yana parokanda qilib, tarqatib yuborishdi.
Ko'p o'tmay, Ukrainani nemis-fashistlar egallashdi. Endilikda odamlarga NKVD xodimlari o'rniga nemis politsaylari xo'jayinlik qila boshlashdi. Ularni erta tongdan kechgacha dalada ishlatib, nemis armiyasining ehtiyoji uchun qishloq xo'jalik mahsulotlari etishtirishga majbur qilishdi, ozgina bo'lsa-da o'zini mehnatdan olib qochgan, dangasalik qilgan kishilarni shafqatsiz jazolashdi.
Novaya Mayachkadagi bolalar uyi
1939 yilning yozida Jonti Ismoilov Toshkentdagi bir yillik o'qituvchilar tayyorlash kursini bitirish arafasida edi. Shunda bilim yurtiga Ukrainadan Ibrohimjon Karimov degan odam keldi. Bu odam o'zbekistonlik dehqonlar badarg'a qilingan Xerson viloyatining Kaxovka, Skadovsk, Golaya Pristan' tumanlari bo'yicha maorif inspektori hamda Kaxovka tumanining Sergeevka qishlog'idagi o'rta maktab direktori ekan. U bilim yurtining bitiruvchi yoshlariga murojaat qilib, dedi:
— Men Toshkentga Ukrainadagi o'zbek maktablarsh uchun o'qituvchilar olib ketgani keldim. Kim Ukrainaga borib ishlashni istasa, marhamat, yozilsin.
Jami 15 nafar bitiruvchi ro'yxatga yozildi. Shular qatorida Jonti Ismoilov ham bor edi.
1939 yilning avgust oyida o'zbekistonlik o'n besh nafar yigit Ukrainaga yo'l olishdi. Jonti Ismoilov va uning kursdosh do'sti Xudoybergan Ibrohimovni Kaxovka tumanining Novaya Mayachka qishlog'idagi bolalar uyi qoshidagi 8-milliy to'liqsiz o'rta maktabga o'qituvchi qilib tayinlashdi. Jonti Ismoilov 5-7-sinf o'quvchilariga matematikadan dars bera boshladi, ayni paytda, 4-sinfga rahbarlik qildi. Xudoybergan Ibrohimov esa jug'rofiyadan dars bera boshladi.
Bolalar uyining direktori Ivan Akimovich Paustnoy, maktab direktori esa boshqird Karim Dachkin edi. U bolalarga o'zbek tili va adabiyotidan dars berardi. Bundan tashqari, maktabda matematikadan dars beradigan Shukurjon Yoqubov degan muallim ham bor edi.
Maktabda bolalar uyida tarbiyalanadigan, ota-onasi 1933 yildagi qahatchilikda vafot etgan, 1937-38 yillardagi qatag'onda yo'q qilingan yoki boshqa bir sabab bilan vafot etgan o'zbek, qozoq, qirg'iz, turkman bolalar (jami 250 nafar) o'qishardi.
Jonti aka rahbar bo'lgan 4-sinf o'quvchilari o'zlashtirishining pastligi, intizomsizliklari bilan tanilgan ekan. Ular har kuni ikki soat o'qigach, o'zlarini derazadan tashlab qochishardi. Sinfda Sobir, Qoraboy degan ikki bola bor edi. Shular sinfning «serkasi» ekan, ular nima desa, bolalar shuni qilisharkan. Jonti aka shu ikki bola bilan til topishishga harakat qildi. Sinfni ikkiga bo'lib, Sobir bilan Qoraboyni boshliq qilib qo'ydi. Shundan keyin sinfda tartib-intizom izga tushib, bolalarning o'qishi yaxshilana boshlandi. Sinf bir yilda maktabdagi ilg'or sinflardan biriga aylandi. Maktab direktsiyasi Jonti akani soat bilan mukofotladi.
1941 yil iyun' oyida bolalar yozgi ta'tilga chiqishdi. Jonti Ismoilov Turkiston shahri yaqinidagi Suvliq qishlog'ida yashaydigan ota-onasini ko'rib kelmoqchi bo'ldi. Shunda bolalar uyi direktori I. A. Paustnoy unga shunday dedi:
— Jonti, sen bu yil uyingga bormagin, yozgi lagerda ishlagin. Nasib qilsa, yanagi yilda birga boramiz. O'zbekiston haqida ko'p yaxshi gaplarni eshitganman, bir ko'rgim bor.
Jonti aka bu taklifga rozi bo'ldi. 1941 yil iyun' oyida Novaya Mayachkadagi bolalar uyining tarbiyalanuvchilari Dneprning so'l sohilidagi Klyuchevoy posyolkasidagi yozgi pioner lagerida edilar. Urush boshlanishidan uch-to'rt kun avval bu erda qattiq do'l yog'ib, uzum sho'ralari va mevali daraxtlarning dovuchchalarini bitta ham qo'ymay, er bilan yakson qilib ketdi. Shunda ukrain ayollari: «Bu yaxshilik alomati emas, urush boshlanib ketmasa go'rga edi. 1914 yildagi urush arafasida ham shunday hodisa yuz bergan edi», deyishdi.
Aytganlariday, 22 iyun' tong saharida urush boshlandi. Hademay, bolalar dam olayotgan joydan osmonni to'ldirib dushman samolyotlari uchib o'tib, yaqin atrofdagi shaharlar, posyolkalarni bombardimon qila boshladi. Ba'zan ular shu qadar ko'p uchardiki, bir-birlariga yaqin uchganlaridan osmon ko'rinmay qolardi. Qunduzi dalada piyoda yurish qiyin bo'lib qoldi — «Messershmidt»lar pastlab uchib, odamlarni o'qqa tuta boshladi.
Bolalar yozgi lagerdan Novaya Mayachkadagi bolalar uyiga ko'chirildi. I. A. Paustnoy harbiy xizmatga safarbar etildi. Uning o'rniga Marchuk degan yahudiy ayol direktor bo'lib keldi. Erkaklar kunduzi o'z ishlari bilan band bo'lishar, oqshom esa harbiy mashq qilishardi.
Avgust oyida bolalar uyiga qishloq Sovetidan vakil kelib: «Ertaga qishloq Sovetiga boringlar, hamma mudofaa handaqlari qazishga safarbar etiladi», — dedi. Ertasi aytilgan vaqtda qishloq Sovetiga borishdi. U erda bularga: «Sizlar orqaga qaytinglar, bolalar uyini front ortiga ko'chirasizlar», — deyishdi. Shundan keyin tarbiyachilar bolalar uyiga qaytib, yo'lga hozirlik ko'ra boshlashdi. Qarindoshlari bor bo'lgan bolalardan 50 nafarini uylariga jo'natishdi. Hademay aravalar ham etib keldi. Yuklarni, 180 bolani aravalarga chiqarib, Novaya Oskaniya tomon ketishdi. Karvon oldidagi tachankada direktor yo'l boshlab bordi, faqat tunda yurishga ruxsat berilgandi. Kunduzi pana joylarda to'xtab, dam olishardi.
Bir kecha-kunduzda Novaya Oskaniya yaqinidagi qo'riqxonaga etib kelishdi. Bolalar shu erda poezdga o'tirishlari kerak edi. Marchuk tachankada temir yo'l bekati tomon ketib, oradan uch-to'rt soat o'tgach, xomush bo'lib qaytib keldi. Temir yo'l bekati boshlig'i: «Men bolalarning bu erdan poezdga o'tirishlariga ruxsat berolmayman, sababi, dushman samolyotlari bekatni tinmay bombardimon qilib turibdi. Sizlar Melitopolga boringlar», — debdi. Melitopolga borish uchun esa yana yuz kilometrdan ortiq yo'l yurish kerak edi.
Marchuk yo'lga tushishga buyruq berdi. Shunda aravakashlar boshlig'i dedi:
— Biz Melitopolga bormaymiz, orqaga qaytamiz.
— Nima uchun?
— Bizlarga sizlarni Novaya Oskaniya temir yo'l bekatiga etkazib qo'yish buyurilgan. Biz bu topshiriqni bajardik.
— Sizlarga bolalarni poezdga chiqarib qo'yish topshirig'i berilgan. Bolalar esa hali poezdga o'tirganlaricha yo'q.
— Biz Melitopolga bormaymiz. U erga borsak, orqaga qaytishimiz qiyin bo'ladi.
— Hozir Novaya Mayachkani dushman egalladi, u erga borib nima qilasizlar? Nima, fashistlarga qul bo'lmoqchimisizlar?
— Qul bo'lsak ham mayli, oilamizni tashlab, o'zga yurtlarga ketishni istamaymiz.
— Unday bo'lsa, mayli, ot-aravalarni tashlab, piyoda qaytaveringlar..
— Yo'q, biz ot-aravalar bilan qaytamiz.
— Biyday cho'lda biz 180 nafar bolani, yuklarni nima qilamiz?
— Bilmadik.
Shu payt bolalarning baxtiga orqadan Qizil Armiyaning chekinayotgan ar'ergard qismlari etib kelishdi. Janjalga harbiylar aralashib, tarbiyachilarni yoqlashdi. Shundan keyin ukrain aravakashlarining shashti pasayib, ot-aravalarni qoldirishga rozi bo'lishdi. Faqat ularga tachankani, bolalar uyiga qarashli sigirlardan ikki-uchtasini, cho'chqalardan to'rt-beshtasini berishdi.
O'sha yili Ukrainada g'alladan mo'l hosil etishtirilgan edi. Mamlakat ichkarisiga chekinayotganlarga esa bir qutidan gugurt berishib: «Qaerda hosili etilgan g'allazorni ko'rsanglar, o't qo'yib ketinglar, bir gramm ham don dushman qo'liga tushmasin», — deb buyruq berilgan edi. Bolalar uyi tarbiyachilari bu buyruqqa amal qilib, yo'lda uchragan g'allazorga o't qo'yib borishdi.
Bir kundan keyin Melitopolga etib olishdi. Bu erdagi temir yo'l vokzali mamlakat ichkarisiga ko'chirilayotganlarga to'lib-toshib ketgan edi.
Shu erda Jonti Ismoilov Ibrohimjon Karimovni uchratib qoladi. Uning yonida oilasi va yana bir oila bor edi. Karimov poezdga chiqishga qiynalayotganini aytdi. Jonti aka unga yordam bermoqchi bo'lib: «Poezdga biz bilan chiqarsiz», — dedi. Ammo Marchukdan ruxsat so'raganda, u rozi bo'lmadi. Shundan keyin Jonti aka Karimovga dedi:
— Endi mening sizga yordamim shunday bo'ladi: Sizga bitta arava, ikkita yaxshi ot beraman, shu ot-arava bilan yo'lga tushasiz. Xavfsizroq joyga etib olgach, ot-aravani sotib, pulini yo'lkira qilib ketasiz.
Bu taklif Karimovga ma'qul bo'ldi. Jonti aka uni yo'lga kuzatib qo'ydi. Keyin ma'lum bo'lishicha, u Toshkentga oila a'zolari bilan eson-omon etib kelibdi.
Bir haftadan so'ng Melitopol' temir yo'l bekatida bolalar uyi uchun 6 ta vagon ajratishdi. Shu vagonlarga o'tirib, yo'lga tushishdi. Poezd Jitomir tomon yurdi. Oqshom Novaya Sergeevka temir yo'l bekatiga etib kelishdi. Shu payt osmonda dushman samolyotlari paydo bo'lib, temir yo'l bekatiga bombalar yog'dira boshladi. Bir bomba bolalar tushgan poezd bilan yonma-yon turgan yuk poezdi vagoni ustiga kelib tushdi. Bu vagonga o'q-dori ortilgan ekan, kuchli portlash ro'y berib, olov terak baravar balandlikka ko'tarildi.
Tarbiyachilar bolalarni olib, yaqin joydagi o'rmonga qochishdi.
Bolalar o'rmonga kirgach, orqadan bir temiryo'lchi kelib: «Shu erda ertalabgacha qimirlamay yotinglar», — dedi.
Bir mahal yomg'ir savalay boshladi. O'rmon yaqinida o'rilib, bog'-bog' qilib qo'yilgan bug'doy poyalari bor ekan. Shulardan olib kelib, kapalar qurishdi. Bolalar tong otguncha shu kapalar ichida ayqash-uyqash bo'lib yotishdi.
Ertalab temir yo'l bekatiga qaytish haqida buyruq bo'ldi. Kelib ko'rishsa, vagonlar o'qlardan ilma-teshik bo'lib ketibdi. Yana yo'lga tushishdi. Ikki kundan so'ng Rostov-Donga, yana bir kun yo'l yurgach, Stalingradga etib kelishdi. Biroq bu shaharda bolalarga joy topib berisholmadi. Keyin Astraxanga borishdi. Bu erda Volga daryosi Kaspiy dengiziga quyiladigan, ikki tomoni suv bo'lgan Ikrayano degan xushmanzara joyda 14-bolalar uyini tashkil etishdi.
Ko'p o'tmay, Xudoybergan Ibrohimov frontga ketdi. Jonti Ismoilovni bir qo'li nogiron bo'lgani uchun frontga olishmadi. U O'rta Osiyoning turli shahar va qishloqlariga xat yozib, etim bolalarning qarindosh-urug'larini qidira boshladi. Shu tarzda bir yilda yigirma sakkiz bolaning qarindoshlarini topdi. Endilikda bu bolalarni o'z qarindoshlariga olib borib topshirish kerak edi. Jonti akaga yo'l hozirligini ko'rishga ruxsat berishdi. 28 bola uchun 20 kilogramm un, 10 kilogramm guruch, 20 kilogramm qand, 2 ming so'm pul berishdi.
Bolalar uyida Nikolenko degan, nemis tilidan dars beradigan ayol bor edi. U har bir bola hisobiga bittadan aroq olishni maslahat berdi.
— Aroqning nima keragi bor?— dedi Jonti aka hayron bo'lib.
— Og'ir sharoitda olis yo'lga otlanayapsiz, asqatishi mumkin.
Jonti aka Nikolenkoning aytganini qildi. Ular Astraxandan Samaragacha kemada borib, u yog'iga Toshkentga boradigan poezdga o'tirishlari kerak edi. Kemaga o'tirish uchun daryo portiga kelishganda, radiokarnay orqali e'lon eshittirildi:
— Kuybishevga (Samara) daryo orqali borish xavfli bo'lganligi uchun bu reys qoldirildi. Shu bois, Kuybishevga boradiganlar pattalarini Bokuga boradigan kemaga almashtirishsin.
Yo'lovchilar pattalarini Bokuga boradigan kemaga almashtirishdi. Oradan ikki soatcha o'tgach, «Turkmaniston» harbiy kemasi yo'lga tushdi. Ikki kunda Bokuga etib kelishdi. Bu erdan Krasnovodskka o'tish kerak edi. Lekin paromga patta olish qiyin bo'ldi. Shunda Jonti akaga aroq ish berdi.
Kechqurun paromga o'tirib, ertalab Krasnovodskka etib kelishdi, Krasnovodsk xudo qarg'agan joy ekan, bu erda na bir salqin joy, na bir suv topib bo'lardi. Temir yo'l bekati esa frontdan mayib-majruh bo'lib qaytgan, tug'ilib-o'sgan shaharlari, qishloqlarini tashlab, jon saqlash uchun O'rta Osiyoga yo'l olgan kishilarga to'la edi. Mehmonxona u yoqda tursin, dastlabki kuni hatto perrondan ham joy topib bo'lmadi, faqat ertasi kuni perrondan joy topildi. Toshkentga haftada bir marta poezd bo'lar ekan, patta yo'q edi.
Jonti aka temir yo'l boshlig'i qabuliga bordi, lekin uning eshigi berk edi. Uning xonasida qay payt bo'lishi to'g'risida hech kim aniq bir gap aytmadi. Faqat bir yo'lovchi bekat boshlig'i restoranda, qaysi stolda o'tirganligini, afti-angori qanday odamligini aytdi. Jonti aka restoranga kirib, o'sha odamga yaqinlashdi-da:
— Assalomu alaykum! — dedi.
— Vaalaykum assalom!
— Siz temir yo'l bekati boshlig'i Omondurdiev bo'lasizmi?
— Yo'q.
Jonti akaning hafsalasi pir bo'lib orqasiga qaytdi. Shunda bir odam bekat boshlig'i o'z xonasiga orqa derazadan tushib ishlayotganligini aytdi.
Jonti aka bino ortiga o'tib, boshliq derazasini poyladi. Bir mahal deraza ochilib, ichkaridan restorandagi odam tushdi. Jonti aka hech narsani bilmaganday unga yaqinlashdi.
— Assalomu alaykum!
— Vaalaykum assalom!
— Men o'ttiz nafar etim bolani Astraxandan Toshkentga olib ketyapman, patta kerak.
— Patta yo'q. Biz birinchi navbatda frontdan qaytgan yaradorlarni jo'natishimiz kerak.
— Bir ilojini qiling, yo'l uchun olgan oziq-ovqatimiz tugayapti.
— Hech iloji yo'q.
— Men quruq iltimos qilayotganim yo'q, sizga atalgan sovg'am bor.
— Nima sovg'a ekan?
— To'rt shisha aroq, bir kilo choy beraman.
— Borib sovg'angni olib kel.
Jonti aka Bokudan «kerak bo'lib qolar» deb choy olgan edi. Shu choydan bir kilogramini, to'rt shisha aroqni karton qog'ozga chiroyli qilib o'rab, boshliqning orqa «eshigi»dan uzatdi. U darhol o'ttizta pattaga qog'oz qilib berdi.
Jonti aka suyunib, kassaga bordi. Lekin kassir aytgan pulni eshitib, kapalagi uchib ketdi. Yonidagi pul pattaning yarim bahosiga ham etmas edi.
Jonti akaning boshi qotib, yana orqa eshikdan mo'ralab, boshliqqa ahvolni tushuntirdi.
— Yordam qiling, jon aka, yana arog'im bor, beraman.
— Etimlar orasida turkman bolalar ham bormi?
— Bor.
— O'shalarni olgin-da, Krasnovodsk viloyati partiya qo'mitasining birinchi kotibi Ortiqovning oldiga borgin, u yaxshi odam, yordam qiladi. Faqat bolalarga tayinlab qo'y, Ortiqovning oldiga kirishganda yig'layverishsin. Yana adashib, ikkinchi kotib Makarovning oldiga kirib yurmanglar, u yordam qilmaydi.
Jonti aka bolalarni ergashtirib, obkomga bordi. Bir qabulxonada o'n beshga yaqin odam o'tirgan ekan, Ortiqovning xonasi shu bo'lsa kerak, deb bolalar bilan ichkariga tikka kirib ketaverdi. Uzun stol to'rida semiz, mallasochli kishi o'tirardi. Jonti aka unga o'zini tanishtirib, yordam berishni iltimos qildi.
— Yo'lkiraga berilgan pulni ichib tugatib, endi bizga yalinib keldingmi?! Chiq xonadan, sendaylarga yordam yo'q!
Jonti aka noiloj orqaga qaytdi. Bo'lgan voqeani Omondurdievga aytgan edi, u:
— Men Makarovning oldiga kirmagin demabmidim, o'shanga ro'para bo'libsan-da, — dedi. Keyin bir oz o'ylanib turib, qo'shimcha qildi: — Men Ortiqovga qo'ng'iroq qilaman, ertaga qabuliga borasan.
Ortiqov Jonti akani yaxshi kutib oldi. «Evakuatsiya punkti orqali jo'natilsin», — deb qog'oz yozib berdi. Shunday qilib, etim bolalar Toshkentga tekinga ketadigan bo'lishdi.
Bolalarga yashil, kichkina 208-vagonni berishdi. Shu vagonda yo'lga tushishdi. Temir yo'l qatnovi juda tig'iz edi. Birinchi navbatda frontga yuk olib borayotgan poezdlarga yo'l berishardi. Shu boisdan bekat va raz'ezdlarda uzoq vaqt turib qolishardi.
Toshkentga bir haftada etib kelishdi. Yo'lda ovqatlari qolmay, Astraxandan olingan aroqning qolgan qismini, Bokudan olingan choyni bekatlarda sovunga, sovunni esa nonga almashtirib, manzilga bir amallab etib kelishdi.
Toshkentda Jonti aka bolalarni vokzalga qo'yib, o'zi respublika Maorif vazirligiga borib, vazir Muhammadjon Yo'ldoshev bilan uchrashdi. U vazirga Ukrainadan ota-onasi o'rtaosiyolik bo'lgan etim bolalarni olib kelganligini, endilikda bolalarni uy-uyiga etkazib qo'yish uchun mablag'i ham, kuchi ham qolmaganligini aytdi. Vazir rahmat degach, tayinladi: «Bolalarni vokzaldagi evakuatsiya punktiga topshiring-da, mayli, keyin uyingizga boring».
Jonti aka vazir aytganini qildi. 28 nafar boladan faqat bittasini — etti yoshli Soniya Qozoqovani o'zi bilan Turkistonga olib ketdi. Jonti aka bu qizning Turkmanistonda yashaydigan akalari bilan bog'langanida ular: «Siz O'zbekistonga kelgach, bizga xabar bering, singlimizni borib olib kelamiz», deyishgan edi. Jonti aka Turkistonga borgach, Soniyaning akalariga bir necha marta xat va telegramma yubordi, lekin ulardan darak bo'lmadi. Shundan keyin bu qizni Jonti akaning akasi Irismat Ismoilov o'ziga farzand qilib oldi. Qizning ismini Xumor, familiyasini Ismoilova qilib o'zgartirdi. Voyaga etgach, turmushga berdi. Hozir Xumor Ismoilova hayot, olti farzandning onasi, Turkiston shahrida, Pionerskaya ko'chasidagi 35-uyda yashaydi (vafot etgan bo'lishi ham mumkin).
Jonti aka urushdan keyingi yillarda Novaya Mayachkadagi bolalar uyida tarbiyalangan bolalarning bir qismini qidirib topib, uchrashdi. Ular hozir yaxshi va yomon kunlarda o'z ustozlarini yo'qlab turishadi. Toshkent shahar Yunusobod tumani, Kiev ko'chasidagi Jonti aka yashaydigan xonadon bu kishilar uchun qadrdon maskanga aylangan. Bular asakalik Sa'dulla Mirzoidov, toshkentlik Rahimjon Dolimov, chinozlik Nu'mon Hamidov, rigalik Sotqinoy Otaqulova va boshqalardir.

Alinazar Egamnazarov

facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
xxx video gratis porno italiano